Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:18

O‘zbekiston hududida avval hech kimga ma’lum bo‘lmagan dinozavr qoldiqlari topildi


Yangi aniqlangan dinozavr turiga Dzharatitanis kingi nomi berildi. Illyustrativ surat.
Yangi aniqlangan dinozavr turiga Dzharatitanis kingi nomi berildi. Illyustrativ surat.

Vashingtondagi Smitson instituti paleontologi Xans-Diter Syuz va Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi Aleksandr Averyanov O‘zbekistonda yangi aniqlangan dinozavr turiga Dzharatitanis kingi (qisqacha D. kingi) nomini berdilar.

Birinchi so‘z Qizilqum cho‘lining dinozavr qoldig‘i topilgan Jaraquduq hududi nomidan olingan. Ikkinchi so‘z esa olimlarga ko‘maklashgan marhum olim Kristofer Kingning ismidan olingan.

2016 - yilda Averyanov, Zyus, Stiven Bryusatti, Emi Myuira va En B. Batler O‘zbekiston hududida aniqlangan boshqa bir dinozavrga Timurlengia, ya’ni Amir Temur nomini bergan edi.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda topilgan dinozavr diplodoklar kabi zauropod yoki zavropod bo‘lib, o‘t yeb tirikchilik qilgan. D. kingi zauropodlarning umurtqa pog‘onasi o‘zgacha turi – rebbachisaurid namunasi bo‘lib, ushbu guruh vakillari bundan oldin faqat Shimoliy Afrika, Yevropa va Amerikaning ayrim qismlarida topilgan edi.

Diplodoklar Yerda yashagan eng ulkan jonzot bo‘lib, O‘zbekistonda topilgan yangi tur vakillari ham ikki qavatli avtobusga ikkita keladi. Syuzning so‘zlariga ko‘ra, bundan 90-100 million yil oldin, ya’ni Bo‘r davrida yashagan ushbu dinozavrning uzunligi 15-20 metrga yetgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Aynan shuning uchun ham dinozavr haqida PLoS One ilmiy jurnalida e’lon qilingan ilmiy maqola «Osiyodan ilk rebbachisaurid zauropod dinozavri» deb nomlanadi.

Boshqa zauropodlar kabi D. kingi ham uzuq, novcha bo‘yinli va uzun dumli bo‘lgan va nisbatan kichkina boshga ega bo‘lgan.

Syuz va Averyanov dinozavrning faqat dumidagi umurtqa pog‘onasi qoldiqlarini topishga muvaffaq bo‘lgan. Shuning uchun jonivor o‘lganida necha yoshda bo‘lgani va qancha katta bo‘lganini aniq aytib bo‘lmaydi.

-Biz har doim yangi dinozavrlarni topamiz, ammo bundan oldin ushbu dinozavrni o‘z ichiga oluvchi guruh Markaziy Osiyoda yashaganini ko‘rsatuvchi hech qanday dalil topilmagan edi, - dedi Londondagi Tabiat tarixi muzeyi xodimi Pol Barrett.-
Shunday ekan, ushbu guruh qanchalik keng tarqalgan bo‘lgani to‘g‘risida yangi ma’lumotga ega bo‘ldik.

«Biz hanuz Bo‘r davrida jonivorlar qanday tarqalganini aniqlash ustida ishlayapmiz, chunki o‘sha davrda Yevropa asosan katta-kichik orollardan iborat bo‘lgan, sharqda esa Osiyo ulkan yer massasi bo‘lgan. Bu yer massasi Shimoliy Amerika bilan tutash bo‘lgan», - dedi Syuz.

Olimlarning taxminlariga ko‘ra, D. kingi o‘sha paytda Yevropani Osiyo bilan bog‘lab turgan yer bo‘lagi orqali Markaziy Osiyoga yetib borgan bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG