Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:59

O‘zbekiston: Iqtisodiy o‘sish sekinlashdi, narx-navo oshmoqda


Toshkentdagi arzonlashtirilgan tuxum bozori. Illyustrativ surat.
Toshkentdagi arzonlashtirilgan tuxum bozori. Illyustrativ surat.

Mart oyida O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi Markaziy bank kutilmalaridan ko‘proqni, o‘n yarim foizni tashkil etgan.

Markaziy bankka ko‘ra, bunga oziq-ovqat narxlarining 2,5 foizga, nooziq-ovqat tovarlarining esa 1,1 foizga oshgani sabab bo‘lgan.

Ammo o‘zbekistonlik iqtisodchilar aslida narx-navo asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga 20-30 foiz oshganini, Markaziy bankning bu ko‘rsatkichi haqiqiy reallikdan uzoq ekanligini aytmoqdalar.

Markaziy bank xabarida aytilishicha, inflyatsiyaning keskin oshishiga tashqi iqtisodiy xatarlarning kuchayishi, yuqori noaniqliklar sharoitida mart oyida kuzatilgan milliy valyuta kursining qadrsizlanishi va mamlakat miqyosida keng nishonlangan bayramlar sabab avvalgi oylarga nisbatan iqtisodiy faollik va yalpi talabning sezilarli oshishi sabab bo‘lgan.

“Tashqi vaziyatning keskinlashuvi nafaqat bizning mintaqaga, balki dunyo bozorida ta’minot zanjirlarining uzilishi va logistik tizimlarning vaqtincha to‘xtashiga olib kelmoqda”, deyiladi MB xabarnomasida.

Ўзбекистонда ўсаётган ягона нарса: Нарх-наво
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:46 0:00

O‘zbekistonlik iqtisodchi Akmal Toshbek Markaziy bankning “Inflyatsiya dinamikasi sharhi”ga baho berar ekan, bu xulosalarda oziq-ovqat bozoridagi eng past narxlar asos qilib olinishini aytadi:

“Bu sharhda narxlar umumiy qilib olinadi. Masalan, nimanidir narxi tushgan, nimanidir narxi ko‘tarilgan, o‘shaning o‘rtacha ko‘rsatkichi olingan. Bular oziq-ovqat narxlarining eng pastini asos qilib olishadi, misol uchun martda kartoshkaning yangisi chiqdi. Tahlilda esa o‘sha bozorda turgan eski kartoshkaning narxi asos qilib olinadi. Ko‘p mahsulotning o‘rtacha umumiy narxi olingani uchun inflyatsiya darajasi ham past bo‘lib chiqadi. Aslida inflyatsiya darajasi o‘n yarim foizdan ko‘p”.

Ozodlik o‘rgangan turli viloyatlardagi narx-navolar asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridagi narxlarning o‘sishi MB bergan 2,5 foizdan balandroq ekanini ko‘rsatmoqda.

Ismi sir qolishini so‘ragan olmaliqlik tadbirkorning aytishicha, o‘tgan oy davomida deyarli ikki baravar qimmatlagan shakar yana qaytib o‘z joyiga tushdi:

“Bir qop shakar 520 ming so‘mdan 680 ming so‘mgacha ko‘tarilgan edi. Hozir yana eski narxiga qaytdi. Qozog‘iston uni esa taxminan 10 foizga oshdi, bir qopi 250 ming so‘mga chiqdi. Kungaboqar yog‘ining bir litri 17 ming so‘m edi, hozir esa 22 mingga qimmatladi. Bu 30 foizdan oshiq. Bozordagi nonlar ham 20 foiz atrofida ko‘tarildi.”

Qashqadaryo viloyat, Chiroqchi tumanidagi maktab o‘qituvchilaridan biri ham so‘nggi bir oy ichida narx-navo sezilarli darajada ko‘tarilganini aytadi:

“Bir kilo qozoq uni 10 ming so‘mga chiqdi. O‘zimizning un esa 8 ming so‘m. Har kilosiga 2-3 ming so‘mdan mindi. Bizda chorva ko‘pligi uchun go‘sht narxi o‘shanday turibdi. Narx-navolarning ko‘tarilayotgani odamlarga endi ta’sir qila boshladi. Shu paytgacha bilingani yo‘q edi. Hukumat joni boricha harakat qilyaptiyu, lekin bir kilo un 10 ming so‘m bo‘lganidan keyin o‘zingiz bilavering. Hozircha xalqda norozichilik yo‘g‘u, lekin ertaga nima bo‘larkin, degan xavotir bor”.

Farg‘ona viloyat, Rishton tumanida ham narx-navo sezilarli ko‘tarila boshladi, deydi ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan biri:

“Mahalliy un deyarli qozoq uni bilan teng narx bo‘ldi. Umumiy un narxi qopiga 15-20 ming so‘mga, yog‘ litriga 2000 so‘mga, shakar 2000 so‘mga, sabzi 1000-1500 so‘mga oshdi. Kartoshkaning(Pokistonniki) narxi stabil turibdi. Yangi piyoz chiqdi, kilosi 5000 so‘m. O‘zbekiston uni bozorda yo‘q. 50 kiloli qozoq uni 275 ming so‘mga chiqdi".

O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi 20-30 foizga oshgani kuzatilmoqda.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram- kanalida shakar va un kabi mahsulotlar narxining oshishi zanjir reaksiyasi hosil qilganiga e’tibor qaratdi:

“Oshdi, qimmatlashdi, ko‘tarildi.

Markaziy bankning mart oyi yakuni bo‘yicha inflyatsiya dinamikasi sharhida eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar yuqoridagilar bo‘ldi. Regulyator muayyan tovarlar narxlari oshishining boshqa guruhlarda ham narxlar oshishiga ta’sir o‘tkazayotganiga e’tibor qaratgan.

Qarang, hammasi o‘zaro bog‘liq:

Shakar va un narxining oshishi ushbu mahsulotlardan ishlab chiqariladigan qandolat mahsulotlari, salqin ichimliklar narxlari o‘sishiga sabab bo‘lgan. Kungaboqar yog‘i narxidagi o‘zgarishlar natijasida mahalliy ishlab chiqariladigan paxta yog‘i narxi ham ko‘tarilgan. Ozuqa narxlari qimmatligi sut mahsulotlari narxi o‘sishidagi muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Ukrainadan farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berilishidagi uzilishlar fonida dori vositalari narxi qimmatlashdi”.

So‘nggi bir oyda O‘zbekistonda dollar kursining so‘mga nisbatan 30 foizga oshgani ham narx-navoning ko‘tarilishiga sabab bo‘lgani aytiladi.

Iqtisodchi Akmal Toshbekning so‘zlariga ko‘ra, narx-navoning aprel oyida ham oshishini kutish mumkin:

“Rossiya va Ukrainadan eksportning kamaygani, dollarning oshishi endi ta’sir qilishni boshlaydi. Bu aprel va may oylarida yaxshigina bilinadi. Masalan, hozirdan rastalarda “bir kishi besh litrdan ortiq yog‘ olmanglar, hammaga yetsin”, degan e’lonlar qo‘yilyapti. Yog‘ muammo bo‘ladi, dori mahsulotlari qimmatlashadi. Yangi bug‘doyga yetguncha un ham oshib boradi”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida mamlakat oziq-ovqat ta’minoti barqarorligini saqlash vazifasini qo‘ygan edi.

Avvalroq Mirziyoyev hukumatga O‘zbekistonning “ayrim savdo hamkorlari”ga qo‘llanayotgan sanksiyalar oqibatlarini kamaytirishga oid reja ishlab chiqishni topshirgan.

31-mart kuni Toshkentda o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident hokimlarga har kuni o‘z hududidagi oziq-ovqat, ayniqsa un, shakar va yog‘ning narxini joylarda yurib o‘rganish va barqarorlikni ta’minlash uchun tezkor choralar ko‘rish vazifasini yuklagan.

Ammo Rossiyadagi migrantlar daromadlarining tushib ketishi, ishsizlar sonining ko‘payishi va aholi real daromadlarining pasayishi manzarasida bu kabi ma’muriy choralar qanchalik natija berishi noma’lum.

Jahon banki 10-aprel kuni e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonda 2022-yilda iqtisodiy o‘sish 3,6 foizgacha sekinlashishini bashorat qildi. Bank iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishi, oziq-ovqat va neft narxlarining oshishi kabi omillar sabab bo‘lishini aytgan.

XS
SM
MD
LG