Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:16

O‘zbekiston paxta dalalaridagi qullik. “Cotton100%” filmi muallifi bilan suhbat


Cotton 100% asli o‘zbekistonlik rejissyor Mixail Borodinning hujjatli kinodagi birinchi ishi.
Cotton 100% asli o‘zbekistonlik rejissyor Mixail Borodinning hujjatli kinodagi birinchi ishi.

Mixail Borodin – o‘zbekistonlik hujjatli kino ijodkori. “Cotton100%” uning birinchi to‘liq metrajli hujjatli filmi bo‘ldi. Filmda O‘zbekiston paxta dalalaridagi qullik hamda ikki kuchli ayol haqida hikoya qilinadi: ayollardan biri terimchilarning huquqlari uchun kurashadi, ikkinchisi esa qishloq hayoti qiyinchiliklari bilan olishadi.

Kartina “Artdokfest”ning asosiy tanlov dasturiga kiritilgan.

“Nastoyashcheye vremya” telekanali bilan suhbatda rejissyor o‘z ijodidagi qullik mavzusi haqida so‘zlab berdi, shuningdek o‘z qahramonlarini tanishtirdi.

– “Cotton100%” filmi haqida gapirib bersangiz.

– Filmni idrok etishda uning nomi juda muhim: u barcha tillarda bir xil o‘qiladi, barcha mamlakatlarda yorliqlarga bir xilda yoziladi. “Cotton100%” deganda pozitivni – ekologik, qulay va tanani yayratuvchi narsani tasavvur qilamiz.

Bizning film ana shu yorliq ostida ba’zan nimalar yashiringan bo‘lishi mumkinligi haqida. Unda biz hanuzgacha paxta yig‘im-terimida odamlar davlat miqyosida ekspluatatsiya qilinadigan, ya’ni paxta qulligi qonunlashtirilgan bugungi O‘zbekiston to‘g‘risida hikoya qilamiz. Voqealar markazida – ham paxta terishning almisoqdan qolgan usuliga, ham majburiy mehnatga qarshi o‘zicha kurash olib borayotgan ikki qahramon ayol turadi.

Nega aynan ular qahramon qilib olindi?

– Ular mutlaqo boshqa-boshqa odamlar. Muhabbat – fermer, u paxta ekadi. O‘zbekistonda yerga egalik qilish mumkin emas, agar siz yerni davlatdan ijaraga olsangiz, unda muayyan miqdorda paxta yetishtirib berishga majbursiz. Shu bilan birga, Muhabbat dalalardagi mehnat sharoitini monitoring qiladi. Aksar terimchilar dalaga o‘z xohishi bilan chiqishmaydi, ularni ishdan bo‘shatish tahdidi ostida paxta terishga yuboradilar.

Ikkinchi qahramonimiz – Yelena Urlayeva, ko‘p yillardan beri davlatning odamlarni paxta terishga majbur qiladigan noqonuniy usullarini fosh qilib kelayotgan jasur huquq faoli. Ikkala qahramonimizning mavzuga qattiq kirishib ketganligi syujetni harakatga keltiradi, ammo biz, albatta, ularning xususiy hayotidagi voqea-hodisalarga ham o‘rin beramiz.

– Filmni tomosha qilgan odamda go‘yo butun mamlakatni ayollar tutib turgandek tasavvur hosil bo‘ladi. Bu qanchalik haqiqat?

– O‘zbekiston rostdan ham ayollarga suyanib qolgan, ko‘p erkaklar chet elda ishlab yurishibdi, oila tashvishi esa ayollarning zimmasida. Filmda ham shunga o‘xshash: Muhabbatning turmush o‘rtog‘i insultdan keyin yarimjon bo‘lib qolgan, shu bois barcha ish qahramonimizning gardaniga tushgan. Oy-kuni yaqinlashgan keliniga yaxshi qarashlari uchun tug‘ruqxonaga borib doktorlar bilan gaplashadigan ham u, paxta normasini deb amaldorlar bilan talashib-tortishadigan ham u. Muhabbatning uyida uch oila istiqomat qiladi, Muhabbat barchani boshqaradi, ularning kelajagi uchun qayg‘uradi.

Cotton 100%. Filmdan kadr. Mixail Borodin.
Cotton 100%. Filmdan kadr. Mixail Borodin.

Yelenaga kelsak, u jamoat faoli. Aktivizm ham asosan ayollarga suyanadi, ularda empatiya va mas’uliyat ko‘proqdek tuyuladi. Bu frontning old chizig‘ida ayollar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

– Qahramonlarni qanday topdingiz, ular bilan birga ishlash qanday bo‘ldi?

– Qahramonlarimizni ikki oydan ortiq izladik, ishning boshlang‘ich nuqtasini topish uchun butun mamlakatni kezib chiqdik. Yelenani avvaldan taniymiz. Mening hamkorim va operator Timur Karpov O‘zbekistonda yashaydi va ushbu mavzuda bir necha yildan buyon ish olib boradi. Yelena ikkisi qadrdon bo‘lib qolishgan, Timur uning monitoringlarini suratga olish uchun viloyatlarga tez-tez chiqib turardi. Umuman, Yelenani tasvirga olish oson – u g‘ayratli ayol, makon va kamera bilan ishlash ko‘nikmasi bor.

Muhabbatga kelsak, uni topishimizga Timurning onasi – operator Umida Ahmedova yordamlashdi. Ikkovlari oldin ham birga ishlashgan. Muhabbat juda sipo ayol, uning yoniga yo‘lash oson emas. Biz paxta terimining ayni avj pallasida uning uyida ikki hafta turdik. Ayni o‘sha davrda uning oilasida chaqaloq dunyoga kelgani, marosimlar o‘tkazilgani filmning bo‘yoqdorligini oshirdi. Hujjatli film ustalari bunaqa voqealarni taqdir inoyati deb bilishadi.

Milliy marosim va odatlarni filmga kiritish nega kerak bo‘ldi?

– Ular asosiy voqealarni bo‘rttiradi. Bu hikoyaning mag‘zi atrofidagi chiroyli hoshiya yoki gardish kabi. Omadimiz bor ekan, qahramonimizning uyidagi shunaqa marosimlarda qatnashib, suratga ham oldik. Boz ustiga, o‘sha kunlar terimga chiqishga qistab unikiga mulozimlar kelib qolishsa bo‘ladimi! Holbuki, Muhabbat kechagina bir terimni tugatgan, yangi terimni boshlash uchun paxta ochilib ulgurmagandi hali. Biz o‘sha kuni mutlaqo boshqa sahnani olishni mo‘ljallab turgandik, oila a’zolaridan bir necha kishi tug‘ilgan kunga bozor-o‘char qilishga ketishgandi, saharlab jo‘nab ketishgan ekan, ularni ko‘rmay ham qolibmiz. Kayfiyatimiz tushib, endi nima qilsak ekan, deya o‘ylanib turganimizda mashinada amaldorlar kelib qolishdi va biz ishga tushdik. Xuddi shu sahna filmni jamlashga yordam berdi.

Mixail Borodin.
Mixail Borodin.

– O‘zbekiston uchun paxta bu iqtisodiyotning negizidir. Lekin u siz va film uchun nega bunchalik muhim?

– Men beshinchi sinfdan boshlab dalada paxta terdim, paxtani deb kuzda ikki-uch oy yolchitib dars o‘tmasdik. Bir-ikki soat o‘qirdigu etaklarimizni ko‘tarib, dalaga jo‘nardik. Ammo u paytlar buni yomon deb o‘ylamasdik. Maktab o‘quvchilarining o‘qishdan qolib, yoppasiga paxtaga chiqishi naqadar dahshatligini keyinroq angladik. Hozirda bolalar mehnatidan rasman foydalanilmaydi, lekin bolalar ota-onalariga yordamlashish uchun baribir te-tez dalaga chiqishyapti baribir.

Umrimning O‘zbekistonda kechgan katta qismida shuni tushundimki, mamlakatda, ayniqsa poytaxtdan tashqarida butun hayot dalalar atrofida aylanar ekan. Ha, ko‘pchilikning tirikchiligi shunga bog‘liq. Paxtani uzoq saqlash mumkin, binobarin, sotishda muammo bo‘lmaydi, unga hatto sanksiyalar ham xalal berolmaydi. Muammo shundaki, paxta yetishtirish uchun nihoyatda zarur narsa – suv tanqislashib ketdi. Va bunaqa ko‘lamda paxta yetishtirish mamlakat uchun foydadan ko‘ra, ko‘proq zarar keltirmoqda. O‘zbekiston kambag‘al mamlakat, kambag‘allar bilan boylar o‘rtasida tafovut juda katta, shu bois yo‘qsil odamlarning dalaga chiqib ketmon chopishdan, paxta terishdan boshqa chorasi qolmagan.

– Paxta qulligi barham topishi uchun nima o‘zgarishi kerak?

– Biz bu savolga javob izlamadik. Status-kvoni, ya’ni mavjud ahvolni boricha ko‘rsatishga, o‘zi bilan yonma-yon yashayotgan, ekspluatatsiya qilinayotgan bechoralar taqdiriga befarq bo‘lmagan jonkuyar insonlarni ko‘rsatishga urindik. Mamlakatni qanday o‘zgartirish mumkinligini bilmayman. Aqlimga kelgan birinchi gap shuki, qo‘lda terishni bas qilib, mashinalardan foydalanishga o‘tish kerak. Lekin eng muhimi, menimcha, mamlakatni xomashyoga qaramlikdan qutqarish yo‘llarini o‘ylab topish lozim.

– Bu bir an’anaki, ko‘pdan beri undan kecha olishmayapti, to‘g‘rimi?

– Ha, biz ushbu mavzuni yoritishga qo‘l urgan birinchi odam emasmiz. Karimov boshqaruvi yillarida majburiy mehnat va paxtakorlarning ahvoli nazardan chetda qolgandi, biroq filmimizni qo‘llab-quvvatlagan xalqaro tashkilotlar uzoq vaqtdan beri terimchilarning mehnat sharoitini yaxshilashga harakat qilib kelishmoqda. Biz olgan film, agar uni keskinroq ifodalaydigan bo‘lsak, kapitalizmga qarshi mulohazalardir.

– Filmni suratga olishdan maqsadingiz nima edi?

– Men bu filmni o‘z mamlakatimni yaqindan tanish uchun oldim.

– Bunga muvaffaq bo‘ldingizmi?

– Ha! Rossiyada ancha yashaganimdan so‘ng bu yerga qaytishga va O‘zbekistonga yangi ko‘z bilan qarashga ehtiyoj sezdim. Bu uch oylik safar va Muhabbatning xonadonida o‘tkazgan kunlarim niyatim ro‘yobga chiqishiga yordam berdi.

Bu sizning debyutingizmi?

– Hujjatli kinoda – ha. Yaqinda to‘liq hajmdagi ilk badiiy asarimni ham tugatdim, shu hafta uni Berlinaledagi “Panorama” dasturida namoyish etishadi. Karyeram davomida bir nechta qisqa metrajli filmlar ham ishlaganman.

– Nega o‘zingizni hujjatli kinoda sinab ko‘rishni xohlab qoldingiz, nega aynan O‘zbekistonda?

– Ichimda bir his bor edi – go‘yo nimanidir oxirigacha o‘rganmagandek edim. Men bilan birga yashagan insonlarni, hatto o‘zimni ham tugal tanimaydigandek edim. Rossiyaga ko‘chib ketganimda o‘zimni vataniga qaytayotgan rus kabi his etgandim. Ammo, Moskvada yashay boshlaganimdan so‘ng mutlaqo rus emasligimni fahmladim. Binobarin, mening qaytishim shaxsiy masala edi, tug‘ilib o‘sgan yerimga qovushish, kamera nigohi bilan o‘zimga nazar solish muhim edi men uchun.

Cotton 100%. Filmdan kadr. Mixail Borodin.
Cotton 100%. Filmdan kadr. Mixail Borodin.

– Ijodingizda qullik mavzusi qanday paydo bo‘ldi?

– U qanday kelib qolganini bilmayman. “Cotton100%” filmini yaratish jarayonida tizimli zo‘ravonlik va majburlash mavzusi shaffoflashib, menga yaqin bo‘lib qoldi. Odamlar qanday qilib bunaqa ahvolga tushishini anglagandek bo‘ldim. Ushbu mavzu munosabati bilan e’tiborimni tortgan birinchi narsa – bu “Golyanovo qullari” voqeasidir. 2012 - yili bir guruh faollar Moskvaning Golyanovo tumanidagi oziq-ovqat do‘konlaridan birida tashqariga chiqmasdan qul qilib ishlatilgan talay odamni ozod qilishgan edi.

O‘sha materiallarni o‘rganar ekanman, odamlar o‘z ixtiyoriga xilof ravishda ne ko‘ylar tushishi mumkinligini kashf etdim. Bu tuganmas qullik girdobi meni ham o‘z domiga tortdi. Golyanovo qulligidan xalos qilingan ayollarni topib, gaplashdim. Faollar bilan uchrashdim. Birgalikda qullikka yetkazib beriladigan oxiri ko‘rinmas odamlar oqimi haqida materiallar to‘pladik. Qarang, har kuni 10 ming kishini ozod qilsangiz, 10 yilda yer yuzida qullik tugar ekan, tasavvur qilyapsizmi!

Darvoqe, qullik faqat mehat bilan cheklanmaydi, g‘ayriixtiyoriy nikoh, jinsiy qullik va yana bir qancha turlari bor uning. Men uchun paxta bilan boshlangan bu mavzu “Produkti-24” filmida davom etdi.

XS
SM
MD
LG