Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:36

O‘zbekiston – SSSR parchalanishi arafasida. Ziyolilarning siyosiy muxolifati va milliy harakatlar


Sovet O‘zbekistonini SSSRning sharqiy vitrinasi deb atashardi. Qadimiy masjid va madrasalar, ko‘plab institut va universitetlar, keng ko‘lamli korrupsiya. Sovet Ittifoqining so‘nggi yillari O‘zbekiston SSR uchun “paxta ishi”, Farg‘ona voqealari hamda Kompartiyaga muqobil harakatlar paydo bo‘lishi bilan yodda qoldi.

“Nastoyashcheye vremya” tayyorlagan ushbu maqolada O‘zbekistonda milliy harakatlar adabiyotda diniy so‘zlarni qo‘llashga ruxsat talab qilishdan – mustaqillik g‘oyasiga qadar yo‘lni qanday bosib o‘tgani va, umuman, qayta qurish davrida o‘zbek jamiyatida yuz bergan eng muhim voqea va jarayonlar haqida hikoya qilinadi.

“Paxta ishi”: korrupsiyaga qarshi kurashmi yoki siyosiy qatag‘on?

“O‘zbekiston sovet O‘rta Osiyosidagi eng yirik respublika, mintaqaning flagmani edi. Mahalliy elitaning nufuzi hamisha yuqori bo‘lgan, uning vakillari oliy partiya organlari tarkibiga kirganlar. Bu O‘rta Osiyodagi ittifoq markaziy elitasida o‘z vakillariga ega yagona respublika edi. Sharof Rashidov (1959-1983-yillarda O‘zbekiston SSR Kompartiyasi MQ birinchi kotibi) Leonid Brejnev (1964-1982-yillarda KPSS MQ bosh kotibi) bilan juda qalin bo‘lgan. Biroq 80-yillarga kelib o‘zbek elitasining katta qismi qatag‘on qilindi”, deydi tarix fanlari doktori Sergey Abashin.

Leonid Brejnev 1982-yil 22-martda O‘zbekistonga tashrif bilan keldi. Chapdan ikkinchi - O‘zbekiston SSR Kompartiyasi MQ birinchi kotibi Sharof Rashidov.
Leonid Brejnev 1982-yil 22-martda O‘zbekistonga tashrif bilan keldi. Chapdan ikkinchi - O‘zbekiston SSR Kompartiyasi MQ birinchi kotibi Sharof Rashidov.

80-yillar Sovet O‘zbekistoni uchun turli darajadagi to‘rt mingdan ziyod mahalliy mulozimlar ustidan ochilgan shov-shuvli jinoyat ishlarini o‘z ichiga olgan “paxta ishi” bilan boshlandi.

Sovet Ittifoqida paxta ulkan davlat ahamiyatiga molik xomashyo bo‘lib, uni asosan O‘zbekiston SSR yetishtirib berardi. Paxta mehnatiga nafaqat kolxozchilar, balki respublikaning qariyb butun aholisi – o‘quvchilar, talabalar, byudjet tashkilotlar xodimlari ham jalb etilardi. Paxta faqat to‘qimachilik korxonalariga emas, balki mudofaa sanoatiga ham kerak bo‘lgan, xususan, u porox ishlab chiqarishda qo‘llangan. Shu bois markaz borgan sari ko‘proq paxta talab qilardi.

O‘zbekiston SSRda paxta mavsumi, 1978-yil
O‘zbekiston SSRda paxta mavsumi, 1978-yil

1976-yili, SSSR Kompartiyasining XXV s’ezdida Sharof Rashidov O‘zbekiston hozirda yiliga to‘rt million tonna paxta berayotganini, ammo hosilni besh million tonnaga yetkazish rejalanayotganini aytadi. Shunda Leonid Brejnev undan: “O‘zbekiston olti million tonna paxta bera oladimi?” deb so‘raydi. “Qiyin bo‘ladi, Leonid Ilyich, lekin biz harakat qilamiz”, deya javob beradi Rashidov. Tergovchilar korrupsion sxemalar aynan o‘sha paytlarda paydo bo‘lgan, deb hisoblashadi. Chunki buncha hosil yetishtirish mutlaqo imkonsiz edi, reja qo‘shib yozish hisobiga to‘ldirilardi.

Mazkur sxemaga juda ko‘p odam bosh qo‘shdi – kolxoz raislaridan tortib Moskvadagi katta amaldorlargacha. Tergovchilar qayd etishicha, yo‘q paxtani qabul qilgan zavod direktoriga bitta bo‘sh vagon uchun o‘n ming rubl pora berganlar. Paxta aslida kam topshirilganini yashirish maqsadida turli qing‘irliklar qilingan: omborlarda yong‘in uyushtirilgan yoki sifatsiz paxta hujjatlarga “yuqori sifatli” deb rasmiylashtirilgan.

Paxta zavodi¸ 1978-yil oktabr
Paxta zavodi¸ 1978-yil oktabr

1982-yilda Brejnev vafot etadi, uning o‘rniga bungacha SSSR KGBsiga rahbarlik qilgan Yuriy Andropov bosh kotib bo‘ladi. Andropov 70-yillardayoq Sharof Rashidovga qarshi kompromat yig‘ishni boshlagan, deydilar. U iqtidorga kelishi bilan paxta sanoatidagi korrupsion sxemalarni taftish qilish uchun O‘zbekistonga SSSR Bosh prokuraturasining maxsus tergov guruhini jo‘natadi. Guruhga tergovchilar Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov boshchilik qiladi.

“Bu ish (“paxta ishi”) o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan emas. O‘zbekiston 1975-yildan beri shaxsan Andropov tomonidan maxsus kuzatilayotgan edi, – deydi SSSR Bosh prokuraturasida alohida-muhim ishlar bo‘yicha tergovchi bo‘lib ishlagan Vladimir Kalinichenko jurnalist Dmitriy Gordonga bergan intervyusida. – Paxta yetishtirishdagi qo‘shib yozish va o‘g‘irliklar hajmi nihoyatda yiriklashib, davlatga xavf tug‘dirayotgandi. O‘zbekistonga markazdan yuz minglab, millionlab rubl pora oqib bora boshladi. Yiliga bir million tonna paxta qo‘shib yozilardi. O‘sha paytda bu Brejnevga xalqaro uchrashuvlarda “Biz yiliga sakkiz million tonna paxta olamiz” (boshqa respublikalar yetishtirgan paxta bilan birga – Ozodlik izohi), deya og‘iz ko‘pirtirishi uchun kerak bo‘lgan. Bu g‘irt uydirma bo‘lsa-da, uning nazarida siyosiy jihatdan o‘zini oqlaydigan yolg‘on edi. Aslida esa mamlakat hech qachon buncha paxta yetishtira olmagan”.

Tergovchilar 1977-yildan 1982-yilgacha qariyb besh million tonna paxta qo‘shib yozilganini, davlatga uch milliard rubl zarar yetkazilganini taxmin qiladilar.

“Sharof Rashidov olti million tonna paxta yetishtirish imkonsizligini bilaturib Brejnevga va’da berar ekan, demak, million tonna qo‘shib yozilishi o‘shanda aniq bo‘lgan. Bu million tonna keyin barcha kolxoz va sovxozlarga sochib yuborilgan. Yoppasiga hamma o‘g‘rilik qilgan. O‘g‘irlamagan odam yo‘q edi”, davom etadi Kalinichenko.

“Paxta ishi” bo‘yicha salkam 800 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, to‘rt mingdan ortiq kishi sud qilindi: ular orasida oddiy brigadirlardan tortib yuqori lavozimdagi mulozimlargacha bor edi. Sharof Rashidovning vorisi, O‘zbekistonning 1983-1988-yillardagi rahbari Inomjon Usmonxo‘jayev 12 yilga “kesildi”. Rashidovning o‘zi 1983-yili yurak xurujidan o‘ldi. O‘sha to‘polonlarda Leonid Brejnevning kuyovi Yuriy Churbanov ham SSSR ichki ishlar vaziri muovini lavozimidan bo‘shatilgandi.

1989-yilda SSSR Bosh prokuraturasi Tergov boshqarmasining sobiq rahbari Viktor Ilyuxin Gdlyan-Ivanov tergov guruhiga qarshi chiqdi, keyinroq esa bu ikkovini poraxo‘rlikda va korrupsiyada, shuningdek bir necha yuz o‘zbekistonlikni noqonuniy javobgarlikka tortishda ayblab, ularning ustidan jinoyat ishi ochdi. Biroq bu ishdan biron natija bo‘lgani yo‘q.

Tergovchilar Telman Gdlyan (chapda) va Nikolay Ivanov
Tergovchilar Telman Gdlyan (chapda) va Nikolay Ivanov

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng birinchi prezident Islom Karimov “paxta ishi” bo‘yicha sudlanganlarning ko‘pchiligini afv etdi.

“Bu qatag‘onlar jinoiy xarakterda bo‘lgan, albatta, lekin buning tagida 70-yillar, ya’ni Brejnev davrida avtonom va qisman mustaqil bo‘lib olgan mahalliy elitani bir oz sindirish istagi bor edi, – deydi Sergey Abashin. – Brejnev sodiq bo‘lish va so‘ralgan paxtani berib turish sharti bilan elitaning respublikani o‘zi bilganicha idora qilishiga ruxsat etgandi. Andropov esa O‘zbekistonni avtonomlikdan mahrum qilib, qattiq nazorat o‘rnatishni xohladi va shu jinoyat ishidan foydalandi. To‘g‘ri, asosi bor edi – o‘g‘irlik va korrupsiya avjiga chiqqandi. Ammo faqat O‘zbekistonda emas, butun SSSRda shunaqa edi ahvol. Shu bois ham ittifoq parchalanishi arafasida o‘zbek elitasida sokin norozilik bor edi. Islom Karimov elita almashuvi to‘lqinida iqtidorga keldi. Bundan u yutdi, lekin, aftidan, jarayon uning uchun ham og‘riqli kechgan”.

O‘zbekiston SSR Farg‘ona oblastidagi paxta zavodida paxta sifati tekshiruvi o‘tkazilmoqda. 1982--yil oktabr
O‘zbekiston SSR Farg‘ona oblastidagi paxta zavodida paxta sifati tekshiruvi o‘tkazilmoqda. 1982--yil oktabr

Jadidlar merosi: “Birlik” harakati va “Erk” partiyasi

O‘zbekiston Sovet Ittifoqining sharqiy vitrinasi edi. Samarqand va Buxoroning qo‘hna masjidlarini tomosha qilish uchun butun SSSRdan sayyohlar kelishardi. Respublika poytaxti Toshkentda muhtasham binolar qurilardi – shahar sharqiy mamlakatlarning oliymaqom delegatsiyalarini kutib olishga hozirlanmoqda edi.

“Toshkent imperiya davridan beri butun Markaziy Osiyo markazi edi. U yerda har doim oliy o‘quv yurtlari ko‘p bo‘lgan, akademik maktabi anchagina kuchli hisoblangan. Tabiiyki, 80-yillar oxirida bu madaniy elita butun postsovet makonda mavjud qonuniyatlar bo‘yicha harakat qildi. Ya’ni, aksari intelligensiya vakillaridan iborat “xalq frontlari” tuzildi”, deydi Abashin.

1984-yilda O‘zbekistonning 56 nafar yosh shoir-yozuvchisi hukumatning milliy adabiyot, til va tarixga doir siyosatiga qarshi chiqishdi. Manifest tariqasida yozilgan o‘sha maktub muallifi shoir Muhammad Solih edi.

“Biz O‘zbekiston Kompartiyasi MQning mafkura bo‘yicha kotibi Ra’no Abdullayeva siyosatidan norozilik bildirdik, – deya hikoya qiladi Solih. – Bu bizning ilk manifestimiz edi. Maktub KPSS MQ Siyosiy byurosiga yozildi. U senzura o‘zbek ziyolilariga azob berayotgani, tarixiy shaxslarimiz nomlarini, diniy so‘zlarni qo‘llash taqiqlangani haqida edi. Masalan, “Olloh”, “farishta” so‘zlarini ishlata olmasdik, diniy terminlar butkul taqiqlangandi. Maktubdan so‘ng, albatta, ta’qiblar boshlandi, kitoblarimiz sotuvdan va kutubxonalardan yig‘ib olindi, uch yilcha she’rlarimizni chop qilishmadi. Biroq ushbu maktub bizning milliy harakatimizni boshlab berdi”.

Muhammad Solih
Muhammad Solih

1988-yilning noyabrida O‘zbekistonda “Birlik” harakati tuzildi, uning asosini ijodiy va ilmiy intelligensiya vakillari tashkil qildi. Fizik olim Abdurahim Po‘latov unga yetakchi etib saylandi. Harakat asoschilaridan biri Muhammad Solih edi.

“U paytlar “Birlik”da neosiyosiy maqsadlar kuchli edi. Biz ko‘proq ekologiya muammolari, sovetcha nomlarni tarixiy nomlarga almashtirish bilan shug‘ullanardik, tarixiy yodgorliklarning ahvoli, ularni restavratsiya qilish kabi masalalarni ko‘tarar edik. Shuningdek, milliy-madaniy evrilish g‘oyalari mavjud edi. Biroq Sovet Ittifoqidan ajralib, mustaqil bo‘lish g‘oyasi “Birlik”da kurtak yozmagandi hali”, deydi Solih o‘sha kunlarni eslarkan.

“Birlik” ta’sis qilinganidan bir oy o‘tib, 1988-yilning dekabrida uch gazeta – “Pravda Vostoka”, “Sovet O‘zbekistoni” va “Tashkentskaya pravda” – “Dvoynoy standart chestnogo Muxammada” (“Rostgo‘y Muhammadning ikki yuzi”) nomli maqola chop etdi.

“Maqola kaminaga bag‘ishlangan edi, – hikoya qiladi Muhammad Solih. – Unda men go‘yo barcha ruslarni O‘zbekistondan badarg‘a qilish niyatidagi irqchi kimsa sifatida “fosh qilingan” edim. Ular ushbu felyeton bilan meni mahv qilishni o‘ylagandilar, ammo aksi bo‘ldi. O‘sha kuni 400 ga yaqin yigit-qizlar ko‘chaga chiqib, gazetalar uzr so‘rashini talab qilishdi. Ular “O‘zbekiston” mehmonxonasi oldiga to‘planishgan ekan. Militsiya ularni u yerdan Inqilob xiyoboniga siqib chiqargan, ammo tarqata olmagan”.

Muhammad Solih o‘sha kuni unga O‘zbekiston Kompartiyasi rahbari Rafiq Nishonov qo‘ng‘iroq qilganini xotirlaydi: “Men “Yozuvchilar soyuzi”ning birinchi kotibi edim. U qo‘ng‘iroq qilib, juda yumshoq ohangda mendan bu norozilik katta to‘polonga aylanib ketmasidan yoshlarni tinchlantirishimni iltimos qildi. “Pravda Vostoka” gazetasi muharriri maqola mualliflarini jo‘natdi, ular kelib kechirim so‘raganidan so‘ng mitingchilar tarqalishdi. Odamlarning hokimiyatdan nimanidir ochiq talab qilish uchun ilk bor to‘planishi edi bu. Miting jamoatchilikni ruhlantirdi, chunki shu paytgacha bunaqa felyetonga mavzu bo‘lgan odam qamalmay qolmasdi”.

Keyinchalik harakat faollari necha martalab ko‘pming kishilik mitinglar tashkil qilishdi. Ularning asosiy talablaridan biri o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish edi.

“U kezlar yirik shaharlarda milliy tilli maktablar rus tilida ta’lim beradigan maktablardan ikki baravar kam edi. Biz milliy tilli maktablarni ko‘paytirishni talab qildik, – deydi Muhammad Solih. 1980-yillarda xotinim “mening qizim otasining tilida o‘qishni istaydi”, deb Sharof Rashidovga xat yozgani yodimda. Ajabki, 17 kun o‘tib ilk bor tumanimizdagi bog‘chalardan birida o‘zbek bo‘limi ochildi. Odamlar talab qilib chiqsa, hokimiyat bajarardi. Biroq rus tilida o‘qish obro‘li edi. Chunki davlat idoralari rus tilini biladiganlarni ishga olardi. Barcha amaldorlar rus tilida so‘zlashardilar. Rus tilini yaxshi bilmaydiganlar esa o‘z ona tilida gapirishga majbur bo‘lganlari uchun izza bo‘lishardi”.

Birlik harakati a’zolari o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilib namoyish o‘tkazmoqda. 1989-yil mart
Birlik harakati a’zolari o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilib namoyish o‘tkazmoqda. 1989-yil mart

1990-yilda Muhammad Solih “Birlik” harakatidan chiqib, “Erk” partiyasiga asos soladi. “Erk” O‘zbekiston mustaqilligiga erishishni o‘z maqsadi etib belgilaydi.

“Biz mustaqillik g‘oyasiga tabiiy yo‘sinda yetib keldik. Mamlakatdagi jarayonlar bizni shunday partiya tuzishga undadi, – eslaydi Solih. – 1988-yilda “Birlik” tashkiloti nomini men qo‘ygandim, XX asr boshlarida ma’rifatparvar bobolarimiz – jadidlar tuzgan yashirin partiya shunday atalardi. Lekin men bu nom sovet hukumati yo‘q qilgan jadid ajdodlarimizga oidligini hatto eng yaqin do‘stlarimga ham aytmadim, aks holda ular tashkilotga a’zo bo‘lishdan qo‘rqib qolishlari mumkin edi. Biroq ikki yil ichida ongimiz shu qadar evrildiki, yurtimiz Sovet Ittifoqidan ozod bo‘lishini talab qiluvchi “Erk” partiyasini bunyod qildik. Ta’sis qurultoyiga muxbirlarni chaqirdik, hatto Moskvadan jurnalistlar kelishgandi. Men partiya dasturini o‘qib eshittirganimda ular bari zaldan chiqib ketishdi. Sovet Ittifoqidan ajralishni talab qilayotgan aksilkommunistik partiya tuzilayotgani ular uchun sira kutilmagan hol bo‘ldi. Ular sarosimada qolishdi”.

Muhammad Solih. 1992-yil
Muhammad Solih. 1992-yil

Farg‘ona voqealari: “Qirg‘in qanday yuz bergani hanuz jumboq”

1989-yilning yozida Farg‘ona viloyatida mahalliy aholi bilan Stalin davrida Gruziyadan deportatsiya qilingan mesxeti turklar o‘rtasida katta to‘qnashuv chiqadi. Qirg‘inbarot boshlanadi. Viloyatning bir necha tumanida tartibsizliklar maydan iyun oyigacha davom etadi. O‘zbekiston SSR Kompartiyasi MQ komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu voqealarda 103 kishi, jumladan 52 nafar mesxeti turk va 36 o‘zbek halok bo‘lgan, 137 nafar harbiy va 110 militsioner yaralangan, ulardan biri o‘lgan. 757 uy yoqib yuborilgan. Janjal nimadan chiqqanini hanuzgacha hech kim aniq aytolmaydi.

Taxminlardan biriga ko‘ra, o‘zbeklar va tojiklar bilan turklar o‘rtasidagi ketma-ket ommaviy mushtlashuv tartibsizliklarga aylanib ketgan. Farg‘onaning Quvasoyida bo‘lgan shunday mushtlashuvlardan birida tojik millatiga mansub yigit o‘lgan. Ertasi kuni, uning janozasidan so‘ng kimdir yerli aholini “turklarning dodini berishga” chaqirgan.

Yana bir taxminda janjalga qulupnay sabab bo‘lgani aytiladi. Emishki, bir turk Qo‘qon bozorida qulupnay sotib olmoqchi bo‘lganida sotuvchi o‘zbek ayoli narxni ikki karra qimmat aytgan, shunda turk qulupnay solingan tog‘orani ag‘darib tashlab, ayolni so‘kkan. Bozordagi o‘zbeklar – sotuvchining, turklar esa xaridorning tarafini olgach, janjal kattalashgan emish.

To‘polonlar chog‘ida erkaklar ko‘chalarda to‘da-to‘da bo‘lib turklarning uylarini qidirganlar, ularga o‘t qo‘yganlar va uy sohiblarini o‘ldirganlar.

Qirg‘in qurbonlari dafn marosimi. 1989-yil 19-mart. Farg‘ona
Qirg‘in qurbonlari dafn marosimi. 1989-yil 19-mart. Farg‘ona

“Menga mafkura bo‘yicha kotib qo‘ng‘iroq qilib, Farg‘onada odamlar mesxeti turklarning uylariga o‘t qo‘yishayotganini va ular orasida “Birlik” a’zolari ham borligini aytdi, – deydi Muhammad Solih. – So‘ngra mendan u yerga borib, “birlikchi”larni tinchlantirishni so‘radi. Bu qip-qizil ig‘vo edi, chunki rost bo‘lgan taqdirda, bundan xabarimiz bo‘lardi. Biz esa uylar yoqilayotganini ham bilmasdik. Xullas, Farg‘onaga jo‘nadik. Men g‘alayonchilar bilan shaxsan gaplashdim va olomonni mahalliy mafiya boshqarayotganini tushundim”.

“Ferganskaya pravda” jurnalisti Maks Lurye o‘sha voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi. U o‘zining “Kuyindi va musibat hidi” nomli kitobida Farg‘ona voqealarini juda mudhish voqealar o‘laroq ta’riflaydi.

“O‘zbeklar o‘zbeklardan mesxeti turklarni qutqarib qolishga uringan hollar ham oz bo‘lmagan. O‘zSSR IIV jinoyat-qidiruv boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari V.Haydarov bir o‘zbek ikki mesxeti qo‘shnisini uyiga yashirganini so‘zlab bergan edi. Quturgan olomon undan turklarni topib berishni talab qiladi. Uy egasi hatto otib tashlash bilan tahdid qilganlarida ham churq etmaydi. Shundan so‘ng banditlar uning emizikli bolasi xotini, uch yosh bolasi va kampir onasini ayvonga haydab chiqib, agar ko‘nmasang, ustunlarni chopib tashlaymiz, butun oilang tom tagida qoladi, deb tahdid qilishadi... Uy egasi shunda ham qilt etmaydi. Ammo uyda yashirinib o‘tirgan turklar chiday olmay, bekingan joylaridan chiqib keladilar. Olomon o‘sha zahoti ularni hammaning ko‘z o‘ngida otib o‘ldiradi”, deb yozadi Lurye.

Farg‘ona viloyatiga bir necha ming harbiy tashlanadi. Biroq ular vaziyatni nazorat qila olmaydilar. Kuchishlatar xodimlar ayrim turklarni o‘z bazalariga yashirishadi. Askarlarga qurol ishlatishga ruxsat berilmaydi, boshqa hech bir iloj bo‘lmagan hollardagina o‘t ochish mumkin edi.

Sovet harbiylari Farg‘onada mashinani tekshirmoqda. 1989-yil iyun
Sovet harbiylari Farg‘onada mashinani tekshirmoqda. 1989-yil iyun

Qirg‘indan so‘ng hukumat jabr chekkan minglab mesxeti turklarni O‘zbekistondan olib chiqib ketdi. Bir yil davomida qariyb barcha etnik turklar – 90 mingdan ziyod kishi respublikani tark etdi.

Muhammad Solih to‘polonlarni KGB uyushtirgan, deb hisoblaydi: “KGB Sovet Ittifoqi yemirilayotganini ko‘rib turardi. Ko‘ngilchan Gorbachyov o‘rniga temir qo‘lli odamlar iqtidorga kelishi uchun bir fitna kerak edi, qirg‘inbarot va xunrezlik bo‘lishi kerak edi. Bu voqealar ortida SSSR maxsus xizmatlari turgan”.

Biroq yagona versiya hanuzgacha yo‘q. “Qirg‘inga nima sabab bo‘lgani jumboqligicha qolmoqda. Ayrimlar buni radikallar, birlikchilar va vahhobiylarga to‘nkaydi. Boshqalar KGB bilan markaz suvni loyqalatish maqsadida shuni o‘ylab topgan, deydi. Yana bir toifa esa to‘polon jamiyatning haddan ziyod asabiylashib ketgani tufayli qo‘qqisdan boshlanib ketgan, deb biladi”, – ta’kidlaydi Abashin.

Bu SSSRning so‘nggi yillarida Farg‘ona vodiysida yuz bergan birinchi millatlararo mojaro edi. Bir yildan so‘ng yana bir fojia yuz berdi: Qirg‘iziston SSRning O‘sh viloyatida etnik qirg‘izlar va o‘zbeklar to‘qnashdi.

Farg‘ona voqealaridan so‘ng Rafiq Nishonov O‘zSSR Kompartiyasi rahbarligidan olindi. Uni SSSR Oliy Sovetining Millatlar kengashiga rais etib sayladilar. Rasman bu ko‘tarilish bo‘lsa-da, aslida Nishonov “faxriy iste’fo”ga chiqarilganini ko‘pchilik tushundi. O‘zbekiston Kompartiyasi rahbari lavozimini Islom Karimov egalladi, u respublikani 2016-yilgacha – vafotiga qadar idora qildi.

“Karimov atrofidagi turli guruhlarini birlashtirib, nozik pallada hokimiyatni saqlab qola oldi”, deydi Sergey Abashin. U sovet davrida turli lavozimlarda ishlagan Karimov hukumat va jamiyatdagi guruhlarni muvozanatda tutishga va bosimni kuchaytirish uchun qulay payt topishga usta bo‘lganini urg‘ulaydi.

Partiyasiz islom

Bu yillarda O‘zbekiston SSRda aksilkommunistik partiya tuzgan siyosiy muxolifat bilan qatorda musulmon ulamolari ham kuchaydi. Islom dini o‘zbek jamiyatida hatto sovet davrida ham jiddiy ta’sirga ega bo‘lgan. 40-yillardayoq Toshkentda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlar diniy boshqarmasi ochilgan edi.

“Gorbachyov davriga kelib machitlar qurila boshlandi, diniy faoliyat erkinlashdi, ko‘plab yangi imomlar paydo bo‘ldi va ularning jamiyatga ta’siri ortdi, – deydi Abashin. – Lekin Tojikistonda ular siyosiy partiya tuzishni uddalashgan bo‘lsa, O‘zbekistonda musulmonlarning tom ma’nodagi partiyasi shakllanmadi. Bu tarmoq prinsipi asosida qurilgan stixiyali harakat edi. Masalan, imomning shogirdlari tarqalib, boshqa machitlarni o‘z nazoratiga olishga harakat qilishar, diniy ta’lim bilan shug‘ullanishardi. Bu ro‘yxatga olingan partiya emasdi, ammo nufuzli harakat va katta kuch edi”.

Tilla shayx masjidida juma namozi. 1979-yil
Tilla shayx masjidida juma namozi. 1979-yil

Ekspert 80-yillarda O‘rta Osiyo musulmonlari diniy idorasida ro‘y bergan ichki ziddiyatlar haqida shunday deydi: “Butun sovet davri mobaynida diniy idora tepasida turgan Boboxonovlar sulolasini “ag‘darishdi”. Ulamolar orasida eng obro‘lisi bo‘lgan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf idoraga rahbar bo‘ldi. U deputat bo‘lib, shaxsi davlat mulozimlari bilan bog‘lansa-da, hokimiyatdan bir qadar masofalangani sababli qisman muxolifatchidek tuyulardi. Dindorlarning ichki tortishuvlarida radikallar bilan mo‘’tadillar o‘rtasida oraliq pozitsiyani tutishga harakat qilib kelgan Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 90-yillarda diniy hokimiyatdan chetlatilganidan so‘ng Karimov bilan ziddiyatga bordi. Ammo O‘zbekistonda uzoq qolmadi va chet elga ketib, bir necha yil yashadi. So‘ngra qaytdi, Karimov uni mamlakatga kiritdi, barcha muhtamal ayblovlar olib tashlandi. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ortiq biron rasmiy lavozimda ishlamagan bo‘lsa-da, norasman juda nufuzli shaxs edi. U allaqachon vafot etgan, lekin hamon islomiy harakatning so‘nggi o‘n yillikdagi yetakchisi sanaladi”.

1990-yillar boshida Namanganda “Adolat” nomli radikal harakat vujudga keldi. Uning a’zolari shariat qonun-qoidalari joriy etilishini talab qilishardi. Vodiy viloyatlarida radikallarning shariat qonunlariga rioya etilishini nazorat qiluvchi guruhlari ko‘chalarni aylanib yurishardi. Bu hol 1991-yil oxirida “Adolat” harakati a’zolari Kompartiyaning Namangan viloyati qo‘mitasi binosini bosib olishgunicha davom etdi. Mazkur voqeadan so‘ng hukumat ularga nisbatan qattiq chora ko‘ra boshladi.

“Karimov ularni tor-mor qildi, bir qismi qamoqqa olindi, qolganlar Yevropaga yoki qo‘shni Tojikiston va Afg‘onistonga qochdi. Juma Namangoniy bilan Tohir Yo‘ldosh Tojikiston birlashgan muxolifatiga qo‘shilib, uning tarafida turib Dushanbe hukumatiga qarshi urushda ishtirok etishdi. Ular bir-birini avvaldan tanir edi, chunki sovet davrida islom tarmog‘i umumiy bo‘lgan, milliy respublikalar bo‘yicha ajratilmagan. O‘rta Osiyo musulmonlari o‘zaro aloqada bo‘lganlar. Biroq 90-yillar oxirida Tojikistonda sulh bitimi imzolangach, “O‘zbekiston islomiy harakati” tojik muxolifatidan ajralib chiqib, mavjudligini bildirib qo‘yishga urindi”, deya so‘zini yakunlaydi Sergey Abashin.

Suverenitet, mustaqillik, Karimov

1990-yil 18-fevralda O‘zbekistonda ko‘ppartiyalilik asosida birinchi parlament saylovi o‘tkazildi. Kompartiya vakillari 500 o‘rindan 490 tasini egalladilar. Biroq saylovdan keyin ulardan ba’zilari muxolifat tarafiga o‘tdi.

Islom Karimovni ilk daf’a 24-mart kuni Oliy Sovet sessiyasida prezidentlikka sayladilar. 20-iyunda esa deputatlar muxolifat tashabbusi bilan Davlat suvereniteti to‘g‘risida deklaratsiyani qabul qilishdi.

O‘zbekiston kompartiyasi MQ birinchi kotibi¸ O‘zbekiston SSR prezdenti Islom Karimov Kreml saroyida s’ezdda. 1990-yil 4-iyul
O‘zbekiston kompartiyasi MQ birinchi kotibi¸ O‘zbekiston SSR prezdenti Islom Karimov Kreml saroyida s’ezdda. 1990-yil 4-iyul

1991-yil 18-avgustda Moskvada davlat to‘ntarishi bo‘lganida Karimov GKChP a’zolarining pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. “Sovet jamiyatining demokratik evrilishiga umid uyg‘otgan qayta qurish boshi berk ko‘chaga kirib qoldi”, degan edi u Toshkentda partiya faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvida.

Biroq putch mag‘lub bo‘ldi, 28-avgust kuni esa Karimov Moskvaning KPSS faoliyatini to‘xtatib turish haqidagi qaroriga norozilik bildirdi. U O‘zbekiston Kompartiyasi KPSSdan ajralib chiqqanini e’lon qildi.

1991-yilning 31-avgustida O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi. 29-dekabrda esa umumxalq referendumida 98 foiz saylovchi mustaqillikni yoqlab ovoz berdi. O‘sha kuni prezident saylovi ham o‘tkazildi.

Karimovning yagona raqibi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih edi. “Birlik” lideri Abdurahim Po‘latov saylovda o‘z nomzodini qo‘ya olmadi, chunki “Birlik” rasman partiya emas, balki jamoat tashkiloti deb ro‘yxatdan o‘tkazilgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Karimov saylovda 87 foizdan ko‘proq ovoz olgan. Ammo muxolifat vakillari saylov natijalari butkul soxtalashtirilganini aytadilar.

Bir necha yildan so‘ng muxolifatning deyarli barcha vakillari, jumladan Muhammad Solih va Abdurahim Po‘lat siyosiy ta’qiblar tufayli O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lishdi.

Islom Karimov O‘zbekistonni 27 yil idora qildi va eng avvalo, despotizmga xos boshqaruv uslubi bilan yodda qoldi. Iqtidordagi O‘zbekiston Kompartiyasi nomini Xalq demokratik partiyasi deb o‘zgartirdi, sovet nomenklaturasidan chiqqan Karimov esa sovet davlatining ashaddiy tanqidchisiga aylandi. Shu bilan birga, mamlakatda har qanday o‘zgacha fikrni bo‘g‘di, dindorlarga nisbatan ayovsiz siyosat yuritdi, shuningdek o‘zining prezidentlik muddatlarini bir necha bor uzaytirdi va nullashtirdi. Tashqi siyosatda muvozanatni saqlashga intildi. Uning davrida O‘zbekiston KXShTdan chiqdi. O‘zbekistonning birinchi prezidenti 2016-yil kuzda insulьtdan vafot etdi, shu bilan 27 yillik Karimov erasi barham topdi.

XS
SM
MD
LG