Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:02

O‘zbekiston va Qirg‘iziston uchun yaqin hamkorlikdan “boshqa yo‘l yo‘q”


Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov. Bishkek, 27-yanvar, 2023
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov. Bishkek, 27-yanvar, 2023

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Bishkekda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegara shartnomasini imzolash marosimidagi nutqida qirg‘izistonlik hamkasbi Sadir Japarovga maqtovlar yog‘dirdi, deb yozmoqda Ozodlikning mintaqa bo‘yicha sharhlovchisi Kris Riklton.

“Sizga shuni aytmoqchimanki, o‘rtamizda hech qanday muammoli masala yo‘q. Mustaqil Qirg‘iziston va O‘zbekistonning 31 yillik tarixida bunday darajadagi munosabatlar birinchi marta kuzatilmoqda”, dedi Mirziyoyev o‘zining 26-27-yanvar kunlari o‘tgan davlat tashrifi chog‘ida.

“Muhtaram hamkasbim Sadirga alohida minnatdorlik bildiraman. Uning siyosiy irodasisiz, bugungi natijaga erishmagan bo‘lardik. Biz, avvalgidek, muammoni erta‑indin hal qilamiz, deb yuraverishimiz mumkin edi. O‘sha ertaga 30 yilga cho‘zildi, ammo muammolar hal etilmadi.”

Ikki davlat o‘rtasidagi chegara tortishuviga barham beruvchi kelishuvdan tashqari, Qirg‘iziston va O‘zbekiston yana 20 dan ortiq shartnoma imzolagan.

Qirg‘izistondagi avtomobil yig‘ish zavodi va to‘qimachilik fabrikasi bo‘yicha kelishuvlar e’tiborli. Mirziyoyev “do‘stlik chegarasi” deb alqagan chegaradan o‘tish talablari ham yumshatilgan: ikki davlat fuqarolariga xalqaro pasportlar emas, faqat shaxsiy guvohnomalar kerak bo‘ladi endi.

Mirziyoyevning uzoq yillik avtokratik salafi Islom Karimov davrida ko‘pincha adovatli bo‘lgan Qirg‘iziston‑O‘zbekiston munosabatlari 2016-yildan keyin sezilarli darajada yumshay boshlagan.

Tahlilchilar Rossiyaning mintaqadagi bo‘lib tashla va hukmronlik qil siyosati deb atagan ta’siri susayib, chegara kelishuvi imzolanishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi mumkin.

Ozodlik radiosi Qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida Markaziy Osiyo bo‘yicha kuzatuvchi Arkadiy Dubnov “har ikki prezidentning bu kelishuvni tarixiy ahamiyatga molik degan fikriga qo‘shilmaslik ilojsiz”, deydi.

"Ayniqsa, uzoq yillar davomida o‘zgarmasdek ko‘ringan da’volar, qarama-qarshiliklar, ambitsiyalar [va] tushunmovchiliklardan keyin", deydi Dubnov.

Ammo tahlilchi, shuningdek, kelishuv oson bo‘lmaganini, Qirg‘iziston ichidagi strategik suv omborini O‘zbekiston nazorati ostiga qo‘yishi aytilayotgan chegara kelishuviga qarshi chiqqani uchun 20 dan ortiq siyosatchi, faol va jurnalist qamoqqa tashlanganini ham ta’kidladi.

“Qirg‘iziston bu noroziliklarni zo‘ravonlik bilan bostirganidan afsusdaman... Umid qilamanki, yaqin kelajakda bu ish bo‘yicha barcha mahbuslar ozod qilinadi, aks holda bu yanada keskinlashuvga olib keladi”, deydi Dubnov.

Qirg‘izistonning siyosiy beqarorlik tarixini inobatga olsak, ikki tomonlama munosabatlarning yaxshilanishi chegarasi bormikan?

“Boshqa yo‘l yo‘q”

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida so‘nggi ikki yil ichida ikki marta keng ko‘lamli to‘qnashuvlar yuz bergani bois, bir vaqtlar qirg‘iz-o‘zbek chegarasida katta harbiy to‘qnashuv bo‘lishidan xavotir bo‘lganini, vaqti-vaqti bilan bu yerda otishmalar va halokatli to‘qnashuvlar bo‘lganini unutish oson.

2016-yilda, Karimov o‘limidan bir necha oy oldin Qirg‘iziston chegaraning O‘zbekiston tomonida qo‘shin va harbiy texnika to‘planayotganidan xavotir bildirgan edi.

O‘sha vaqtda ikki davlat bir yildan beri talashib kelgan bahsli Ungar-Tou tog‘i Mirziyoev va Japarov imzolagan chegara kelishuvga ko‘ra, endi Qirg‘iziston hududi sifatida tan olingan.

Ikki davlat armiyasi hamisha to‘qnashuvlardan qochgan, biroq Mirziyoyevning Japarovga aytgan iliq so‘zlaridan farqli o‘laroq, Karimov va Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atambayev o‘rtasidagi munosabatlar sovuq edi.

2015-yilda Moskvada MDHning norasmiy sammitida Atambaev o‘zbekistonlik hamkasbini Sovet Ittifoqining Ikkinchi jahon urushida fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabasiga bag‘ishlangan paradga Moskvaga bormagani uchun tanqid qilgandek bo‘lgan.

Kreml an’anaga ko‘ra o‘zining yaqin ittifoqchilarini 9-may kuni bo‘lib o‘tadigan tadbirga taklif qiladi va u yerda harbiy qudratini namoyish etadi.

Karimov o‘sha vaqtda Atambayevning tanqidiga kechkin javob qaytarib, masxaromuz tarzda «do‘stimiz Atambayev» deganda qirg‘iz prezidenti "Bu mening fikrim", deya uning gapini bo‘lgan.

"Juda soz. Biz sizning fikringizni anchadan beri bilamiz", deb javob qaytargan edi Karimov.

O‘zaro munosabatlarni yaxshilash yo‘lidagi yana bir to‘siqlardan biri Norin daryosini bo‘g‘ib, Rossiyaning ko‘magi bilan Qirg‘iziston qurayotgan GES edi. Bu GESning qurilishi O‘zbekistonga suv kelishini kamaytirib, qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin edi.

Biroq loyiha to‘xtab qoldi, Rossiya iqtisodiyoti 2014-yilda Moskvaning Ukrainaga birinchi bostirib kirishi ortidan sanktsiyaga tushgach, Qirg‘iziston Rossiya kompaniyasi bilan shartnomani bekor qilgan.

Joriy yil boshida uch davlat imzolagan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston Bishkekka Qambarota-1 GESini qurishda yordam berish majburiyatini oladi. Buning evaziga O‘zbekiston Qirg‘izistonning transchegaraviy suv resurslarini boshqarishda ishtirok etadi va hozirda investor topilmayotgan stansiyadan foyda oladi.

Toshkentlik tahlilchi Anvar Nazirning aytishicha, Mirziyoyev mojarodan ko‘ra murosa yo‘lini afzal ko‘rgani Qirg‘iziston bilan va O‘zbekistonning boshqa qo‘shnilari bilan munosabatlarni yaxshilashda muhim omil bo‘ladi.

Ammo uning takidlashicha, boshqa o‘zgarishlar, masalan, O‘zbekistonning zo‘rayib borayotgan energiya tanqisligi ham ikki davlatni yaqinroq hamkorlik qilishga majbur qilgan.

“Qishloq xo‘jaligi uchun suv ustuvor masala, biroq O‘zbekiston Qirg‘izistonning energetik salohiyatidan foydalanib, o‘z energiya resurslarini talab darajasiga yetkazishni istaydi”, deydi Nozirov.

Tahlilchining qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaning Ukrainadagi cho‘zilgan urushi uning mintaqadagi hamkorlarini xavotirga solayotgani va Moskvaning yirik loyihalarga sarmoya kirita olmay qolgani Markaziy Osiyo davlatlarini uzoq muddatli hamkorlikdan “bo‘lak yo‘l yo‘q”ligiga ishontirmoqda.

Қирғизистон Кампиробод сув омборини Ўзбекистонга "бериб юборди"ми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:36 0:00

“Markaziy Osiyo davlatlari uchun Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga integratsiya sezilarli natija bermadi”, deydi Nazir va Qirg‘izistonning “o‘ziga xos siyosiy madaniyati” chegara bo‘yicha kelishuv avvalroq imzolanishiga to‘sqinlik qilganini qo‘shimcha qiladi.

Biroq tahlilchiga ko‘ra Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston prinsipial ravishda kelishib olgan ko‘p milliard dollarlik temir yo‘l qurilishi istiqbollariga ko‘proq shubha bilan qarardi, sababi bunga koronavirus pandemiyasi boshlanishi bilan bog‘liq iqtisodiy qiyinchiliklar va Xitoyda mega-loyihalarga qiziqish yo‘qligi bo‘lgan.

Ta’qibdan keyin "ishonchni mustahkamlash"

Siyosiy plyuralizm va beqarorlik an’anaga aylangan Qirg‘iziston bilan avtoritar O‘zbekiston o‘rtasida hali ham katta farqlar bor.

Bu farqlar kelajakdagi munosabatlarga ham dahl qilishi mumkin.

Japarov Qirg‘izistonning Mirziyoyev so‘nggi olti yil davomida hamkorlik qilgan uchinchi prezidentidir.

Ikki davlat mustaqilligining birinchi chorak asrida Karimov o‘limigacha hukmronlik qildi, Qirg‘izistonning o‘sha paytda hokimiyatga kelgan to‘rt prezidentidan ikkitasi norozilik namoyishlari natijasida hokimiyatdan ag‘darilgandi.

Qirg‘izistonning ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari O‘zbekistonning chegara kelishuvini hech qanday to‘siqlarsiz tasdiqlaganini (Mirziyoyevning imzosidan so‘ng Senatning miq etmay uni tasdiqlagani) Qirg‘izistondagi shov-shuv, kelishuvga qarshi bo‘lgan deputatlar bosim ostida qolganiga solishtirmoqda.

Boshqalar esa O‘zbekistonning chegara kelishuvini oson tasdiqlaganini mantiqan to‘g‘ri, chunki O‘zbekiston bu kelishuvdan foyda ko‘rmoqda, degan fikrda.

Munosabatlar hech qachon yaxshi bo‘lmagan esa‑da, ular hali ham mo‘rt, deydi bishkeklik siyosatshunos Emil Jo‘raev. Uning qo‘shimcha qilishicha, Japarov ma’muriyati chegara muzokaralarini yetarlicha shaffof olib bormagani jamoatchilik fikriga ta’sir qilgan.

“Kampirobod suv omboriga nisbatan ko‘pchilikning g‘azabini yengish uchun endi ishonchni mustahkamlashga qaratilgan izchil chora-tadbirlar kerak bo‘ladi”, deydi Jo‘rayev Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

Kelishuvga qarshi chiqqan qirg‘izistonlik faol Nursulton Oqilbekning aytishicha, chegara kelishuvining to‘liq oqibatlari ma’lum bo‘lmaguncha, qirg‘iz-o‘zbek munosabatlarida yangi davrni boshlab bo‘lmaydi.

“Mirziyoyevning davlat tashrifidan umidlar katta edi. Lekin men biror tayinli natijani ajratib ko‘rsata olmayman", deydi u.

XS
SM
MD
LG