Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:31

O‘zbekistonda gaz va neft qazib olish kamaydi


O‘zbekistondagi gaz stansiyalaridan biri (arxiv surati)
O‘zbekistondagi gaz stansiyalaridan biri (arxiv surati)

O‘zbekistonda 2024-yilning mart oyida gaz qazib olish 3,89 milliard kub metrgacha kamaygan. Bunga “Gazeta.uz” nashri Statistika agentligi hisobotini o‘rganib chiqish ortidan e’tibor qaratgan.

Hisobotga muvofiq, joriy yilning ilk choragida gaz ishlab chiqarish hajmi 11,6 milliard kub metrni tashkil etgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,9 foizga yoki 724,8 million kub metrga kamdir.

Birinchi chorakda neft qazib olish ham 60,6 ming tonnagacha kamaygan. Bu o‘tgan yil martiga nisbatan 11,1 foizga yoki 7600 tonnaga kam. Ayni paytda ishlab chiqarishda yetti oydan buyon kuzatilayotgan pasayish (avgustdan fevralgacha) o‘tgan oyga kelib to‘xtagani qayd etilgan. Shu tariqa, joriy yilning yanvar-mart oylarida ishlab chiqarish 179,1 ming tonnani tashkil etgan - o‘z navbatida bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 8,4 foizga kam.

Shuningdek, agentlik hisobotidan kelib chiqilsa, mart oyida O‘zbekistonda 119,5 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yil martiga nisbatan 1,6 foizga yoki 1900 tonnaga kam. 2023-yil mart oyida mamlakatda 121,4 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan edi.

Umuman olganda, joriy yilning mart oyida o‘tgan yilning shu davriga solishtirganda faqatgina ko‘mir qazib olish bo‘yicha ko‘rsatkichlar oshib (+0,9 foiz), 309 ming tonnani tashkil etgan. Biroq bu yerda ham choraklik ko‘rsatkichda 2 foizlik qisqarish kuzatilgan.

Ozodlik mart oyi boshida “Putinning bir qo‘lidan ikkinchi qo‘liga. "Gazli" ombori Fozilovga o‘tdi” deb nomlangan surishtiruvni e’lon qilgan edi.

Surishtiruvda O‘zbekiston energetikasining de-fakto qiroliga aylangan Baxtiyor Fozilov endilikda mamlakat gaz-transport tizimining "yuragi" sanalgan "Gazli" gaz omborini ham qo‘lga olgani aytiladi.

“Ukrainadagi urush ortidan yuzaga kelgan yangi geosiyosiy reallikda Rossiya gaz quvurlari o‘tuvchi Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan "Gaz ittifoqi" deb atalgan maxfiy kelishuv imzoladi, O‘zbekistonga 2.8 milliard kub metr gaz import qilish iddaosi bilan bu quvurlarni revers rejimida ishga tushirdi.

O‘zbekiston hukumati hozirgacha 2023-yil 7-oktyabr - Putinning tug‘ilgan kunida tantana bilan start berilgan bu kelishuv ortidan qancha gaz, qancha narxda import qilinganiga oid biror ma’lumotni ochiqlamagan”, deyilgandi Ozodlik surishtiruvida.

XS
SM
MD
LG