Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2021, Тошкент вақти: 06:06

O‘zbekistonda naqd pul aylanmasi hajmi oshdi. "Soya iqtisodiyoti" qisqarmoqdami?


Tahlilchilar fikricha, banklarda naqd pul aylanmasining ortishiga yana bir sabab konvertatsiyaning nisbatan barqarorlashganidir.

O‘zbekistonda yil boshidan buyon banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 300 trillion so‘mdan ko‘proqni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 50 foizga oshgan.

Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki 14 - sentabr kuni ma’lum qildi.

MB ma’lumotiga ishonilsa, yil boshidan buyon banklar kassalariga naqd pul tushumlari 157 trillion 600 milliard so‘mni, bank kassalari va bankomatlardan chiqim qilingan naqd pullar 159 trillion 800 milliard so‘mni tashkil etgan.

O‘tgan sakkiz oy ichida bank kartalariga 178 trillion 100 milliard so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, bank kartalaridagi 58 trillion 800 milliard so‘mlik (33 foiz) mablag‘ aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.

Yanvardan avgustgacha bank kassalaridan (shu jumladan, bankomatlar orqali) berilgan naqd pullar 2020 - yilning shu davriga nisbatan 50 trillion 800 milliard so‘mga oshgan.

Markaziy bankning qayd etishicha, bu o‘sishning asosiy qismi bank kartalaridan naqd pul echish hajmi 21 trillion 400 milliard so‘mga hamda banklar tomonidan aholidan naqd chet el valyutasini sotib olish uchun 16 trillion 600 milliard so‘mga oshishi hisobiga yuzaga kelgan.

Inflyatsiya

Naqd pul aylanmasining ko‘payishi ayni paytda inflyatsiyaning ortishi bilan bog‘liq xavotirlarni ham keltirib chiqargan.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev 13 - sentabr kuni Toshkentdagi matbuot anjumanida O‘zbekistonda inflyatsiyani 5 foizgacha pasaytirish rejalarini e’lon qildi.

Uning ta’kidlashicha, mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish makroiqtisodiy barqarorlik va inflyatsiya bilan uzviy bog‘liq: "Inflyatsiyani barqaror iqtisodiy o‘sishdan ajratib bo‘lmaydi", - dedi Hamrayev.

Ammo O‘zbekiston Moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov bu fikrga qo‘shilmaydi. Uning Feysbuk sahifasida yozishicha, "inflyatsiyaning yillik 15% dan 10% gacha pasayishi bilan shu paytgacha hech narsa o‘zgarmagan".

"Nega bizda shuncha pul bo‘lsa, har yili 5 milliard dollar qarz olamiz?
Agar byudjetdan investitsiya xarajatlarini moliyalashtirish manbalari bo‘lmasa, nima uchun byudjet taqchilligi yalpi ichki maxsulotning (YaIP) 2, 5 foizini tashkil qiladi? Qachongacha davlat o‘z imkoniyatidan tashqarida yashaydi va aholining sof daromadi kamayaveradi? Energiya narxi osmonga ko‘tarilayotganda, ular inflyatsiyani qanday ushlab turishadi?, -
deb yozdi Abduqodirov.

Ayni paytda oziq-ovqat narxlari yil boshidan buyon barqaror o‘sayotgani kuzatilmoqda. Toshkent bozorlari va supermarketlarida mol go‘shti va qo‘y go‘shti shu kunlarda 70 mingdan 100ming so‘mgacha (7-10 dollar) sotilmoqda.

Bu bir yil oldingiga nisbatan 30-40 foizga yuqori.

Yil boshidan o‘simlik yog‘i narxi 30 foizga oshdi.

Narx-navoning o‘sishi aholi real daromadlarining tushib ketishi manzarasida yuz bermoqda.

"Soya iqtisodiyoti"

O‘zbekiston Moliya vazirligining sobiq mulozimi, Nursultondagi Yevrosiyo universiteti dotsenti Saparboy Jubayevning fikricha, banklar orqali naqd pul aylanmasining ko‘payishi aholining banklarga bo‘lgan ishonchi ortayotganini ko‘rsatadi.

"Avvallari O‘zbekistondagi naqd pulning ellik foizi, ba’zilarga ko‘ra oltmish foizi soya iqtisodida aylanardi. Bankka tushmasdi. Qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, asosan bozorda aylanardi. Buning sabablari ko‘p - konvertatsiya yo‘q edi, odamlar banklarga ishonmasdi, pulni bankomatlardan chiqarib olish mushkul edi, chiqarib olsa ham ayriboshlash kurslari ham yuqori edi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu narsalar o‘zgaryapti. Ko‘lankali iqtisoddan ochiq iqtisodga o‘tish tempi oshyapti. Odamlarning banklarga ishonchi ortyapti. Buning natijasida banklarda naqd pul aylanmasi ko‘tarilib, mana bu yil shunday natija bo‘lyapti”, - deydi Jubayev.

Йил бошидан бери Ўзбекистонда нақд пул ҳажми қарийб 50 фоизга ошди.Иқтисодчи Сапарбай Жубаев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:45 0:00
Бевосита линк

Tahlilchi fikricha, banklarda naqd pul aylanmasining ortishiga yana bir sabab konvertatsiyaning nisbatan barqarorlashgani.

“2017 - yildan buyog‘iga banklarda konvertatsiya real kursda bo‘lyapti. Cheklovlar borku, lekin oldingiga qaraganda ancha erkin. Oldiniga odamlar konvertatsiya tizimiga ishonqiramay qaragan bo‘lsa, hozir ishonch kuchaygan. Rossiyada ishlayotganlar ham pulini banklar orqali yuboryapti, xohlasa amaldagi real kursda olyapti. Oldingiday qora bozor va davlat kursi orasida katta farq yo‘q. Bu ham bank orqali pul aylanish hajmi oshishining yana bir omili”, - deydi Jubayev.

O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi 2018 - yil yanvarida mamlakatdagi "soya iqtisodiyoti" hajmiga doir raqamlarni e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, norasmiy iqtisodiy aylanmalar yalpi ichki mahsulot hajmining yarmiga teng. Rasmiylar milliy valyuta konvertatsiyasining ochilishini norasmiy iqtisodiy aylanmalarni soyadan olib chiqish yo‘lidagi qadamlardan biri bo‘lganini aytishgan.

Prezident Mirziyoyev mamlakatda yashirin iqtisodiyot hajmi kattaligicha qolayotganini 2019 - yil yanvaridagi chiqishida ham takrorlagan.

"Hozirda Yalpi ichki mahsulotda yashirin iqtisodiyotning ulushi katta. Bu mamlakat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yashirin iqtisodiyot ulushi katta ekanini deputatlar ham, boshqalar ham, hamma yaxshi biladi", deb aytgan prezident.

Davlat Soliq so‘mitasi e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra, 2020 - yilning birinchi yarmida yashirin iqtisodiyot hajmi YaIPning 48 foizini tashkil etgan.

O‘tgan vaqt mobaynida banklardan tashqaridagi pul aylanmalari hajmi kamaygan yoki ortganiga doir rasmiy raqamlar mavjud emas.

Kuzatuvchilar O‘zbekistondagi "soya iqtisodiyoti" hajmi rasmiylar keltirayotgan raqamlardan kattaroq bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

Mavsumiy omillar

“StavInvest” audit korxonasi moliyaviy direktori Tohir Allamuradov pul aylanmasining oshishini mavsumiy faktorlar bilan bog‘laydi.

“Banklarda pul aylanmasida chetdan pul o‘tkazmalari muhim o‘rin tutadi. Chunki bu banklar orqali amalga oshiriladi. Shu yilning yanvar oyidan buyon o‘tgan sakkiz oy ichida O‘zbekistonga chetdan qariyb 5 milliard dollar yuborilgan - migrant ishchilar va boshqalar tarafidan. Avvalgi yildagiga qaraganda 40 foizga ko‘p pul kelib tushyapti va o‘z-o‘zidan bu ham banklar orqali naqd pul oshishiga turtki bo‘lyapti”, - deydi Allamuradov.

O‘zbekiston banklarida naqd pul yo‘qligi surunkali muammolardan bo‘lib kelgan.

Ozodlikka keyingi yillar va oylar davomida yirik strategik korxona ishchi-xizmatchilaridan tortib¸ pensioner va nafaqaxo‘rlarga qadar banklarda naqd pul yetishmovchiligi sabab oylik va nafaqalar berilishi kechikayotgani haqida shikoyatlar kelishi to‘xtamasdi.

Naqd pul yetishmovchiligi sababli O‘zbekistonda odamlar xorijdan yaqinlari jo‘natgan pulni ololmayotganliklari haqida ham aytib kelishgan.

Saparbay Jubayev fikricha, agar banklar orqali naqd pul aylanmasi shu zaylda oshishda davom etsa, bu muammo yo‘qoladi.

“O‘zbekiston banklarida naqd pul yo‘qligi katta muammo edi. Agar shu tendensiya saqlansa, bu muammo o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Qo‘shni davlatlarda banklarda naqd pul yo‘qligi bilan bog‘liq muammoning o‘zi yo‘q. Odamlar tezroq qo‘liga tushgan pulini bankka qo‘yaman, deydi. Depozit qiladi. Muhimi banklar odamlarning ishonchini so‘ndirmasin, ularni pul depozit qilishga rag‘batlantirisin”, - deydi Saparbay Jubayev.

"Yostiq ostidagi pullar"

Shu yil fevral oyida O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mamlakat aholisining foydalanilmasdan yostiq ostida saqlanayotgan 10 milliard dollarga yaqin mablag‘i haqida gapirgandi. (www.kun.uz, 25 - fevral).

“Har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning aholimizda ham mablag‘ bor. Agar shu mablag‘larni ishlab chiqarishga yo‘naltirsak, gapning ochig‘i, bizga xorijiy investitsiyalar ham bugungichalik dolzarb bo‘lmaydi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholida 10 milliard dollarga yaqin mablag‘ bor. Lekin u pullar ishlab chiqarish emas, uy-joy, to‘yxonalarga sarflanadi yoki xalq iborasi bilan aytganda, yostiq tagida yotgan mablag‘lar”, degandi S. Safoyev.

Senat raisi o‘rinbosariga ko‘ra, pul o‘z qiymatini oshirishi, mablag‘ yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilishi lozim.

“Banklarimiz, afsuski, mijoz uchun kurashayotgani yo‘q. Tafovutni ko‘rdik, jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, banklar qachon mijoz uchun kurashsa, uning uchun raqobat qilsa, o‘shanda rivojlanadi. Agar u faqatgina berilgan mablag‘larni saqlab o‘tirish bilan kifoyalansa, iqtisodiyotda ularning roli kamayadi”, degan edi Safoyev.

Tarmoqlarda Safoyevning bu bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda munozaralarga sabab bo‘lgandi.

“Boringki, o‘sha 10 milliard dollarning barchasi amaldoru boyvachchalar qo‘lida yoki "yostig‘i osti"da yig‘ilib qolgan taqdirda ham, ularni foizu daromadlar bilan qiziqtirib, bu pullarni real iqtisodiyotga jalb etish mamlakat bank-moliya tizimining vazifasi emasmi?! Axir, bu pullar real iqtisodiyotda aylansa, ming-minglab ish o‘rni yaratilib, o‘sha oddiy xalqning foydasiga xizmat qilmaydimi?”, - deb fikr bildirgandi Facebook foydalanuvchilardan biri.

Telegram tarmog‘ida tarqalgan videoda tarmoq foydalanuvchilaridan biri yostig‘ini ko‘tarib, uning tagida bir necha tangasi borligini ko‘rsatib, senator fikrini mazax qilgan.

XS
SM
MD
LG