Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:50

O‘zbekistonda yer berish vaqtincha to‘xtatildi. Ekspertlar Prezidentning yerga oid farmonini “ziddiyatli” deb baholamoqda


Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda, 2020, 13 - oktabr
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda, 2020, 13 - oktabr

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yer munosabatlari - yerni taqsimlash, sotish va ijaraga berish tartibini o‘zgartirishga oid farmonni imzoladi.

Farmonda shu yilning 1 - avgustidan yer munosabatlarida 2 ta jiddiy o‘zgarish bo‘lishi belgilangan - yer xususiy sektorga “mulk va ijara huquqi” asosida beriladi, lekin yerni “umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi” bilan meros qoldirish amaliyoti bekor qilinadi.

Shuningdek, ushbu farmonga binoan, yer ajratish tizimida hokimlarning vakolati qisqarishi aytilgan. Yangi tartibga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarni ijaraga berish, qaytarib olish va zahiraga ajratish huquqi tuman hamda shahar hokimlaridan olinib, viloyat hokimiga beriladi.

Lekin, yer oldi-berdisining “shaffof tizimi” deb taqdim qilinayotgan elektron auksion, tender va “E-qaror” tizimi orqali yakuniy natijalarni, oxir-oqibatda viloyat hokimlari tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda yer munosabatlari yillardan buyon muammoli qolayotganini urg‘ulagan ayrim ekspertlar prezidentning bu farmonini, amaldagi vaziyatni yanada chigallashtirishi, yerni sotib pul qilayotgan amaldorlar ishini esa aksincha soddalashtirishi mumkin bo‘lgan “ziddiyatli” farmon deb baholamoqda.


Yer oldi-berdisi vaqtincha to‘xtatildi

Shavkat Mirziyoyev “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni 8 - iyun kuni imzoladi.

Prezident farmoniga binoan, shu yil 1 - avgustdan, yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat tashkilotlariga esa doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi. Bunda “mulk yoki ijara huquqi” shartnomada kelishilgan muddatga beriladi.

Bunda xususiy sektor vakillari yerni faqat auksion asosida sotib olishi mumkin bo‘ladi. Farmonda bu bilan yerning xususiy sektorga sotilishida shaffoflik saqlanadi, deb izohlangan.

Shuningdek ushbu farmonda, O‘zbekistonda yerni mulk sifatida yoki ijaraga berish tartibini vaqtincha - ushbu hujjatda belgilangan yangi tartib qonuniy kuchga kirguniga qadar - to‘xtatilishi belgilangan.

Meros yerga “umrbod yoki doimiy egalik huquqi” bekor qilinadi

Yangi farmon bilan bundan buyon fuqarolarga yer ajratilishida - meros qilib qoldiriladigan yerga “umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi” bekor qilinadi.

Hozircha farmonda konkret qanday yerlar nazarda tutilayotgani aniqlashtirilmagan.

Jumladan, bunda odamlarning o‘zi yashab turgan hovlisi ham nazarda tutilyaptimi yoki gap faqat tomorqa, dehqonchilik uchun berilgan yerlar haqida boryaptimi - bunisi mavhum.

Buxoro viloyat hokimligida ishlaydigan va ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimga ko‘ra, bu yerda gap faqat tomorqa va dehqonchilik uchun berilgan qo‘shimcha yerlar haqida bormoqda:

“Bunaqa muammo bor. Masalan hokimlarning qarorlari bilan qishloq xo‘jaligiga tegishli yerlar tomorqa qilib berilgan, 5 sotixdan 25 sotixgacha. Avvallari berilgan. Ko‘pi qaytarib olindi, lekin aholini qo‘lida yana qolyapti. Keyin, bog‘dorchilik yoki chorvachilik, baliqchilik uchun berilgan zahira qishloq yerlari bor. Bu yerlar umrbodga berilgan. Tartibli ekin ekish yo‘q, sug‘orish yo‘q, parvarish yo‘q, pala-partish boshqaruv asosida yotgan yerlar. "Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunga 2020 - yilda kiritilgan o‘zgartish bilan bunaqa yerlarni umrbod meros qilib berish to‘xtatildi. Menimcha, prezident qarorida faqat shu haqda gap boryapti. Odamlarning o‘zi yashab turgan hovlilari haqida emas menimcha”.

Ozodlik gaplashgan yer munosabatlari bo‘yicha yana bir necha ekspertlar, bu yerda meros qilib qoldiriladigan yerga “umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi” iboralariga konkret aniqlama zarurligini urg‘uladilar.

Bunday aniqlama, ayni farmon asosida qabul qilinadigan yangi qonunlarga tegishli tartibda kiritilishiga umid bildirdilar.

Qishloq xo‘jaligi yerlari

Hujjatga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ajratishda jiddiy o‘zgarish bo‘lmaydi.

Ya’ni, bunday yerlardan foydalanayotgan fermer va dehqonlar ishtirokidagi ochiq elektron tanlov, ya’ni tender tizimi saqlanib qoladi.

Amaldagi tizimga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi uchun beriladigan yerlar haqida rasman OAV orqali tanlov e’lon qilinadi va so‘ngra elektron tarzda tanlov o‘tkaziladi.

Andijonning Bo‘ston tumanida ishlayotgan fermerga ko‘ra, amalda bunday tender tizimi dehqon va fermerlar manfaatiga zid qo‘llanilmoqda:

“Qatnashishni istovchilar tender komissiyasiga hujjat topshiradi, ko‘pincha hokim yoki birinchi o‘rinbosari rais bo‘ladi. Unga hujjatni berasiz, keyin komissiya ball berish asosida eng yaxshi fermerni tanlab oladi. Aslida ochiq elektron tender bo‘lishi kerak, lekin ko‘pincha yopiq o‘tkazvorishadi va yashirincha yerni sotishadi. Masalan, bizning tumanda o‘tgan yili, 1 ta fermerning arizasini majburlab yozdirib olishdi, “yerni tuman zahirasiga qaytarib olishingizni so‘rayman” dedirib. Keyin 70 gektarga yaqin yerini o‘ziga yaqin boshqa puldorga yashirin tender bilan bervorishdi. Xullas, yer dehqonni qo‘lidan ketib, chala kriminal bir odamni qo‘liga o‘tib ketdi".

Yangi tartibga ko‘ra, dehqonchilik uchun yerlar faqat ijara huquqi asosida shartnomada kelishilgan muddatga ajratiladi.

Lekin, tanlov natijasi yana o‘sha hokimlar - “Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadi".

Noqishloq yerlar

Hujjatda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar esa, mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinishi belgilangan.

Bunda, davlat tashkilotlariga ajratiladigan yer uchastkalarini qonunchilikda belgilangani kabi “davlat va jamoat ehtiyojlari uchun” degan sabab bilan doimiy foydalanish huquqi asosida berish amaliyoti davom etadi.

Bunday yerlarni ajratish to‘g‘risidagi qarorni yana Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari imzolaydi.

Hujjatda, bunday yerlarni “faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan” ajratish aytilgan.

"Davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, ushbu yerlar davlat-xususiy yoki ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddatiga xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin", deyiladi hujjatda.

Taniqli iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida aynan shu haqda bunday izoh qoldirdi:

"Masalan, Toshkent va Samarqand shahrida hokimiyat bilan chatishib ketgan guruhlarning faoliyatlari bunga misol. Shartli hokimiyat ta’sischiligidagi MChJlar va ishonchli boshqaruvchilarning loyihalari uchun doimiy foydalanishga yer ajratiladi, amalda esa ular bilan affillashib ketgan benefitsiarlar - tijoriy oligarxiya bu yer uchastkalarini turli ko‘rinishlarda tasarruf eta boshlaydi. Markazda va joylarda korrupsiyalashgan nomenklatura eng asosiy biznes figuralarga aylanib ketganini hisobga olsangiz, oqibatlarni tasavvur qilish qiyin emas. Davlat chinovniklari va ularning sheriklari davlat-xususiy sheriklik niqobi ostida yer uchastkalarini gibrid tarzda tasarruf etishi uchun juda katta tirqish bu. Yer Qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritilishida bu lazeyka tugatilishi lozim".

To‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladigan yerlar

2021 - yil 1 - avgustdan boshlab, Vazirlar Mahkamasi istisno tariqasida, ayrim yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishga haqli bo‘ladi:

  • Qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba sinovlar uchun davlat ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga. Bunday yerlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining taklifiga beriladi.
  • Agrosanoat klasterlariga. Bunda klaster yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablag‘i depozitga qo‘yishi kerak va uni viloyat hokimi taklifi qilishi kerak bo‘ladi.
  • Eng yaxshi investitsion loyihani bergan inverstorga. Bunda investor qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentidagi (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) loyihani taqdim qilishi kerak va loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablag‘ni maxsus hisob raqamiga avvaldan o‘tkazib berishi kerak.
  • Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona, xalqaro birlashma va tashkilotlar, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga. Bunda ular yerni ijaraga olishi mumkin va avvaldan bozor qiymatida haq to‘lashi kerak.

Qishloq xo‘jaligi tizimida ishlagan sobiq mulozim ham, aynan yer munosabatlari bo‘yicha ekspert, yangi hujjatning aynan klasterlarga oid qismi unda qator savollarni paydo qilganini aytdi:

“Klasterlar masalasiga kelsak, darhol savollar tug‘iladi: 1. Kim yerni baholaydi? 2. Qaysi prinsip bilan baholaydi? 3. Yerni baholash va pul mablag‘larining depozitga tushishini kim boshqaradi, pul kimning hisobiga tushadi va qayoqqa ketadi? 4. Hokimlik hisobiga tushdi deylik, ertaga klaster niyatidan qaytsa, o‘z pulini qaytarib olishiga kim kafolat beradi? Mutlaqo mavhum vaziyat, mavjud qonunlar chigal va inverstorlarni doim hurkitib kelgan. Keyin, klaster yer uchun depozit kiritsa, bu mablag‘ini fermerlar hisobidan undirishi tabiiy va oqibatda, yana fermerlarga bosim kuchayadi”.

Tuman hokimlaridan olib, viloyat hokimiga berilgan vakolatlar

Prezident farmoni bilan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid ayrim vakolatlari shu yil 1 - avgustdan bekor qilinadi.

Bular:

  • Yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish,
  • kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish,
  • obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilishdir.

Ammo:

  • Yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish,
  • ochiq tanlov yakunlarini tasdiqlash, ijara shartnomasini imzolash,
  • Yer uchastkalarini xususiylashtirish natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha hokimlarning vakolatlari istisno tariqasida saqlanib qolishi belgilangan.

Shuningdek, tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish vakolati ham 1 - avgustdan to‘xtatiladi, ammo bu vakolat viloyat hokimlariga beriladi.

Andijonlik fermer, prezidentning yangi farmoni bilan bu tizim aynan saqlanib qolishidan aksar fermerlar norozi ekanini aytdi.

Unga ko‘ra, aslida yerni olish-berish haqqini viloyat hokimlaridan ham to‘liq olish kerak:

“Lekin, aslida yerni kim adolatli taqsimlashi mumkin? Buni bilmayman, to‘g‘risi. Istalgan davlat idorasidagi amaldor sotiladi-da bizda. Bismarkning bitta gapi boru: “Yomon qonunlar bo‘lsayu amaldorlar yaxshi bo‘lsa, davlatni boshqarish mumkin. Lekin qonun yaxshi bo‘lsada, amaldorlar yomon bo‘lsa, davlatni boshqarish mumkinmas”. Bizda amaldorlar qing‘ir. Bu yangi farmon bilan kichkina baliqlar kattalariga yem bo‘lyapti, xolos. Hozir fermerning yerini nohaq olgan tuman hokimi jazolanmayaptiyu, viloyat hokimi jazolanarmidi?!”

Qishloq xo‘jaligi vazirligi sobiq mulozimi, aynan yer munosabatlari bo‘yicha ekspert, bunday chigal hujjat vaziyatni xalq uchun qiyin, yerni olib-sotib foyda ko‘rayotgan korrupsion tizimlar uchun esa “yanada qulay” qiladi, degan xulosada:

“Hozirda amaldagi tizimga ko‘ra, fermerdan yerni olib qo‘yish va boshqasiga berish qarorini tuman yoki shahar hokimi, deputatlar tuman yoki shahar kengashi sessiyasida tasdiqlatishi kerak. Yangi farmonda hokimlar uchun bu to‘siq haqida umuman gap yo‘q. Bitta o‘zgarish bor: tuman va shahar hokimlarining yerni mayda-mayda qilib sotish vakolati olib qo‘yilgan va bu vakolat yiriklashtirilib, yana hokimiyat tizimiga - ya’ni, viloyat hokimiga berilgan. Xo‘p, viloyat hokimining bu yerni qonuniy tanlov asosida adolat bilan taqsimlashi qanday ta’minlanadi - bu savolga javob yo‘q. Chunki, aynan viloyat hokimliklari yirik hajmdagi erlarni turli yo‘llar bilan inverstorlarga pullash bilan shug‘ullanib kelayotgan sxemaning bir bo‘lagi".

Xususiy mulk masalasi hamon ochiq

Ayrim tahlilchilar O‘zbekistonda yillardan buyon o‘ta chigal va eng korrupsiyalashgan yer munosabatlariga oid prezident farmonini “ziddiyatli” deb baholamoqda.

Jumladan, Qishloq xo‘jaligi tizimida ishlagan sobiq mulozim, farmonda hanuz yerga nisbatan “xususiy mulk” atamasi qo‘llanmaganiga e’tibor qaratdi:

“Farmon matnining o‘zi juda ziddiyatli. Xo‘p, O‘zbekiston fuqarolari o‘zlari yashab turgan uyning ostidagi yerning egasimi? Shu paytgacha, egasi emasdi. Hokimliklar istalgan paytda, “davlat ehtiyoji uchun” degan sabab bilan olib qo‘yardi. Konstitutsiyaning 53, 54-moddalaridagi “xususiy mulk” huquqi yerga nisbatan joriy etiladimi?! Bu farmonda bu savolga umuman javob yo‘q. Balki, bu farmon asosida qabul qilinadigan qonunlarda “umrbod, doimiy, vaqtinchalik huquq” degan atamalarga izoh berilganda, bu masala hal bo‘lar. Ya’ni, fuqaro o‘zi yashab turgan uy ostidagi yerning mutlaq egasi va undan bilganicha foydalanishi mumkin”, degan izoh paydo bo‘lar. Toki, odamlar o‘zi yashab turgan yerning asl egasiga aylanib, u yer unga xususiy mulk sifatida cheklanmagan muddatga berilmas ekan, mavjud qonunchilik shaxslarning konstitutsion huquqlariga zid qolaveradi”.

Ekspertlar "ziddiyatli", "chigal" hamda qator pinsipial masalalarni "ochiq qoldirgan" deb baholayotgan prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

  • Qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti;
  • Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning ma’muriy reglamenti;
  • Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning ma’muriy reglamentini tasdiqlashi lozim.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir A.Aripov hamda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Nizomiddinov zimmasiga yuklatilgan.

Ish natijasi haqida 2021 - yil 1 - oktabrga qadar, keyinchalik har chorakda shaxsan Prezidentning o‘ziga axborot berilishi talab qilingan.

XS
SM
MD
LG