Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 15:08

"Odamlarning to‘planishidan qo‘rquv". Ukraina urushi fonida Kreml G‘alaba paradlarini bekor qilmoqda


Vladimir Putin Moskvadagi "O‘lmas polk" yurishida bobosining portreti bilan. 9-may, 2015
Vladimir Putin Moskvadagi "O‘lmas polk" yurishida bobosining portreti bilan. 9-may, 2015

Moskvaning qo‘shni Ukrainaga bosqini qimmatga tushmoqda va bu boshog‘riq qachon va qanday yakun topishi ham aniq emas, shu bois bu yil 9-may G‘alaba kuni Rossiyada butunlay boshqacha ko‘rinishda o‘tadi.

Saratov, Oryol, Kaluga, Ryazanь, Lipetsk, Yelets, Gusev va Tyumen shaharlarida parad xavfsizlik bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra bekor qilindi, deb xabar beradi “Vyorstka” nashri.

Pskov va Velikiy Luk ma’muriyati esa parad bekor qilinishini “maxsus harbiy amaliyot ishtirokchilariga g‘amxo‘rlik” bilan izohlagan. Viloyat rahbari Mixail Vedyornikovga ko‘ra, Ukrainadagi janglarda yaralanib, ushbu shaharlarda davolanayotgan Rossiya askarlariga parad mushakbozligi “boshqach ta’sir etishi mumkin”.

Kurskda parad bekor qilinishiga “mavjud vaziyat” sabab qilib ko‘rsatilgan bo‘lsa, Belgorod ma’muriyati “ko‘plab texnika va harbiy xizmatchilarning bir joyga to‘planishi dushman provokatsiyasiga olib kelishi mumkinligi”dan xavotir bildirgan.

Bryansk, Krasnodar va Sochida bayram tadbirlari bekor qilinishiga izoh berilmadi. Nijnevartovsk, Surgut va Xanti-Mansiyskda paradlar boshqa shaharlar bilan birdamlikni namoyish etish maqsadida bekor qilingani aytilmoqda.

Shuningdek, anneksiya qilingan Qrim shaharlarida ham bu yil paradlar xavfsizlik bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra o‘tkazilmasligi ma’lum qilindi.

"Hamma narsa front uchun"

Sovet Ittifoqining Ikkinchi Jahon urushida natsistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan paradlar va ommaviy yig‘ilishlar butun mamlakat bo‘ylab, xavfsizlik vajidan bekor qilindi.

Butun mamlakat bo‘ylab yuz minglab rossiyaliklar Prezident Vladimir Putin va boshqa rasmiylar ishtirokida Ikkinchi jahon urushida o‘lgan yoki Sovet harbiy harakatlariga biror shaklda yordam bergan qarindoshlari suratlarini ko‘tarib chiqadigan “O‘lmas polk” milliy spektakli bekor qilindi.

«Ўлмас полк» Тошкентда: пропаганда воситаси ё хотира юриши?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:33 0:00

Sovetlarning, ayniqsa, Rossiyaning Germaniya ustidan qozongan g‘alabasini nishonlash Putin hokimiyat tepasida turgan vaqtda Rossiyada millatchilik bosh ko‘tarishi asosi edi. Ammo hozir, ko‘plab kuzatuvchilarga ko‘ra, Kremlning rus armiyasi qudratini bo‘rttirib ko‘rsatishga urinishi Ukrainada berilayotgan qurbonliklarni yashirishga xalal berishi mumkin.

"Agar kimdir Ukraina bilan urushda halok bo‘lgan qarindoshlarining portretlari bilan chiqsa nima bo‘ladi? – deb so‘raydi tarixchi Maksim Kuzaxmetov. – Agar yuzlab odamlar shunday qilsa‑chi? Bu zarba bo‘lardi».

"Kreml tabassum va kulgi bilan "biz g‘alaba qozonamiz" va "hamma narsa front uchun" degan tuyg‘uni yaratishga harakat qilmoqda", deydi u Ozodlik radiosi va Amerika Ovozi hamkorligidagi Current Time nashriga. "Bu borada "O‘lmas polk" faqat mafkuraviy zarar keltirishi mumkin."

"O‘lmas emas"

Ko‘pgina shaharlarda rasmiylar aholini avtomashinalariga portretlarni qo‘yib marosimni nishonlashga chaqirdi.

"Aksiyada nafaqat aholi, balki butun tashkilotlar ham ishtirok etishi mumkin, – dedi Nijniy Novgorod hukumati matbuot bayonotida. – Jamoat transporti, shahar transporti, o‘t o‘chirish brigadalari, tez yordam va boshqalar".

Tatariston poytaxti Qozon hokimiyati aholini portretlarni kiyim yoki mashinalaridagi nishonlarda namoyish qilishga chaqirdi. Shuningdek, odamlarga G‘alaba kuni rasmiy veb-saytida o‘z bayonotlarini joylashtirish yoki ish joylarida xotira lavhalarini o‘rnatish taklif qilindi.

Moskvada o‘tadigan Qizil maydondagi parad davlat telekanallarida keng yoritilishiga qaramay, jamoatchilik uchun mutlaqo yopiq bo‘ladi.

Tarixchi Kuzaxmetov Kremlning Qizil maydondagi paradni yopib qo‘yishini ortiqcha deydi, uning fikricha, oddiy rossiyaliklarning odatiy vaqtlarda ham bu voqeaga guvoh bo‘lish imkoniyati kamligini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, bu Putinning «vahimasi» bilan bog‘liq, ehtimol Rossiya prezidenti 1981-yilda Misrda harbiy parad chog‘ida o‘z zobitlari tomonidan o‘ldirilgan Anvar Sadatni eslaydi.

“Shunga o‘xshash nimadir sodir bo‘lsa-chi? – deydi u. – Agar zirhli transport vositalaridan biridan hujum qilishsa-chi? Putin hamma joyda xiyonatni ko‘radi. U qo‘rqadi".

“O‘lmas polk” marshiga kelsak, Moskvadagi siyosiy faol Elvira Vixareva Ukrainadagi urushni qo‘llash uchun Kreml mart oyida Lujniki stadionida o‘n minglab odamlarni to‘plaganida «terror» hujumidan qo‘rqmaganini eslaydigan yagona kuzatuvchi emas.

“Odamlar katta bobolarining portretlarisiz chiqadi, – deb yozdi u 18-aprel kuni Facebook’dagi postida. – Odamlar otalari, o‘g‘illari, aka-ukalari portretlari bilan chiqadi. Bunaqada polk o‘lmas emas, balki o‘ladigan bo‘lib qolar edi. Miqyos ko‘rinib qoladi – "maxsus operatsiya" qimmatga tushayotgani bilinardi. Shuning uchun u bekor qilindi”.

Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi urushni “maxsus harbiy operatsiya” deb ataydi va uni omma oldida urush deb atagan fuqarolar Putin 2022-yil fevralida bosqinni boshlaganidan ko‘p o‘tmay imzolagan qonunga ko‘ra javobgarlikka tortilishi mumkin.

"Ular o‘zlari ta’minlay olmaydigan xavfsizlik uchun trillionlab rubl sarflashdi, – deb yozdi aktrisa va bloger Alisa Kovaleva Telegram’da. – Yoki ular katta olomondan qo‘rqyaptimi?»

Olomondan qo‘rquv

"Odamlar Ukrainada halok bo‘lganlar portretlarini ko‘tarib yuradi, natijada Mudofaa vazirligi aytgan emas, balki haqiqiy qurbonlar soni ko‘rinib qolishidan qo‘rquv bor, deydi tarixchi Ivan Kurilla Ozodlik radiosiga bergan intervьyusida. – Bu eng mumkin bo‘lgan sababdir. Ammo, umuman olganda, hokimiyat odamlarning ommaviy chiqishlaridan qo‘rqadi. Rasmiylar aniq qo‘rqadi».

2022-yilgi G‘alaba kuni tadbirlari davomida urushga qarshi namoyishlar uchun 125 kishi hibsga olingandi, ularning aksariyati "O‘lmas polk" harakati paytida bo‘lgan.

Rossiya hukumati mamlakatning Ukrainadagi yo‘qotishlari haqida ishonchli ma’lumot bermagan. 2022-yil 21-sentabrida harbiylar yetti oy davomidagi bosqinda 5937 askar halok bo‘lganini ma’lum qildi, bu raqam o‘shandan beri yangilanmagan. G‘arb ekspertlari o‘lgan va yaralangan rossiyalik askarlarning umumiy sonini 200 mingdan ortiq deb hisoblashadi.

Shu bilan birga, hukumat urushga qarshilarning ovozini o‘chirishga zo‘r berdi, uzoq muddatli qamoq jazolari tayinlandi va so‘nggi haftalarda misli ko‘rilmagan ko‘p "vatanga xiyonat" ishlari ochildi.

“O‘lmas polk” 2011-yilda Sibirning Tomsk shahrida sovet qurbonlarini sharaflash maqsadida shahardagi “Abadiy alanga” yodgorligi oldida bir guruh do‘stlar orasidan ommaviy harakat sifatida boshlangan.

"Biz bu bayramni bosh qahramonga, urushdan omon qolgan va oxir-oqibat tirikligimiz uchun sababchi bo‘lgan odamga bag‘ishlamoqchi edik", deydi ushbu marosimning ilk asoschilaridan biri, jurnalist Sergey Lapenkov 2017-yilda Ozodlik bilan suhbatda.

Bir necha yil o‘tgach, bu g‘oyani Putin hukumati o‘zlashtirdi, Lapenkovning aytishicha, uni "butunlay sun’iy tashkilot"ga aylantirdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri rossiyaliklar Kremlning rasmiy “O‘lmas polk”ni bekor qilganiga qaramay, ko‘chaga chiqishni taklif qildi.

“Mana bu manzarani tasavvur qiling, – deb yozgan u Telegram’da. – Odamlar ruxsat etilmagan "O‘lmas polk" uchun ko‘chaga chiqadi va politsiya ularni kaltaklab, qo‘llaridagi bobolari portretlarini sindirib tashlaydi. Jinnilik."

XS
SM
MD
LG