Линклар

Шошилинч хабар
29 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:09

"Ortiqxo‘jayev ketdi - svet hali kelgani yo‘q" - tarmoqlar Toshkent hokimining iste’fosi haqida


Jahongir Ortiqxo‘jayev Ozodlikning manfaatlar to‘qnashuviga doir qator surishtiruvlari markazida bo‘lgan.
Jahongir Ortiqxo‘jayev Ozodlikning manfaatlar to‘qnashuviga doir qator surishtiruvlari markazida bo‘lgan.

Toshkent shahrining ziddiyatli hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning kutilmagan iste’fosi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida turli munosabatlarni keltirib chiqardi. O‘zbekistonni o‘z zabtiga olgan energetika inqirozi manzarasida ishdan olingan tadbirkor hokimning keyingi taqdiri noma’lum qolayotir.

16-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan energiya ta’minotiga doir yig‘ilishda Toshkent shahrini 2018-yildan beri boshqarib kelgan Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimdan bo‘shatilgani ochiqlandi.

Iste’foga poytaxt hokimining qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani, faqat yolg‘on ma’lumot berib, pastga tushmagani sabab o‘laroq ko‘rsatildi.

Ijtimoiy tarmoq bu borada ikki qutbga bo‘lingani kuzatildi. Bir guruh faollar “monopolist-hokim”, “mulozim-korchalon”ning ishdan olinishini xushxabar, deya qabul qildi.

“Toshkon ozod bo‘ldi!” deya xitob qildi jurnalist Xurshid Daliyev hokim ishdan ketgani haqida xabar yoyinlarkan.

Jurnalist va bloger Nikita Makarenko fikricha, Ortiqxo‘jayev zamonaviy Toshkent tarixidagi eng yomon rahbardir. Qayd etilishicha, uning davrida poytaxt yerlari, yashil hudud va xiyobonlar xomtalash etildi; korrupsiya va lobbi misli ko‘rilmagan darajada quloch yozdi; matbuotga nafrat va tahdid muhiti yuzaga keldi; shahar infratuzilmasi, elektr, gaz va isitish tizimi puturdan ketdi.

Ko‘p sonli foydalanuvchilar sobiq hokim davrida daraxtkushlik avj olganini yodga oldi.

“Ortiqxo‘jayevga achinib, yig‘lamsirab, uning tarafini olib o‘tiribdiyey ayrim gumrohlar! Uning uzun qo‘li har birimizning cho‘ntagimizga yetgandi, HAR BIRIMIZNING! U albatta qusishi kerak har bir teshigidan”, deb yozdi “Kun.uz” nashri muxbiri Shuhrat Shokirjonov shaxsiy blogida.

Ikkinchi qutbdagi foydalanuvchilar esa Ortiqxo‘jayevni “shoh uchun qurbon qilingan to‘ra” deya ta’rifladi.

“Johaning (J.Ortiqxo‘jayevning xalq orasidagi laqabi – tahr.) aybi ko‘p, ochko‘zligi bor gap, lekin energetik inqirozda uni aybi yo‘q edi”, deb fikr bildirdi tarmoq faoli Shuhrat Egamberdiyev.

“Sobiq hokimning monopolistligi ham, ma’muriy kuchidan foydalanib deyarli barcha iqtisodiy sohalarga kirib, byudjetdan rosa pul ishlagani ham haqiqat. Ammo mamlakatdagi energetik inqirozga xuddi bitta u – butun byurokrat to‘ralar ichida tadbirkorlikdan chiqqan yagona hokim eng katta aybdordek ko‘rsatilayotgani qiziq. Gazni sotayotganlar, elektr sohasida o‘g‘riliklar qilayotgan amaldorlar Ortiqxo‘jayevning oldida hech kim emasmi?” deya tanga ortiga nazarga tashlashga da’vat qildi bloger Musannif Adham.

Foydalanuvchilardan birining fikricha, rahbariyat butun mamlakatdagi energetik bo‘hronni Ortiqxo‘jayev gardaniga yuklab, o‘zlari suvdan quruq chiqmoqchi. Bu sirada poytaxt rahbarining namoyishkorona tanqid bilan ishdan olinishini bloger Zafarbek Solijonov “populizm” deb atagan bo‘lsa, Anvar Abdulla “Muqimiy teatrida qo‘yilgan eskirgan motivdagi arzon pyesa” deb baholagan.

“Devonai Haqgo‘y” taxallusi bilan blog yuritadigan muallif Ortiqxo‘jayev ishdan ketganiga xursand bo‘lmagan ma’qul, chunki bu bilan energetika muammolari hal bo‘lmaydi deb hisoblaydi.

“Viloyatlarda gaz-svet muammosi oddiy holga aylanib qolgan. Lekin bunaqa holning poytaxtda sodir bo‘lishi davlatning ancha kuchdan qolganini anglatadi. Natijada, odamlarda norozilik kayfiyati ko‘tarilib ketdi. Chunki odamlar tabiatning ozgina injiqligida qanday ahvolga tushishi mumkinligini ko‘rib bo‘lishdi. Shunday vaziyatda kimdir aybdor qilib ko‘rsatilib, xalqning ko‘zicha unga keskin choralar ko‘rsatilgan bo‘lib turishi kerak edi (bolani ovutgan kabi)”, deb yozdi u.

Jurnalist Inobat Ahadovaga ko‘ra, so‘nggi hodisalar Ortiqxo‘jayev hukumatdan, hukumat esa undan yetarlicha foydalanib bo‘lganiga ishora qilayotgandek.

Bi-Bi-Si jurnalisti Ibrat Safo tadbirkor-hokimni ishdan olish uchun keltirilgan vajlarni savol ostiga olib jumladan bunday yozdi: “Ortiqxo‘jayev ruxsatsiz 250 obyekt qurdirib, energiya tizimiga keragidan oshiq bosim paydo qilganmish. Ortiqxo‘jayevning korrupsion sxemalari ekani da’vo etilgan ishlar bo‘yicha xalqaro tergovlarni (xususan, Kristian Laslettnikini) biz 3-4 yil avval ikir-chikir formulalari bilan chop qilganimizda, hukumat qayrilib ham qaramagandi”.

Tarmoqlarda Ortiqxo‘jayev “qo‘li ochiq tujjor”, “bepul osh tarqatadigan mujik” o‘laroq vasf etilgan postlar ham talaygina ekanini ko‘rish mumkin.
“Darvoqe, hokim ketdi - svet hali kelgani yo‘q… Tonirovkaga ruxsat berib, osh tarqatib, hokimni bo‘shatib chalg‘itgan bilan energiya ta’minoti tizimi korrupsiya aralashmasdan yangilanmaguncha, O‘zbekiston gazi (va umuman, energoresurslari) birinchi navbatda O‘zbekistonning manfaatiga xizmat qilmaguncha odamlar rozi bo‘lmaydi… Bu endi Ortiqxo‘jayevlardan ancha yuqoridagi masala", deb yozdi Davron Kabulov.

ZIMISTON-UZ. 12-қисм: Мирзиёев энергетик коллапсда кимлар айбдорлигини айтди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:31 0:00

Tarixchi olim Shuhrat Barlos ham esa sobiq mulozimga bunday ta’rif bergan: “Zo‘r biznesmen. Ushlaganini yulib oladigan ishbilarmon. Uddaburon tujjor edi. Butun shaharga bepul osh tarqatgan mujik edi. Toshkentda birinchi osmono‘par binolar qurdirgan, o‘rislarga “bor ishingni qil tushunmasang perevodchik olib kel men O‘ZBEK tilida gapiraman”, degan dangal erkak edi. Vaqtincha hokim rolini o‘ynab berdi. Katta ket degandan so‘ng, indamay ketgan yigit edi”.

Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov hokimlarni tiyib turadigan tizim ishlamas ekan, keldi-ketdilar ahamiyatsiz ekaniga e’tibor qaratgan.

“Endi kim kelishi unchalik katta ahamiyatga ega emas. U qanday shaxs bo‘lishidan qat’i nazar, uning harakatlari va vakolatini tiyib turadigan mexanizm, javobgarlik/hisobot yo‘nalishi (pastga) bo‘lmaguncha, qiziq emas”, deya xulosa yasaydi iqtisodchi.

XS
SM
MD
LG