Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:50

"Ot izini toy bosar..." Turkmanistonda hokimiyat otadan bolaga o‘tish arafasidami?


Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘g‘li Sardor bilan. 7 - iyun, 2021
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘g‘li Sardor bilan. 7 - iyun, 2021

Turkmaniston prezidentining o‘g‘li prezident kursisiga o‘tirishga imkon beradigan yoshga etdi. Bu orada milliy bayram – Mustaqillik kuni arafasida oliy qonun chiqaruvchi organning yig‘ilishi chaqirilgani ma’lum bo‘ldi. Ozod Yevropa-Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannierning yozishicha, mamlakatda hokimiyat “voris”ga topshiriladigan kunlar uncha uzoq bo‘lmasligi mumkin.

“Uzlatdagi podsholik"dan muhim xabarlar

Bu oy Turkmanistonda bir nechta katta voqea yuz berishi kutilmoqdaki, ular birgalikda ushbu “uzlatdagi podsholik” uchun muhim xabarlar manbai bo‘lishi mumkin.

27 - sentabr kuni Turkmanistonda Mustaqillik kuni nishonlanadi. Ushbu sana arafasida amalda bor-yo‘qligi deyarli sezilmasa-da, rasman davlatning qonun chiqaruvchi oliy organi bo‘lmish Xalq Maslahati yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Undan bir necha kun oldin, 22 - sentabrda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov 40 yoshga to‘ladi. Mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra, bu eng yuqori davlat lavozimiga talabgorlar uchun belgilangan minimal yosh hisoblanadi.

"Президент имиджини бузаётган" туркманларга навбатда туриш тақиқланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:46 0:00

Ikki voqeaning bir vaqtda yuz berishi kishini o‘yga soladi, zero, Sardorni anchadan beri otasining o‘rniga tayyorlashayotgani allaqachon sir bo‘lmay qolgan.

Kichik Berdimuhamedov 2014 - yil avgustda universitetni bitirgan bo‘lsa, 2016 - yil noyabrda imi-jimida o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylovda parlament a’zosi bo‘lgan. Xalq esa “Sardor Berdimuhamedov deputat bo‘ldi”, deb rasman e’lon qilinganidagina shunaqa saylov bo‘lib o‘tganidan xabar topdi.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, o‘rnini Sardor egallagan deputat saylovdan sal oldin iste’fo bergan ekan.

Kenja Berdimuhamedov hanuzgacha deputat sanaladi. Bundan tashqari, u bosh vazir o‘rinbosari lavozimini ham egallab turibdi. Umuman olganda, prezidentning o‘g‘li 2018 - yilda parlamentga qayta saylanganidan so‘ng uning xizmat ro‘yxatida qanaqa lavozimlar bo‘lganini tekshirish oson ish emas.

Sardor tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, poytaxt Ashxobod joylashgan Axal viloyati hokimining o‘rinbosari, keyin esa hokim, sanoat va qurilish vaziri, vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari, oliy nazorat palatasi raisi lavozimlarida ishlagan, shuningdek Xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘lgan.

U, shuningdek, "Turkman alabayi" assotsiatsiyasi hamda Axalteke zotli otlarni yetishtiruvchilar assotsiatsiyasi prezidenti hamdir – bu jonivorlar Turkmanistonda shu qadar kuchli timsollarga aylanganki, ularga atab haykallar o‘rnatilmoqda.

Davlat OAVlari bir necha yildan buyon Sardor Berdimuhamedovning shaxsiy fazilatlari va faoliyatini tarannum etadi. Yaqinda turkman nashrlari “Sardori bor yurt naqadar baxtli” ekani haqida yozdi.

Shu yili yozda prezidentning o‘g‘li Tokioda kechgan Olimpiya o‘yinlarida turkman delegatsiyasiga rahbarlik qildi, mamlakat tarixida ilk bor Olimpiada medalini olgan milliy terma jamoaning faxriy murabbiyi bo‘ldi. O‘yinlarda og‘ir atletikachi Polina Guryeva kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Davlat OAVlarining iddaosicha, unga kichik Berdimuhamedovning ijobiy ta’siri qandaydir, aql bovar qilmas tarzda madad bergan emish.

Delegatsiya Turkmanistonga qaytgach Berdimuhamedov og‘ir atletikachi qizga maxsus hadya – Lexus yo‘ltanlamasini topshirishi davlat telekanali orqali namoyish etildi.

Hamma yoqda Sardor

So‘nggi paytlarda Sardor Berdimuhamedov davlat televideniyesida juda ko‘p ko‘rinish beradigan bo‘lib qoldi: u goh sportchiyu artistlarga mukofotlar ulashadi, goh bolalar bilan uchrashish uchun maktablarga boradi, goho biror yangi binoni ochib beradi va hokazo.

Yaqin-yaqinlargacha davlat OAVlarining sahifa va efirlari asosan Sardorning otasiga oid yangiliklar bilan to‘ldirilgan bo‘lsa, keyingi vaqtlarda, aftidan, o‘g‘il old planga chiqarilgan ko‘rinadi.

Kelayotgan Mustaqillik kunida qandaydir favqulodda voqea sodir bo‘lishi haqida e’lon qilingani yo‘q, albatta. Bu gaplarimiz esa, bir chekkasi go‘yo mamlakat prezidentining sog‘lig‘i puturdan ketayotgani haqidagi mish-mishlarga tayangan taxmin xolos.

Davlat rahbarining sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi mish-mishlar Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlarga xos holatdir. Ko‘pincha bunday ovozalar ortida xalqning mustabid tuzumdan xalos bo‘lishga umidi yotadi.

Biroq to‘ng‘ich Berdimuhamedov diabet xastaligi bilan og‘rigani ma’lum, boz ustiga uning 2019 - yil yozda to‘satdan bir oyga jamoatchilik ko‘z o‘ngidan g‘oyib bo‘lganining o‘ziyoq jismoniy ahvoli rostdan ham yomonlashishi mumkinligiga ishonchli dalildir. Garchi davlat telekanali prezidentning velosiped minib yurgani yoki sportning boshqa turi bilan shug‘ullanayotganini qayta-qayta namoyish etsa-da, oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi.

Sardor Berdimuhamedovni ochiqchasiga va jadallik bilan oliy lavozimga ko‘tarishyapti. Masala – bu voqea qachon va qay tarzda ro‘y berishida qolgan xolos.

Xalq Maslahatining Mustaqillik kuni arafasiga belgilangan yig‘ilishi odatdagidan ancha katta qiziqish uyg‘otayotgani sababi shu.

Xalq Maslahatining burungi xizmatlari

Xalq Maslahati haqida gapirishdan oldin shuni eslatib o‘tish joizki, 27 - sentabr aslida Turkmaniston Mustaqilligi kuni emas. Harqalay, ushbu sana 2018 - yilga qadar bayram kuni sanalmasdi.

27 - sentabr kuni 2017 - yilda Turkmaniston mezbonlik qilgan Jang san’atlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining oxirgi kuniga to‘rt yil to‘lishi nishonlanadi. O‘sha 10 kunlik musobaqaga turkman hukumatida juda ko‘p pul xarjlagan edi.

1991 - yildan 2017 - yilgacha Mustaqillik kuni 27 - oktabrda bayram qilingan.

Xalq Maslahati Mustaqillik kunida to‘planishga majbur emas..

Turkmaniston rasmiylari biror muhim qaror haqida e’lon qilmoqchi bo‘lishsa, bu ishni odatda Xalq Maslahati yig‘ilishi chog‘ida qilishadi.

1996 - yil sentabrda aynan Xalq Maslahati o‘sha vaqtdagi sobiq prezident Saparmurat Niyozovni “shunchaki” o‘zini umrbod prezident deb e’lon qilishga chaqirgan edi. Niyozov rad etgan, shu bois 1999 - yil dekabrda Xalq Maslahati uning o‘lgunicha davlat rahbari bo‘lishi uchun ovoz bergan, shuningdek Niyozovga oq chopon, palьma yog‘ochidan yo‘nilgan aso, Muhammad payg‘ambarning ramzlari va “Mustaqil Turkmanistonga yuksak muhabbati uchun” sof oq tilladan yasalgan medalni tantanavor suratda topshirgan.

2002 - yil avgustda Xalq Maslahati Niyozovning oylar va hafta kunlarini qayta nomlash haqidagi taklifini ma’qullagan.

Xalq Maslahati Niyozovning iste’foga chiqish yoki yangi prezident saylovi o‘tkazish xususidagi soxta iltimoslarini bir necha marta rad etgani bilan ham mashhur.

2006 - yil dekabrda Xalq Maslahati Niyozovning o‘limidan keyinoq Ovezgeldi Atayevning parlament spikeri lavozimidan bo‘shatilishini ma’qullagan. Konstitutsiyaga ko‘ra, o‘shanda Ataev navbatdagi prezident bo‘lishi kerak edi.

Berdimuhamedov 2008 - yilda Xalq Maslahatini tarqatib yubordi, lekin 2017 - yilda tiklab, unga qonun chiqaruvchi oliy organ maqomini berdi.

2018 - yilda Xalq Maslahati Mustaqillik kunini 27 - oktabrdan 27 - sentabrga ko‘chirib, fuqarolar mustaqillikning ilk kunlaridan beri foydalanib kelayotgan imtiyozlar – tekin gaz, elektr va suvni bekor qildi.

Bu yil ham navbatdagi siyosiy tomoshani ijro etish uchun hamma narsa shay.

Taxminlarimiz ro‘yobga chiqishi yoki chiqmasligini bilishimiz uchun 27 - sentabr sanasini kutsak bas. 2002 - yilgi turkman taqvimidan foydalanuvchilar uchun bu “Bash gyun, Ruhnomaning 27-sanasi”dir.

XS
SM
MD
LG