Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:27

Ota o‘g‘lining tobutini kutmoqda - Ukraina urushida yana bir tojikistonlik mahkum halok bo‘ldi


Ukraina urushida o‘ldirilgan Maqsad Qurbonovning otasi Fayzullo Qurbonov.
Ukraina urushida o‘ldirilgan Maqsad Qurbonovning otasi Fayzullo Qurbonov.

Ukrainadagi urushda yana bir tojikistonlik o‘ldi - Maqsad Qurbonov. U hisob bo‘yicha oltinchi qurbon bo‘ldi.

Maqsad frontga Rossiya qamoqxonasidan jo‘natilgani va oktabrdan boshlab harbiy harakatlar hududida bo‘lgani ma’lum.

Maqsad Qurbonov 39 yoshda edi. Shundan so‘nggi 8 yilni u Arxangelskdagi qamoqxonalardan birida o‘tkazgan. Otasi Fayzullo bir necha kun oldin Rossiyadan qo‘ng‘iroq qilishib, o‘g‘li Baxmut yaqinida halok bo‘lganini xabar qilishganini aytadi. Qurbonovning jasadi erta-indin vataniga keltiriladi.

“Mendan:“O‘g‘lingizni qayerda dafn qilishni istaysiz: Rossiyadami yoki Tojikistonda?” deb so‘rashdi. Men uni vatanida dafn qilishimni aytdim. Hujjatlarni rasmiylashtirib, jasadni Tojikistonga jo‘natishga va’da berishdi”, deydi Fayzullo Qurbonov.

Tojikistonda Maqsadning to‘rt farzandi yetim qoldi. Qarindoshlariga ko‘ra, uning jazo muddati tugashiga oz qolgan edi. Maqsad so‘nggi marta oilasiga o‘tgan yilning oktabrida qo‘ng‘iroq qilgan ekan.

“O‘shanda uni Mariupolga ishlagani jo‘natishayotganini aytuvdi. O‘z ixtiyoring bilan ketyapsanmi yoki majbur qilishyaptimi, deb so‘radim. U qamoqxona boshliqlari Mariupolga yo‘llash uchun 100 dan ortiq mahkumni tanlab olishganini aytdi. O‘g‘limning ovozini oxirgi marta o‘shanda eshitgandim”, deydi yana Fayzullo Qurbonov.

Shu bilan oltinchi tojikistonlikning Ukraina urushida halok bo‘lgani tasdiqlanmoqda. Ular barchasi frontga Rossiya koloniyalaridan yo‘llangan.

Ayrimlarining qarindoshlari bundan oldin qamoqxonaga “Vagner XHS” odamlari kelib, urushga boruvchilarga ozodlik va afv va’da qilganini bildirishgan.

Musibatdan cho‘kib qolgan Fayzullo Qurbonov Rossiya darhol bu urushni to‘xtatishini istaydi.

“Shuncha o‘lim yetar! Bizning ko‘rgiliklarimiz boshqa tojik oilalarining boshiga tushmasin!” deydi u.

Ikki yil muqaddam Tojikiston rasmiylari Rossiya koloniyalarida 10 ming nafarga yaqin tojik fuqarosi jazo muddatini o‘tayotganini ochiqlashgan edi. Bugungi kunda ular qancha qolgani noma’lum.

XS
SM
MD
LG