Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:48

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi janglarda 3 mingga yaqin askari halok bo‘lganini ma’lum qildi


Ozarbayjonlik askar onasi - Beylagan tumani, Ozarbayjon, 30 - sentabr
Ozarbayjonlik askar onasi - Beylagan tumani, Ozarbayjon, 30 - sentabr

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ hududida etnik arman kuchlari bilan janglarda 2800 ga yaqin ozarbayjonlik askar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Boku bugunga qadar 44 kun davom etgan to‘qnashuvlardagi harbiy yo‘qotishlarini ochiqlamagan edi.

Mudofaa vazirligi tomonidan 3 - dekabr kuni e’lon qilingan statistika Rossiya vositachiligida tinchlik bitimi imzolanganidan uch hafta o‘tib e’lon qilindi.

Tog‘li Qorabog‘ qonunan Ozarbayjon hududi bo‘lib, ayirmachi hududni 1990 - yillarning boshidan beri etnik armanlar boshqarib keladi.

27 - sentabrda boshlanib ketgan mojaro 1990 - yillardan beri sodir bo‘lgan eng shiddatli to‘qnashuv bo‘ldi. Janglar davomida Ozarbayjon kuchlari Tog‘li Qorabog‘ning yirik qismini va unga tutash tumanlarni qayta qo‘lga kiritdi.

Mamlakat Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, mojaro 2783 nafar askar va zobit umriga zomin bo‘lgan, 100 dan ortiq harbiy bedarak yo‘qolgan. Bundan tashqari, 1245 nafar harbiy jarohat olgan.

Armaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi Ozodlikka 2718 nafar harbiy xizmatchining jasadi tibbiyot xodimlari tomonidan tekshirilayotgani, jasadlar orasida ozarbayjonlik askarlarning jasadlari ham bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Avvalroq Tog‘li Qorabog‘ rasmiylari 1 741 nafar harbiyning jasadi aniqlanganini ma’lum qilgandi. Bu raqam Armaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi keltirgan ko‘rsatkichni o‘z ichiga oladi.

Mintaqada ziddiyat 1980 - yillarning oxirlarida, ya’ni Sovet Ittifoqining so‘nggi yillarida boshlangan. 1994 - yilda nihoyasiga yetgan urush 30 mingdan ortiq odam umriga zomin bo‘ldi, 1 milliondan ortiq odamni – asosan etnik ozarbayjonlarni o‘z uyini tark etishga majburladi.

Tinchlik bitimi imzolanishi ortidan Rossiya mintaqaga 2000 ga yaqin tinchlikparvar harbiyni yubordi. Ammo Rossiya vositachiligida imzolangan tinchlik bitimi mintaqaning huquqiy maqomi bo‘yicha kelishmovchiliklarni bartaraf etgani yo‘q.

Ko‘plab armanlar bitim Armaniston uchun sharmandalik ekanini aytmoqda. Sulh shartnomasining imzolanishi ortidan Yerevanda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi va bosh vazir Nikol Pashinyan hukumatiga jiddiy tahdid tug‘ildi.

Ozarbayjonda esa kelishuv katta g‘alaba o‘laroq qabul qilindi. Prezident Ilhom Aliev ma’muriyati bundan buyon Ozarbayjon qo‘shinlari ramziy va strategik ahamiyatga ega Shusha shahri zabt etilgan kun – 8 - noyabr har yili G‘alaba kuni sifatida nishonlanishini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG