Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:05

O‘zbek delegatsiyasi Haj masalasini muhokama qildi


Diniy ishlari qo‘mitasi vakillari 2011 yilgi Haj ziyorati bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun Saudiyaga safar qildilar.

Regnum axborot agentligining xabar qilishicha, O‘zbekiston hukumati qoshidagi Diniy ishlari qo‘mitasi raisi Ortiq Yusupov Madina shahrida bu yilgi Haj ziyoratini uyushtirish yuzasidan Saudiya Arabistonining Haj vaziri Fuad Abdussalom Al-Forsiy bilan muzokaralar olib borgan.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi diniy aloqalarni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, o‘zbek ziyoratchilariga Haj mavsumi chog‘ida qulayroq shart-sharoit yaratish masalalari muhokama qilingan.

2011 yilda ham, avvalgi yillarda bo‘lgani kabi, Haj ziyoratiga 5 mingdan ziyod o‘zbekistonlik borishi kutilmoqda.

Odatda, Haj vazirligi biror mamlakat uchun kvota belgilayotgan paytda ming musulmonga bir ziyoratchi hisobidan kelib chiqqan holda joy ajratadi. Agar shu kunda O‘zbekiston aholisi soni 28 milliondan oshgani va ayrim ma‘lumotlarga qaraganda, aholining 93 foizi (26 milliondan ko‘prog‘i) Islom diniga e‘tiqod qilishi hisobga olinsa, 26 ming o‘zbekistonlik ziyoratchi uchun joy ajratilishi kerak edi. Lekin ko‘p yillardan beri bu miqdor 5 mingdan oshirilmaydi.

O‘zbekistonliklarning Ozodlikka aytishlaricha, ziyoratchilar soni cheklangani sababli Haj ziyoratini istagan fuqarolar bir necha yillab navbat kutishga majbur.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ziyoratchilar uchun boshqa mamlakatlarda bo‘lmagan cheklovlar, shu jumladan, yosh cheklovi ham kiritilgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda Haj ziyoratiga yo‘l ochilganidan buyon o‘tgan qariyb yigirma yil mobaynida mamlakat musulmonlaridan taqriban yuz mingi Islom dinining beshinchi farzini ado etishga muvaffaq bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG