Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:02

O‘zbek oliy o‘quv yurtiga kirishning ming hiylasi


Test sinovlariga kelgan abiturientlar.
Test sinovlariga kelgan abiturientlar.
O‘zbekistonda test sinovlarini topshirish 2 avgustga ko‘chirildi. Mamlakat oliy o‘quv yurtlariga kirish sinovlar aslida 1 avgust kuni bo‘lishi kerak edi. Test sinovlari ko‘chirilishi haqidagi e‘londa buning sabablari ko‘rsatilmagan.

Sinov nega ko‘chirildi?

Ozodlik muxbiri bilan gaplashgan mutaxassislar buning sabablariga oid ba‘zi taxminlarini ilgari surishdi.

Birinchisi, bu yil abituriyentlar sonining o‘tgan yildagidan 33 mingga ko‘paygani.

Boshqa sababi kimlarningdir pul ishlab olish ishtahasi oshib borayotgani bilan izohlanmoqda.

Bu yil oliy o‘quv yurtlariga qabul haqida prezident farmoni ancha kechikib e‘lon qilingan edi.

Respublika oliy o‘quv yurtlari qabul komissiyasi oldida abituriyentlarning hujjat topshirish uchun uzoq vaqt navbatda turishlariga to‘g‘ri kelayotgani aytilgan edi.

Respublika oliy o‘quv yurtlaridan birining qabul komissiyasi a‘zosiga ko‘ra, bunday talabalikka da‘vo qilayotgan yosh o‘zbekistonliklarning uzzu-kun navbatda turishga majbur bo‘lganiga, "oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish to‘g‘risida"gi prezident farmonining kechikib e‘lon qilinishi sabab bo‘lgan.

Bu yil O‘zbekistonda yarim millionga yaqin abituriyent 62 mingdan ziyod talaba o‘rni uchun mujodala qiladi.

Test sinovlari nimaga kechikdi, degan savolni Ozodlik bilan suhbatlashgan va ismi aytilishini istamagan qabul komissiyasining a‘zosiga berdik. (Ma‘lum sabablarga ko‘ra suhbatdoshimizning ismini keltirmaymiz.)

Ozodlik: Kirish imtihonlari 1 avgustdan 2 avgustga ko‘chirilibdi.

- Eshitdim.

Ozodlik: Nimaga unaqa bo‘ldi?

- Nimaga bo‘lganini bilmaymiz. Men ham bugun eshitdim. Men o‘zim priyomniyda ishlayapmanda. Bilmayman nimaga shunaqa bo‘ldi.

Ozodlik: Bu yil o‘qishga kiradigan abituriyentlar 33 mingtaga ko‘p bo‘libdi.

- Ha, juda ham ko‘p. O‘tgan yil pedinstitutda bo‘lganman priyomniyda. O‘tgan yil pedinstitutda har bitta o‘ringa 15 tadan bo‘lib ketgan. 1500 o‘quvchi ko‘p topshirgan. Normadan ko‘p bo‘lgan.

Ozodlik: Mana bu yil 418 ming 724ta odam topshiribdi. Bunaqa intilishga nima sabab?

- Mana hozir pedkollejlar ishlayapti. Pedkollejni bitirishga bitirishayapti 9-sinfdan keyin, ishga kiray deb maktabga masalan ochered. Ko‘pincha viloyatlarda, baribir o‘qituvchilik hamma yoqda kerak kasb. Ish topiladigan kasbda. Shunaqa bo‘lgani bilan oliy ma‘lumotsiz olamyapti. Albatta pedagog oliy ma‘lumot. Jahon tillari bo‘ladimi, milliy univyersitet bo‘ladimi, boshqa institutlarda kasbiy ta‘lim degan fakultetlari bor. Qisqasi, menimcha, pedkollejlarni allaqachon tugatish kerak. Pedkollejda o‘qib, keyin yana institutda to‘rt yil o‘qish. Maktab yo‘q hozir. 9-sinfdan keyin majburiy ta‘lim litsey yoki kollej. Bolalar ishsiz ham qolib ketayapti. Ota-onalar birinchidan qo‘rqishadi. Ish topilmagandan keyin xotya bi o‘qishga kirsa, ozgina oldida maqsadi bo‘lib, biror narsa bilan shug‘ullanishga nimasi bo‘ladi. Ishga qayoqqa boradi? Bozorga boradimi? Zavod yo‘q bo‘lsa, tadbirkorlik qilishi uchun albatta oliy ma‘lumot kerak, bir narsani ochish uchun oliy ma‘lumot kerak. Kontrakt baland, lekin hayronman nimaga shunaqa.

Ozodlik: O‘qishga kirmoqchi bo‘lganlarning eng ko‘pining sohasi ingliz filologiyasi ekan. O‘zbek tilidan ham ko‘pda bu?

- Chet elga chiqishga yoshlar o‘ch bo‘lib qoldida. Juda ham ko‘p chet elga ketayapti. Chunki til bilish chet elga chiqish uchun kerakku. Mana o‘zimning ovsinim Qozog‘istonga oilasi bilan chiqib ketishgan. Qanaqadir mehmonxonada ishlashayaptimi, chet tili kerak.

Ozodlik: Qabul imtihonlarining 2 avgustga ko‘chirilganiga ikkita sabab bor deyishayaptida. Bittasi texnik sabab bo‘lishi mumkin, ulgurmagan. Ikkinchisi, kimdir pul qilmoqchi degan gapni aytayaptida.

- Men bilmadim. Unaqa nimalarni bilmayman. Bugun mana yuridicheskiy litseyning zamdirektori bilan bitga o‘tirib qoldim. Priyom bo‘yicha mas‘ul kotib ekan. Shunaqa gaplarni gapirdi. “Juda katta narsalar bo‘ladi. Hali ko‘rasizlar. Juda katta o‘yin bo‘ladi” deb qo‘ydi. Qanaqa o‘yin bilmadim. Bizlar endi diplomatiyaga kira olmagan o‘quvchilarni boshqa litsey, kollejlarga tavsiya qilib o‘tirdikda. O‘shanda shunaqa gap bo‘ldi. Oldin lekin nimagadir 1 avgust yakshanbaga to‘g‘ri kelsa ham bo‘lavyerganku.

Ozodlik: Bu yil viloyatdan kelganlar abituriyent bo‘lib topshira oldimi?

- Ha, bemalol. Bundan uch yil oldin bitirgan o‘quvchilarim, kira olmaganlar Qashqadaryo, Surxondaryodan kelishdi. Telefon qilishdi. “Institutga harakat qilayapmiz ustoz” deb yurishibdi. “Uch yilda hamma bilim esdan chiqqan. Nima qilasizlar?” desam, telefon, shpargalka, qanaqadir iks variantlar kim biladi endi.

Ozodlik: O‘tgan yil, undan oldingi yil har xil qanaqadir telefon olib kirish va hokazolar bo‘lganmi?

- Men o‘zim o‘tgan yil priyomda bo‘lganman. Pedinstitutda psixologiya fakultetida priyomda o‘tirdim. Bitta maktabda qabul qildik. Telefonlar olib kirishdi. Tekshirib kirgizishdi, lekin bolalar undan ham usta bo‘lib ketgan. Telefonlarni o‘zlari bilan qanaqadir usulda olib kirishganmi, olib kirib berishganmi telefonlar bor edi. “Olib qo‘yinglar, foydalanmanglar” deb grubiy nimada tartibga chaqirib turdik. Lekin keyin eshitishimcha bir xillari atayin telefonlilardan pul olish uchun ruxsat berisharkan. Nazoratchi o‘qituvchilar shundan pul ishlasharkanda. Pulini berib, bemalol telefondan foydalanib o‘tirgan.

Ozodlik: Birovning o‘rniga birov kirdi deganini ham eshitdikda.

- Bor. Unaqalar juda ham ko‘p. Unaqani qattiq tekshirishadi, lekin men bitta-ikkita odamni bilaman. Hattoki imtihon kuni bormagan. Institutga kirib o‘qib yuribdi. Bunaqalar bo‘ladi endi. Ular juda krutoy tanishlarni ishga solsa kerakda. Men o‘zim o‘qituvchiman. Men aytamanki, bilimli odam hech qachon yiqilib qolmaydi. Yaxshi o‘qish kerak yoki kuchli tanishingiz bo‘lishi kerak. yo zar bo‘lishi kerak yo zo‘r bo‘lishi kerak,- deydi qabul komissiyasi a‘zosi.

Xar yilgi kabi bu yilgi qabul mavsumi ham SNB xodimlari, Prezident devoni, Oliy ta‘lim vazirligi mulozimlari va domlalar uchun pul xirmoni uyadigan avj palla, deya qo‘shimcha qiladi u.

Bu yil “Bunkerda” test yechadigan “mardikor domlalar” xizmat haqini oshirishdi, deya davom etadi oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi.

- Eng yomon narsa, men sizga aytay bunker degan narsa bor. SamPI litseyida rus tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Bularni ToshMIga bunkerga chaqirishar ekan. Bunker degani besh-oltita kuchli o‘qituvchilar bir xonaga kirib olarkanda, institut xodimlari, rektoratdagi odamlar, katta-katta pulga gaplashganlarning nimalarini yechib berishar ekan. Olib chiqishadi, yechib yana chiqarib berishadi. O‘tgan yil bizlarga har bitta o‘quvchiga 500 dollardan berishdi deyishdi. “Bu yil 1000dan bersanglar kiraman. Chunki ular 30 ming olishar ekan. Bizlar bilimimiz bilan yechib beramiz. Shuning uchun har bitta o‘quvchiga 1000dan berasan” deb aytdim dedi. Xullas medinstitutlar 30 ming ekan.

Ozodlik: Yuridicheskiy, diplomatiyachi?

- Ularni bilmayman. Xalq orasida eshitaman bu institutlarda tanish-bilishchilik keng. Texnika univyersitetiga pul bilan emas bilim bilan ham kirsa bo‘ladi. Chunki juda ham ko‘p fakultetlari bor, shans katta. Bilim bilan kirsa bo‘ladi jahon tillariga. Lekin presstijniy institutlarga juda qiyin. Yuridicheskiyga misol uchun, sharqshunoslik ham shular qatorida, deydi suhbatdosh.

Suhbatdoshimiz aytgan “Telefon kirgizish”, “Bunker” kabi uslublar oliy o‘quv yurtiga pul evaziga eltuvchi aylanma yo‘llardan ikkitasi xolos.

Ikkinchi avgust kuni boshlanadigan test sinovlari aslida oliy o‘quv yurtiga kirib olishning kundan kunga takomillashgan xufiya usullar musobaqasi ekani kuzatilmoqda.

Kechgan yillarda O‘zbekistonda o‘qishga kirishning 15dan ortiq uslubi ishlab chiqildi.

Agar talabalardan "Siz qanday o‘qishga kiruvdingiz?" deb so‘rasangiz, “Tanka bilan”, “ Shpora (Shpargalka bilan)”, “Parovoz bilan”, “Bunker bilan”, “Telepatiya bilan”, “Rektorskiy gruppa bilan” va “Soldat” , “Telefon”, “Parashut”¸ “0–variant yoki X–variant” yordamida kirganini aytadi.

Bu uslublarga ta‘rif bersak.

"Bunker" usuli:

Bunda mutaxassislar ertalabki soat 06.00 da, tashqarida turgan SNB xodimlari bilan kelishilgan holda, test sinovlari o‘tkazilayotgan bino ichidagi maxsus xonaga olib kirib qo‘yiladi. Birov bilib qolmasin uchun, bu xona tashqarida qulflanib, muhrlab qo‘yiladiyu Keyin test savollarini "pistaday chaqib tashlaydigan" bu "mutaxassislar", avvaldan tayyorlangan va "bunker" deb ataladigan xonada o‘tirib, test savollarini yechib beradi. Bolalarning qo‘liga esa belgilangan variant tarqatiladi.

Keng tarqalgan “Bunker” usulining nima ekanidan bevosita xabardor toshkentlik domlalardan biri Mahmud A‘zamov uni shunday ta‘riflab bergan edi:

- "Bunker" degan narsa bo‘ladi. Milliy univyersitetda shunaqa narsa bor, "bunker" deyishadida. Jargondada bu. Biladiganlar, shu sohada ishlaydiganlar biladi. "Bunker" degani abituriyentlar ma‘lum bir guruhga yig‘iladi. Bu guruh rektorning, prorektorning guruhi bo‘ladi. O‘sha guruhlardan byulletenlarni yig‘ib olib chiqib ketishadi. A‘lochi studentlarni oldindan yig‘ib olishadi. Ularni bitta xonaga joylashtirishadida, savol qog‘ozlari binodan tashqariga chiqmaydi. Boshqa xonaga olib kiriladida to‘g‘ri javoblari belgilanib, imtihon tamom bo‘ladigan paytda bolalarga olib chiqib beriladi. Keyin bolalar o‘zi to‘ldirganday qilib topshirib chiqib ketishadi. Shuni bunker deyishadi. A‘lochi bolalar bunkerda o‘tirganday bo‘ladida. Bu a‘lochi talabalarning “xizmat haqi” evaziga ularning kontrakt pullari to‘lab beriladi yoki kelishilgan pul beriladi, degan edi toshkentlik o‘qituvchilardan biri Mahmud A‘zamov.

"Bunker"da bir-ikki marta "o‘tirib chiqqan" o‘qituvchilardan birining Ozodlikka aytishicha, “Bunkerda” yechilgan test javoblarini SNBdan tayinlangan maxsus kurerlar ma‘lum haq evaziga egasiga yetkazib turadi.

"Telepatiya" usuli:

Skaner-ruchka degan narsa bor agar eshitgan bo‘lsangiz. Bolaning qo‘liga 300-350 dollarlik skaner-ruchka tutqaziladi. Bola test variantini bu asbob yordamida kopiyalaydi va 10-15 ta skaneruchka bitta kompyuterga tashlanadi. Shu auditoriyaga bitta qishloqda qo‘y boqib yurgan bola olib kirib qo‘yilgan bo‘ladi. U “testni ishlab bo‘ldim” degan bahona bilan chiqib ketadi. Uning o‘zi o‘qishga kirish niyati yo‘q. O‘sha chiqib ketgan boladan skaner-ruchkani qabul qilib olgan mutaxassislar testlarni ishlashadi va javoblari SMS yoki peyjer orqali jo‘natiladi.

"Parovoz" usuli:

Bunda o‘xshash shaklli yoki boshqa bir o‘quv yurtida o‘qiyotgan talabalar taklif qilinadi. Bu talabalar ma‘lum bir guruhlarga qo‘yiladi va har bitta bola kamida 10-15 nafar bolaning testini ishlab beradi.

“Soldat” usuli

Ayrim hollarda maxsus odamlar hatto o‘qishga kiritilishi lozim bo‘lgan talabalar uchun ana shu “soldat” nomini olgan a‘lochi studentlar aksi tushirilgan, biroq ismi abituriyentniki bo‘lgan qalbaki pasportlar ham yasattirib berishadi. A‘lochi, bilimli o‘quvchi imtihonga abituriyent familiyasi bilan kiradi. Ana shunday “Soldat”lardan biri Ozodlik bilan suhbatda bunday “faoliyat” bilan 500 dollar pul ishlaganiga iqror bo‘lgan. Suhbatdoshga ko‘ra ba‘zi faol “soldatlar” 1500 dollargacha pul ishlashgan.

“Parashut”usuli

“Parashut” uslubini qishloqdan kelganlar o‘ylab topishgan, deydi Angren pedinstitutining sobiq domlasi. Odatda test avgust boshida jazirama issiqda bo‘ladi. Shu bois derazalar ochiq bo‘ladi. Test savolini abituriyent derazadan pastga uloqtiradi. Pastdagilar esa testni yechib “javobni” baland ovozda baqirib aytib turishadi. yoki javobni yechib, dumaloq qilib g‘ijimlab qayta derazadan otib kirgizishadi. Shunaqa “mergan toshotarlar” borki, ularning merganligiga qoyil qolganmiz, deydi suhbatdosh.

“X” yoki “0” variant

Bevosita Davlat test markazidan sizib chiqishi aytiladigan test sinovlarining “X” varianti bilan “bunker”dagi a‘lochi talabalar shug‘ullanmaydi. Chunki “X” variantini bilgan bola uchun “bunker”dan yordam so‘rash shart emas. Xo‘sh, “X” variantining o‘zi nima? Mahmud A‘zamov bu variantni shunday tushuntirdi:

- “X” variant deganimiz¸ davlat test imtihonlari uchun tayyorlangan savol-javoblarning sir holatidan tashqariga sizib chiqishi. Bu Davlat test markazidan chiqadimi yoki savollarni tayyorlagan mutaxassislar tashqariga chiqarishadimi, bunisini hech kim bilmaydi. "X" variantni qo‘lga kiritgan guruhlar maxsus uylarda talabalarga o‘sha javoblarni yodlatadi. O‘sha xonaga kirib chiqadigan abituriyentlar trusicigacha tekshiriladi, toki bu variant tashqariga chiqib ketmasligi uchun, deydi o‘zi ham abituriyentlarni test imtihonlariga hozirlash bilan shug‘ullanadigan Mahmud A‘zamov.

Unga ko‘ra, "X" variantning Davlat test markazidan sizib chiqishi har yili davom etmoqda.

- Uzog‘i bilan bir oy oldin odamlarning qo‘liga tegishni boshlaydi u. Chunki buni sir saqlashadida. Hali mutaxassislarning qo‘lida ham bo‘lmaydida. Tarixni alohida¸ ona tilini alohida¸ ingliz tilini alohida tuzadigan to‘rtta-beshta odamlarga ishonib topshiriladi. Keyin ulardan olinadi va Davlat test markaziga topshiriladi. Aslida bu sir saqlanishi kerak. Hech kimning qo‘liga tegmasligi kerak. Lekin chiqib ketadi. Juda ko‘p joylarga tarqab ketadi bu narsa. U mutaxassislarning qo‘lidan chiqishi ham mumkin¸ Davlat test markazidan chiqishi ham mumkin. Uning qayerdan chiqqanini olgan odam biladi, deydi Mahmud A‘zamov.

Qo‘sh attestatlilar

Ayrim hollarda 10 sinfda o‘qiyotgan bolalarga ota-onasi attestat sotib olib berib o‘qishga yuboradi. Bu holatda ularda yana bir bor o‘qishga urinib ko‘rish imkon qoladi. 11 sinfga borib esa qo‘lida ikki attestat bo‘lgan talaba ikki oliygohga hujjat topshiradi.

Xulosa shuki, bunkerda yechilgan javoblardan foydalanib, paravozlar yordamida sudralib, soldatlar ko‘magida oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lganlar ertangi kunimizni tanazzulga eltuvchi “mutaxassislarga” aylanishadi, deydi uzoq yillar qabul komissiyasida ishlagan suhbatdosh.
XS
SM
MD
LG