Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:32

“Ozod yurtda sovet merosiga o‘rin yo‘q!” Latviya SSSR davri haykallarini yiqitmoqda


Latviya poytaxti Rigada sovet askariga qo‘yilgan yodgorlik. Bu yil 9-mayda yodgorlik majmuasi atrofi Ukraina bayroqlari bilan bezatildi.
Latviya poytaxti Rigada sovet askariga qo‘yilgan yodgorlik. Bu yil 9-mayda yodgorlik majmuasi atrofi Ukraina bayroqlari bilan bezatildi.

Latviya sovet davri qoldiqlari – haykal va yodgorliklardan voz kechmoqda. Poytaxt Riga ma’muriyati sovet jangchilariga qo‘yilgan haykalni qo‘porish qarorini olib bo‘ldi: o‘tgan juma kuni shu va boshqa sovet yodgorliklaridan voz kechish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab 5 mingdan ziyod kishi namoyish qildi.

Namoyishchilar hukumatdan Rigadagi haykal bilan cheklanmay, mamlakat hududidagi SSSRdan qolgan barcha yodgorliklar ro‘yxatini tuzishni va ularni demontaj qilishni, shuningdek sovet mulozimlari ismi qo‘yilgan ko‘chalar, maydon va xiyobonlar nomini o‘zgartirishni talab qilishmoqda. Latviyaning boshqa shaharlarida Rigadan o‘rnak olib, “sovet bosqini ramzlari” deya yaqin o‘tmishga oid haykallarni buzib tashlash yoki ko‘chirish boshlab yuborildi.

“Ozod Latviyada sovet davri merosiga joy yo‘q! Bu haykallar sovet armiyasining jinoyatlarini ham ulug‘laydi. Bu biz uchun ozod bo‘lish emasdi, bu bir necha o‘n yil davom etgan okkupatsiya edi”, deydi namoyish ishtirokchilaridan biri – Matiss ismli rigalik yigit.

Aksar namoyishchilar Rossiya fevral oyida Ukrainaga qarshi boshlagan urush ularning fikrini keskin o‘zgartirganini tan oladilar.

“Shu yilgacha sovet jangchilari haykallarining men uchun na issig‘i, na sovug‘i bor edi. Tursa turaversin, shularga qarab o‘lgan yaqinini xotirlaydigan odamlar bordir, deb o‘ylardim. Biroq hozirgi vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, bunaqa haykallarga bizda ortiq joy yo‘q. Biz – hur mamlakatmiz, sovet an’analarini ulug‘lamasligimiz kerak”, deydi Gita ismli namoyishchi.

“Rigadagi ushbu yodgorlik – qo‘shni mamlakat agressiyasi ramzidir. Biz, latviyaliklar uning poyiga gul qo‘ygan odamni bosqinchilik urushi dastakchisi deb tushunamiz. Bunaqalarning mana shu istilochi askardan farqi yo‘q”, deya haykalni qo‘porish g‘oyasini ma’qullaydi norozilik aksiyasi qatnashchilaridan Intars Reshetins.

Latviyada sovet davri merosidan forig‘ bo‘lish harakatining birinchi to‘lqini 90-yillardayoq, ya’ni mustaqillik tiklanganidan so‘ng kuzatilgan edi. O‘shanda barcha shaharlarda Lenin haykallari qulatilgan, uning nomi bilan ataluvchi ko‘chalar qayta nomlangan. Misol uchun, Rigadagi Lenin ko‘chasi Brivibas (Ozodlik) ko‘chasi bo‘ldi. Endilikda sovet merosidan voz kechishning ikkinchi to‘lqini kechmoqda – faollar, jumladan, Rigadagi Moskva xiyobonini Latgal xiyoboni deb o‘zgartirishni talab qilishayotir (mazkur qaror shahar ma’muriyati tomonidan allaqachon ma’qullangan).

Sovet xaloskor jangchilari monumentini harakat a’zolari “bosqinchilik haykali” deb atashadi: zero Ikkinchi jahon urushi yakuni ko‘plab latviyaliklar uchun aynan SSSR hokimiyati ostiga o‘tishning boshlanishi bo‘lgan. Biroq, mazkur nuqtai nazarni hamma ham yoqlamaydi. Aholining bir qismi, asosan rusiyzabon latviyaliklar xaloskorlar haykalini g‘alaba ramzi deb biladilar: har yili 9-may kuni o‘n minglab odam haykal yoniga keladi. Dunyoqarash va maslakdagi mana shu tarqoqlik Latviya jamiyatining chuqur og‘riqlaridan biridir.

May oyi boshlarida Latviya parlamenti Rossiya bilan tuzilgan harbiy yodgorliklar va xotira belgilarini saqlashga doir shartnomadan chiqdi. Bu – Riganing G‘alaba bog‘idagi haykalni qo‘porib tashlash yo‘lidagi barcha yuridik to‘siqlar bartaraf etilganini bildiradi.

Riga ma’muriyati yodgorlikni olib tashlash qarorini qabul qilibbo‘lgan, hozirda demontaj loyihasi ishlab chiqilmoqda – barcha ishlar yil oxirigacha tugatilishiga va’da berganlar. Juma kungi namoyish qatnashchilari haykalni mumkin qadar tezroq buzishni talab qilishdi. Ayni chog‘da Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Latviyaga rasmiy norozilik notasi yo‘lladi: Rossiya tomoni zararni to‘liq qoplashni, jumladan, yodgorliklarni bus-butun saqlash to‘g‘risidagi bitimdan chiqqanlik uchun tovon to‘lashni talab qilmoqda. Latviya TIV rahbari Engar Rinkevich “Tvitter”dagi sahifasida ushbu notaga javoban: “Rossiya sovet davri haykali uchun kompensatsiya emas, shimildiriq oladi”, deb yozdi.

“Bu haykal menda faqat noxush hislar uyg‘otadi. Bu g‘azab va ko‘ngildan hanuz o‘chmayotgan alam hislaridir, – deydi Grata ismli namoyishchi qiz. – Har yili 9-may kuni bu yerdagi holatni ko‘rganimda bizning mamlakatimizda nechuk bunaqa ishlar bo‘lishi mumkin, deya ajablanaman!”

Siyosatshunos Filipp Raevskiy Rigadagi mazkur yodgorlik “urushga topinish aqiydasining bir qismiga aylangan”ini aytadi: “To‘qqizinchi mayni odamlar o‘tganlarni xotirlash va o‘ta bosiqlik bilan nishonlashadi, chunki bu g‘alaba juda qonli va nihoyatda og‘ir bo‘lgan. Shunday kunni bazmga aylantirishdi. Ha, 9-may kuni haykal tevaragida bo‘ladigan voqealarni boshqacha atash mumkin emas: kabobxo‘rlik, maishat, o‘yin-kulgi, mushakbozlik va hokazo”.

Ijtimoiy tadqiqotlarga ko‘ra, Latviya aholisining qariyb 70 foizi Rigadagi sovet jangchilari haykalini olib tashlash tarafdori yoki yodgorlik taqdiriga mutlaqo befarq. Ammo mahalliy “Latviya Ruslar ittifoqi” rossiyaparast partiyasi faollari monumentning demontaj qilinishiga qarshi chiqishmoqda. Ular norozilik aksiyasi o‘tkazmoqchi bo‘lishgan edi, sud qarori bilan buni taqiqlab qo‘yishdi. “Latviya Ruslar ittifoqi” Latviya hukumatini atay rus millatli aholiga qarshi harakat qilayotgan millatchilar to‘dasi deb ataydi.

“Bu ishlar yaxshilikka olib bormaydi, Shimoliy Irlandiya bo‘ladi, asrlar bo‘yi davom etadigan nafrat va adovat tug‘iladi. Nabiralarimiz faqat latish tilida gapirishga majbur etilgan taqdirda ham bu ranj-alam arimaydi!” deya ogohlantiradi Riga dumasi deputati Miroslav Mitrofanov.

Latviyaning boshqa shaharlarida ham sovet merosidan voz kechilmoqda: chunonchi, xiyobon va bog‘lar sovet jangchilariga qo‘yilgan xotira yodgorliklaridan tozalanmoqda. Riga yaqinidagi Madliena shaharchasida mahalliy deputatlar qaroriga muvofiq, bunaqa tosh yodgorliklarning barchasi demontaj qilindi: ayrimlari urush qurbonlari qabristoniga ko‘chirildi, qolgani esa qurilish va obodonchilik ehtiyojlari uchun sarflashga topshirildi. Har hafta biron haykal yoki yodgorlik qo‘porilishi haqida xabarlar chiqmoqda.

“Sovet merosidan xalos bo‘lish uchun” harakati a’zolari hukumat oldiga yana bir nechta rasmiy talablarini qo‘yishdi. Ular davlatga xayrixoh bo‘lmaganlarni Latviyadan badarg‘a qilish va fuqarolikdan mahrum etish, shuningdek ularga Seym, mahalliy munitsipalitetlar hamda Yevroparlamentga saylovlarda nomzod bo‘lishni, davlat va mahalliy boshqaruv idoralarida ishlashni qonun yo‘li bilan taqiqlash lozim, deb turib olishgan. “Xayrixoh bo‘lmaganlar” deganda avvalo Rossiya agressiyasini va Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlovchilar nazarda tutilmoqda.

XS
SM
MD
LG