Линклар

Шошилинч хабар
21 май 2022, Тошкент вақти: 17:00

OzodDayjest: Kusherbayev va Allamjonov imtihon markazi masalasida tortishib qoldi


Komil Allamjonov O‘zbekiston prezidentining sobiq matbuot kotibi.

Kusherbayev va Allamjonov imtihon markazi masalasida tortishib qoldi. O‘zbekistonda ruslarni kamsitish holati mavjudmi? Abdulla Oripovning rafiqasi shoirning “qora ro‘yxat”ga tushishi haqida so‘zlab berdi. Tugayotgan haftada mahalliy matbuotda chop etilgan ayrim maqolalar mazmuni bilan OzodDayjest ruknida tanishing.

Kusherbayev va Allamjonov imtihon markazi masalasida tortishib qoldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (MQKQ) javobiga tayanib, Toshkentdagi haydovchilik guvohnomasi olishda nazariy va amaliy imtihonlar o‘tkazish bo‘yicha davlat markazlarining yopilishida prezident qarori talablari buzilganini ma’lum qildi (www.gazeta.uz, 24-mart).

Markazlar faoliyati joriy yil 4-fevral kuni ushbu sohada yagona bo‘lgan va asosiy rahbari Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov hisoblangan Autodriver Study kompaniyasining yagona imtihon markazi ochilganidan so‘ng to‘xtatilgan edi.

Deputatning fikricha, “bitta tadbirkorlik subyektining tezroq soqqa ishlashiga imkoniyat berish uchun” davlat imtihon markazlarini shosha-pisha yopish orqali prezident qarori talablari buzilgan.

Kompaniya asoschisi Komil Allamjonov esa ayblovlarni rad etib, deputatga “eski korrupsiyalashgan tizim ko‘proq yoqishi mumkin”ligi haqida yozdi. Soqqa qilish gunoh va jinoyat emasligini urg‘ulagan Allamjonov imtihon markazi faoliyati qonuniy ekanidan bahs etgan.

Bu orada ushbu markaz 1-apreldan nazariy va amaliy imtihon topshirishga birinchi urinish narxi 50 foizga – 100 mingdan 150 ming so‘mga oshirilishi haqida xabar berdi. Narx oshishi ham ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidiy baholandi.

O‘zbekistonda ruslarni kamsitish holati mavjudmi? Rossiya elchisi javob berdi

Rossiya tashqi ishlar vazirligi so‘nggi paytlarda chet davlatlarda ruslarga nisbatan kamsitish bo‘layotgani haqida ma’lum qildi. Mazkur mamlakatning Toshkentdagi elchisi Oleg Malginov “Nova24” saytiga bergan intervyusida bu borada O‘zbekistondagi vaziyatga baho berdi.

Diplomatga ko‘ra, hozircha O‘zbekistonda ruslarga nisbatan diskriminatsiya qayd etilmagan, ammo ichki ziddiyatlar yuzasidan elchixonaga murojaat qilayotganlar uchrab turadi

Buni ishonch bilan aytishim mumkin. Chunki men O‘zbekistonga kelgunimga qadar 5 yil rossiyalik vatandoshlar bilan ishlash departamentida direktor bo‘lganman. Umuman olganda ruslar, rus tili va rusiyzabon aholi diskriminatsiyasini batafsil bilaman. Shunday ekan, O‘zbekistonda bunday holat yo‘q. Ichki nizolar kuzatilganda, odamlar ba’zida elchixonaga murojaat qiladi. Biz mazkur ziddiyatlarga aralashmaslikka harakat qilamiz, ammo huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilamiz”, deydi O.Malginov.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil may oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin MDH mamlakatlari rus tilini o‘rganishi uchun yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmayotganini aytgan.

“Biz ushbu mamlakatlarda rus tilini rivojlantirishga, rus tilini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlashga munosib e’tibor qaratishimiz lozim. Bizning manfaatlarimiz to‘liq mos keladi, shuning uchun biz bu yerda faol ishlashimiz kerak”, degan Putin.

Abdulla Oripov rafiqasi: U kishi “zapret”ga tushmaganda kasal bo‘lmasdi, vafot ham etmasdi...

O‘zbekiston xalq shoiri, davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripovning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva shoir umrining so‘nggi yillarini taqiqda o‘tkazgani haqida so‘zlab berdi (www.daryo.uz, 21-mart).

Hikoya qilinishicha, Abdulla Oripov 2010-2011-yillarda Mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi hamda Yozuvchilar uyushmasi rahbarligidan olingan.

“Shu voqealar ularga ruhan qattiq ta’sir qilgan. Agar ishlab yurganida kasal bo‘lmasdi, vafot etmasdi ham, deb o‘ylayman. Shundan keyin “xalq dushmani” deya “qora ro‘yxat”ga kiritilgan. Agar bu xalqning dushmani bo‘lsangiz, do‘sti kim ekan, deb hayron bo‘lardim. Abdulla akaning butun umri bir bo‘ldi, oxirgi yetti yilda uyda o‘tirgani bir bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalarida chiqishi taqiqlandi”, deb hikoya qiladi shoirning umr yo‘ldoshi.

Qayd etilishicha, A. Oripov o‘shanda ham birinchi prezident haqida sira yomon fikrga bormagan, norasmiy taqiqni Islom Karimov emas, atrofidagilarning ishi deb bilgan.

“Zapret”ga tushgach, sog‘lig‘ida muammolar paydo bo‘la boshladi. O‘zimizdagi bir qancha shifoxonalarda yotdi, lekin qoniqarli darajada shifo topmadi”, deb eslaydi Hanifa aya.

Shundan keyin shoir avval Turkiya, keyin AQShda muolaja olgan.

“Abdulla akani 75 yoshga kirishiga hech ishonmasdim. Chunki jussasi nozik va tabiatan juda injiq odam bo‘lishiga qaramay, yillar davomida turli bosimlar va kasalliklarga dosh berib yashadi”, deydi uning rafiqasi.

A. Oripov 2016-yil 5-noyabr kuni Hyustondagi (AQSh) shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

XS
SM
MD
LG