Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2021, Тошкент вақти: 08:38

OzodDayjest: Odamlarni sel xavfidan ogohlantirmagan FVV mas’uliyatsizlikda ayblandi


Illyustrativ surat

Toshkent hokimi odamlar tekin vaksinani ham olmayotganidan yozg‘irdi. 9-qavatdan tushib ketgan ayolning onasi adolat talab qilmoqda. Sel kelishi haqida ogohlantiruvchi SMS xabarnomalar jo‘natmagan Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyati tanqid qilindi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

To‘qqizinchi qavatdan tushib ketgan ayolning yaqinlari: Bu – baxtsiz hodisa emas...

Toshkentning Chilonzor tumanida 20 yoshli E’zoza Ozodova 9-qavatdan tushib ketib vafot etdi. Bosh prokuratura ayol ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketganini ma’lum qildi, qizning ota-onasi boshqacha fikrda (www.human.uz, 17 - iyul).

Qaynona kelin 9-qavatdan tasodifan tushib ketganini aytgan. Ammo marhumaning onasi Nodira Xoliqova ushbu hodisada qudasi va kuyovini ayblamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019 - yil iyul oyida qizi E’zozani asli shahrisabzlik bo‘lgan, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi oilaga turmushga bergan. Oilaviy hayotning ilk kunlaridanoq er giyohvandlik moddalar iste’mol qilishi ma’lum bo‘lgan. Nodira Xoliqova, shuningdek, eri va qaynonasi qiziga doimiy ravishda bosim o‘tkazgani, oilaviy janjallar tinmay davom etgani haqida gapirgan.

“U o‘zini o‘ldirmagan, uni kaltaklaganlar, qizim hushini yo‘qotgan. Ular bu haqda aytib berishidan qo‘rqishgan, shuning uchun qizimni tashlab yuborganlar”, degan marhumaning onasi.

N. Xoliqova qudasi va kuyovi jazoga tortilishini talab qilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Kosonsoyni qalqitgan sel: aholi tabiiy ofatdan ogohlantirilganmidi?

Joriy yil 13 - iyul kuni Namangan viloyati Kosonsoy tumanida kuchli sel kelishi oqibatda 9 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi jarohatlangan edi. Kosonsoydagi tabiiy ofat Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘z vazifasiga mas’uliyatsizligini ko‘rsatib qo‘ydi. Tabiiy ofat borasida fuqarolarni va mahalliy rahbarlarni oldindan ogohlantirishi lozim bo‘lgan vazirlik xodimlarining ofatdan keyin yetib borishi taajjubli, deb yozgan “Rost24” nashri.

Qayd etilishicha, tabiiy ofat ro‘y bergachgina uning sabablari ochiqlandi.

“Ammo buning foydasi bormikin? FVV tomonidan berilgan bayonotlar vafot etganlarni qaytara olmaydi. Mas’uliyatsizligi bois xatoga yo‘l qo‘ygan mas’ul topilib jazolanmas ekan, tabiiy ofatdan keyingi bunday bayonotlarning oxiri bo‘lmaydi”, deb yozgan nashr.

FVV matbuot kotibi Murod Sodiqovning ma’lum qilishicha, dunyoning hech bir hududida tabiiy ofatlarni 100 foiz aniq sanasi va soatini aniqlab beruvchi moslama yo‘q. Shunday ekan, sel tez kelishi tufayli ko‘pincha aholi orasida qurbonlar kuzatilib turadi. “Hatto rivojlangan davlatlarda ham sel oqibatida o‘lim holatlari kuzatiladi”, degan M. Sodiqov.

Vazirlikka ko‘ra, 13 - iyul kuni “O‘zgidromet” respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida havo haroratining keskin tushib ketishi, yog‘ingarchiliklarning kuchayishi, kuchli shamollarning yuzaga kelishi to‘g‘risida ogohlantirish bergan.

“Rost24” nashri sel kelgan kuni vazirlik tomonidan ogohlantiruvchi SMS xabarnomalar jo‘natilmagani, shuningdek, qutqaruv ishlariga jalb etilgan 45 ta maxsus texnika orasida vertolyot bo‘lmaganiga e’tibor qaratgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev odamlar tekin bo‘lsa ham vaksinani olmayotganidan yozg‘irdi

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Chilonzor tumanidagi savdo markazi binosida tashkil etilgan koronavirusga qarshi kurashish shifoxonasida bo‘ldi (www.gazeta.uz, 17 - iyul).

Shifokorlardan birining ta’kidlashicha, markazda 500 dan ortiq umumiy kislorod nuqtalari mavjud bo‘lib, hozirda ularning barchasidan reanimatsiyada foydalanilmoqda.

Shahar hokimi bemor va ularning yaqinlaridan vaksina olgani haqida so‘ragan va asosan yo‘q degan javobni olgan. Hokim bemorlardan biriga uyda davolanishni maslahat bergan. “Telefon o‘ynab o‘tirishingizdan tuzukka o‘xshaysiz. Agar tuzuk bo‘lsangiz, uyda davolaning”, degan Ortiqxo‘jayev. Bemor o‘z navbatida “Menga qolsa hoziroq ketardim. O‘pkamda ozgina bor”, deb javob bergan.

Poytaxt rahbari emlash jarayoni muhimligini qayd etgan.

“Vaksinani tekin bersak ham olishmayapti. Tezda [fuqarolarga] vaksina qilish kerak. Bo‘lmasa, ertaga odamlarni joylashtira olmaymiz. O‘zini o‘zi ehtiyot qilmasa, ertaga joy ham qolmaydi”, degan Ortiqxo‘jayev.

XS
SM
MD
LG