Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:22

OzodDayjest: Oq uyga Jo Baydenning kelishi O‘zbekistonga qanday ta’sir etishi aytildi


AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden.
AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden.

Bojxonachining uyidan 310 ming dollar chiqqani daromadlarni deklaratsiyalash muhim ekanini ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda ob-havo va tabiiy ofatlar haqidagi ma’lumotlar uch soatga kechikmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Bojxonachining uyidan 310 ming dollar chiqqani daromadlarni deklaratsiyalash muhim ekanini ko‘rsatmoqda

O‘zbekiston bosh prokurori korrupsiyaga bag‘ishlangan majlisda hibsga olingan “Ark Buloq” bojxona posti rahbarining uyida tintuv o‘tkazilganda 311 ming dollar topilgani haqida ma’lum qilgan edi.

Mansabdor jinoiy faoliyatdan olingan daromaddan foydalanib “Tashkent City” da ikkita uy va noturar joy, “Captiva” avtomobili sotib olib, uy qurgan.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov ushbu holatga munosabat bildirib, davlat amaldorlari hamda ularning qarindosh-urug‘i daromadlari hamda mol-mulkini deklaratsiyalash o‘ta muhim ekaniga e’tibor qaratgan.

“Atrofingizga bir qarang, ayrim davlat amaldorlari, hokimlar, ularning farzandlari, qarindoshlari qanday hayot tarzini kechirmoqda. Ularning hayot tarzi bir kunlik xarajati bir oylik rasmiy daromadidan ham ko‘p. Qo‘sha-qo‘sha xonadonlar, qavat-qavat uy-joylar, chet eldagi aktivlar, qimmat va namoyishkorona hayot – bular bir qator o‘zbek amaldorlarining normaga aylangan atributidek bo‘lib qolgan”, - deb yozadi O.Bakirov.

Telegramdgi Davletov.uz kanali esa mazkur jinoyat xususida xabar berar ekan, bojxona idorasining bank siriga egalik qilishga urinishini tanqid qildi.

“Bank siriga egalik qilmoqchi bo‘lishadi, odamlarning chet eldan qiladigan xaridlari limitini keskin qisqartirishmoqchi bo‘lishadi. Bu ishlarini jamoatchilik tanqid qilsa, go‘yoki o‘zlarini faqat O‘zbekiston ravnaqini o‘ylayotgandek ko‘rsatishadi. Aslida-chi?.. Bularni “guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, tizimga bir-ikkita vijdonsiz xodimlar kirib qolgan” degan vaj bilan oqlab bo‘lmaydi”,-deya mulohaza yuritadi bloger.

AQShda prezident o‘zgarishi O‘zbekistonga qanday ta’sir etishi baholandi

AQSh prezidentligiga demokratik partiya vakili Jo Baydenning saylanishi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayonini yanada ildamlatishi mumkin, deb hisoblaydi Nagoya iqtisodiyot universiteti professori, ekspert Alisher Umirdinov (www.sof.uz, 11 - noyabr).

15 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekistonning JSTga a’zoligi masalasi yana kun tartibiga chiqdi va ishchi guruhi qaytadan ish boshladi.

A.Umirdinovga ko‘ra, jarayon endigina faollashayotgan pallada prezident Donald Trampning siyosati tufayli JST boshqaruvi, ayniqsa, uning nizolarni hal etish tizimi boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.

Xususan, AQSh ko‘pchilik davlatlardan farqli ravishda xalqaro tuzilma bosh direktorini tayinlashda koreyalik nomzodni yoqlab, tayinlov jarayonini to‘xtatib qo‘ydi. Shuningdek, Vashington tashkilotning nizolarni hal etish tizimidagi apellyatsiya organiga a’zolarni saylashni bloklash orqali uni falaj holatiga tushirib qo‘ydi.

Qayd etilishicha, Oq uy sohibining o‘zgarishi bilan JST faoliyati jonlanishi hamda O‘zbekistonning xalqaro tuzilmaga a’zoligi borasida ijobiy yangiliklar bo‘lishiga umid qilish mumkin.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimi Ravshan Nazarov Rossiyaning “Novosti” axborot agentligi bergan intervyusida saylovda Jo Bayden uzil-kesil g‘alaba qozongan taqdirda ham Oq uyning O‘zbekistonga nisbatan siyosati o‘zgartirmasligini taxmin qilgan.

Ob-havo va tabiiy ofatlar haqidagi ma’lumotlar kechikayotgani sababi ochiqlandi

O‘zbekistonda gidrometeorologiya xizmatiga yillar davomida e’tibor berilmagani oqibatida mazkur soha zamondan orqada qolib ketdi (“Mahalla” gazetasi, 12 - noyabr).

1995 - yildan buyon aerologik kuzatuv o‘tkazilmaydi. Bu esa ob-havo haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligini pasaytiradi.

Xalqaro standart bo‘yicha mamlakat hududida 4 mingta stansiya bo‘lishi zarur, ammo O‘zbekistonda ayni paytda 335 ta staniya faoliyat yuritmoqda.

Gidrometeorologiya xizmati markazining moddiy-texnik bazasi ham talabga javob bermaydi, uskunalar allaqachon eskirgan. Mavjud 70 ta stansiyaning atigi 14 tasi avtomatlashgan.

Prognozlar o‘n yil oldingi dasturiy mahsulotlar asosida tayyorlanmoqda. Oqibatda ob-havo va tabiiy ofatlar haqidagi ma’lumotlar uch soatgacha kechikmoqda. Vaholanki, jahon tajribasida bu ko‘rsatkich 10 daqiqani tashkil etadi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sherzod Habibullayevga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev 3 - noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sohani rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Endilikda eskirgan texnikalar butkul yangilanadi. Havoning o‘zgarishi, bulutlarning harakati, shamol, suvlarning oqimi bo‘yicha yagona davlat geoaxborot stansiyasi ishga tushiriladi. Tizimning takomillashtirilishi tabiiy ofatlardan oldindan xabardor bo‘lish imkonini oshiradi.

XS
SM
MD
LG