Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:33

OzodDayjest: Ortiqxo‘jayevga gap tegmasligi uchun “Tashkent city”da ro‘y bergan jinoyat bosdi-bosdi qilinmoqda


Soliq qo‘mitasining “obnalchi”larga qarshi harakati qizil gvardiyachilar hujumiga o‘xshatildi. Tartib posbonlari “Tashkent city”da ro‘y bergan jinoyatni yashirishga urinmoqda. Namanganda viloyat hokimiga muvaqqat uy qurilgan jamoatchilik tomonidan turlicha talqin qilinyapti. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Yuliy Yusupov: Soliq qo‘mitasi sog‘lom fikr va qonunlar ustidan kulmoqda

Iqtisodiy tahlilchi Yuliy Yusupov Davlat soliq qo‘mitasining “obnalchi”larga qarshi kurashini tanqidiy baholadi (www.kun.uz, 1 - mart)

“Soliqlar to‘lanishi lozim, noqonuniy bitimlarga qarshi kurashish shart. Lekin bu ishlar qonuniy tarzda amalga oshirilishi kerak. Soliq qo‘mitasining so‘nggi oydagi harakatlari esa, fikrimcha, sog‘lom fikr va qonunni mazax qilish, bu “avval jangni boshlab olaylik, uyog‘ini keyin ko‘ramiz” printsipi bilan biznes va bozor iqtisodiyotiga chinakam “qizil gvardiyachilar hujumi”ning o‘zginasi”, degan Yu. Yusupov.

Soliq qo‘mitasi “risk-tahlil” natijasida 396 ta korxonadan iborat (keyinchalik 525 tagacha kengaytirilgan) “Shubhali kontragentlar reestri”ni tuzgan edi. Qo‘mita talabiga muvofiq, “reestr”ga tushgan kompaniyalar QQS zachyotini to‘g‘rilash bilan jazolanadi va ular qonunbuzarlik qilmaganini isbotlashi kerak.

Yuliy Yusupovga ko‘ra, coliq qo‘mitasi bu bilan butun jahonda e’tirof etilgan aybsizlik prezumpsiyasini buzmoqda. Zero, firmalar sud qaroridan keyingina qonunbuzar, deya tan olinishi mumkin.

Ekspertning ta’kidlashicha, DSQ barcha “shubhali kontragentlar”ni yoppasiga “obnalchilar” deb atagan, ular bilan ishlagan 10 mingta kompaniyani dalil-isbotsiz jinoyatda ayblagan. Minglab firmalarning hisob-raqami muzlatilib, 915 milliard so‘m mablag‘ yechib olinishi aql bovar qilmas holatdir.

Yusupovga ko‘ra, soliq qo‘mitasi naqadar og‘ir bo‘lmasin, o‘z xatosini ro‘y-rost tan olib, biznes vakillaridan kechirim so‘rashi, noqonuniy yechib olingan pullarni qaytarishi va kelgusida xufyona pul aylanmasiga qarshi qonuniy usullar bilan kurashishi kerak.

IIB xodimlari “Tashkent city”da ro‘y bergan jinoyatni yashirishga urinyapti

Joriy yil 16 - fevral kuni kechki soat 22:30 da “Tashkent city” hududida shu yerda ishlovchi I. F. ismli fuqaroga bir necha shaxs tomonidan o‘ta og‘ir tan jarohati yetkazilgan. Bu haqda Telegramdagi Platforma.uz kanali xabar berdi.

22 yoshli I. F. hududdagi axlat qutisiga chiqindi tashlaydi. Hududga mas’ul tozalovchilar esa o‘ta yovuzlik bilan I. F. ni do‘pposlaydi, og‘ir zarbalardan u hushidan ketadi. Shunga qaramay, uni tepishda davom etishadi.

17 - fevral erta tongda I. F.ning ota-onasi og‘ir ahvoldagi farzandini shifoxonaga olib boradi. MRT tekshiruvida yigitning uchta joyi – peshonasi, qovog‘i, burni singani, o‘ng oyog‘ini bosolmay, yura olmayotgani aniqlanadi. Bemor zudlik bilan operatsiya qilinadi. Ammo ichki ishlar mas’ullari “Tashkent city” obro‘sini tushirmaslik uchun holatni tezroq yopdi-yopdi qilishga urinmoqda. Holbuki, yigitning kaltaklanishi “Tashkent city” hududidagi kameralarga muhrlangan.

“Nima sababdan jinoyat sodir qilgan(lar) qonuniy jazosini olmayapti? Vaholanki, bu holat Jinoyat kodeksining 104-moddasiga tegishli. Ichki ishlar xodimlari nima sababdan ish beruvchining faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvini o‘tkazmadi? Vaholanki, Mehnat kodeksining 189, 190, 191, 196, 221 va 222-moddalari to‘liq buzilgan”, deb yozgan Platforma.uz kanali.

Namanganda hokim o‘ziga yangi uy qurdi, atoqli shoirning hovlisi esa xarob ahvolda

Namangan shahrining Bunyodkor mahallasida viloyat hokimi uchun barcha qulayliklarga ega bir necha ming dollarlik konteyner – muvaqqat uy tiklandi. Marhum shoir Chustiyning Chust tumanidagi hovlisi esa xarob ahvolda qolmoqda (“Rost24”, 2 - mart). Bu ikki manzara jamoatchilik tomonidan turlicha talqin qilinyapti.

“Qanday millat bo‘ldik?! Oddiy tuman hokimi o‘rinbosari ham kutubxona yo boshqa ma’rifat o‘chog‘ini tezda buzib tashlab, o‘rniga mebel sexi qurishga izn bera oladi! Ammo hatto katta shahar va viloyat hokimiyati ham o‘n nafar ijodkor chaqirib, o‘zicha bitta xalqaro festival o‘tkaza olmaydi... Sitilar quryapmiz, biroq suratda ko‘rib turganingizdek, katta shoirimiz Chustiy domlaning so‘lim G‘ova qishlog‘idagi hovlisiniyam tashlandiq joydek tashlab qo‘yamiz. Chust tumanida o‘zi uchta katta ulug‘ ajdodimiz bo‘lsa, biri So‘fizoda, yana biri Chustiy domla! Na uylari, na muzeylari bor, na adabiy meroslari bilan tanishish imkoni!” deb yozdi tarjimon va shoir A’zamjon Obidov.

Xabar.uz nashri esa hokimning muvaqqat uyi qisqa muddatda bitkazilganiga e’tibor qaratdi.

“Qiziq, birgina kam ta’minlangan oila 500 ming so‘m ajratilishi uchun oylab kutishi kerak, birgina yer olib tadbirkorlik qilish uchun 30 dan oshiq hujjat yig‘ish asabbuzarligi bor, bir xonali uyingizni remont qilishingiz uchun kamida bir oy vaqtingiz ketadi, pul topsangiz, usta topmaysiz, usta topsangiz, pul topmaysiz. Ammo rahbar uchun pul ham, usta ham, yer ham, vaqt ham chikora ekan. Bu ixchamgina, ammo dachalardek hashamdor ko‘rinishdagi hovlida yashagan hokim xalqqa yanada yaqin bo‘la oladimi yo yana o‘sha gap – tanasi boshqa dard bilmas, deb yozg‘irib yuraveramizmi?” deya mutasaddilarni savolga tutdi Xabar.uz nashri.

XS
SM
MD
LG