Линклар

Шошилинч хабар
25 феврал 2021, Тошкент вақти: 09:57

OzodDayjest: Qotillikda ayblangan “zulfiya”chi qizdan davlat mukofotini qaytarib olish talab qilindi


2014 - yili “Zulfiya” davlat mukofotini olgan Sevara Abdulhakimova

Toshkentda amalga oshirilgan qotillik figurantlaridan biri “zulfiya”chi qiz bo‘lib chiqdi. Andijonda 3 yilda hokimliklarning 256 ta qarori haqiqiy emas deb topildi. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining qaytadan sotuvga qo‘yilishi bahslarga sabab bo‘lmoqda. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

“Zulfiya” mukofoti sohibasi bo‘lgan chempion qiz uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi

Toshkent shahrida 31 yoshli tadbirkor Ravshan Rahmatullayevni vahshiylarcha o‘ldirgan shaxslar ustidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Ilgari o‘g‘rilik va bosqinchilik jinoyatlari uchun sudlangan 31 yoshli Jamoliddin Orifboyev tadbirkor Ravshan Rahmatullayevning pullarini qo‘lga kiritish maqsadida o‘zini “Imona” deb tanishtirib u bilan Telegram orqali muloqotga kirishgan. R. Rahmatullayev “Imona” bilan uchrashishga kelishgan. O‘z vaqtida karate bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan, 2014 - yilda “Zulfiya” davlat mukofotini olgan Sevara Abdulhakimova uchrashuvga chiqib, o‘zini “Imona”ning singlisi sifatida tanishtirgan va R. Rahmatullayevni aldab, J. Orifboyevning Yunusoboddagi uyiga olib borgan. J. Orifboyev jinoiy sherigi Mirmaqsud Mahkamov bilan birga tadbirkorni kaltaklagan, aldov yo‘li bilan uning yaqinlaridan 29 ming dollar olgan. Jinoiy guruh pirovardida uni bo‘g‘ib o‘ldirgan va jasadini bo‘laklarga bo‘lib chuqurga ko‘mib yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi J. Orifboyevga 25 yil, M. Mahkamovga 15 yil, S. Abdulhakimovaga 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

Ushbu xabar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda S. Abdulhakimovaga berilgan “Zulfiya” mukofotini bekor qilish talabi ham ilgari surildi. Xotin-qizlar qo‘mitasining sobiq raisi, hozirda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaga ko‘ra, “Zulfiya” mukofoti sovrindorlari orasida jinoyat sodir etish birinchi bor yuz bermoqda. Shu bois mukofotni qaytarib olishning aniq mexanizmi yo‘q.

“Demak, jinoyat sodir etgan Sevara Abdulhakimovadan ham mukofoti qaytarib olinmasa kerak”, degan E.Bositxonova.

Andijonda hokimlar o‘zini xondek tutmoqdami?!

Andijon viloyati ma’muriy sudi 2017 - yildan 2021 - yilgacha hokimliklarning 256 ta qarorini haqiqiy emas deb topgan (“Hurriyat”, 17 - fevral). Xususan, 2017 - yilda 13 ta, 2018 - yilda 57 ta, 2019 - yilda 87 ta, 2020 - yilda 99 ta qaror noqonunchilikka zid ekani rasman e’tirof etilgan.

“Yuqoridagi ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, viloyatdagi mavjud hokimliklarning chiqargan noqonuniy qarorlari keyingi yillarda kamaymagan, balki yil sayin o‘sib borgani ko‘rinadi. Bu nima degani? Bu oddiy bir tuman hokimi o‘zini xondek tuta boshladi degani emasmi? Aqli yetsa-yetmasa qaror chiqaraveradi. Amaldagi qonun bilan ishi yo‘q”, deb yozgan gazeta.

Prokuraturaga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida Andijon tumani hokimining 85 ta qarori qonun talablariga zid ravishda qabul qilingani aniqlanib, protest keltirilgan.

“Eng yomoni, noqonuniy qaror qabul qilib davlatni, xalqni aldayotgan hokimlarga hech qanday chora ko‘rilmayotgani bo‘lyapti. Shuning uchun ham ular ko‘ngli nimani xohlasa shuni qilyaptimi?!” deya savol qo‘ygan “Hurriyat” nashri.

Gazetaga ko‘ra, bunday holatlarning oldini olish uchun amaldagi qonunchilikda belgilangan jazo choralarini hokimlarga ham qo‘llash maqsadga muvofiqdir.

Neftni qayta ishlash zavodining takror sotuvga qo‘yilishi e’tirozli savollar uyg‘otdi

Joriy yil aprel oyida O‘zbekistondagi 18 ta davlat korxonasi, xususan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining (FNQIZ) 100 foizlik davlat ulushi sotuvga qo‘yiladi (www.daryo.uz, 16 - fevral). Prezident tomonidan 11 - fevral kuni imzolangan “Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi farmonda ushbu talab ko‘zda tutilgan.

FNQIZning takror sotuvga qo‘yilishi e’tirozli savollar uyg‘otdi. Gap shundaki, O‘zbekiston prezidentining 2019 - yil 10 - apreldagi qaroriga ko‘ra (hozirga amalda), Indoneziyaning RT Trans Asia Resources kompaniyasi “O‘zneftmahsulot”ning Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi 100 foiz davlat ulushini 16 million dollar miqdorida boshlang‘ich to‘lovini amalga oshirishi orqali olishi kerak edi. Vazirlar Mahkamasining 25 - apreldagi qarori bilan (u ham hamon kuchda) davlat ulushini amalga oshirish shartlari e’lon qilingan, jumladan, FNQIZ aylanma mablag‘lari uchun kamida 120 million dollar jalb etish belgilangan. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik A’zam va Omon Aslanovlar zavodni modernizatsiyasi va kelajakda rivojlantirishga oid rejalari bilan bo‘lishgandi. Biroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, zavod “Jizzakh Petroleum” MChJ ishonchli boshqaruviga berilgan.

Iqtisodiy mavzularga ixtisoslashgan bloger Otabek Bakirov ushbu holatni “g‘alati” deb baholadi.

“Avval zavodni jamoatchilikka faqat soxta Registon yasab, Qrimda bir necha million dollarlik dabdabali to‘y o‘tkazgan, mablag‘larining kelib chiqishi shubhali ota-bola oligarxlarga topshirasan, keyin 1 yil o‘tmay, ular balki investitsiya majburiyatini bajarmagach (bajarmasligi avval-boshdan ma’lum bo‘lgan) yoki boshqa yopiq kelishuvlarga amal qilinmagach, Kipr ofshori nazoratidagi “Jizzakh Petroleum” MChJ maydonga chiqadi. Kipr ofshori va uning real benefitsiari bilan qaysi masalada kelishuv amalga oshmay qoldi, buyam qiziq” deb yozadi u.

Bloger bunday shubhali holatlar sarmoyadorlar ishonchiga putur yetkazishidan ogohlantiradi.

XS
SM
MD
LG