Линклар

Шошилинч хабар
26 июл 2021, Тошкент вақти: 18:44

OzodDayjest: Qurg‘oqchilik va yaylovlar o‘zlashtirilishi o‘zbek chorvachiligiga xavf solmoqda


Illyustrativ surat

Mutaxassis go‘sht va sut mahsulotlari narxining keskin oshishidan ogohlantirdi. Buyuk Britaniya o‘tgan 12 yil ichida 12 nafar o‘zbekistonlikka “oltin viza” bergani ochiqlandi. Eldor Shomurodov “bunyodkor”chilarni 1,5 oy davomida boqqani ma’lum bo‘ldi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

O‘zbekiston chorvachiligi xavf ostida: yaylovsiz qolgan aholi chorvasini sotishga majbur bo‘lmoqda

Doimiy qurg‘oqchilik va yaylovlarning keskin o‘zlashtirib borilishi oqibatida bugun O‘zbekiston chorvachiligi jiddiy xavf ostida qolmoqda (www.kun.uz, 14 - iyul). Bu haqda qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Nasriddin Xalilov bilan suhbatda ta’kidlangan.

Mamlakatdagi 94-95 foiz chorvani yetishtirib beruvchi aholi vakillarining ko‘pchiligida chorva boqishga joy, yedirish uchun ozuqa yo‘q. Shu sababli odamlar chorvasini bozorda ikki-uch barobar arzon narxda, asosan, qassoblarga sotishga majbur bo‘lmoqda.

“Bugungi kunda O‘zbekistonning yaylov-cho‘l mintaqasida 23 mln qo‘y-echki boqilyapti. Maydonimiz esa 21 mln gektarga yetadi. Bunda Qizilqum, Qarnoqcho‘l, Qoraqum kabi juda katta massivlarni nazarda tutyapman. Mana shu maydonlarning mahsuldorligi pasayishi oxirgi yillarda juda kuchayib ketdi. Bunga sabab esa yaylovlar degradatsiyaga uchradi. Qo‘polroq qilib aytganda, tanazzulga uchray boshladi”, degan professor N. Xalilov.

Ahvol shu darajada davom etib, shoshilinch choralar ko‘rilmas ekan, mamlakatni juda og‘ir oqibatlar: chorva sonining kamayib ketishi, go‘sht va sut mahsulotlari narxining keskin oshishi kutadi.

Mutaxassis ozuqaviy qiymati yuqori va hosilbop o‘simlik urug‘larini ko‘paytirish, yaylov hosildorligini oshirishni tavsiya qilgan.

N. Xalilovga ko‘ra, yaylov yerlari hosildorligini oshirish bo‘yicha ilmiy ishlar g‘arib holga kelib qolgan va davlat tomonidan shu yo‘nalishda tadqiqot olib boradigan olimlar uchun grantlar ajratilishi kerak.

Buyuk Britaniyaning “oltin vizasi”ni olgan 12 nafar o‘zbekistonlik kim?

Buyuk Britaniya 2008-2020 - yillarda 12 nafar o‘zbekistonlikka “oltin viza” bergan, deyilgan korrupsiyaga qarshi kurashish tashkiloti Spotlight On Corruption hisobotida (www.gazeta.uz, 14 - iyul). Tashkilot hisobotni “Noqonuniy pullar uchun qizil gilam” deya nomlagan. Ingliz hukumati O‘zbekistondan aynan kimlarga viza bergani haqida ma’lumot yo‘q.

Mazkur viza investorlarga sarmoya evaziga mamlakatda rezident maqomini olish imkoniyatini beradi. Bir necha yildan so‘ng investor fuqarolikni olishga da’vogar bo‘lishi mumkin. “Oltin viza” narxi taxminan 2 million funt sterlingni tashkil qiladi.

Hisobotga ko‘ra, so‘nggi 12 yil ichida “oltin viza”ning katta qismi korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlar – Xitoy (4106), Rossiya (2526), Honkong (692), AQSh (685), Pokiston (283), Qozog‘iston (278), Hindiston (254) fuqarolari olgan.

Hisobotda 2008 - yildan 2015 - yilgacha bo‘lgan davr “ko‘r-ko‘rona ishonch” davri deb nomlangan bo‘lib, unda “oltin viza”ga da’vogarlarning boyligi tekshiruvdan o‘tkazilmagan. Ushbu davrda berilgan barcha vizalar Ichki ishlar vazirligi tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid mavjudligi bo‘yicha tekshirilmoqda.

Spotlight On Corruption ushbu mexanizm Buyuk Britaniya uchun milliy xavfsizlik, korrupsiya va pul yuvishning tarqalishi bo‘yicha xavf tug‘diradi, deb hisoblaydi.

Ayni paytda “oltin viza” Buyuk Britaniyaga iqtisodiy foyda keltirishi aytilgan. 2008 - yildan buyon mazkur rejim 6,5 mlrd funt sterling investitsiya jalb qilgan.

Eldor Shomurodov Rossiyada qolib ketgan “Bunyodkor” yoshlarini 1,5 oy davomida boqdi

O‘zbekiston terma jamoasi hamda “Jenoa” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov 2020 - yil pandemiya davrida xayrli ishga qo‘l urgani ma’lum bo‘ldi (www.qalampir.uz, 12 - iyul). Bu haqda O‘zbekiston terma jamoasi va “Bunyodkor” fan-klubi yetakchisi Abdurahmon Fozilov co‘zlab bergan.

“Bunyodkor” bolalar jamoasi Rossiyaning Krasnodar shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ishtirok etayotgan vaqtda koronavirus sabab karantin choralari kuchaytirilgan va jamoa o‘sha erda qolib ketgan. 30 kishidan iborat jamoaning zaxirasi mehmonxonada o‘n kun istiqomat qilishga etgan, keyinchalik ularda resurs qolmagan. Bundan xabar topgan Shomurodov Rostovdan Krasnodarga borib, mehmonxona va boshqa xarajatlarni qoplab bergan. Shundan keyin u delegatsiyani Rostovga olib ketgan va 1-1,5 oy davomida ularni ta’minlab turgan.

“Shomurodov 30 kishidan iborat jamoani 1,5 oy davomida boqdi. Bu haqda u na YouTube, na Instagram va na boshqa joyda gapirdi. Uning ishlari ulkan hurmatga loyiq. Shundan keyin u yigitlarni Rostovdan Moskvagacha kuzatib qo‘ydi va samolyotga chiqqungacha bo‘lgan xarajatlarni barchasini qoplab berdi”, degan Abdurahmon Fozilov.

Vaziyat biroz yumshagach, O‘zbekiston FVV maxsus reys orqali “Bunyodkor” yoshlarini ortga qaytargan.

“Eldor Shomurodovning Rossiyada karantinda qolib ketgan yoshlarga bir vatandosh sifatida qayg‘urib, ularga yordam qo‘lini cho‘zgani va “o‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin” qabilida ish tutib, buni hech qayerda ovoza qilmagani tahsinga loyiq… Shunday vatandoshlaring borligidan xursand bo‘lasan odam. Lekin menda bir savol tug‘ildiki, bolalar shunday sharoitda qolib ketganida O‘FA yoki “Bunyodkor” klubi nima qilgan? Bitta futbolchi 1,5 oy ukalarini boqsa, u shahardan bu shaharga olib borib qo‘ysa, nahotki asosiy tashkilotchilar qo‘l qovushtirib o‘tirgan bo‘lsa?” deya mutasaddilarni savolga tutgan Telegramdagi Platforma.uz kanali.

XS
SM
MD
LG