Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2021, Тошкент вақти: 22:00

OzodDayjest: "Til masalasida yon berishlar bo‘lmasligi shart!"


O‘zbekistonda davlat tili to‘g‘risidagi qonun 1989 - yil 21 - oktabrda qabul qilingan.

Davlat idoralariga davlat tilida murojaat qilishga doir qonun loyihasi parlamentda qabul qilinmadi. Taniqli aktrisa qo‘li uzun shaxslar unga jazmanlik taklif etgani haqida so‘zlab berdi. Oliy Majlis deputati tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida shtatlar qisqartirilganini tanqid qildi.

________________________________________________

Davlat tili maqomi masalasi: Nega Rossiyada mumkin, O‘zbekistonda esa yo‘q?

“Milliy tiklanish” partiyasi taklif etgan davlat idoralariga davlat tilida murojaat qilishga doir qonun loyihasi parlamentda qabul qilinmadi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlar hamda mahalliy matbuotda tanqidiy baholandi.

“Biz tomondan til borasida hech qanday yon berishlar bo‘lmasligi shart! Yon berish, kelishish, murosa qilish siyosiy, harbiy, iqtisodiy, tijoriy masalalarda mumkin va kerak. Lekin til masalasida emas!” deb yozadi taniqli yozuvchi va olim Ulug‘bek Hamdam (“Oila davrasida” gazetasi, 29 - aprel).

Yozuvchiga ko‘ra, o‘zbek tili davlat tili maqomida ekan, barcha muloqotlar (jumladan, murojaatlar ham) davlat tilida yurgizilishi, mamlakatda yashayotgan barcha xalqlar davlat tilini o‘rganishi shart.

U.Hamdam O‘zbekistonning til siyosatiga nisbatan Moskva bosim o‘tkazsa, diplomatik yo‘l tutib, Rossiyaning til borasidagi siyosatini o‘ziga ko‘zgu o‘laroq tutishni tavsiya etgan.

“Birovlarning mushugimizni “pisht” deyishlari yomon, albatta. Lekin bunday “pisht”larga e’tibor beradigan darajada zaif ekanligimiz – undan-da yomon. Uyg‘onish, uyg‘onish va yana uyg‘onish kerak! Yo‘qsa, “pisht”lar hademay yeru ko‘kdan yomg‘iru seldek yog‘ila boshlaydi”, deb ogohlantiradi u.

Adliya vazirining maslahatchisi va bloger Shahnoza Soatova ham bu masalaga munosabat bildirib, nega Fransiya yoki Rossiyada yagona tilda ish yuritish majburiy bo‘lishi mumkin-u, O‘zbekistonda mumkin emas degan savolni qo‘yadi.

“Qiziq, Fransiya 51 foiz boshqa tilda gaplashadigan aholisi bilan yagona fransuz tilida ish yuritishni qanday joriy etdi ekan-a? Demokratiya mayog‘i bo‘lgan bu o‘lka xalqaro konvensiyalar talablariga qaramaydimi yo biz xalqaro konvensiyalar talablarini noto‘g‘ri tushunamizmi? Nega fransuzlarda mumkin, bizda esa yo‘q? Nega Rossiyada mumkin, bizda esa yo‘q? Nega Gruziya, Armaniston, Ozarbayjonda mumkin, bizda esa yo‘q?” deb yozdi Sh.Soatova.

Aktrisa Nargiza Abdullayeva: Jazman bo‘lishni rad etganim uchun meni san’atdan uzoqlashtirishdi

Taniqli aktrisa Nargiza Abdullayeva “Sevimli” telekanaliga bergan intervyusida ayrim shaxslarning nojo‘ya takliflariga ko‘nmagani ortidan kinoda ko‘rinmay ketgani haqida so‘zlab berdi.

“Juda katta takliflar tushgan, meni san’atdan olib tashlashgan. Men ularning taklifiga ko‘nmaganim uchun. Shunaqa qo‘li hammayoqqa yetadigan insonlar bor edi. Men ularning jazmani bo‘lmaganim uchun san’atdan uzoqlashishimga to‘g‘ri kelgan”, deydi aktrisa.

Ammo qo‘li uzun shaxslar aynan kim ekaniga oydinlik kiritmagan.

Shuningdek, birinchi turmushidan ajrashgan N.Abdullayeva ikkinchi xotin bo‘lish uchun takliflar bo‘lgani, ammo ularni rad etganini aytgan.

“Ikkinchi oila taklifi ham bo‘lgan, bekitmayman. Hashamatli uy-joy, qimmat mashina, xohlagan joyingizga borasiz, lekin bu mening baxtimmas. Birovning erini bekitib olib yurib ko‘chada... Uniki u, meniki emas... Yaxshi kunlarini men bilan o‘tkazmaydi, to‘y-hashamlarda yonimda turib bera olmaydi”, deydi aktrisa.

Avvalroq Iroda Nosirova, Shahzoda Muhammedova, Feruza Normatova va Jayrona kabi aktrisalar ham Daryo.uz nashriga san’atda nom va non topish yo‘lida nojo‘ya takliflarga duchor bo‘lganlari haqida gapirib bergan edi.

Oliy Majlis deputati tibbiyotda shtatlar qisqarishini tanqid qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova sog‘liqni saqlash tizimi, xususan, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida shtatlar qisqartirilganini tanqid qildi (“O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 2021 - yil 16-son).

Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda bolalar nevropatologi, bolalar otolaringologi, bolalar endokrinologi, bolalar oftalmologi, bolalar ortoped-travmatologi kabi bir qator mutaxassislar soni keskin qisqartirilgan. Pediatr uchun muassasaga bitta ish o‘rni ajratilgan.

“Demak, pediatr 6 soat ishlaydi va soat 14:00 dan so‘ng poliklinikada pediatr shifokor qabuli bo‘lmaydi. Pediatr mehnat ta’tilida yoki kasallik varaqasida bo‘lgan vaqtda ham shu holat”, deydi asli tibbiyot sohasi vakili bo‘lgan deputat.

Chaqaloqlarda emlash ishlarini xavfsiz amalga oshirish uchun albatta nevropatolog ko‘rigi zarur. Bola rivojlanishining nazorati to‘g‘ri olib borilishi uchun ham ma’lum muddatda tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigi talab qilinadi. Ammo taklif qilingan shtat jadvaliga ko‘ra bu ishni amalga oshirishning umuman iloji yo‘q.

“Oilaviy poliklinikalar uchun muassasaga 1 ish o‘rnida akusher-ginekolog shtati taklif qilinmoqda. Oilaviy poliklinikaga 40-50 ming aholi biriktirilgan bo‘lsa, uning teng yarmi ayollardan iborat. Akusher-ginekolog zimmasiga faqat homiladorlar nazorati emas, balki barcha yoshdagi qizlar va ayollardagi ginekologik kasalliklarni aniqlash va davolash yuklatilgani hisobga olinsa, bu me’yorni poliklinika tizimidan mutlaqo bexabar odam taklif qilgani ma’lum bo‘ladi”, deb hisoblaydi M.Vorisova.

Qolaversa, oilaviy shifokorlik punktlari va QVP uchun mudir shtati kiritilmagan. Bu vazifa vrachlardan biriga yuklangan.

“Bunday holatda shifokor aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bemorlarni aniqlash va davolash bilan shug‘ullansinmi yoki bitmas-tuganmas tashkiliy ishlar bilanmi?..” deya savol qo‘yadi u.

Deputat M.Vorisova ambulator-poliklinika tizimidagi barcha muassasalarni aholi soniga qarab toifalarga ajratish va shtatlarni tibbiy yordam hajmiga ko‘ra qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG