Линклар

Шошилинч хабар
26 сентябр 2021, Тошкент вақти: 09:21

OzodDayjest: XDP raisi pensiya tayinlashdagi adolatsizlikdan so‘z ochdi


XDP raisi Ulug‘bek Inoyatov

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari S. Umrzoqov jurnalistlarni tanqidiy maqolalarda haqorat va tuhmatdan tiyilishga chaqirdi. DYHXX hukumat qarorini “ikki chaqaga olmayotgani” ma’lum bo‘ldi. “Korzinka.uz” asoschisi pandemiya davrida kafe va restoranlar faoliyati cheklanayotganidan yozg‘irdi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

Ulug‘bek Inoyatov: Pensiya tayinlashda adolatsizlik ro‘y bermoqda

Ishlayotgan xodimning pensiyaga chiqishida pensiya miqdorini tayinlash tartibi bugungi kun talablariga javob bermaydi. O‘zbekiston xalq-demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatov ana shunday fikrda (“O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 4 - avgust). Xususan, ko‘p sonli aholi oxirgi o‘n yillik mehnat staji asosida pensiya tayinlash tizimiga e’tiroz bildirmoqda.

Ayni paytda pensiya miqdorini hisoblashda oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yil uchun (pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) oylik ish haqi olinadi.

“Bizningcha, bu adolatdan emas. Yoshga doir pensiya miqdorini belgilashda fuqaro ishlagan davridagi istalgan besh yilni o‘zi tanlash imkoniga ega bo‘lishi kerak. Nima uchun? Yaxshi daromad topib, uzoq ishlagan kishi yoshi o‘tgandan keyin kam daromadli ishga o‘tkazilishi yoki sog‘lig‘i tufayli kam haq to‘lanadigan joyda ishlashi mumkin. Nega yoshga doir pensiyani tayinlashda uning yuqori va o‘rtacha daromad topgan paytini inobatga olmaslik kerak? Axir u inson o‘sha paytda ham davlatga belgilangan daromad solig‘ini to‘lagan-ku”, degan U. Inoyatov. Shunga ko‘ra, XDP pensiya miqdorini belgilash tartibini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda.

U. Inoyatovga ko‘ra, mamlakat qonunchiligida to‘liqsiz yoshga doir pensiya belgilashda ham muammolar mavjud.

“Hozir kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxslarga to‘liqsiz yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori 400 ming so‘mni tashkil etmoqda. Ayonki, bu pensionerlarning eng zarur ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun etarli emas”, degan partiya yetakchisi.

Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda 4 million nafarga yaqin pensioner va nafaqa oluvchilar mavjud bo‘lib, ularning aholi sonidagi ulushi 11,5 foizni tashkil qiladi. Shundan 3 million 493 ming nafari pensiya va 422 ming nafari ijtimoiy nafaqa oluvchilardir.

Bosh vazir o‘rinbosari: Jurnalistlar tanqid qilmasa, amaldorlar taltayib ketamiz

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov jurnalistlarni haqoratsiz va tuhmatsiz tanqid qilishga chaqirdi (www.daryo.uz, 2 - avgust).

Umrzoqov o‘z nutqida bir yil avval hayotida kuzatilgan holat haqida gapirar ekan, shaxsiy hayotga doir videoni ruxsatsiz tarqatishga hech kimning haqi yo‘qligini ta’kidlagan.

“2020 - yilning fevralida topshiriq bo‘yicha delegatsiya bilan Turkiyaga ketyapman. Unda hali bizga pandemiya kelmagan, karantin boshlanmagan edi. Samolyot endi qo‘zg‘alyapti, yonimda Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov o‘tiribdi. Unga oddiy, yarim hazil gaplarni aytib suhbatlashdim. Samolyot qo‘nganidan keyin telefonimni yoqsam, tanishlarimdan “Telegram”imga 200 ga yaqin xabarlar kelgan, barchasi bir xil. Hurmatli blogerlarimizdan qaysidir biri samolyotda mendan ikki qator orqada o‘tirib, gaplarimni videoga olgan va “Qani toping-chi, bu qaysi vazir?” deb tarqatib yuborgan. Aslida u yerda hech qanday yomon gap bo‘lmagan. Men umrimning besh yilini Londonda o‘tkazganman. Agar bloger shu ishini o‘sha yerda qilganida, uni sudga berishardi. Chunki odamning shaxsiy hayotidagi videoni ruxsatisiz chiqarishga haqi yo‘q”, degan hukumat vakili.

Ayni paytda bosh vazir o‘rinbosari xolis tanqid muhim ekanini qayd etgan.

“Ishlashimiz kerak, tanqid qilinglar. Tanqid qilmasalaringiz, biz amaldorlar taltayib ketamiz. Bu ham haqiqat, bu hayot qonuni. Lekin tanqid asoslangan, qonun doirasida, haqoratsiz va tuhmatsiz bo‘lishi kerak”, deb hisoblaydi S. .Umrzoqov.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hukumat qarorini oyoqosti qilishda ayblandi

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) xodimi hukumat qaroriga zid ravishda elektron sug‘urta polisini inobatga olmay ma’muriy bayonnoma tuzdi (www.kun.uz, 3 - avgust). Holbuki, Vazirlar Mahkamasining 2020 - yil 14 - dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomda DYHXX xodimlari tomonidan E-polis haqiqiyligini tegishli mobil qurilma orqali tekshirilishi belgilangan. Yuqoridagi holatda esa YHX xodimi haydovchi tomonidan o‘ziga telefonda ko‘rsatilgan elektron sug‘urta polisiga hattoki qayrilib qaramagan. Bu haqda maqola e’lon qilingach, YHX mas’ullari haydovchiga tushunmovchilik ro‘y berganini aytib, ma’muriy bayonnoma tez kunda bekor qilinishiga va’da bergan. Ammo oradan 1 oydan oshiqroq vaqt o‘tsa-da, o‘sha ma’muriy bayonnoma bekor qilinmagan.

“Qonunlarda belgilangan majburiyatlardan ko‘ra o‘z rahbarining, hattoki noqonuniy topshiriqlarini so‘zsiz bajaradigan yo‘l posbonlari bugun biz takror eslagan masalada o‘z tizimining eng yuqori mansabdori (O.Saidov) bergan topshiriqqa ham tupurib qo‘yishdi. Bu voqeada Vazirlar Mahkamasining qarori ikki chaqaga olinmaganini qo‘yaturaylik. DYHXX mulozimlarining o‘zlari bergan va’dasining ustida turmasligi, lafzsizligi ham alohida “e’tirof”ga loyiq”, deb yozgan Kun.uz nashri.

Avvalroq Ichki ishlar vazirligi e-Jarima portali bir necha oy ishlamay yotgani uchun mas’uliyatni bo‘yniga olishdan qochgan edi. Vazirlik portal ishlamasligi haqida oldindan ogohlantirmagan, sargardon qilingani uchun fuqarolardan uzr ham so‘ramagan. IIVning aybi bilan jarimani chegirmali ravishda to‘lash huquqi poymol bo‘lgan fuqarolar masalasi esa hamon ochiq qolyapti.

Zafar Hoshimov: Koronavirusga qarshi kurashda kafelarni qurbon qilmaylik

Taniqli tadbirkor, “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov kafe va restoranlar faoliyati pandemiya davrida cheklanayotgani tarmoq uchun og‘ir bo‘layotgani haqida yozdi. Uning maqolasi bir nechta internet saytlarda chop etilgan. Ta’kidlanishicha, kafe va restoranlar tadbirkorlikning asosiy o‘zagi bo‘lib, mazkur sohada eng ijodkor va jasur, turli risklardan tap tortmaydigan odamlar to‘plangan.

“Biz, shaharliklar, mijozlar uchun kafe-restoranlar shunchaki oshqozon g‘amini eydigan joy emas, balki do‘stlar, yaqinlarimiz va qadrli insonlarimiz bilan uchrashadigan, hayotimizdagi muhim voqealarni nishonlaydigan, muloqot qiladigan, hayajonli daqiqalarni kechiradigan joy hamdir”, deb yozgan tadbirkor.

Z. Hoshimov aynan kafe va restoranlar koronavirusga qarshi urushda aybdor deb topilib, qurbonlikka mahkum etilganini tushunmasligini yozgan.

“Ishonchim komilki, odamlar aynan kafe va restoranlarda virusni yuqtirib olayotganini isbotlaydigan ishonchli tadqiqotlar yo‘q. Gap, albatta, yuzlab odamlar bilan to‘y-tomosha qilish haqida ketmayapti. Albatta, soat 20:00 gacha ham kafe-restoranlarda odamlar to‘planib qolishi mumkin, qolaversa, mavjud talablarga bo‘ysunmasdan ishlayotgan kafe-restoranlar ham bor. Eng yomoni ham shu”, deya ta’kidlagan u.

Qayd etilishicha, yuzaga kelgan ushbu vaziyatni zudlik bilan tuzatib, xodimlari to‘la vaksinatsiya qilingan umumiy ovqatlanish muassasalari uchun yengilliklar berish maqsadga muvofiqdir.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda 2 milliondan ortiq kishi kafe-restoranlar va u yoki bu darajada ularga aloqador bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritadi.

O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish holatlari ortib borayotgani inobatga olinib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2021 - yil 28 - iyundan umumiy ovqatlanish ob’ektlari – kafe, oshxona va choyxonalarning ishlashiga soat 08:00 dan 20:00 gacha ruxsat berilgan edi. 20 - iyuldan esa ularning soat 08:00 dan 20:00 gacha faqat ochiq havoda ishlashiga izn berilgan.

XS
SM
MD
LG