Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:29

Pandemiya: o‘lim va kasallanishlar statistikasi, postkovid va davomli kovid


O‘tgan haftada Rossiya COVID-19 qurbonlari bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘ringa chiqdi: rasmiy qaydlarga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda 150 mingdan ortiq kishi koronavirusdan o‘lgan. Biroq bu statistikaga shubha bilan qaralmoqda. “Liberalnaya missiya” fondi ekspertlari, Rossiya hukumati o‘tgan yilning kuzida ham bahordagi kabi qattiq cheklovlar joriy etganida edi, taxminan 220 ming kishining hayotini saqlab qolish mumkin bo‘lardi, deya ta’kidlashmoqda.

25 - iyul kuni e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Rossiyada har kuni qariyb 24 ming odamda COVID-19 bilan yangidan kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Qurbonlar soni esa kuniga 799 kishiga yetgan.

“Nature Medicine” jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, Rossiyada koronavirusdan emlanishni xohlovchilar Nigeriya, Burkina-Faso va Ruandadagidan ham kam, shu bilan birga, besh kishidan biri vaksinatsiyada “fitna nazariyasi”ni ko‘radi. Odamlarning bu qadar ishonchsizligi qisman Rossiya TV orqali aholiga noto‘g‘ri va zidditli ma’lumotlar berilayotgani bilan bog‘liqdir.

So‘nggi xalqaro tadqiqotlar esa emlanmaganlardan farqli o‘laroq, emlanganlarning koronavirus bilan qaytadan og‘rishi xavfi sezilarli darajada kamayishini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, vaksina insonni yangi mutatsiyalardan ham asraydi.

Dunyoning ko‘p davlatlarida yangidan kasallanish holatlari o‘sishda davom etmoqda. Vyetnam poytaxti Xanoyda lokdaun e’lon qilingan, Buyuk Britaniya va Fransiyada ham bemorlar soni ko‘paygan. Ekspertlar esa vaziyat og‘irlashayotganiga emlanmaganlar sababchiligini urg‘ulay boshladi: aytilishicha, ularning organizmida virus mutatsiyaga uchrashi ehtimoli katta.

AQShda yangi bemorlarning 90 foizi koronavirusning “delta” turini yuqtirib olgan va ularning barchasi emlovdan o‘tmaganlardir. Yevropada ham 68 foiz holatda kasallanish sababi ayni mutatsiyaga borib taqalmoqda.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, “delta” joriy yil boshida Buyuk Britaniyada aniqlangan “alfa” mutatsiyasidan ko‘ra 55 foizga tezroq tarqaladi. Shu bois Yevrokomissiya emlovni tezlashtirishga chorlamoqda. Ayni paytda YeIda 200 mln kishi (aholining 54 foizi) ikki bosqichli emlovdan o‘tgan. Yoz fasli oxirigacha 70 foiz aholini emlash reja qilingan.

“Delta” mutatsiyasi tarqalishi hukumatlarni emlanmaganlarga nisbatan cheklovlar joriy qilishga undadi, ammo bu choralar kamsitish o‘laroq qabul qilinmoqda. Xususan, Slovakiyada norozilikdan so‘ng hukumat emlanmaganlarga bepul test taklif qildi: testdan manfiy natija bilan chiqqanlar emlangan fuqarolar kabi imtiyozlarga ega bo‘ladi.

24 - iyul kuni Avstraliyada ham yangi cheklov choralariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakatda o‘tgan yilning yozidan beri eng yuqori kasallanish darajasi kuzatilmoqda. Kuchaytirilgan karantin cheklovlari amal qiladigan mintaqalarda aholining yarmidan ko‘prog‘i yashaydi.

Fransiyada 21 - iyuldan boshlab kinoteatr va muzeylarga faqat emlanganlargina kiritilmoqda. Hukumat qahvaxona va restoranlar uchun ham ayni qoidalarni joriy etmoqchi. Mamlakat Senati qonun loyihasiga test natijasi manfiy chiqqanlarni ijtimoiy imtiyozlarda emlanganlar bilan tenglashtiruvchi qoidalarni kiritdi. Ammo hujjat emlanishni paysalga solayotgan fuqarolarga nisbatan qattiqqo‘lligi bilan mashhur prezident Makron tarafdorlari nazoratidagi Milliy yig‘ilishda keskinroq tahrirda qabul qilinishi ham mumkin. 24 - iyul kuni Parij va boshqa shaharlarda sanitariya ruxsatnomalari joriy etilishi va majburiy emlovga qarshi ommaviy namoyish bo‘lib o‘tgan edi.

Eng repressiv cheklovlar joriy qilayotgan mamlakatlardan biri – Saudiya Arabistoni. 1 - avgustdan boshlab mamlakatda emlanganini tasdiqlovchi sertifikatsiz bozorlar, restoranlar va savdo shoxobchalariga borish taqiqlanadi. 9 - avgustdan esa emlanmaganlarga xorijga chiqishga ruxsat berilmaydi.

“Davomli kovid

Olimlar 56 mamlakatda koronavirus bilan og‘rigan 3762 bemorni kuzatib, kasallikning og‘ir davri tugaganidan keyin ham davom etgan 203 ta simptomni aniqlashdi. 66 ta simptom esa bemorlarda kasallik yuqishining yettinchi oyida ham saqlanib qolavergan.

Shundan holsizlik, diqqatni jamlay olmaslik kabi simptomlar eng ko‘p kuzatilgan. Gallyutsinatsiyalar, teri qichishishi, hayz davriyligi buzilishi, yurak urishi va bavl qilish bilan bog‘liq muammolar, xotira susayishi kabi belgilar nisbatan kamroq qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “davomli kovid” bilan og‘riganlarning 45 foizi kasallik belgilari yo‘qolmaganligi sababli ish soatlarini kamaytirishni so‘rab murojaat qilishgan.

Avvalroq “davomli kovid”ni o‘rgangan Birmingem universiteti olimlari virus yuqishidan keyingi birinchi haftada beshdan ortiq simptom mavjud bo‘lgan hollarda kasallanish bemorning yoshi va jinsidan qat’i nazar, bir necha oygacha cho‘zilishi mumkin.

Postkovid muammolar

Chex olimlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, hatto sog‘ayib ketgan bemorlar ham kasallikdan so‘ng nevrologik muammolarga duch kelmoqda. Ulardan yarmi uyqu, xotira va nutq buzilishidan hamda diqqatni jamlay olmaslikdan shikoyat qilishadi.

Ammo mutaxassislar postkovid holati haqida xulosa qilish uchun bu ma’lumotlar yetarli emasligini aytmoqda.

“Virus miya hujayralariga kirib olishi mumkin. Qolaversa, u qo‘zg‘atadigan immuna reaksiyasi miyaga yengil va tiklanadigan zarar yetkazadi. Biroq bularni hali sinchiklab o‘rganish zarur. Ko‘ryapmizki, 20-30 foiz bemorlar shunaqa muammolarga duch kelishyapti, ya’ni ularda postkovid bor”, deydi pulmonolog Vladimir Koblijek.

XS
SM
MD
LG