Линклар

Шошилинч хабар
28 сентябр 2022, Тошкент вақти: 11:39

Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimidan chetlatilgan Zaynilobiddin Nizomiddinov kim?


49 yashar Zaynilobiddin Nizomiddinov (chapda) O‘zbekiston siyosatining "kulrang kardinali" deb ta’riflangan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov Qoraqalpog‘istonda kamida 18 insonning hayotiga zomin bo‘lgan qonli voqealar ortidan ishdan olingan birinchi va eng yuqori martabali mulozim bo‘ldi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Nizomiddinov "salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan" lavozimdan bo‘shatilgan.

Ammo uning qaysi ishga o‘tkazilgani va o‘rniga kimning Administratsiya rahbari etib tayinlanishi haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.

Nizomiddinovning iste’fosi rasman Qoraqalpog‘istondagi voqealarga bog‘langan yoki yo‘qligi noma’lum.

Avvalroq Ozodlikning O‘zbekiston hukumatidagi manbalari Prezident Administratsiyasi rahbari Qoraqalpog‘istonda qon to‘kilishiga olib kelgan O‘zbekiston Konstitutsiyasi yangi tahriridagi o‘zgartishlarga bosh-qosh bo‘lganini aytishgandi.

Prezident Mirziyoyevning o‘zi 2-iyul kuni Nukusdagi chiqishida Qoraqalpog‘istondagi voqealar uchun mas’uliyatni mahalliy qonun chiqaruvchilar zimmasiga yuklagan.

49 yoshli Zaynilobiddin Nizomiddinov Shavkat Mirziyoyev Administratsiyasining lavozimni tark etayotgan birinchi rahbaridir.

U sobiq prezident devoniga Mirziyoyev bilan bir vaqtda, u vaqtincha prezident lavozimini egallagan 2016-yil sentabrida o‘tgan va avvaliga Mirziyoyev ijroiya apparatining rahbari etib tayinlangan. Bungacha asli Surxondaryoning Sariosiyo tumanidan bo‘lgan Nizomiddinov bosh vazir Mirziyoyev ijroiya apparatining rahbari edi.

Ozodlik manbalari Toshkent Xalq xo‘jaligi instituti – hozirgi Iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi bo‘lgan Nizomiddinovning Shavkat Mirziyoyevga juda yaqinligi, Mirziyoyev o‘tmishda Nizomiddinovlar oilasining boshqa a’zolari bilan ham bordi-keldi qilganini aytishadi.

Prezident Administratsiyasi O‘zbekistonda rasman hokimiyatning alohida bo‘g‘ini emas, ammo mavjud hokimiyat iyerarxiyasida hal qiluvchi rol o‘ynashi, amalda Vazirlar Mahkamasi va parlamentdan yuqori turishi aytiladi.

Vakolatlariga ko‘ra, Nizomiddinov yuqori hokimiyatda prezidentdan keyingi ikkinchi odamga tenglashtirilgan.

U boshqa vakolatlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan.

Prezident Mirziyoyev 2018-yil 26-avgustida "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini tashkil etish to‘g‘risida" maxsus farmon bilan Karimov davridagi «Prezident devoni»ni «prezident Administratsiyasi»ga o‘zgartirgan edi.

Ayni farmon bilan Administratsiya rahbarining vakolatlari sezilarli darajada kengaytirilgan. U jumladan,

  • davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini va hamkorligini taminlash bo‘yicha vakolatlari amalga oshirilishiga ko‘maklashish;
  • mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquq va erkinliklari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini taminlashga ko‘maklashish, huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • davlat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, suverenitetni muhofaza qilish, O‘zbekiston Respublikasining xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taminlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish

uchun mas’ul bo‘lgan.

Bu vakolatlar Nizomiddinovni O‘zbekiston siyosatining «kulrang kardinali»ga aylantirgan. Ozodlik manbalariga ko‘ra, Nizomiddinov mamlakat tarixidagi eng qudratli Administratsiya rahbari bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan vaqt mobaynida Zaynilobiddin Nizomiddinovning biznes manfaatlari, mamlakatdagi alohida sanoat-moliya guruhlariga yaqinligi va o‘zi tug‘ilib o‘sgan Surxondaryo viloyatidagi qarindoshlarining bizneslari borasida turli ma’lumotlar internetga sizdirilgan.

Xususan, 2020-yil mayida o‘pirilgan Sardoba suv ombori va mamlakatdagi boshqa yirik suv inshootlari qurilishlarining asosiy buyurtmachisi bo‘lgan «O‘zgidroenergo» AJ raisi Abdug‘ani Sanginov Nizomiddinovning hamyurti va yaqin hamkori ekani aytilgan.

Shuningdek, Ozodlik manbalari hozirda qamoqda bo‘lgan bloger Otabek Sattoriy Administratsiya rahbariga yaqin shaxslarning korrupsiyaga aloqadorligi borasidagi ma’lumotlarni tekshirish jarayonida hibsga olinganini iddao qilganlar.

Tahlilchilar Nizomiddinovning prezident Mirziyoyevga yaqinligi va joriy prezident Administratsiyasi, amalda hozirgi hokimiyat vertikali shakllanishidagi rolidan kelib chiqilsa, uning siyosiy sahnadan birdaniga yo‘qolib qolishini ehtimoldan uzoq deb baholashmoqda.

Ularga ko‘ra, Nizomiddinov Qoraqalpog‘istondagi qonli voqealar ortidan jamoatchilik ko‘zida hisobdorlik uchun vazifasidan chetlatilgan yoki “qurbonlikka keltirilgan” bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda, ularga ko‘ra, Administratsiya rahbarining iste’fosi hukumat, jumladan, kuch tizimlari, xususan, DXX rahbariyatida ham kadrlar o‘zgarishiga olib kelishini kutish mumkin.

XS
SM
MD
LG