Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 21:28

Prokurorlar urushi: Bosh prokurorga qarshi korrupsiya iddaolarini kim tekshiradi?


Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning (o‘rtada) Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevni ochiqchasiga korrupsiyada ayblashi Yo‘ldoshevni bu lavozimga tayinlagan prezident Shavkat Mirziyoyevni jamoatchilik qarshisida qiyin ahvolda qoldirdi
Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning (o‘rtada) Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevni ochiqchasiga korrupsiyada ayblashi Yo‘ldoshevni bu lavozimga tayinlagan prezident Shavkat Mirziyoyevni jamoatchilik qarshisida qiyin ahvolda qoldirdi

Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevni korrupsiya va “kriminal guruhlar”ni qo‘llab-quvvatlashda ayblab chiqdi.

Fozilovning iddao qilishicha, mamlakatning qonunchilik ustidan oliy nazoratni amalga oshirish uchun mas’ul idorasi rahbari prokuratura tizimidagi lavozimlarni “savdo rastasiga qo‘ygan kabi” sotgan.

Fozilovning ijtimoiy tarmoqlar hamda mahalliy internet nashrlarida ketma-ket e’lon qilingan videochiqishlarida yangragan iddaolar O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan voqea - birinchi marta prokuror vakolatiga ega rasmiy shaxs amaldagi Bosh prokurorni og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblamoqda.

Keyingi kunlar ichida O‘zbekiston jamoatchiligi orasida shov-shuvga sabab bo‘layotgan Jasur Fozilovning bu chiqishlari Shavkat Mirziyoyev hukumati ichidagi inqiroz ifodasimi?

Shahar prokurori tomonidan o‘z oliy rahbariga qo‘yilayotgan jinoyat iddaolarini tekshirishga O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra¸ qaysi tizim va amaldorlar vakolatli?

O‘zbekiston yaqin tarixida ko‘rilmagan bunday mislsiz harakati uchun Jasur Fozilov jasoratni kimdan yoki qayerdan oldi?

Buxoro shahar prokurori telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagani bois Ozodlik bu savollarni bevosita Fozilovning o‘ziga berish imkoniga hozircha ega bo‘lmadi.

Ayni paytda¸ Ozodlik gaplashgan O‘zbekiston prokuraturasi¸ adliya va hokimiyat tizimining mojaroni yaqindan kuzatayotgan ayrim mutaxassislari jamoatchilikni qiziqtirayotgan bu savollarga oid o‘z kuzatishlarini bildirdi.

Tarmoqda portlagan ichki ziddiyat

11 - dekabr kuni Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov ijtimoiy tarmoqlar orqali prezident Mirziyoyev va prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga murojaat qildi.

O‘tgan hafta davomida o‘zbekistonliklar orasida qizg‘in bahsga sabab bo‘lgan bu chiqishida shahar prokurori Buxorodagi “kriminal guruh”lar faoliyatini tergov qilgani bois¸ shaxsan Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev bosimiga uchraganini iddao qildi.

Fozilovning aytishicha¸ uning ustidan Bosh prokuraturaning ichki xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmasi xizmat tekshiruvi boshlagan va maqsad uni "yo‘q qilish"ga qaratilgan.

Kriminal avtoritetni podderjivat qilib¸ o‘zining xodimini jinoyatchiga aylantiradigan Bosh prokuror bugunni o‘zida chetlashtirilishi kerak bu tekshirishdan. O‘zi kadri bilan inspeksiyasini olganiga ularning jinoyatlari boshida shu turibdi. Man qaysi kadrdan qancha olganigacha bilaman”¸- deya iddao qildi o‘z videomurojaatida Jasur Fozilov.

Fozilovning birinchi videomurojaati bilan bir kunda e’lon qilingan rasmiy bayonotida Bosh prokuratura buxorolik tadbirkorning “shahar prokurori J.Fozilovning noqonuniy xatti-harakatlari haqidagi arizasi tekshirilayotgani bois u 2 - dekabr kuni xizmat vazifalarini bajarishdan vaqtincha ozod qilingani”ni bildirdi.

Ichki nizomda yo‘q harakat

Buxoro viloyati prokuraturasining Ozodlik gaplashgan sobiq tergovchisi, Jasur Fozilov “o‘zining qamalishi aniq bo‘lgani uchun” ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat bilan chiqishga qaror qilganini aytadi.

Fozilovning o‘zi prokuror¸ tergovchi. Prokuratura¸ DXX¸ IIV dagilar oddiy odamlar emas¸ tepadagilarga yoqmay qolgan¸ kerak bo‘lmay qolgan o‘z kadrlariga nisbatan ham istalgan kuni delo ochib¸ qamatib yuborish mumkinligini juda yaxshi biladi. Bosh prokuror “yo‘q qilinglar” degan bo‘lsa¸ ertaga qamab yuborishlarini bilgani uchun shunday chiqish qildi. Bu uning o‘zini himoya qilish uchun eng so‘nggi chorasi¸ deb o‘ylayman”.

Buxoro prokuraturasining sobiq tergovchisining aytishicha¸ ichki nizomga muvofiq, prokuratura xodimi o‘z rahbarlarining noqonuniy hatti-harakatlari ustidan ichki xavfsizlik inspeksiyasiga yozma murojaat qilishi kerak. Fozilovning ochiq murojaat qilishga qaror qilgani uning "o‘zi xizmat qilgan tizimga ishonchi qolmagani" ni anglatadi.

Nizomga amal qilib¸ o‘zidan tepadagilarni korrupsiya¸ poraxo‘rlik yoki manfaatlar to‘qnashuvida ayblab, inspeksiyaga murojaat qilgan xodimning o‘zi uchib ketadi bu tizimda. Shaxsan men shunday murojaat qilganman. Ammo men faoliyati tekshirilishini so‘ragan odamlar qolib¸ mening o‘zimni “tuhmat”da ayblab¸ qamoqqa olishdi. Sistemani ichidan bilgan odam sifatida Fozilov¸ ichki nizomga amal qilishdan foyda yo‘qligini yaxshi tushunadi. Shuning uchun chiqmagan jondan umid, tariqasida prezident va administratsiya rahbariga murojaat qildi¸ deb o‘ylayman”¸ - deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan prokuraturaning sobiq xodimi.

Korrupsiya va huquqiy boshboshdoqlik

Toshkentlik advokat Ruhiddin Komilov Jasur Fozilov chiqishini “davlat amaldorlarining joriy siyosatdan noroziligi ifodasi” deya talqin qiladi.

-Oddiy xalqning mamlakatdagi ahvoldan noroziligi sir bo‘lmay qoldi. Mamlakatni yo huquqiy savodi umuman yo‘q yoki chalasavodlar boshqaryapti. Pachkalab chiqarilayotgan qarorlarning ko‘pi konstitutsiya¸ yoki mavjud qonunlar¸ yoki prezidentning o‘zi chiqarib qo‘ygan oldingi qarorlarga zid. Ularni ijro qilish xaos holda. Xohlagan hokim¸ xohlagan sudya xohlagan qarorini ro‘kach qilib¸ o‘ziga kerak qarorni chiqarib yotibdi. Oddiy xalq¸ tadbirkor dodini kimga aytishni bilmay qoldi. Fozilovning chiqishi bunaqa vaziyatdan davlatning vakolatli amaldorlari ham to‘yganini ko‘rsatadi. Huquqiy nigilizm hukmron vaziyatda ular ham o‘zlarining huquqsizligini tushunyapti. Fozilov shuni ochiq aytgan birinchi amaldor bo‘ldi¸- deydi Komilov.

Salbiy qahramondan ijobiy qahramonga?

Prokuratura tizimida amaldorlik qilgan Fozilovning chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zi tozami?” qabilidagi shubha va e’tirozlarni ham uyg‘otgan. Ruhiddin Komilovning fikricha, Fozilovning qadami “aktyorlarning hammasi salbiy qahramon bo‘lgan sahnada” nisbatan ijobiy qahramonlar chiqib kelishiga eshik ochishi mumkin.

- Hozirga qadar tuzumga xizmat qilgan amaldorlar qamoqqa ketsa ketardiki¸ o‘zidan kattaroq jinoyatchi yoki o‘g‘riga qarshi ochiq gapirishga botina olmas edi. Jasur Fozilov birinchi shunday amaldor bo‘ldi. Bu siyosatdan norozi boshqa amaldorlar¸ xususan¸ toza kadrlarning ham o‘z noroziligini ochiq bildirishiga turtki bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hozir jamoatchilik uning tarafida turib¸ mamlakat oliy rahbarlaridan biri bo‘lgan Bosh prokuror faoliyatiga nisbatan bildirilgan iddaolarning jiddiy tekshirilishini talab qilishi lozim.

Maxsus komissiya

11 - dekabr kuni e’lon qilingan videomurojaatida Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov prezident Shavkat Mirziyoyev hamda uning administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovdan o‘z iddaolari yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni so‘radi.

Bu murojaatdan uch kun o‘tib¸ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi Jasur Fozilov o‘z videomurojaatida tilga olgan “qonunbuzarlik holatlari”ni “har tomonlama va xolisona tekshirish hamda holatga baho berish maqsadida” Respublika idoralararo komissiyasi tuzilgani haqida rasmiy xabar tarqatdi.

Bu komissiyaga “Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasining mas’ul xodimlari kiritildi”.

Xalq qabulxonasi Bosh prokuror faoliyatini tekshirishga vakolatlimi?

Toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilov bu savolning javobini O‘zbekiston Konstitutsiyasi va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonundan izlash kerakligini aytadi.

-Konstitutsiya va qonunga ko‘ra¸ Bosh prokurorni prezident tayinlaydi va uni lavozimidan ozod qiladi. Senat prezident qarorini tasdiqlaydi. Bosh prokuror davlat tepasida turgan sanoqli oliy amaldorlardan biri va uning faoliyatini tekshirishga faqat uni bu lavozimga tayinlagan yoki tasdiqlaganlar vakolatlidir¸ - deydi Komilov.

Uning fikricha, shu bois ham Jasur Fozilov videomurojaatidagi iddaolarni o‘rganish uchun tuzilgan maxsus komissiya Bosh prokurorga bildirilgan ayblovlarni tekshirishga vakolatli emas.

-Xalq qabulxonasi tuzgan komissiya¸ uning strukturasidan¸ Jasur Fozilovning o‘zini tekshiradiganga o‘xshayapti. Yerdagi odamning osmondagiga qo‘li yetmagandek¸ bu komissiyaga kirganlarning Bosh prokurorni tekshirishga vakolati yo‘q. Bunday komissiya tuzish haqida shaxsan Bosh prokurorni tayinlagan Shavkat Mirziyoyev buyruq berishi¸ komissiyaga esa¸ bu tayinlovni tasdiqlagan Senat raisi bosh bo‘lishi kerak. Faqat shunday komissiyaning Bosh prokuror faoliyatini taftish qilishga huquqiy asosi bo‘ladi. Qolgani¸ jamoatchilikni chalg‘itish uchun qilingan maynavozchilikdan boshqa narsa emas¸ - deydi Komilov.

Bosh prokurorni korrupsiyada ayblagan prokurorni nima kutmoqda?

Ozodlik suhbatlashgan prokuratura va adliya tizimi mutaxassislari bu savolga turlicha mulohaza bildirdi.

Buxoro prokuratura tizimining sobiq tergovchisi¸ Jasur Fozilovning ijtimoiy tarmoqda ovoza bo‘laëtgan videochiqishlaridan keyin uni qamoqqa olish Shavkat Mirziyoyev hukumatining “shundoq ham to‘kilib bo‘lgan obro‘sini”ni yanada to‘kishini aytadi.

Fozilovni nafaqat prokuratura tizimi xodimlari¸ balki oddiy xalq ham ko‘rib turgan korrupsiya haqida¸ uning tepasida shaxsan Bosh prokurorning o‘zi turgani haqidagi gaplaridan keyin uni qamashsa¸ bu eng katta rahbarning korrupsiyaga ko‘z yumishini tasdiqlaydi. Ijtimoiy tarmoq prezident va uning korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi ustidan uzil-kesil salbiy xulosasini chiqarmay qolmaydi. Shuning uchun¸ Fozilovni qamashga botinishmaydi¸ uni sistemadan chetlatish bilan cheklanishadi¸ deb o‘ylayman. Lekin hech kim va hech narsaga ishonch qolmagan hozirgi sharoitda¸ buning tersi bo‘lishi mumkinligini ham tushunaman”¸ - deydi Fozilov hamkasblaridan biri.

Ozodlik gaplashgan Toshkent hukumatiga yaqin boshqa bir mulozim¸ Jasur Fozilovning videomurojaati prezident administratsiyasi tomonidan o‘z foydasiga ishlatilishini taxmin qiladi.

Yangi yil oldidan aksar aholining kayfiyati ëmon. Gaz yo‘q¸ svet yo‘q¸ qimmatchilik¸ davlat xodimlari ham oyligini vaqtida ololmay yuribdi¸ bayram qiladigan sabab deyarli yo‘q. Shunday paytda shahar prokurori Bosh prokurorga tashlanyapti – olomonni chalg‘itish uchun ana tomoshayu¸ mana tomosha! Fozilovning chiqishini “erkinlik¸ ochiqlik” siyosati bilan izohlashadi¸ lekin tomoshaning hovuri bosilgandan keyin¸ uni sekin yo‘q qilishadi”.

Jasur Fozilov jasoratni qayerdan oldi?

O‘zbekiston joriy hokimiyat tizimlaridagi ichki vaziyatdan xabardor Ozodlik suhbatdoshlari Jasur Fozilov chiqishini mamlakatdagi iqtisodiy klanlarning “davlat va xalq mulkini” o‘zlashtirish jarayonidagi maxfiy kurashining ochiqqa chiqishi sifatida talqin qildi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng iqtisodning serdaromad sohalari egalari sekin-astalik bilan almasha boshladi. Ichki ziddiyat ochiq nizoga aylanmasligi uchun Mirziyoyev Karimov davri oligarxlariga srazu tashlanmadi. Lekin yer va yirik davlat kompaniyalari¸ qolaversa bozorlarning xususiylashtirilishiga start berilganidan keyin¸ Karimov muvozanatda ushlab kelgan iqtisodiy klanlar¸ olib qolganini bermaslik¸ yanada ko‘prog‘ini olib qolish harakatiga tushdi. Fozilov O‘ktam Barnoyev bosh bo‘lgan klanning a’zosi. Barnoev Mirziyoyev o‘zi yetishtirgan sadoqatli kadr edi. Tirikligida Mirziyoyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri dostupi bo‘lgani uchun Barnoyevning territoriyasiga hech kim¸ hatto Bosh prokuror ham qo‘l sola olmadi. Lekin o‘lganidan so‘ng¸ Barnoyev boshqargan klan mulki pererazdel qilina boshlandi. Fozilov va Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘rtasidagi ziddiyat¸ aslida ular mansub klanlarning katta kurashining ochiqqa ko‘chgani¸ Mirziyoyevning bu kurashni Karimov kabi ko‘rpa tagida ushlab turishga kuchi yetmayotgani ifodasidir ”¸ deydi Toshkent hukumatiga yaqin Ozodlik suhbatdoshi.

Jasur prokuror jimlikka ketdi

Ozodlik 15¸ 16 - dekabr kunlari Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning o‘zi bilan bevosita gaplashib¸ videomurojaatdan tug‘ilgan savollarga javob olishga urindi.

Fozilovniki ekani aytilgan mobil telefonlarga ikki kun davomida bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik so‘rovi bilan Jasur Fozilov bilan bog‘lanishga uringan buxorolik bloger 16 - dekabr kuni maxsus komissiya tuzilishi ortidan unga “jim o‘tirish buyurilgani”ni bildirdi.

Hech kimga intervyu bermayapti ekan. Ikkita tanish jurnalist ham gaplasholmay qaytib ketdi... Fozilovning ustidan ariza yozib bergan qurilish kompaniyasi rahbariga ham Toshkentdan intervyu berishga otboy berishibdi. Komissiya tuzilgach¸ ikkala tomon ham jimib qoldi"¸ - dedi buxorolik bloger.

Mirziyoyev vs Bosh prokurorlar

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakatning uch Bosh prokurori korrupsiyada ayblanib¸ jinoiy javobgarlikka tortildi.

Islom Karimov davrida Bosh prokuraturani 15 yil boshqargan Rashitjon Qodirov 2019 - yilning 26 - iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi hukmi bilan 10 yilga ozodlik mahrum etildi.

2019 - yilning 27 - sentabrida O‘zbekiston Harbiy sudi jinoiy uyushma tuzganlikda aybdor topilgan Ixtiyor Abdullayevni 18 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Ixtiyor Abdullayev 2015 - yil aprelidan 2018 - yil 31 - yanvariga qadar respublika Bosh prokurori lavozimida ishlagan.

2020 - yil 25 - fevral kuni O‘zbekiston Harbiy sudi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan yana bir sobiq Bosh prokuror Otabek Murodovga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

45 yashar Otabek Murodov O‘zbekiston tarixidagi eng yosh Bosh prokuror sanaladi. 2018 - yil 31 - yanvar kuni Bosh prokuror Ixtiyor Abdullayev DXX raisi etib tayinlanishi ortidan Murodov Bosh prokuror etib tayinlangan edi.

Ikki yildan kamroq muddat ichida Otabek Murodov O‘zbekiston prokuratura tizimini jamoatchilik va matbuot uchun ochgan liberal rahbar sifatida e’tibor qozondi.

XS
SM
MD
LG