Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 02:51

Putin bilan “yaqin munosabatda”. Alina Kabayeva nima uchun sanksiyaga tushdi?


Badiiy gimnastika bo‘yicha Olimpiada chempioni Alina Kabayeva Kremldagi taqdirlash marosimida. Moskva, 21-dekabr, 2005
Badiiy gimnastika bo‘yicha Olimpiada chempioni Alina Kabayeva Kremldagi taqdirlash marosimida. Moskva, 21-dekabr, 2005

Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etdi: individual sanksiyalar qo‘llangan rossiyaliklar “qora ro‘yxati”ga Alina Kabayeva bilan uning buvisi, Rossiya prezidentining sobiq xotini Lyudmila Putina, uning amakivachchalari, jiyani va boshqa qarindoshlari kiritilgan. Britaniya hukumati press-relizida aytilishicha, Alina Kabayeva Vladimir Putin bilan “yaqin munosabatda”. Jahon OAVlari ularning umumiy farzandlari borligi haqida yozgan edi.

Sanksiyalar ularga Buyuk Britaniyaga kirish taqiqlanishini va mamlakat hududidagi barcha aktivlari muzlatilishini nazarda tutadi. Advokat hamda “Navalniy jamoasi” a’zosi Lyubov Sobol “Nastoyashcheye vremya” telekanalida ushbu xabarga izoh berdi, shuningdek Vladimir Putinning yaqinlaridan kimlar “qora ro‘yxat”ga tushish uchun ko‘proq imkoniyatga ega ekanini aytdi.

– Kabayevaga nisbatan sanksiyalar ramziy jihatdan qanchalik muhim?

– Men bu sanksiyalar ramziy tusga ega, deb o‘ylamayman. Buyuk Britaniya sanksiya qo‘llagan bu odamlar Putinning yaqinlari va oila a’zolarigina emas, ular – Vladimir Putinning “cho‘ntaklari”, ya’ni uning boyliklarini saqlab kelayotganlar. Menimcha, bu sanksiyalar anchagina jiddiy. Va men boshqa mamlakatlarni shunaqa sanksiyalar joriy etishga chaqirgan bo‘lardim. YeI mamlakatlari, AQSh va, albatta, Shveysariyani nazarda tutyapman. Alina Kabayeva, uning singlisi va onasi Shveysariya sanksiyalariga yo‘liqishini juda xohlayman.

Meni o‘tgan juma kuni “xorijiy agent” deb topishdi, Shveysariyada Putinning bolalarini tug‘ayotgan Kabayevani esa “xorijiy agent” deyishmaydi. Sanksiyalar uni chetlab o‘tyapti. Rossiya pasportiga ega odamlar Chexiyada muammolarga duch kelishayotganidan xabarim bor. Ularni universitetlardan haydashyapti. Nevzorovga bankda hisob ochishiga ruxsat berishmadi, Dmitriy Gudkovda ham shunga o‘xshash muammoga uchragan. Demokratiya uchun kurashayotgan, jonlarini xatarga qo‘yayotgan kishilar sanksiyalardan jabr chekyaptiyu Kabayevaga, Potaninga jin ham urmaydi. Nega ularga individual sanksiya yo‘q?

Putin rejimini dastaklayotgan, unga tirgak bo‘layotgan, boyliklarini saqlab berayotgan odamlar xuddi shular, ularning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi juda muhim. Buyuk Britaniya birinchi mamlakat bo‘ldi, uning rahbarlari va bunga aloqador barcha mulozimlariga rahmat aytaman. Barakalla sizga!

Lyubov Sobol “Nastoyashcheye vremya” efirida.
Lyubov Sobol “Nastoyashcheye vremya” efirida.

– Biroq Kabayeva ro‘yxatga shunchaki Putin bilan yaqin munosabatda bo‘lgani uchun kiritilmadi-ku?

– Albatta. Men yutub-kanalim uchun tayyorlagan roligimda Kabayeva nega sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lishi lozimligi haqida batafsil so‘zlab bergandim. Kabayeva bilan Putinning qarindoshligi va ularning er-xotinligi rasman tasdiqlanmagan. Ammo aniq-ravshan boshqa ma’lumotlar bor: Kabayeva ko‘p yillar “Milliy mediaxolding”ga rahbarlik qilgan. Bu Putinning bosh propaganda resursi va tuzilmasi. Kabayeva Davlat Dumasi deputati va Jamoatchilik palatasi a’zosi ham bo‘lgan. Uning “xizmat”larini uzoq sanash mumkin. Shu bois propagandachi o‘laroq unga sanksiyalar tatbiq etilishi kerak. Sanksiyaga olish uchun boshqa sabablar ham borligini yaxshi bilamiz.

– Bizning Bryusseldagi manbalarimiz YeI tayyorlayotgan ro‘yxatda Kabayeva borligini aytishmoqda. Biroq Yevroittifoq qaror qabul qilishni paysalga solyapti. Shveysariya ham. Negaligini bilasizmi?

– Yevropa Ittifoqida jur’atli mamlakatlar bor, jur’atsizlari bor. Urush davom etmoqda, Putin Yevropaning zaif joylarini payqayapti. Amerika Putindan qo‘rqqani uchun Kabayevaga qarshi sanksiyalar qo‘llamaydi, degan mazmundagi “sizdirmalar” ham yaxshilikka emas. Putinning qarshisida zaiflikni sezdirib qo‘yish juda xavfli. Boshqa tarafdan YeIda sanksiyalarni ko‘psonli mamlakatlar bilan kelishish kerak, nachora, bu demokratiya – hammaga buyruq beradigan yagona boshliq yo‘q. Murosayu madora. Qarorlar zudlikda qabul qilinavermaydi. Ammo boshqa muhim jihat ham bor: sanksiyalar turkumlab va izchillik bilan joriy etilmoqda.

Qurbaqani qozonda past olovda qaynatish kerak; cho‘kayotgan kemadagi odamlarga o‘zlarini qutqarib qolishlari uchun imkon beriladi. Toki kimdir o‘z pozitsiyasini ayta olsin, xatti-harakatlari yoki tavbasi bilan o‘zini ko‘rsatsin, aqalli Putinning jinoyatkorona urushini qoralasin. Bu taktika bir qadar ish beryapti, ko‘ryapmiz.

Mana, Tinkov ritorikasini o‘zgartirdi. “Gazprombank”ning sobiq top-menejeri ritorikasini o‘zgartirdi. Sanksiyalar turkumlab kuchga kiritilarkan, odamlarga mujda yo‘llanmoqda: “Putinning jinoyatkorona urushida qatnashmaslik, Yevropadan va yevropacha qadriyatlardan umrbod uzilib qolmaslik uchun sizda hali imkon bor”, deyilyapti.

– Jurnalistlar va siz o‘zingiz ham Putinning “cho‘ntak”lari haqida ko‘p gapirasiz. Bu odamlarning nomiga Rossiya prezidenti tasarrufidagi aktivlar rasmiylashtirilgan. Sizningcha, ular sanksiyaga tushishda davom etadimi? Keyingi nomzod kim bo‘lishi kerak?

– Albatta, Abramovich-da. Yana Potanin ham. Unga qarshi sanksiya qo‘llash qiyin, chunki nikel bozoridagi ulushi juda katta. Hozir uning oshig‘i olchi – Tinkovning bankdagi ulushini sotib olyapti. Rossiya Forbes’ida ikkinchi o‘rinda. Hechqisi yo‘q, sanksiya mashinasi u tomonga ham yo‘l topadi bir kuni. Ayni paytda eng muhimi bu neft-gaz embargosi, hamma shuni muhokama qilyapti.

Biz Navalniy jamoasi sifatida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi shart bo‘lgan olti ming kishidan iborat ro‘yxat tuzdik. Ular – Putin rejimining benefitsiarlari va ayni chog‘da tayanchlaridir. Putinning u yoki bu sohadagi “paypaslagichlari” yoki “qo‘llari” bular. O‘ylaymanki, ularga ham navbat keladi.

– Xuddi shu olti ming kishi haqida so‘ramoqchi edim: muayyan odam hisoblari muzlatilishiga loyiq deb topilishi uchun qanaqa yuridik asoslar keltirasiz, dalillarni qanday to‘playsiz?

– Ro‘yxat e’lon qilingan. Bu ishlarga birinchi galda Leonid Volkov mas’ul. U yaqinda o‘z sahifasida Yevroittifoq bu odamlarga sanksiya qo‘llashni muhokama qilgani haqida yozdi. Hozirda uning vazifasi – sanksiyalarni Amerika bilan muhokama qilish. Biz madaniy dunyoga Putinni qo‘llab-quvvatlayotgan, korrupsion siyosat yuritishda va Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini olib borishda unga ko‘maklashayotgan bu jinoyatchilar bo‘yniga sanksiyalardan sirtmoq solishni taklif qilyapmiz. Dalillar esa individual tartibda to‘planmoqda.

XS
SM
MD
LG