Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:45

Putin jismoniy shaxslarni «xorijiy agentlar» deb e’lon qiluvchi qonunni imzoladi


Prezident Putin Kreml targ‘ibotchisi bo‘lgan Russia Today televizion kanali bosh muharriri Margarita Simonyan bilan - 10 - dekabr, 2015
Prezident Putin Kreml targ‘ibotchisi bo‘lgan Russia Today televizion kanali bosh muharriri Margarita Simonyan bilan - 10 - dekabr, 2015

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2020 - yil tugashidan 2 kun oldin parlament tomonidan avvalroq qabul qilingan va mavjud cheklovlarni kuchaytirib, yangi cheklovlarni joriy qiluvchi qator qonun loyihalarini imzoladi.

Imzolangan qonunlar orasida jismoniy shaxslarni, ya’ni Rossiya fuqarolarini «xorijiy agentlar» deb belgilash imkonini yaratuvchi qonun ham bor. Qonun yuridik ma’lumotlar rasmiy internet-portalida allaqachon nashr etildi. Shu sababdan uning kuchga kirganini xulosa qilish mumkin.

Qonunga ko‘ra, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan yoki Rossiyaning «harbiy-texnik faoliyati sohasida atayin ma’lumot yig‘ish» bilan mashg‘ul hamda buning evaziga chet eldan mablag‘ oladigan fuqarolar «xorijiy agentlar» deb belgilanishi mumkin. Siyosiy faoliyatga esa mitinglar uyushtirish, saylovlarni nazorat qilish, partiyalar faoliyatida ishtirok etish, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida «ommaviy chiqish» qilish, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari to‘g‘risida «fikrlarni tarqatish» misol bo‘la oladi.

O‘z faoliyati qonunda belgilangan mezonlarga mos keladigan shaxslar ularni «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritishlari uchun o‘zlari murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tmagan tashkilotlar va jamoat birlashmalari ham «chet el agentlari» deb topilishi mumkin.

Qonun talablarini buzganlar javobgarlikka tortiladi. Bunday shaxslar avval ma’muriy, keyin esa jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Jinoiy javobgarlik to‘g‘risida chorshanba kuni Putin alohida qonun loyihasini imzoladi. «Chet el agenti» sifatida ro‘yxatdan o‘tishdan qochganlar jarimaga tortiladi yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi. Ushbu qonun 2021 - yil 1 - martdan kuchga kiradi.

Ushbu qonun loyihasi qabul qilinishidan oldin Rossiyada jismoniy shaxslar ommaviy axborot vositalariga tenglashtirilib, «xorijiy agent» deb belgilanishi mumkin edi.

Ikki kun oldin birinchi marta besh nafar fuqaro «xorijiy ommaviy axborot vositalari agentlari» ro‘yxatiga kiritildi. Ular orasida huquq himoyachisi Lev Ponomaryov va jurnalistlar bor.

Putin, shuningdek, Rossiya ommaviy axborot vositalariga qarshi senzuraga qo‘l urgan chet el ijtimoiy tarmoqlarini bloklash imkonini beruvchi qonun loyihasini ham imzoladi. Endilikda bosh prokuror Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda axborot resurslariga «Rossiya ommaviy axborot vositalariga qarshi diskriminatsiya qiluvchi nashr» maqomini berishi mumkin. Qonun loyihasi YouTube, Twittter va Facebook kabi saytlarga ham tadbiq etiladi.

Bu orada «Roskomnadzor» mamlakatga YouTube saytiga muqobil sayt ishlab chiqish kerakligini aytdi. «Roskomnadzor» AQSh sayti bo‘lmish YouTubeda kontentni senzura qilishda qator muammolarga duch kelayotgani ma’lum.

Idora 29 - dekabr kuni e’lon qilgan bayonotda «Rossiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchi yo‘qligi sababli, YouTube hanuz almashtirib bo‘lmaydigan resurs bo‘lib qolmoqda», deyiladi.

Bayonotda ruslarning xorijiy ijtimoiy tarmoqlarga qaramligini kamaytiradigan «ommabop ekvivalentga» ehtiyoj borligi qo‘shimcha qilindi.

Rossiyaliklar kontent uchun tobora ko‘proq YouTube va Instagram singari xorijiy ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgani tufayli Kreml mamlakatda axborot tarqalishini nazorat qilish imkoniyatini yo‘qotmoqda.

Putin mamlakatdagi asosiy telekanallar nazorati Kreml qo‘lida bo‘lgani uchun yigirma yillik faoliyati davomida o‘z reytingini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG