Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:54

Putin Lukashenkoni kimning yaxtasida aylantirdi?


Putin va Lukashenko Qora dengizda - 29 - may, 2021
Putin va Lukashenko Qora dengizda - 29 - may, 2021

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yilning avgustidan buyon Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan to‘rt marta uchrashdi. So‘nggi uchrashuv 5 soatdan uzoq vaqt davom etganiga qaramay, Kreml atigi 7 daqiqalik videolavhani e’lon qildi.

Uchrashuv tafsilotlari oz bo‘lgani sababli, ko‘plab kuzatuvchilar 29 - may kuni bo‘lib o‘tgan norasmiy muzokaralar 54 metrli hashamatli yaxtada o‘tkazilganiga e’tibor qaratdi.

«Aftidan, bir oyda 10 000 dan 40 000 rublgacha ishlab topadigan rossiyaliklar... Putinning 30 million yevrolik yaxtasi borligidan faxrlanadi», deb yozdi “Twitter” foydalanuvchilardan biri istehzo bilan.

31 - may kuni «Dojd» mustaqil telekanali «Chayka» deb nomlanuvchi yaxta Turkiyada qurilgani va uni Rossiya hukumati 2011 - yilda sotib olgani haqida xabar berdi.

Shuningdek, «Dojd» telekanali Putin va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 2018 - yilda ayni shu yaxtada uchrashganini eslatdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 28–29 - may kunlari Sochida o‘tkazilgan muzokaralar davomida Moskva Minskka berilgan 500 million dollar qarzdan voz kechgan hamda taraflar Rossiya va Belarus o‘rtasidagi parvozlar sonini ko‘paytirishga kelishi olgan.

Lukashenko hukumati 23 - may kuni Gretsiyadan Litvaga yo‘l olgan “Ryanair” shirkati uchog‘ini Minskka majburan qo‘ndirib, reys yo‘lovchilaridan belaruslik muxolifatchi bloger Roman Protasevich hamda uning qiz o‘rtog‘i Sofya Sapegalarni hibsga olgan edi. Bu holatni G‘arb davlatlari keskin qoraladi va Yevropa avialiniyalari Belarus havo hududini chetlab o‘ta boshladi.

Rasmiy bayonotlarda Rossiya va Belarus o‘rtasidagi yaqin, ammo tez-tez keskin tus oladigan munosabatlarga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim masalalar haqida lom‑mim deyilmadi. Shu sababdan ijtimoiy tarmoqlarda kuzatuvchilarning Putin va Lukashenko dengiz bo‘yida tushgan fotosuratlarga izoh berishdan boshqa iloji qolmadi. Ayrimlar hazil bilan, boshqalari g‘azab bilan hashamatli yaxta haqida sharh yozdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Putin 2020 - yilda taxminan 136 ming dollar maosh olgan. Prezident o‘z deklaratsiyasida kamtarona kvartira, Sovet Ittifoqi davrida ishlab chiqilgan uchta avtomobil va marhum otasidan meros qolgan kichik lager treylerini sanab o‘tdi.

Ammo qariyb 22 yil prezident yoki bosh vazir o‘laroq ishlagan Putin ulkan shaxsiy boylik to‘plagani aytiladi. 2012 - yilda marhum muxolifatchi Boris Nemsov Putinga tegishli bo‘lgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan vertolyotlar, samolyotlar, uylar, qimmatbaho soatlar hamda to‘rtta yaxta haqida hisobot yozgan edi.

Hisobotda «Chayka»ga o‘xshash 54 metrli yaxta ham tasvirlab berilgan. Ammo unda «Kreml flotiliyasining haqiqiy olmosi» jakuzi, barbekyu va katta marmar hammom bilan jihozlangan besh qavatli kema ekani aytildi.

Joriy yilning yanvar oyida muxolifatchi Aleksey Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi «Putin saroyi» nomli surishtiruv-filmni e’lon qildi. Filmda Rossiya prezidentining Gelenjik yaqinidagi 68 gektar maydonni egallagan, qiymati 1.36 milliard dollar bo‘lgan hashamatli mulki haqida hikoya qilindi. Jamg‘armaga ko‘ra, majmua yerosti muz saroyi, akvadiskoteka, konsert zali, cherkov, «choyxo‘rlik uyiga o‘tish uchun» 80 metrli ko‘prik hamda saroydan dengiz sohiliga eltuvchi yerosti yo‘lagini o‘z ichiga oladi

Vladimir Putin tadqiqotga izoh berarkan, saroy hech qachon uning o‘ziga ham, yaqin qarindoshlariga ham tegishli bo‘lmaganini aytdi. Keyinroq o‘zini saroy majmuasining sohibi deb Putinning eski tanishi, tadbirkor Arkadiy Rotenberg da’vo qilib chiqdi.

Aprel oyida jamg‘arma Putinga aloqador yana bir dabdabali qarorgoh haqida xabar berdi.

XS
SM
MD
LG