Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 01:25

“Putin – o‘g‘ri!” Korrupsiya va Navalniy qamalishidan g‘azab Rossiya siyosatini o‘zgartirishi mumkin - tahlil


Putin rejimiga qarshi va Navalniy himoyasiga norozilik aksiyasi- Perm, 23 - yanvar, 2021

23 - yanvar kuni “Putin – o‘g‘ri!” shiori ostida Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Vladivostokdan tortib to Boltiq dengizidagi Kaliningradigacha ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Norozilik aksiyalari muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy va Kreml o‘rtasidagi ziddiyat yangi bosqichga chiqqanidan dalolat bermoqda. Politsiya bu namoyishlarni kuch bilan bostirdi, 3 mingdan ortiq odam hibsga olindi.

Oxirgi norozilik chiqishlari 2017 - yil martida Navalniy o‘sha payt Bosh vazir Dmitriy Medvedevni poraxo‘rlikda ayblagan hisobotidan keyingi norozilik chiqishlaridan buyon eng katta siyosiy aksiyaga aylangan. Bu galgi namoyishlarga shaxsan prezident Vladimir Putinning boyliklari haqidagi hisobot sabab bo‘ldi.

Namoyishlar hibsda saqlanayotgan Kremlning eng ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy tashabbusi bilan, uni ozod qilish talabi ostida o‘tgan. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, “Putinning saroyi” nomli surishtiruv Navalniyning hibsga olinishi bilan bog‘liq norozilikka qo‘shilib, kelajakda Rossiyadagi siyosiy muvozanatni o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Tahlilchi Abbas Galyamovning Ozod Yevropa/Ozodlik radosiga aytishicha, “namoyishlarga ikki farqli sabab bor, lekin bular tobora uyg‘unlashib ketmoqda. Navalniy nomi korrupsiyaga qarshi kurash bilan ma’nodosh bo‘lib qolmoqda”.

Россияликлар Навалнийни қўллаш учун TikTokдан фойдаланишмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:17 0:00

Xalq tomonidan dastaklanishiga umid bog‘lagan Aleksey Navalniy 17 - yanvar kuni Germaniyadan Rossiyaga uchib kelganidan keyin hibsga olingandi. U shartli ravishda qamoqqa hukm qilingan shaxs sifatida xorijdalik payti sinov muddati shartlarini buzganlikda ayblanmoqda. Advokatlarining aytishicha, u uch yarim yilga qamalishi mumkin. Germaniyaga Navalniy o‘tgan yil avgustida “Novichok” moddasi bilan zaharlanishi ortidan olib ketilgan va o‘sha yerda besh oy davolangandi. Navalniy aynan Putin buyrug‘i zaharlanganini aytib, tergov hibsxonasiga olib ketilishidan oldin rossiyaliklarni “ko‘chalarga chiqishga” chaqirgan.

Ertasi kuni YouTubega joylangan va allaqachon 70 million martadan ko‘p marta ko‘rilgan video surishtiruvda Navalniy «Putin va uning gumashtalari butun mamlakatni xonavayron qilmaguncha o‘g‘irlashda davom etishini» aytgan.

Qora dengiz sohilidagi kamida 1,36 milliard dollarga baholangan «Putin saroyi» oshkor qilingan videoda “Rossiya ulkan miqdorda neft, gaz, metal va boshqa resurslarni sotadi, lekin xalqning daromadi tobora tushib ketmoqda. Bunga sabab esa Putinning mana shu saroyidir”, deydi Navalniy,

Rossiyaliklar bu videoga javoban qattiq sovuqqa qaramay kamida 60 ta shaharda, jumladan -52 gradus sovuq bo‘lgan Yakutskda ham ommaviy norozilik aksiyasiga chiqdi.

Politsiya bu aksiyalarni kuch bilan bostirdi, ko‘pgina faollarni, jumladan Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnayani ham hibsga olgan. OVD-Info nashriga ko‘ra, o‘sha kuni hibsga olinganlar soni 3400 kishidan oshgan.

Rossiya davlat telekanallari namoyishlarni deyarli yoritmagan, lekin hukumatparast blogerlar Navalniyni voyaga yetmaganlarning ongini chalg‘itib, ruxsat berilmagan ommaviy yig‘ilishlarda ishtirok etishga undayotganlikda ayblagan. Aynan shunday iddaolarni muxolifat harakatini badnom qilmoqchi bo‘lgan rasmiylar ham bot-bot urg‘ulaydi.

“Ular o‘z farzandini ko‘chaga olib chiqmaydi. Navalniyning farzandlari ayni damda hatto Rossiyada ham emas”, deydi RT davlat telekanali olib borgan onlayn suhbatning ishtirokchilaridan biri.

Voyaga yetmaganlar ommaviy ravishda namoyishlarda qatnashgani deyarli sezilmagan. Jumladan, Moskvaning Pushkin maydonidagi namoyishlarda 40 ming odam qatnashgan bo‘lsa, ular orasida voyaga yetmaganlar deyarli kuzatilmagan. Muxbirlarga “bir ko‘rish uchun” kelganini aytgan 14 yashar bolani keyinchalik politsiya qo‘pollik bilan olib ketgan.

Qattiq sovuq va COVID-19 pandemiyasiga qaramay, Navalniy norozilik namoyishlariga xalqni chaqirishi o‘ziga xos tavakkalchilik va Putinga qarshi norozilik kayfiyatini boshqarish qobiliyatini sinab ko‘rish deb baholanmoqda. Yigirma yildan oshiq Rossiyani boshqarib kelayotgan Putin 2024 va 2030 - yillardagi navbatdagi prezidentlik saylovlarida qayta saylanishiga cheklovlarni o‘tgan yilgi referendumda olib tashlagan edi.

Keng omma ishtirok etgan norozilik aksiyalari Navalniy uzoq muddatli qamoq jazosidan qutilishiga olib kelishi ham noaniq. 2013 - yilda Kreml va Moskvaning boshqa diqqatga sazovor joylarida o‘tkazilgan namoyishlar Navalniyning besh yillik qamoq jazosining ijrosi to‘xtatilishiga olib kelganligi aytilmoqda.

Navalniyning mintaqaviy shtablari rahbari Leonid Volkovning Ozod Yevropa Radiosi/Ozodlik hamda “Amerika Ovozi”ning qo‘shma nashri bo‘lmish “Nastoyashchee vremya” kanaliga aytishicha, “23 - yanvardagi noroziliklar darhol natija bermasa, ya’ni Aleksey Navalniy ozod etilmasa, unda bunday aksiyalar yana va yana qaytariladi.”

Rus muxolifat harakatining kelajagi ham noaniqligicha qolyapti, lekin xavfsizlik kuchlarining namoyishlarni to‘xtatib qolishga qaratilgan haftalab davom etgan harakatlariga qaramay, ko‘plab odamlar ko‘chalarga chiqishi, salmoqli sondagi rossiyaliklar tazyiqlarga turib berish niyatida ekaniga ishora bo‘lishi mumkin.

Siyosiy tahlilchi Tatyana Stanovayaning fikricha, rasmiylar “ikkita katta - Navalniyni zaxarlash va uni qamash kabi - xatoga yo‘l qo‘ygan” bo‘lib, bu xatolar Navalniyni chetlashtirilishi o‘rniga uning tayanch bazasi yanada kuchayshiga olib kelgan.

Putin rejimiga qarshi namoyishlar bir vaqtning o‘zida ko‘pgina xorij davlatlarida ham bo‘lib o‘tgan. Chexiya poytaxti Pragadagi namoyish - 23 - yanvar, 2021
Putin rejimiga qarshi namoyishlar bir vaqtning o‘zida ko‘pgina xorij davlatlarida ham bo‘lib o‘tgan. Chexiya poytaxti Pragadagi namoyish - 23 - yanvar, 2021

“Haqiqiy muxolifatni chetlashtirishga qaratilgan Kremlning yillar davomidagi barcha sa’y-harakatlari bir kunda chippakka chiqdi”, deb yozadi Stanovaya o‘zining Telegram kanalida.

Politsiyaning keskin harakati hamda hibsga olinganlar soni kattaligi haftalab cho‘zilib ketishi mumkin bo‘lgan shiddatli to‘qnashuvlarga ishora qilmoqda.

Bu orada pandemiya va iqtisodiy inqiroz davrida hukumatning aholiga yetarli darajada yordam ko‘rsatmagani bois Putinning xalq orasidagi obro‘yi tushib ketgan. Prezident o‘tgan oylarda asosiy vaqtini Moskva chetidagi qarorgohida o‘tkazdi va deyarli ko‘rinish bermadi

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov “yolg‘on” deb baholagan «Putin saroyi» haqidagi surishtiruv haqida ham Putin hozircha sukut saqlamoqda.

“Tashabbus Navalniyning qo‘lida, davlat o‘zini himoya qilyapti, xolos”, deydi vaziyat haqida tahlilchi Galyamov.

Тавсия этилади

XS
SM
MD
LG