Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2021, Тошкент вақти: 09:28

Qabilalar, fraksiyalar, klanlar: Tolibon ichida ixtilof bormi?


Kobul ko‘chalaridagi tolibon jangchilari, 31 - avgust 2021 - yil

Hozirda Tolibon tomonidan Afg‘onistonning yangi boshqaruv tuzilmasiga doir qabul qilinayotgan qarorlar harakat yaxlit bo‘lib qolishi yoki fraksiyalarga parchalanishi masalasini hal qiladi.

Tolibon buyruq berishning harbiycha tizimini Afg‘oniston boshqaruv tuzilmasiga transformatsiya qilgani sari so‘nggi yillarda mazkur tashkilot ichida ikki raqobatchi guruhni hosil qilgan birlashma va qabilalarning qanchalik birdamligi sinovdan o‘tmoqda.

“Mamlakatni bosib olish – hamisha ishning oson qismi bo‘lgan. Uni boshqarish, ayniqsa, o‘sha mamlakat Afg‘oniston bo‘lsa, juda murakkab vazifa. Keskinlik va yoriqlar o‘shanda yaqqol ko‘zga tashlanadi”, deydi pashtun qabilalari bo‘yicha ekspert, tarixchi Uilyam Dalrimpl.

Afg‘oniston xavfsizligi bo‘yicha ekspert Ted Kallaxan hozirda Tolibon qabul qilayotgan Afg‘onistonning yangi boshqaruv tuzilmasiga doir qarorlar harakatning yaxlit bo‘lib qolishi yoki mintaqaviy fraksiyalarga parchalanishini hal qilishini aytadi.

Kallaxanga ko‘ra, parchalanish ehtimolini ayni paytda ko‘plab ekspertlar o‘rganmoqda.

Dalrimpl fikricha, bunaqa holat ilgari ham kuzatilgan – 1989 - yilda sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan so‘ng mujohidlar tuzgan afg‘on hukumati ko‘p o‘tmay parchalanib ketgan edi.

“1990-yillar boshlarida Kobulda mintaqaviy dala qo‘mondonlari o‘zaro janjallashib, bir-biri bilan urush qilgan edi. Tolibon ichidagi raqib guruhlar o‘rtasida ham bugun xuddi shunday holat ro‘y berishi ehtimoldan xoli emas. Biroq hozir hech kim bu savolga javob bera olmaydi”, dedi u Ozodlik radiosiga.

Ekspertga ko‘ra, Tolibonning shu paytgacha qanchalar izchil va intizomli bo‘lgani ko‘plab kuzatuvchilarni hanuz hayratga soladi.

“Aksari omma Tolibonni tarqoq bir kuch o‘laroq tasavvur etardi. Ammo so‘nggi ikki oyda ular, bir qadar qabilaviy kelishmochilikni istisno qilganda, a’lo darajadagi intizom va yaxshi tashkil qilingan kampaniyani namoyish etdi”, deydi Dalrimpl.

Fraksiyalarga bo‘linish

2013 - yilda Tolibon asoschisi mulla Muhammad Umar o‘limidan so‘ng harakatning rahbarlik kengashi bo‘lmish “Kvetta Sho‘ro” bilan jangarilar qo‘mondonlari o‘rtasida ixtilof chiqqan edi.

Buning natijasida Afg‘oniston va Pokistonda Tolibon guruhlari yangidan tuzilib, a’zolar asosan – jangovar harakatlar ko‘lamini kengaytirishga intiluvchi, keskin choralar tarafdorlari bo‘lgan “Haqqoniy tarmog‘i” hamda Tolibonning Kobul hamda Islomobod bilan kelishishga moyil, birmuncha mo‘’tadil qarashdagi yetakchilari atrofida jipslashdi.

Parchalanish alomatlari 2014 - yil mayida yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘shanda Ozodlik “Haqqoniy tarmog‘i” yetakchisi Sirojiddin Haqqoniy o‘z izdoshlariga “Kvetta Sho‘ro” buyruqlariga itoat etmaslikni buyurgani haqida xabar bergan edi.

Bu orada mulla Umarning to‘ng‘ich o‘g‘li mulla Muhammad Yoqub harakatga rahbar bo‘lish rejasini amalga oshirish uchun “Kvetta Sho‘ro”dagi ittifoqchilari orasidan madadkorlar izlayotgandi.

Haqqoniy oliy yetakchi sifatida mulla Yoqubga qarshi chiqdi va shunday vaziyat yuzaga keldiki, go‘yo Tolibon parchalanish arafasida turgandek edi.

Biroq Tolibon ichida o‘rnatilgan yangi bo‘ysunuv tizimi doirasida murosaga erishish orqali loaqal vaqtincha bo‘lsa-da ixtilof oldi olindi.

Uchta o‘rinbosar lavozimi joriy qilindi: harakat iyerarxiyasida ular oliy rahbardan quyida, ammo “Kvetta Sho‘ro”dan yuqorida turadi.

Mulla Yoqub oliy yetakchining “harbiy hudud” deya farqlanuvchi 13 viloyatda olib boriladigan harbiy amaliyotlar uchun mas’ul o‘rinbosari bo‘ldi. Mazkur viloyatlar sirasiga toliblarning an’anaviy poytaxti bo‘lmish Qandahor ham kiradi.

Haqqoniy “sharqiy hudud”ga mansub 21 viloyatdagi harbiy amaliyotlarni boshqaruvchi o‘rinbosar etib tayinlandi. Ayni paytda Kobulni nazorat qilib turganlar uning jangchilaridir.

Mulla Yoqub ham, Haqqoniy ham o‘zlariga biriktirilgan hudud doirasida mahalliy va tuman darajasiga qadar Tolibonning “soyadagi hukumati”ni tayinlashga bosh-qosh bo‘lganlar.

Uchinchi muovin lavozimi – Tolibonning hammuassisi, “Kvetta Sho‘ro” a’zosi, 2018 - yilda Qo‘shma Shtatlar so‘roviga ko‘ra Pokiston qamog‘idan ozod etilib, keyinroq toliblarning Qatar poytaxti Dohadagi siyosiy ofisiga rahbarlik qilgan Abdul G‘ani Barodar uchun joriy qilingandi.

Biroq ko‘p tahlilchilar Barodar Tolibon ichidagi hokimiyatning real manbai bo‘lmish mahalliy dala qo‘mondonlari va jangarilarga katta ta’sir o‘tkaza olishiga shubha qiladilar.

Tolibonning qo‘mondonlik zanjiri qayta ko‘rib chiqilishi natijasida keskinlik yumshaganiga qaramay, Barodar boshliq muzokara guruhi 2020 - yil fevralda Doxada Qo‘shma Shtatlar bilan sulh bitimi imzolaganidan so‘ng “Haqqoniy tarmog‘i” va “Kvetta Sho‘ro” o‘rtasida yana munosabatlar buzilishi belgilari ko‘rina boshladi.

Londondagi Qirollik qo‘shma xizmatlari institutining toliblar bo‘yicha eksperti Antonio Justotstsi 2020 - yil oxirida Kobulga hujumlar “Haqqoniy tarmog‘i” tarafidan, “Kvetta Sho‘ro” roziligisiz uyushtirilgan bo‘lib, bu fraktsiyalar o‘rtasida adovat mavjudligidan dalolat beradi, deb hisoblaydi.

Qabilalar o‘rtasidagi kurash

Dalrimpl aytishicha, kelgusi hafta va oylarda Tolibon ichida bo‘lajak dinamika o‘zgarishini anglashni istovchilar Afg‘onistonning qabilaviy konfiguratsiyasiga va pashtun qabilalari orasidagi azaldan davom etib kelayotgan raqobatchilikka e’tibor qaratishlari lozim.

“Afg‘onistonning butun tarixi mobaynida qabila ittifoqlari kaleydoskop parchalari misoli o‘zgarib turdi. Ushbu birlashmalar qabila aloqalariga qanchalik tayanganini tushunish juda muhimdir”, deydi ekspert.

Dalriplga ko‘ra, Afg‘onistonning qabilaviy tarkibini nazarda tutmasdan mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarni idrok etib bo‘lmaydi.

“U yerda qabilalarning uzluksiz bo‘linishi yo‘q. Ittifoqlaru sodiqlik qasamlari oydan oyga, haftadan haftaga o‘zgarishi mumkin. Ammo asosiy bo‘linishlar aniqligicha qolgan”, ta’kidlaydi Dalrimpl.

Ekspert nazarida toliblarning bo‘lg‘usi rahbariyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador eng muhim “sinish chizig‘i” – durroniy va ahmadzay urug‘lari o‘rtasidagi eskidan davom etib kelayotgan raqobatdir, bu raqobat Tolibon paydo bo‘lishidan bir necha asr avval ham mavjud edi.

Azaldan durroniy – “oqsuyaklar va zamindorlar”, ahmadzay esa “ko‘chmanchilar, mardikorlar va yo‘qsillar urug‘i” sanalgan, deb tushuntiradi Dalrimpl.

“Bular – Tolibonning yangi boshqaruv tuzilmasi “Polaroid”da olingan surat misoli sekin-asta ko‘zga tashlanayotgan ayni paytda o‘rganilishi lozim bo‘lgan etnik birliklardir”, deydi u.

Barodar, “Kvetta Sho‘ro”dagi ko‘plab obro‘li kishilar kabi, durroniy urug‘iga mansub. Bu urug‘ asosan Afg‘onistonning janubiy hududlarida, Qandahor, Hilmand va O‘ruzgan viloyatlarida istiqomat qiladi.

Mulla Yoqub ahmadzay urug‘ining hotak tarmog‘idan tarqagan hotak qabilasi vakili hisoblanadi. Shu bilan birga, Afg‘oniston janubida tug‘ilib o‘sgani uchun uning durroniy urug‘idan chiqqan toliblar bilan aloqalari juda yaxshi va zarur bo‘lganda ulardan dastak olabiladi.

Mulla Yoqub tarafdorlari uni otasining tabiiy vorisi va Tolibon yetakchisi bo‘lishga hammadan ko‘ra haqliroq nomzod, deb hisoblaganlar.

U o‘z amridagi jangarilar bilan Tolibonga asos solingan mintaqani, shuningdek, Qandahor va Hirot shaharlarini, Hilmand viloyatini, Pokiston bilan chegaradagi Spin-Boldak yo‘lagini, Afg‘onistonning Eron bilan butun chegarasini va Turkmaniston bilan chegarani nazorat qiladi.

Bu jangarilar janubda Qandahor aeroportini va Hirot viloyatidagi Shindod aerodromini bosib olganida afg‘on hukumati kuchlarining AQShda ishlab chiqarilgan zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘larini qo‘lga kiritgan edi.

Sirojiddin Haqqoniy ahmadzay urug‘ining zadran qabilasidan chiqqan. U janubi-sharqiy afg‘on viloyatlari, xususan, Xost va Paktiyada, shuningdek, zadranlar istiqomat qiladigan Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasida hokimiyatni o‘zida jamlagan.

Haqqoniy Afg‘onistondagi eng qudratli qo‘mondon sanaladi. Uning yomon nom qozongan “Haqqoniy tarmog‘i” jangarilari nazorat qilayotgan hudud Kobul hamda shimoldagi Mozori Sharif shahrini, shuningdek, Pokistonning shimoli-g‘arbiga eltuvchi yo‘lakni, O‘zbekiston va Tojikiston chegaralaridagi o‘tish maskanlarini o‘z ichiga oladi.

Haqqoniyning jangarilari ham, Kobuldan shimol tomonda joylashgan Bagram aeroportini va Afg‘oniston shimolidagi boshqa harbiy obyektlarni o‘z nazoratiga olganida afg‘on xavfsizlik kuchlaridan AQSh qurol-aslahalarini tortib olgan.

Qo‘shma Shtatlar tomonidan xalqaro narkotijoratchi va terrorchilar yetakchisi deb topilgan Sirojiddin Haqqoniy Tolibonning ham “al‑Qoida” terrorchilik tarmog‘i bilan, ham Pokistonning Idoralararo razvedka agentligi (ISI) bilan eng mustahkam aloqalarga ega a’zosidir.

Xavfsizlik kuchlari tahlilchisi Kallaxan “Tolibon fraksiyalaridan aynan Haqqoniy va uning jangarilari faoliyati Pokiston manfaatlariga ko‘proq uyg‘undir”, deya xulosa qilgan.

Davlat tuzilmasining shakllanishi

Toliblar yangi hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralar doirasida ayrim sobiq afg‘on rasmiylari va siyosiy arboblari, jumladan, pashtunlarning durroniy urug‘i popalzay qabilasidan bo‘lmish sobiq prezident Hamid Karzay bilan uchrashishi kerak edi.

Karzay “Twitter”dagi sahifasida Tolibonni inklyuziv hukumat tuzishga chaqirgani haqida ma’lum qildi.

Maqsadini partizanlar urushidan mamlakat boshqaruviga ko‘chirgan Tolibon o‘zini qay tarzda qayta tashkil qilishi haqida endi e’lon qilishi kerak. Ammo ushbu rejaning ayrim tafsilotlari allaqachon ma’lum bo‘layotir.

Tolibonning yuqori martabali arbobi, qarorlar qabul qilinishi jarayoni bilan yaxshi tanish Vohidulloh Hoshimiy yangi boshqaruv 1991 - yildan 2001 - yilgacha Afg‘onistonni boshqarishda qo‘llangan hokimiyat tuzilmasiga o‘xshash bo‘lishini aytdi.

U paytlarda oliy rahbar mulla Umar o‘zini panaroqda tutar, kundalik boshqaruv ishlari bilan boshqaruv kengashi shug‘ullanardi.

“Reuters” agentligi muxbiri bilan muloqotda Hoshimiy hozirgi oliy rahbar Malaviy Hibatulloh Oxundzodaning mavqei, ehtimol, har qanday yangi boshqaruv kengashidan, ya’ni diniy, harbiy va siyosiy masalalar bo‘yicha oliy hokimiyat organidan yuqori ekanini aytdi.

Biroq u Mulla Umar toliblari rejimidan farqli muhim bir lavozim joriy etishni taklif etgan. Hoshimiyga ko‘ra, mohiyatan prezidentga o‘xshash yangi lavozim ta’sis qilinishi mumkin.

Hoshimiy ushbu lavozim boshqaruv kengashidan yuqori bo‘lishi va Oxundzoda parda ortida farmonlar chiqarayotgan paytda hukumatning kundalik ishlarini idora qilishi kerak, deb hisoblaydi.

Tolibon yetakchisining hozirgi uch o‘rinbosarlari orasida Oxundzoda huzuridagi ijroiya hukumati rahbari lavozimini egallashga hammadan ortiq intilayotgani Sirojiddin Haqqoniy bo‘lsak kerak.

15 -avgust kuni Kobul ishg‘oliga uning jangarilari boshchilik qilgani bois, u muhim afg‘on siyosiy arboblari va qabila boshliqlaridan sodiqlik qasamyodi olish uchun o‘z amakisi Kohiliy ur-Rahmoniy Haqqoniyni jo‘natdi.

Ozodlik radiosi afg‘on xizmati Kohiliy ur-Rahmoniy Haqqoniyning quvg‘indagi prezident Ashraf G‘anining ukasi Heshmat G‘ani Ahmadzay hamda sobiq chegaralar va qabilalar vaziri G‘ani Gul Og‘a Sherzaydan toliblarga sodiq bo‘lishga va’da olgani haqidagi bayonotidan iqtibos keltirgandi.

U, shuningdek, marhum dala qo‘mondoni, toliblarga qarshi urushgan Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’uddan ham sadoqat qasamyodi olganini iddao qilgan.

Kichik Mas’udning yordamchilari esa Haqqoniy bilan “muzokara” olib borilayotganini tasdiqlaganlar, ammo ular Mas’ud na Haqqoniyga, na Tolibonga sodiqlik qasamyodi keltirganini aytishmoqda.

Tolibonga qarshi kurashayotgan Mas’ud va boshqa arboblar, jumladan, Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Amrulloh Solih qarshilik ko‘rsatish harakatini tashkil qilgan. Bu harakat Afg‘onistonning ayni paytda toliblar nazorati ostida bo‘lmagan kamsonli hududlaridan biri bo‘lmish Panjshir vodiysini makon tutgan.

Bu orada toliblarning manbalari 24 - avgust kuni sobiq Guantanamo mahbusi mulla Abdul Qayyum Zokir toliblarning mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganini xabar qilishdi.

Zokir Hilmand viloyatining Kajaki tumanida tug‘ilgan bo‘lib, durroniy urug‘iga mansub alizay qabilasi a’zosi sanaladi.

“Pajhwok” axborot agentligi xabar berishicha, Tolibonning ayrim a’zolari Kobul gubernatori, razvedka boshlig‘i, ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi va moliya vaziri vazifasini bajaruvchi kabi lavozimlarga tayinlangan.

Qanday boshqaruv tuzilmasi shakllantirilmasin va toliblar hukumatida rahbarlik lavozimlariga kimlar o‘tirmasin, Hoshimiyning bir narsaga ishonchi komil: Afg‘oniston demokratiya bo‘lmaydi.

“Demokratik tizim bo‘lmaydi, chunki bizning mamlakatimizda uning poydevori yo‘q. Biz Afg‘onistonda siyosiy tizimning qaysi turini joriy etishimiz kerakligini muhokama ham qilmaymiz, chunki bu savolning javobi ma’lum. Bu shariat qonuni bo‘ladi, vassalom”, degan Hoshimiy.

XS
SM
MD
LG