Линклар

Шошилинч хабар
29 май 2023, Тошкент вақти: 21:04

“Qadr-qimmat”. Huquqlari buzilgan qozog‘istonliklar BMTga shikoyat yo‘llamoqda


“Qadr-qimmat” jamoat birlashmasi muassisi va loyiha muallifi Anor Ibrayeva (o‘rtada).

Qozog‘istonda “Qadr-qimmat” huquqbonlik tashkilotining “Bir g‘isht” nomli maxsus loyihasi bor: u Qozog‘istonda huquqlari poymol bo‘lgan fuqarolarning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga shikoyat bilan murojaat qilishiga ko‘maklashadi.

“Dunyo imoratida o‘z o‘rningni top”

Loyiha nomi va shiori buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyevning “Sen ham dunyoda misoli bir g‘isht, ushbu imoratda o‘z o‘rningni top”, degan so‘zlaridan olingan.

– Odamlar huquqlari davlat tomonidan buzilgan taqdirda, BMTga murojaat qilish mumkinligini bilishmaydi. Biz “Bir g‘isht” loyihasi orqali barchaga shunday imkoniyat berishni xohlaymiz, – deydi “Qadr-qimmat” jamoat birlashmasi muassisi va loyiha muallifi Anor Ibrayeva.

Uning aytishicha, advokat xizmati uchun haq to‘lashga qurbi etmagan odamlarga “Bir g‘isht” orqali kraudfanding tashkil qilinadi.

– Yuristlarni yollashga moliyaviy imkoniyatlarimiz har doim ham yo‘l beravermaydi. Shu bois ba’zan auksionlar uyushtirib, “Men BMT qo‘mitasining Qozog‘istonga oid qarorlari ijro etilishini xohlayman” deb yozilgan futbolkalarni sotamiz. Ayrim rassomlar “sotib, pulini ishlatinglar” deya suratlar sovg‘a qilishadi, – so‘zida davom etadi huquqbon.

Unga ko‘ra, BMT qaror qabul qilishiga 4 yildan 6 yilgacha vaqt ketadi, bu “oxirigacha borish kerak bo‘lgan olis yo‘l”dir.

– Ijobiy qaror olgan bo‘lsangiz, davlat nima qilgani, qanday choralar ko‘rgani va sud qanday qaror chiqargani haqida BMT qo‘mitasiga xabar berishingiz kerak. Qo‘mita esa uni davlatga jo‘natib, izoh so‘raydi. Bu og‘ir yo‘lga tushdingizmi, oxirigacha borishingiz kerak. Davlat qarorni bajarmagunicha BMT ishni yopmaydi, – ta’kidlaydi Ibrayeva.

BMTga shikoyat qilgan qozog‘istonliklar

Huquq faolining ma’lumot berishicha, hozirda BMT qo‘mitalarida qozog‘istonliklarga oid yuzga yaqin ish ko‘rilmoqda. Loyiha saytida yordam so‘rab BMTga murojaat qilgan ayrim kishilarning kechmishlari e’lon qilingan.

BMTning Qozog‘istonga oid birinchi qarori 2011 - yilda qabul qilingan bo‘lib, u shinjonlik uyg‘ur Arshidin Isroil haqida edi. 2009 - yilda u Urumchidagi norozilik chiqishlari vaqtida politsiya bir necha uyg‘urni urib o‘ldirgani to‘g‘risida “Ozod Osiyo” radiosiga so‘zlab bergani uchun Xitoy hukumati tomonidan terrorchilikda ayblangan. Isroil ta’qibdan qochib, Qozog‘iston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan. Keyinroq Qozog‘iston, BMT qochqin maqomini berganiga qaramay, uni Xitoyga topshirgan.

2011 - yilda BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi Qozog‘istonga qochib o‘tgan 29 nafar O‘zbekiston fuqarosiga qochqinlik mandatini bergan. Toshkent ularni terrorizm va ekstremizmga aloqadorlikda ayblagan. Va Qozog‘iston bu safar ham, BMT qaroridan yuz o‘girib, ularni yurtiga qaytarib yuborgan.

BMTga, xususan, qozog‘istonlik taniqli huquq himoyachisi Bakitjon Toregojina murojaat qilgan. Inson huquqlari qo‘mitasi uning foydasiga qaror chiqargan va Qozog‘iston hukumati idoralari 2010 - yilda uning tinch norozilik aksiyalari o‘tkazish huquqini poymol qilganini e’tirof etgan.

2009 - yilda korruptsiyada ayblanib, 14 yilga “kesilgan” “Qozatomsanoat” shirkati sobiq direktori Muxtor Jakishev ham BMTga shikoyat yo‘llagan. 2015 - yilda tashkilot Jakishevning adolatli va shaffof sudlov hamda advokat bilan uchrashish huquqlari buzilganini tan olib, Qozog‘istondan hukmni bekor qilishni va Jakishevni ozod etishni talab qilgan. Qozog‘iston esa qarorni bajarishdan bosh tortgan.

Bundan tashqari, advokat Zinaida Muxtorova, faol Dilnor Insenova, jurnalistlar Rozlana Taukina, Ramazon Esergapov va Berik Jagiparovlarning shikoyatlari bo‘yicha ham ijobiy qarorlar qabul qilingan.

Ibrayevaga ko‘ra, BMT Qozog‘istondan kelgan shikoyatlar bo‘yicha jami 49 ta qaror chiqargan. Aksari Inson huquqlari qo‘mitasi (38 qaror) va Qiynoqlarga qarshi qo‘mita (10) tomonidan qabul qilingan. Yana bir qarorni BMTning Ayollarni kamsitishga barham berish bo‘yicha qo‘mitasi qabul qilgan.

Tashkilot qarorlari mamlakatlar hukumatiga jabrlanuvchilarga tovon to‘lash, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish, ishni qayta tergov qilish majburiyatini yuklaydi. Shuningdek, davlat qonunchilikka o‘zgartishlar kiritishi, inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini bajarishi, ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida tashkilotni xabardor qilishi va BMT qarorlarini qozoq tiliga o‘girib, e’lon qilishi kerak.

Ammo bu qarorlarning ko‘pi hanuz ijro etilgani yo‘q. Qozog‘iston hukumati qator holatlarda tashkilot qarorlarini “tavsiyaviy tusda”, deb ularni bajarishdan bosh tortadi.

– Tovon puli, masalan, atigi ikki kishiga berildi, holbuki chiqarilgan deyarli barcha qarorlarda shunaqa band bor. Bajarilgan deb atash mumkin bo‘lgan qarorlar soni to‘qqizta xolos. Ular qozoq yoki rus tiliga o‘girilib, rasmiy saytlarda e’lon qilingan. Muxtor Jakishev va Dmitriy Tyan ishlarida BMT “hukm qayta ko‘rib chiqilsin”, deb aniq ko‘rsatganiga qaramay, Qozog‘iston uni bajarmadi. Ko‘pincha “BMT qo‘mitasi qarori tavsiyaviy tusga ega”, degan siyqasi chiqqan bahona bilan o‘zlarini oqlashadi, – deydi Ibrayeva.

Qozog‘iston BMTga 1992 - yil 2 - martda a’zo bo‘lgan. Mamlakat, jumladan, ushbu xalqaro tashkilotning Inson huquqlari qo‘mitasi, Qiynoqlarga qarshi qo‘mita, Irqiy kamsitishga barham berish qo‘mitasi hamda Ayollarni kamsitishga barham berish qo‘mitasi shartlariga rozilik bergan.

Ibrayevaning fikricha, BMT qarorlari ijro etilishiga erishish ko‘pincha juda qiyin bo‘lsa-da, bu urinib ko‘rmaslik kerak, degani emas. Shikoyat rezonansni vujudga keltiradi, BMT qarorlari ijro etilmasligini esa xalqaro maydonda Qozog‘iston hukumatining o‘ziga qarshi qo‘llash mumkin.

– Davlat BMT vakolatlarini tan olib, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilgach, ularni bajarishi shart. Mazkur hujjatlar majburiy yuridik kuchga ega. Ratifikatsiya – quruq gap emas, – deydi Ibrayeva.

XS
SM
MD
LG