Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:02

Qamoqdagi blogerlar Sattoriy va Orifxo‘jayev aybsizliklarini ta’kidlashmoqda


Shu kunda Navoiydagi qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkum blogerlar Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev va Otabek Sattoriy “Ezgulik” huquqbonlik tashkiloti vakili bilan uchrashuvda o‘zlarining nohaq qamalganlarini aytib, mahkamalar adolatli hukm chiqarmaganidan shikoyat qilishgan.

Shu yilning 12-15-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsman qoshidagi Milliy preventiv mexanizmlar bo‘yicha ishchi guruhi Navoiy viloyatidagi qamoqxonalarni borib ko‘rdi. Bu haqda komissiya tarkibida mahkumlar bilan uchrashgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati ma’lumot tarqatdi.

“Ezgulik” matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvlarda ishtirok etgan tashkilot raisi o‘rinbosari Bekzod Nurmatov Zarafshondagi 2200 o‘rinli koloniyada 684 nafar mahkum jazo muddatini o‘tayotgani, ularning 27 tasi diniy-radikal oqimlarga mansublikda ayblanganini urg‘ulagan.

Navoiy viloyatining qattiq tartibli Qiziltepa koloniyasida esa 1123 nafar mahbus jazo muddatini o‘tamoqda, bu yerda diniy ekstremizmga aloqador moddalar bo‘yicha qamalgan 62 nafar mahkum mavjud.

Faollar mazkur koloniyada jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tumani sudi hukmi bilan jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar tarqatishda ayblanib, 7,5 yilga qamalgan taniqli bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev bilan uchrashgan. Huquq faoliga ko‘ra, blogerning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo yo‘q, qamoqxona sharoitidan ham shikoyat qilgan emas. Ammo u o‘zining nohaq qamalganini aytib, ozod qilinishida ko‘mak so‘ragan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Abror Muxtor Aliy taxallusi ostida ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan Abror Abduazimov bilan Toshkentdagi “To‘xtaboy” masjidi oldida bo‘lib o‘tgan tortishuv ortidan qo‘lga olingan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev shu yilning 26-yanvar kuni 7 yilu 6 oyga qamalgan edi.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevga qo‘yilgan barcha ayblovlar siyosiy deya, O‘zbekiston rasmiylarini bu ayblovlarni olib tashlash va uni ozod qilishga chaqirgan.

Navoiy shahridagi 4-sonli umumiy tartibli koloniya sig‘imi esa 1800 kishiga mo‘ljallangan va bu yerda 1142 nafar mahkum saqlanadi. Ularning 60 nafari diniy oqimlarga mansublikda ayblangan. Koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan taniqli bloger Otabek Sattoriy qurilish mollariga naqsh bosuvchi sexda kompyuter operatori vazifasini bajarmoqda.

Qamoqdagi bloger Otabek Sattoriy (ch) "Ezgulik" huquqbonlik jamiyati vakili Bekzod Nurmatov bilan
Qamoqdagi bloger Otabek Sattoriy (ch) "Ezgulik" huquqbonlik jamiyati vakili Bekzod Nurmatov bilan

“Ezgulik” faoliga ko‘ra, qisqa muddatli uchrashuvda bloger o‘zining nohaq qamalgani, sudlarning adolatsizligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, bloger oilada yolg‘iz boquvchi va keksa ota-onaning yolg‘iz o‘g‘lidir. U prezident Mirziyoyev siyosatiga ishonib, blogerlik faoliyatiga kirishgani va oqibatda korrupsiya qurboniga aylanganini ta’kidlagan.

40 yoshli Otabek Sattoriy Muzrabot tuman sudining 2021-yil 10-mayidagi qarori bilan 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Bundan 1,5 oy muqaddam O‘zbekiston Oliy sudi Sattoriyga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining mazkur hukmi hamda Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021-yil 15-iyulidagi ajrimini o‘zgarishsiz qoldirib, blogerning hukm va ajrimni bekor qilish to‘g‘risidagi shikoyati qanoatlantirgan emas.

Sattoriyning qamalishi O‘zbekistonda ham, xalqaro tashkilotlar miqyosida ham “so‘z erkinligiga qarshi zarba” sifatida baholangan.

“Monitoring natijalariga ko‘ra, qamoqxonalarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, ularning osh-ovqati sifatini yaxshilishga urinilmoqda. Shikoyatlarning asosiy qismi sud hukmlarining adolatsizligidan. Eng yomon ko‘rsatkich — mahkumlarning katta qismini yoshlarning tashkil qilishidir”, deyilgan “Ezgulik” jamiyati xabarnomasida.

“Ezgulik”rning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida e’lon qilingan bu xabar bir necha soat ichida olib tashlanganiga qaramay, deyarli barcha mahalliy nashrlar jamiyatga iqtibosan bu ma’lumotlarni tarqatishga ulgurgan.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari, Ombudsman huzuridagi insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya a’zosi Abdurahmon Tashanov “Ozodlik”ning bu boradagi so‘rovini izohsiz qoldirdi.

XS
SM
MD
LG