Линклар

Шошилинч хабар
20 август 2022, Тошкент вақти: 08:33

Qirg‘iziston “Qumtor” oltin konini milliylashtirish jarayonini yakunladi


"Qumtor" oltin koni.

Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati “Qumtor” oltin konini Kanada shirkatidan davlatga qaytarib olish jarayoni butunlay yakunlanganini bildirdi.

Bildiruvda Qirg‘izistonning Britaniyadagi elchiligida 29-iyul kuni Kanadaning "Senterra Gold" shirkati bilan hujjatlarni almashtirish jarayoni o‘tgani, barcha moliyaviy to‘lovlar rasmiy Bishkek foydasiga hal bo‘lgani aytiladi.

Ba’zi kuzatuvchilar mamlakatga kon bilan birga bir qator ekologik muammolar ham “meros sifatida” qolganini aytmoqda.

Oltin konini milliylashtirish jarayoni yakunlangani haqida Qirg‘izistonning Britaniyadagi elchisi Ulan Jusupov prezident Sadir Japarovga ma’lumot berdi. Ma’lumotda Kanadaning “Senterra Gold” kompaniyasi tomonidan konni ishlatish uchun tashkil qilingan “Qumtor Gold Kompani” va “Qumtor Opereyting Kompani” ning barcha aksiyalari "Qirg‘izoltin" shirkatiga o‘tkazib berilganini tasdiqlovchi hujjatlar, ishonchnoma va guvohnomalar topshirilgani aytiladi.

“Senterra Gold” ham bu ma’lumotni tasdiqladi va bundan buyon kondan foydalanish huquqi qirg‘iz hukumatiga o‘tganini ma’lum qildi. Erishilgan kelishuvga asosan Qirg‘iziston 2021-yilning 15-mayidan boshlab “Qumtor” konida qazib olingan oltinning egasi sifatida tan olindi.

Bundan tashqari, kelishuvga muvofiq Kanadaning “Senterra Gold” shirkati Bishkekka avval to‘lanmay qolgan taxminan 11 million AQSh dollari miqdoridagi dividendni to‘lab beradi. Shuningdek, shirkat qirg‘iz tomoniga 50 million AQSh dollari miqdorida bir martalik to‘lov to‘laydi.

"Qumtor" konini Rekultivatsiyalash fondini boshqarish Qirg‘izistonga o‘tadi. Mazkur fond hisobidagi 53 million AQSh dollari ham Qirg‘iziston hukumati ixtiyoriga o‘tkaziladi.

“Senterra Gold” qirg‘iz hukumatiga qarshi olib borayotgan barcha sud jarayonlarini to‘xtatadi. AQShda sud jarayoni 27-iyulda to‘xtatilgan. Shvetsiya va Kanada sudlariga esa “Senterra Gold” qirg‘iz hukumatiga qarshi da’vo arizasini chaqirtirib olishi haqida 28- iyulda rasmiy iltimosnomalar jo‘natildi.

Prezident Sadir Japarovning mabuot kotibi Erbol Sultanbayev Feysbukdagi sahifasida bu kunni “tarixiy” deb baholadi.

"Qumtorning Qirg‘iz Respublikasi mulkiga aylanishi tarixiy adolatning tiklanishidir,desam mubolag‘a bo‘lmas”, - deb yozdi prezident matbuot kotibi.

Oltin konining Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish jarayoni yakunlanishi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingani ortida mamlakatda bu borada qizg‘in baxslar boshlandi.

Jumladan, siyosatshunos Emil Jo‘ro‘yev Qirg‘iziston Qumtor konini boshqarishda oshkoralik va shaffoflikni ta’minlay olmayapti, deb hisoblaydi:

"Kon o‘tgan yilning mayida Qirg‘iziston hukumati tomonidan milliylashtirilganidan so‘ng oltin qazish, kondan foydalanish, barcha asosiy jarayonlar bo‘yicha oshkoralik bo‘lmayapti. Qirg‘iz hukumati bundan avval ham yaxshi boshqaruvchi ekanini isbotlay olmagan. Hukumat konni Kanadaliklardan ham yaxshiroq boshqaradi, deb aytish qiyin”.

Yana bir kuzatuvchi Nursultan Aqilbek, mamlakatga "Qumtor" bilan birga bir qator muammolar ham o‘tganini, ularning hal qilinishi esa shubha ostidaligini aytadi:

"Bizga "Qumtor" bilan birga katta ekologik muammo ham meros bo‘lib qoladi. Qirg‘iziston sudi bekordan bekorga Kanada shirkatiga ikki milliard dollar jarima belgilamagan. Katta masalalarni endi o‘zimiz hal qilishimiz shart bo‘ladi. Qolaversa, "Qumtorda qancha oltin qoldi” degan savol ham ochiqligicha qolmoqda.Bundan tashqari "Senterra" "Qumtor" konidan voz kechish iblan birga Qirg‘izistonga 60 million dollardan ortiq pulni qaytarib bermoqda. Buning evaziga Qirg‘iziston “Senterra”ning boshqa aktivlaridan bosh tortgan. Shu masalada audit o‘tkazilmagan".

O‘tgan yilning aprelida Qirg‘iziston bilan “Senterra Gold” da’vo-arizalaridan bosh tortish va o‘rtadagi talash masalalarni hal qilish bo‘yicha kelishimga erishgan. Unga muvofiq, Qirg‘iziston “Senterra Gold” ga aksiyalarning 26 foizini o‘tkazib berib, barcha ekologik va moliyaviy da’volaridan bosh tortgan. “Qumtor Gold Kompani”ning 100% aksiyasi esa Qirg‘izistonga o‘tgan.

Yil boshida Ministrlar kabineti 2021-yilda konda 14 ming 561 kilogram oltin qazib olingani, uni sotishdan tushgan umumiy foyda 856 million dollarni tashkil etganini bildirgan. 2022-yilda Qumtordan rasman 17,5 tonna oltin qazish rejasi borligi ma’lum qilingan.

XS
SM
MD
LG