Линклар

Шошилинч хабар
27 феврал 2024, Тошкент вақти: 08:06

Qirg‘iziston Suriyadan 200 ayol va 400 bolani qaytarmoqchi


Qirg‘iziston Suriyadagi qochqinlar lagerida ushlab turilgan qirg‘izistonlik ayollarni farzandlari bilan birga olib kelmoqchi. Bu haqda, Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imanqulov hamda UNICEF tashkiloti vakili Kristin Jolmning 30-oktabrda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi paytida bildirildi.

Rasmiy ma’lumotlarga muvofiq, Suriya bilan Iroqdagi maxsus lagerlarda ikki yuzga yaqin qirg‘izistonlik ayol va to‘rt yuzga yaqin bola saqlanmoqda. Rasmiy Bishkek o‘tgan yili “Meerim” gumanitar missiyasi doirasida Iroqdagi qochqinlar lageridan 79 bolani olib kelgan.

Qirg‘izistonlik Zarema Jumagulova to‘rt farzandi bilan Suriyaning Al-Xasaka hududida kurdlar nazoratida bo‘lgan "Al-Xol" lagerida saqlanmoqda. Uning opasi Aidaning aytishicha, singlisi vatanga qaytishni orziqib kutayapti.

“Biz hukumatga murojaat qilyapmiz. Shuning natijasi o‘laroq endi olib kelamiz deyishyapti. Oz qoldi. Singlim bilan aloqa qilib turaman, lagerda o‘tiribdi, hammasi yaxshi, kelamiz deb kutishyapti”,- deydi Aida.

Zarema Jumagulovani ikki farzandi bilan Suriyaga Turkiya orqali 2014-yilda eri olib ketgan. O‘sha paytlarda farzandining kattasi 4, kichigi bir yoshda bo‘lgan. Ayolning eri ko‘p o‘tmay vafot etgan va u o‘sha yerning qonunlari bo‘yicha bir oydan keyin boshqa odamga turmushga chiqqan. Ayol undan ham ikki farzand ko‘rgan va ikkinchi eri ham jangda vafot etgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Iroq va Suriya qamoqhonalarida o‘tirgan 200ga yaqin ayol va ularning 400ga yaqin farzandi ro‘yxati tuzilganini bildirdi. Rasmiy Bishkek ularni qaytarishga bir necha yildan beri harakat qilib keladi.

Bu masalani Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imankulov 28-oktabrda YuNISEFning Qirg‘izistondagi vakili Kristan Jolm bilan muhokama qildi.

Shu paytgacha Suriyadan qaytish imkoni bo‘lmagan Qirg‘iziston fuqarolarining ota-onalari va yaqinlari mamlakat rahbarlariga bir necha bor murojaat qilib, yordam so‘ragan.

Parlamentdagi “Iymon nuri” fraksiyasi rahbari Nurjigit Qodirbekov qirg‘iz ayollari va bolalarini Suriyadan qaytarish uchun maxsus dasturlar ishlab chiqili zarur, deb fikr bildirdi.

"Qirg‘izda "Adashganga o‘z o‘rnini topgandan keyin ayb yo‘q" degan naql bor. Qaytarganimiz to‘g‘ri. Ularni jamiyatga integratsiya qilish bo‘yicha alohida dastur kerak. Qaytganlarni qanday mafkuraviy ta’sirdan o‘tgani, ahvoli qanday bo‘lganini chuqur o‘rganib, yordam berish kerak. Ammo bu yerda haqiqiy professionallar bo‘lishi kerak. Psixologiya, dinni biladigan mutaxassislar bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Ayniqsa, bolalar bilan ishlash zarur. Ulardan ba’zilari go‘dakligida ketgan. Ko‘pchilik o‘sha yerda tug‘ilgan. Ular boshqa til, boshqa madaniyat, boshqa muhit ta’sirida katta bo‘lishmoqda. Ularga eng yaxshi mutaxassislarni jalb qilish va shu yo‘nalishda ishlash kerak. Olib kelgandan keyin jiddiy ish qilish kerak”, - dedi Qodirbekov.

O‘tgan yilning bahorida Qirg‘iziston hukumati “Mehr” nomli insonparvarlik missiyasi doirasida Iroqdagi qochqinlar lageridan 79 nafar bolani olib kelgan edi. Ularning yarmi Iroq, Suriya va Turkiyada tug‘ilgani ma’lum bo‘lgan. Ular Qirg‘izistonda reabilitatsiyadan o‘tib, bu yerdagi qarindoshlariga qaytarilgan. Ayni paytda qaytgan bolalarning aksariyati maktabda tahsil olmoqda.

Tahlilchi O‘ro‘zbek Mo‘ldaliyev Qirg‘iziston qaytib kelganlarni jamiyatga integratsiya qilishda boshqa mamlakatlar tajribasini hisobga olish kerakligini taklif qildi:

"O‘sha bolalar boshqa muhitda katta bo‘ldi. Urush va boshqa narsalarni ko‘rdi. Otasidan ayrilganlar, onasi boshqa turmushga chiqqanlar ham bor. O‘sha kelinlar orasida "Erlarimiz jihodda yuribdi, biz ular bilan bo‘lishimiz kerak”, deb bila turib Suriyaga ketganlar ham bor. Shuning uchun bularning barchasiga diqqat bilan qarash kerak. Ularni deradikallashtirish kerak. Bu borada maxsus dasturlar mavjud. Masalan, G‘arbning rivojlangan mamlakatlarida, masalan, Germaniyada, maxsus mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar mavjud", - deydi O‘ro‘zbek Mo‘ldaliyev.

Avvalroq maxsus xizmat Qirg‘izistonning 850 nafar fuqarosi Suriyadagi jangovar hududlarga jo‘nab ketgani, ulardan 150 nafari u yerda halok bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. O‘zini “Islomiy davlat” deb atagan terrorchilik guruhiga qo‘shilgan Qirg‘iziston fuqarolarining 140 nafarga yaqini ayollar ekani aytilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Suriya va Iroqdagi maxsus lagerlarda saqlanayotgan ushbu guruh a’zolari bo‘lgan ayollar va bolalarni o‘z vataniga qaytarish uchun maxsus jamg‘arma tuzgan. U o‘z fuqarolarini ushbu hududlardan olib chiqmoqchi bo‘lgan mamlakatlarga mablag‘ beradi.

Aytish joizki so‘nggi bir necha yilda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston ham Iroq va Suriyadagi bolalar va ayollarni olib kelish harakatlarini amalga oshirgan.

O‘zbekiston so‘nggi marta 2021-yil aprelida "Mehr-5" operatsiyasi doirasida Suriyadagi “Al-Xol” lageridan 93 kishini, jumladan, 24 nafar ayol va 69 nafar bolani vataniga qaytargan edi.

O‘zbekistonda 2019-yildan beri amalga oshirib kelinayotgan “Mehr-1, 2, 3 va 4” amaliyotlari chog‘ida Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 438 nafar ayol va bola olib kelingandi.

Xususan, o‘zbekistonlik ilk guruh - 156 ayol va bola "Mehr" insonparvarlik operatsiyasi doirasida 2019-yilning 30-mayida maxsus aviareys bilan Toshkentga olib kelingan.

2019-yilning oktabrida “Mehr-2” amaliyoti doirasida ota-onasiz qolgan 39 o‘g‘il bola va 25 qiz Suriyadan qaytarilgandi.

2020-yilning 8-dekabrida “Mehr-3” operatsiyasi doirasida Suriyaning jangovar harakatlar kechayotgan hududlaridan 98 nafar o‘zbekistonlik, jumladan, 25 nafar ayol va 73 nafar bola vatanga qaytarilgan.

2021-yil mart oyida esa 2-mart kuni “Mehr-4” amaliyoti doirasida Afg‘onistondan 24 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib chiqilgan.

XS
SM
MD
LG