Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:19

Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi saylov natijalari xalq irodasini ifoda etadimi?


Muxolifat tarafdorlari parlament saylovlari kuni Olmaotada norozilik namoyishi o‘tkazdi - 10 - yanvar, 2021
Muxolifat tarafdorlari parlament saylovlari kuni Olmaotada norozilik namoyishi o‘tkazdi - 10 - yanvar, 2021

10 - yanvar kuni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan saylovlar bu ikki qo‘shni mamlakatda saylovchilar xohish-irodasini ifoda etishiga shubhalar avvaldan bor edi.

Dastlabki natijalar vaziyat ko‘pchilik kutganidan ham ayanchliroq ekanini ko‘rsatdi.

Qozog‘iston

Qozog‘istondagi ovoz berish jarayonlari Qasim-Jomart Toqayev qariyb ikki yil oldin prezident bo‘lganidan beri mamlakatda o‘tkazilgan ilk parlament saylovlaridir.

Saylovoldi tashviqoti deyarli sezilmadi, ammo saylov rasmiylari saylovchilarning 63 foizdan ko‘prog‘i ovoz berganini da’vo qilmoqda.

Toqayev haqiqiy muxolifat partiyalari ishtirok etishiga ruxsat berilishini va’da qilgan edi, ammo bunday partiyalar ro‘yxatdan o‘tkazilmadi.

Natijada saylovda beshta hokimiyatga yaqin partiya ishtirok etdi.

Shuningdek, Toqayev tinch namoyishlarga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatishini aytgan edi, ammo bu ham va’daligicha qoldi.

Saylov kuni Olmaota shahrida politsiya «Oyan Qazaqstan» («Uyg‘on, Qozog‘iston») va ro‘yxatdan o‘tmagan «Qozog‘iston umummilliy sotsial-demokratik partiyasi» a’zolarini qurshab olib, sakkiz soatdan ko‘proq vaqt sovuqda ushlab turgani xabar qilindi.

Saylov arafasida va saylov kuni o‘nlab faol hibsga olindi yoki jarimaga tortildi.

Xabarlarga ko‘ra, birgina Olmaotada 100 dan ortiq odam hibsga olingan. Ayrimlar norozilik namoyishini rejalashtirgani uchun qo‘lga olingan, ammo ovoz berish uchun yo‘lga otlanganlar ham yarim yo‘lda ushlandi. Bundan maqsad ularning ovoz berishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgani aytilmoqda.

Saylov rasmiylariga ko‘ra, sobiq avtoritar prezident Nursulton Nazarboyevning 1999 - yildan hukumatda qolayotgan «Nur Otan» (Nurli vatan) parlamentning quyi palatasi bo‘lmish Majlisda 76, «Aq jol» (Oq yo‘l) 12 va «Qozog‘iston Xalq partiyasi» 10 - o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 10 - yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari va umumxalq referendumida saylovchilarning 40 foizdan kamrog‘i qatnashdi.

Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda 3,56 million saylovchi bo‘lib, ularning 1,354 millioni ovoz bergan.

17 nomzod orasida uch oy oldin qamoqdan chiqarilgan Sadir Japarov deyarli 80 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozondi.

10 - yanvarda o‘tgan saylovda qirg‘izistonliklar davlat boshqaruv shakli uchun ham ovoz berishdi. Saylovchilar prezidentlik yoki parlament boshqaruvi tizimni tanlashi lozim edi. Markaziy saylov komissiyasining bildirishicha, saylovchilarning deyarli 81 foizi prezidentlik boshqaruvi uchun ovoz bergan.

Har ikki saylov Japarov uchun yirik g‘alaba o‘laroq ko‘rilmoqda.

Ammo bu saylovlar xalq istagiga mos keladi, deyish qiyin. Sababi, saylovchilarning yarmidan ko‘pi saylovda qatnashmadi.

Japarov avvalroq odam o‘g‘irlashda aybdor deb topilib, 10 yilga qamalgan, qamoqdan bo‘shatilishidan oldin jazo muddatining uchdan bir qismini o‘tab bo‘lgan edi.

Qamoqdan ozod qilinishidan ikki hafta o‘tib, Japarov ham prezident, ham bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Hali-hanuz Japarovni qaysi qudratli guruhlar qo‘llagani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Ammo uni jinoyatchi guruhlar dastaklayotgani borasida shubha va xavotirlar mavjud.

Amaldagi qonunlarga binoan, vaqtincha prezident lavozimida ishlayotgan shaxs keyinchalik ushbu lavozimga saylanish uchun nomzodini ko‘rsata olmaydi.

Shu sababdan noyabr oyida Japarov prezident va bosh vazir lavozimlaridan iste’fo bergan edi.

XS
SM
MD
LG