Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:19

Qirg‘izistonda o‘zbek tilini o‘qitish qisqarib ketdi. O‘qituvchilar prezident Japarovga shikoyat yo‘lladi


O‘shdagi maktablardan biri.
O‘shdagi maktablardan biri.

Qirg‘izistonning O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlaridagi maktablarda o‘zbek tilini o‘qitish soatlari qisqarib ketdi. Bundan norozi bo‘lgan o‘qituvchilar prezident Sadir Japarovga ariza yo‘lladi. O‘qituvchilar o‘zbek tili soatlari hech bo‘lmaganda rus tili darslari darajasida qayta tiklanishi lozimligini talab qilmoqda.

O‘qituvchilar o‘z arizalarida Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakatda yashayotgan barcha etnik guruhlar vakillariga o‘z ona tilini asrab-avaylash, o‘rganish va rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish huquqi kafolatlanishini ta’kidlagan.

O‘qituvchilar, shunga qaramay, keyingi yillarda ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarda ona tili va adabiyot fanidan soatlar keskin kamayib ketganidan norozi ekanliklarini bildirgan.

“Mavjud vaziyat o‘quvchilarga o‘zbek tilini yetarli darajada o‘rganishiga imkon bermayapti. Dars soatlari qisqarishi ortidan ko‘plab o‘qituvchilar ishsiz qolishi mumkin. O‘tgan o‘quv yilida 9-sinfda “Jahon dinlari tarixi” degan yangi fan joriy etilgan edi. Mana shu bahonada “O‘zbek tili va adabiyoti” faniga ajratilgan ikki soat olib tashlandi. Bu o‘quv yilida ham 7-8-sinflar uchun ham shunday bo‘ldi”, — deyiladi murojaatda.

Murojaat mualliflari ta’lim turli tillarda olib boriladigan maktablarda til va adabiyot fanidan soatlar sonini solishtirdilar: Masalan, ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarda 5-9-sinflarda “Rus adabiyoti” ikki soat, 10-11-sinflarda uch soat o‘qitiladi.

Ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarda 5-sinflarda «O‘zbek adabiyoti” uchun ikki soat, 6-11-sinflarda bir soat ajratilgan. Tojik maktablarida ham xuddi shunday holat.


“Bu adolatdanmi? Bu respublikada yashayotgan qardosh xalqlarga hurmatsizlikning ko‘rinishi,- deyiladi murojaatda. - Adabiyot bolalarga hayotni o‘rgatib, tarbiyalashda muhim fanlardan biri ekanligini hamma biladi. Adabiyot o‘qimasa, ma’naviy kambag‘al, savodsiz bo‘lib o‘sadi va jamiyatga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi”.

Murojaat mualliflari Qirg‘iziston fuqarosi ekanliklari va o‘z vatanlarini sevishlari, qirg‘iz tilini bilishlari va hurmat qilishlari, farzandlari davlat tilida gaplashishlarini qayd etishadi. Lekin «soat taqsimlashda» xolis bo‘lish kerakligi aytiladi. O‘qituvchilarning fikricha, rus tili va adabiyoti darslari qancha bo‘lsa, o‘zbek tili va adabiyoti soatlari ham shuncha bo‘lishi kerak.

Ular Japarovdan bazaviy o‘quv dasturini qayta ko‘rib chiqishni, fan bo‘yicha soatlarni ko‘paytirishni va “nonlarini qaytarib berishni” so‘rashadi.

O‘qituvchilar ikki oy avval huddi mana shunday talab bilan Qirg‘iziston Ta’lim vazirligiga murojaat yo‘llagan edi. Biroq vazir o‘rinbosari Rasul Abazbek o‘g‘li qaytargan javob o‘qituvchilarni qanoatlantirmagan.

Qirg‘iziston Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosarining javob xati.
Qirg‘iziston Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosarining javob xati.

Vazir o‘rinbosari xatida «Qirg‘iz va rus maktablarida 5 ta filologik predmet (qirg‘iz tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, chet tili) o‘qitilishi», o‘zbek maktablarida esa filologik fanlar 7 ta ( qirg‘iz tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, o‘zbek tili va adabiyoti, chet tili)ni tashkil etishi aytiladi.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, qirg‘iz va rus maktablarida filologik fanlar oz bo‘lgani uchun ularda qirg‘iz va rus tillarini o‘qitish soatlari ko‘proqdir. O‘zbek tilli maktablarda esa filologik fanlar ko‘p bo‘lgani ortidan o‘zbek tili va adabiyoti darslari qisqartirilgan.

O‘qituvchilar murojaatni prezidentga 11-oktabrida yo‘llagan. Hozircha prezident ma’muriyati bu murojaatga munosabat bildirmadi.

XS
SM
MD
LG