Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:50

Qirg‘iz deputatlariga Fattohovning chiqishi yoqmadi


Qirg‘iziston parlamentining ayrim deputatlari “O‘sh qirg‘inini o‘zbeklar boshlagan emas, bu fojeaning haqiqiy aybdorlari aniqlanishi shart”, deb bayonot bergani uchun O‘sh qirg‘inini o‘rgangan milliy komissiya rais o‘rinbosari Baxtiyor Fattohovni javobgarlikka tortishni talab qilishmoqda.

19 yanvar kuni qirg‘iz parlamentida O‘sh qirg‘inini o‘rgangan milliy mustaqil komissiya rais o‘rinbosari Baxtiyor Fattohov komissiyaning deputatlarga bergan ma‘lumotlariga to‘la qo‘shila olmasligini bildirdi.

Baxtiyor Fattohov komissiya raisi Abdug‘ani Erkaboyevning “O‘sh qirg‘ini o‘zbek yoshlari tomonidan boshlangan”, degan bayonotiga qarshi ekanini aytdi. Fattohovga ko‘ra, O‘sh qirg‘inini o‘zbeklar zimmasiga yuklash bilan fojeaning haqiqiy tashkilotchilari aniqlanmasdan va javobgarlikka tortilmasdan qolayotir.

Bundan avvalroq Baxtiyor Fattohov bu borada Ozodlik radiosiga bergan suhbatida ham aytib o‘tgan edi.

- Baxtga qarshi, mahalliy hokimiyat tuzilmalari kriminal guruhlar bilan birlashib ketgan va milliy muammolardan mana shu kriminal guruhlar manfaati uchun foydalanildi. O‘sh fojeasi aslida qora jip mashinalarida kelgan noma‘lum odamlar tomonidan o‘zbek yoshlari o‘ldirilishi bilan boshlandi. Milliy siyosatning davlat miqyosida yaxshi olib borilmagani va huquq-tartibot hamda hukumat tuzilmalarida o‘zbeklar vakillarining ozayib ketgani ham fojea sabablaridan biri bo‘lgan, - degan edi Baxtiyor Fattohov.

19 yanvar kuni parlamentda qilgan chiqishida ham Baxtiyor Fattohov mana shu fikrni takrorladi. Ayrim deputatlar bu fikrni “O‘sh qirg‘inining haqiqiy aybdorlarini himoya qilish” sifatida baholadilar.

Masalan, deputat Qamchibek Tashiyev Baxtiyor Fattohovni “O‘sh qirg‘ini kunlari shahar komendantining o‘rinbosari sifatida yig‘ilishlarda qatnashgani va bu yig‘ilish natijalarini qirg‘inni boshlagan o‘zbeklarga yetkazib turganlik”da, ayni paytda ham “terrorchi, ayirmachi, qotil bo‘lgan o‘zbeklarni himoya qilayotganlik”da aybladi.

Deputat Galina Skripkina esa O‘sh qirg‘inini o‘rgangan mustaqil milliy komissiya xulosasiga qo‘shilmasligini va bu hisobot bir tomonlama ekanini aytib o‘tdi.

Ayni paytda milliy komissiya raisi Abdug‘ani Erkaboyev O‘sh qirg‘inida qirg‘iz hukumatining ham aybi bor ekanini ta‘kidladi.

- Hukumat lavozimiga keldingmi, o‘sha ondan boshlab javobgarlik, mas‘uliyat haqida o‘ylanish lozim. O‘shda bo‘lib o‘tgan voqeada, albatta, qirg‘iz hukumatining ham aybi bor. Hukumat lavozimlaridagi bir qator shaxslar siyosiy javobgarlikka tortilishi kerak va bu haqda biz prezidentga ham maxsus taklif kiritganmiz, - dedi Abdug‘ani Erkaboyev.

Milliy komissiya hisoboti muhokamasiga Qirg‘iziston Bosh prokurori Qubatbek Baybolov ham taklif qilingan edi. Qizig‘i shundaki, Bosh prokuror milliy komissiya xulosasiga qisman zid keluvchi bayonot berdi.

Baybolovning aytishicha, O‘sh va Jalolobod qirg‘ini hokimiyat uchun kurashning asosiy pishangi bo‘lgan.

Bosh prokuror O‘sh qirg‘ini uchinchi kuchlar va hokimiyat talashayotgan shaxslar tomonidan uyushtirilganini alohida ta‘kidladi.

Qubatbek Baybolov fikricha, agar Qirg‘izistonda hokimiyat barcha siyosiy kuchlar va elita o‘rtasida proporsional tarzda taqsimlanmas ekan, O‘sh qirg‘inining takrorlanish xavfi saqlanib qolavyeradi.
XS
SM
MD
LG