Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:38

Qiynoq, shantaj, soxta dalillar. Ukrain va qrim-tatar faollari ustidan jinoyat ishlari qanday bichib-to‘qilmoqda?


Qrimda Svoboda radiosining (Ozodlik radiosi rus xizmati) jamoatchi muxbiri Vladislav Yesipenko qo‘lga olindi, uni Ukraina maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishda ayblashmoqda. Jurnalistning advokati Aleksey Laringa ko‘ra, uni himoyasidagi shaxs bilan uchrashtirishmayapti. Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti Jeymi Flay jurnalist darhol ozod etilishini talab qildi.

Yesipenkoni 10 - mart kuni Simferopolda, Taras Shevchenko haykali poyiga gul qo‘yayotgan chog‘ida qo‘lga olishgandi. Shundan so‘ng Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) uni noma’lum tomonga olib ketgan. Ularning iddaosicha, jurnalist ukrain maxsus xizmatlari manfaatini ko‘zlab tevarak-atrofning foto va video tasvirini olish bilan band bo‘lgan.

Ukrainada FXX bayonotini “Qrim yarimoroli bosib olinganiga olti yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan propaganda tadbiri” deb atashdi. Huquqbonlar Vladislav Yesipenko zudlik bilan qo‘yib yuborilishini talab qilmoqdalar.

Advokat Emil Kurbedinov hamda Qrim huquqbonlik guruhi rahbari Olga Skripnik Qrimda josuslik va ekstremizm bo‘yicha ochilayotgan jinoyat ishlarining xos jihatlari, bu kabi ishlarning qanday soxtalashtirilishi va faollarning qiynoqqa solinishi haqida so‘zlab berdi.

Chunonchi, Kurbedinovning so‘zlariga ko‘ra, tintuv vaqtida 100 dan 99 holatda unga advokatni qo‘yishmaydi. Tintuvni o‘z bilganlaricha o‘tkazish va kishini FXX uchun manfaatli ko‘rsatuv olish maqsadida atay shunday qilinadi. Keyingi paytlarda Kurbedinov himoya qilgan shaxslar operativ xodimlar tintuv chog‘ida turli narsalarni tashlab qo‘yayotganidan shikoyat qilishmoqda ekan.

“Keyingi bosqichlarda, masalan, hibsxonaga kiritishmasa yoki ehtiyot chorasini belgilash va so‘roq kabi protsessual harakatlardan chetlatishsa, bilingki, ular himoyangizdagi shaxsni do‘pposlashgan va tanasidagi mo‘mataloqlarni siz ko‘rishingizni xohlashmayapti.

Boshqa holatlarga chidash mumkindir, balki, ammo himoyamizdagi shaxs bilan uchrashishdek oddiy huquqdan mahrum etilsak, bu hech bir mezonga sig‘maydi. Bunaqa paytlarda ovozimiz boricha hayqirishimiz kerak”, — tushuntiradi advokat.

Kurbedinov josuslik va ekstremizm kabi jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar asosan maxfiy guvohlarning ko‘rsatuvlari va bebiliska o‘q-dori, portlovchi moddalar kabi daliliy ashyolarga asoslanishini aytadi.

“Edem Bekirov ishini eslang: garajidan bir tonna trotil topilgan edi. Ayblov tomoni uning hokimiyat binosini portlatmoqchi bo‘lganini tasdiqlovchi SMS-yozishmani ko‘rsatdi. Hamkasblarimiz esa bular barchasi uyushtirilganini bekam-ko‘st isbotlab berdilar. Ammo sudya ularning iddaolarini mutlaq haqiqat deb qabul qilib, ayamay jazo tayinladi”, — deydi Kurbedinov.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, u Qrimda biron joyni portlatish, yoqib yuborish yoki Ukraina uchun josuslik qilishda gumon qilinib, pirovardida sud tomonidan oqlangan odamni hali uchratmagan.

“Ko‘plab jinoyat ishlarini bichib-to‘qishdan maqsad — yo‘q joydan vahima ko‘tarish, ya’ni ukrain va qrim-tatar faollarini terrorchi qilib ko‘rsatish orqali yo‘q qilish, ayni chog‘da xalqaro hamjamiyat oldida o‘zlarini oppoq qilib ko‘rsatish. Vaholanki 2014 - yilgacha bu hududda ekstremizmning uchquni ham bo‘lmagan”, — ta’kidlaydi advokat.

Qrim huquqbonlik guruhi rahbari Olga Skripnik FXX qo‘lga olingan faollarga aybini tan oldirish maqsadida ularga nisbatan dahshatli qiynoqlar, shu jumladan jinsiy tusdagi zo‘rlik qo‘llayotganini ma’lum qildi.

“Dalillarni harchand soxtalashtirishmasin, biz ularning qalbakiligini qanchalik isbot qilmaylik, sud albatta ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlaydi. Ayrimlar tergov bilan kelishadi. Ixtiyoriy emas: qiynoq va ruhiy bosimlar ostida, majburlikdan. Ayniqsa, oilali odamlarning “nozik joyi” bu. Masalan, “onangni obkelib qamaymiz” yoki “bolangni tortib olamiz” deb, istagan yo‘riqlariga solishlari mumkin”, — izoh beradi huquqbon.

Mahkumlar o‘z muddatini odatda Rossiya Federatsiyasining olis hududlaridagi qamoqxonalarda o‘taydi. Aksariy hollarda bu qattiq tartibli, chinakam terrorchi va jinoyatchilar saqlanadigan muassasaar bo‘ladi. Va aybsiz odamlar, o‘z tartib-qoidalari hamda mahkumlarning turmushi bilan dunyoda yomon nom qozongan Rossiya koloniyalarida ashaddiy jinoyatchilar bilan yonma-yon yashashga majbur bo‘lishadi.

“Bunaqa joylarda Ukraina fuqarolariga, boz ustiga josuslikda ayblangan kishilarga qanay munosabatda bo‘lishlarini tasavvur qilavering”, — ma’yus qo‘shimcha qiladi huquqbon Olga Skripnik.

XS
SM
MD
LG