Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning "o‘z vaqtida va sifatli ijrosi ustidan nazorat"ni o‘zining to‘ng‘ich qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyevaga topshirdi.
Bu haqda 19-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasi bo‘yicha Kegeyli tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida e’lon qilindi.
39 yashar Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining amaldagi rahbari hisoblanadi.
U o‘tgan yil avgustida ayni lavozimga tayinlanguniga qadar Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri bo‘lib ishlagan.
2023-yilning 20-avgustida e’lon qilingan tuzilmaviy o‘zgarishlarga ko‘ra, Prezident administratsiyasi rahbari lavozimi bekor qilingan va administratsiya rahbari Sardor Umurzoqov prezident maslahatchisi lavozimiga o‘tkazilgandi.
O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining rasmiy vebsaytida "Administratsiya rahbariyati" bo‘limi yangilanmagan.
Qoraqalpog‘istondan boshlangan yuksalish
Saida Mirziyoyevaning Qoraqalpog‘istondagi rivojlanish masalalaridagi roli nimadan iborat bo‘lishi hozircha noma’lum.
Bunga qadar iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish bilan bevosita hukumat va uning mintaqalardagi idoralari shug‘ullanib kelgan.
Mirziyoyeva rahbari bo‘lgan Prezident administratsiyasi esa, Prezidentning 2018-yil 26-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini tashkil etish to‘g‘risida"gi Farmoniga ko‘ra, "mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi holati va tendensiyalarini tahlil qilish, amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash" uchun mas’ul.
Uning boshqa vazifalariga, jumladan:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolatlari, shu jumladan davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini va hamkorligini taminlash bo‘yicha vakolatlari amalga oshirilishiga ko‘maklashish;
- mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquq va erkinliklari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashish, huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish;
- fuqarolik jamiyati institutlari bilan ularning demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan samarali o‘zaro hamkorlikni ta’minlash;
- kadrlarga oid yagona davlat siyosatini amalga oshirish va davlat xizmati ishlarining davlat tomonidan boshqarilishini ta’minlash;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlash kabi vazifalar kiradi.
Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasiga 2022-yil iyulida Qoraqalpog‘istonda zo‘ravonliklarga aylanib ketgan qonli namoyishlar ortidan boshlangan kadrlar o‘zgarishi fonida kelgandi.
Administratsiyaning o‘sha paytdagi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, Ozodlikning hukumatdagi manbalariga ko‘ra, norozilik namoyishlari va qon to‘kilishiga olib kelgan konstitutsiyaviy referendumga tayyorgarlik jarayonida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun ishdan olingan.
Ozodlik manbalari uning o‘rniga tayinlangan Sardor Umurzoqov bilan prezidentning to‘ng‘ich qizi o‘rtasida ziddiyat borligini aytishgan.
Umurzoqov o‘tgan yil avgustida ishdan olinganidan buyon prezident ishtirokidagi hukumat majlislarida biron marta ko‘rinish bergani yo‘q. Rasman u prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.
Qoraqalpog‘istondagi qonli voqealardan ikki yil o‘tib, Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning yangi konstitutsiyasida suveren maqomini saqlab qolgan avtonom respublikaning rivojlanishi uchun mas’ul etib belgilanmoqda.
Siyosiy merosxo‘r?
Tahlilchilar nazdida prezident admistratsiyasi vazifalariga kirmasa-da, Saida Mirziyoyevaga katta bir hudud nazorati berilishi ortida voris tayyorlash ssenariysi yashiringan bo‘lashi mumkin.
Shveysariyada yashayotgan sobiq diplomat Alisher Taksanov O‘zbekistonda hokimiyatning prezidentdan uning qiziga o‘tish ssenariysi real, deb ishonadi.
“Katta ehtimol bilan, prezident hokimiyati Mirziyoyevdan uning qiziga o‘tadi. Ammo bu ish ortiqcha shov-shuv va piarsiz, zimdan amalga oshirilmoqda. Bir kun kelib Mirziyoyev Saidani voris sifatida tanishtiradi. Xalq esa buni har doimgidek itoat bilan jimgina qabul qiladi”, deydi o‘zbekistonlik sobiq diplomat.
Ammo Londondagi Central Asia Due Diligence tadqiqot markazi rahbari Alisher Ilhomovning fikricha, Saida Mirziyoyeva otasining hokimiyatiga yagona da’vogar emas. Uning fikricha, hokimiyat o‘tish jarayonida O‘zbekistonning qudratli maxsus xizmatlari - Davlat xavfsizlik xizmatining pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
"Buni Karimov vafot etganida ko‘rdik. Hozir Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari Botir Tursunov Saida Mirziyoyevaning qaynotasi bo‘ladi. Bu unga qo‘l keladi. Ayni paytda raqobatni ham nazardan qochirmaslik kerak. Bu yerda Prezident xavfsizlik xizmati ham bor: u kattagina resurslar va nufuzga ega tashkilot. Ushbu xizmatda Otabek Umarov muhim rol o‘ynaydi. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, u bilan Saida Mirziyoyeva o‘rtasida raqobat mavjud. Otabek Umarovning o‘z ta’sir richaglari bor: u prezidentga juda yaqin, safarlar va tadbirlarda prezidentga hamrohlik qiladi, shaxsiy tansoqchi vazifasini bajaradi. Juda nufuzli lavozim, chunki doim prezidentning yonida va u bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplasha oladi. Shu bois, agar kelgusida Botir Tursunovning nufuzi pasayadigan bo‘lsa, Otabek Umarovning pozitsiyasi yanada kuchayishi va Davlat xavfsizlik xizmatiga o‘tib, amalda "kingmeyker" bo‘lishi mumkin, hatto o‘zi prezidentlik kursisiga o‘tirsa ham ajab emas. Shu nuqtayi nazardan, Otabek Umarovning imkoniyatlari ko‘proq. Agarda Saida Mirziyoyeva keksayib borayotgan Botir Tursunov o‘rniga o‘z odamini qo‘yishga muvaffaq bo‘la olmasa, albatta”.
Prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari bo‘lgan 40 yashar Otabek Umarov Ozodlikning nepotizm, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga doir qator surishtiruvlari markazida bo‘lgan.
Oldinroq Ozodlikning hukumatdagi manbasi Saida Mirziyoyevaning yaqin ittifoqchisi va Prezident administratsiyasida amalda uchinchi odam bo‘lgan Komil Allamjonov bilan Otabek Umarov hamda DXX o‘rtasida "urush" borligini iddao qilgan.
Bu "urush"ning motivi Ozodlikka ma’lum emas, ammo vaziyatdan xabardorligini aytgan yana bir manba Otabek Umarov oldinroq Toshkentda prezident kuyoviga aloqadorligi iddao qilingan "qudratli ofis"ning fosh etilganidan g‘azabga kelganini iddao qildi. Uning da’vosicha, Umarov "mahalliy tadbirkorlar va mulozimlarga noqonuniy bosimlar o‘tkazib kelgani" iddao qilingan "ofis"ning fosh etilishida "Allamjonovning qo‘li borligini" taxmin qilgan.
Ozodlik manbalari bu xabarlar ortidan "Darxondagi ofis"da tekshiruv olib borilgani va unga aloqador Umarovning atrofidagi qator shaxslar "Dubayga qochgani"ni iddao qilishgan.
O‘zbekiston rasmiy idoralari bu xabarlarni sharhlamagan.