Линклар

Шошилинч хабар
04 феврал 2023, Тошкент вақти: 20:44

Qozog‘iston: Talonchilardan zarar ko‘rgan tadbirkorlarga tovon to‘lash tartibi biznes ahlini qoniqtirmayapti (VIDEO)


Olmaota shahri ma’muriyati tadbirkorlarning yanvar oyi boshlarida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklardan ko‘rgan zararini qoplash mexanizmini e’lon qildi.

Rasmiylar tadbirkorlar bilan muloqotda bunday yordam choralari mustaqil Qozog‘iston tarixida birinchi marta qo‘llanayotganini urg‘ulab, biznesga soliqdan yengillik, kredit ta’tillari berish va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlardan ozod etishdan tashqari, boshqa yo‘llar bilan ham ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.

Biroq tadbirkorlarning boshi ko‘kka yetgani yo‘q: rasmiylar taklif qilayotgan tovon to‘lash mexanizmi ham, miqdori ham ularni qoniqtirmayapti.

Olmaotada “yanvar voqealari” chog‘ida jami 1600 dan ortiq biznes subyekti ziyon ko‘rgan, ularning umumiy zarari summasi 146 million dollardan oshadi.

Avvalboshda tadbirkorlarga ularning talafotlari o‘rnini qoplash uchun pul berilmasligi, faqat ma’muriy yordam choralari qo‘llanishi ma’lum qilingan edi. Biroq hukumat komissiyasi vakillarining ziyon ko‘rgan tadbirkorlar bilan bir necha qizg‘in uchrashuvidan so‘ng ularning fikri o‘zgardi.

“Biz hali zarar ko‘rganimizni isbotlashimiz ham kerakmi? Mening butiklarimning kulini ko‘kka sovurishdi. Qanday zarar ko‘rganimizni tushunyapsizmi?” deya qichqirdi uchrashuvda bir tadbirkor ayol.

Pirovardida Olmaota ma’muriyati kichik va o‘rta biznes vakillariga tovon puli to‘lashga rozi bo‘ldi. Yirik biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari esa endi ishlab chiqilmoqda.

Rasmiylar biznesga quyidagi tartibda ko‘maklashmoqchi: marodyorlardan talafot chekkan biznesmenlarga ularning bir oylik foydasini qoplab berish va’da qilinmoqda – yordam puli miqdori esa ularning soliq ajratmalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Ammo, negadir, bunda aksar tadbirkorlar mutlaqo daromad qilmagan yoki arzimagan foyda ko‘rgan karantin davri asos qilib olinyapti.

“2020 - yilning ikkinchi yarmi va 2021 - yilning birinchi yarmi. Shu davrdagi pul aylanmasi o‘rtacha ko‘rsatkich qilib olinadi va 12 ga bo‘linadi. Hosil bo‘lgan oylik aylanma sizlarga tovon puli summasi o‘laroq hisoblanadi”, deya izoh bergan Zararni qoplash hududiy komissiyasi a’zosi Maqsat Nuraxayev.

Tadbirkorlar tovon puli miqdori bu taxlit hisoblanishiga rozi emas.

Olmaotadagi to‘polonlar chog‘ida Saltanat Jamilevaning ayollar kiyim-kechagi sotiladigan ikki do‘koni talon-toroj qilingan. Tadbirkor ko‘rgan zararini 68 ming dollarga baholamoqda, aytishicha, atigi bir oylik daromadi o‘rni qoplanishi uni kasod bo‘lishdan saqlab qololmaydi.

Boz ustiga, shu bir oylik foyda miqdoridagi tovon pulini olish uchun Saltanat o‘g‘irlangan barcha mollarining hujjatlarini taqdim etishi lozim. Buning esa imkoni yo‘q: yakka tartibdagi tadbirkor maqomi unga yuk xatlari asosida ishlash majburiyatini yuklamaydi.

Bir oylik foyda miqdorida yordam puli berishdan tashqari, Olmaota ma’muriyati tadbirkorlarning tartibsizlikdan so‘ng bino va xonalar ta’miri uchun qilgan sarf-xarajatlari o‘rnini ham qoplab bermoqchi. Zarar ko‘rgan jihoz va asbob-uskunalarning qiymatini maxsus baholash komissiyasi belgilaydi. Ammo o‘g‘irlangan jihozlar masalasi qiyinroq: tadbirkorlar shunaqa jihozlari bo‘lganini va u rostdan ham o‘g‘irlanganini isbotlashi kerak bo‘ladi. Rasmiylar o‘g‘irlangan yoki shikast yetkazilgan mol-mulk to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot berganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirishmoqda.

“Yodda tutingki, siz o‘z arizangizda ko‘rsatilgan zarar miqdori yuzasidan javobgar bo‘lasiz, bu summani ko‘p oshirib ko‘rsata olmaysiz. Xatolik tufayli bir oz tafovutlar bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi. Biroq, agar ko‘rgan zararingizni ataylab o‘nlab marta oshirib yozsangiz, tegishli tartibda javobgar bo‘lasiz. Shuni inobatga oling”, deya ta’kidladi Olmaota tadbirkorlar palatasi direktori Aytuar Koshmambetov.

XS
SM
MD
LG