Линклар

Шошилинч хабар
30 май 2024, Тошкент вақти: 20:24

Qozog‘istonda o‘z xotinini o‘ldirishda ayblanayotgan sobiq vazir ishi: Jarayon qanday o‘tdi?


Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri Quvondiq Bishimbayev sud jarayonida. Ostona, 29-mart, 2024
Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri Quvondiq Bishimbayev sud jarayonida. Ostona, 29-mart, 2024

Ostonada rafiqasi Saltanat Nukenovani qiynoqqa solish va o‘ldirishda ayblanayotgan Qozog‘iston sobiq iqtisodiyot vaziri Quvondiq Bishimbayev ishi bo‘yicha sud tergovi yakunlandi.

Ish materiallarini ko‘rib chiqish chog‘ida 2023-yil noyabr voqealarining dahshatli tafsilotlari ma’lum bo‘ldi: sud majlislarida sobiq vazir o‘z xotinini qanday kaltaklaganini va u o‘layotgan paytda folbinga qo‘ng‘iroq qilganini, tanishi bilan yozishganini batafsil so‘zlab berdi. Quyida bu ish haqida yana nima ma’lum ekanligini hikoya qilamiz.

Ogohlantirish: Matnda zo‘ravonlik sahnalari tasvirlangan.

Nima sodir bo‘lgandi?

2023-yil 8-noyabr kuni kechqurun Bishimbayev uning qarindoshiga tegishli «Bau» restoranida rafiqasi bilan janjallashib qolgan. Er-xotin u yerdagi VIP kabinalardan birida edi.

U Saltanat Nukenovani avval hojatxonada kaltaklagan. Sudda uning aytishicha, janjal paytida Nukenova unga sovg‘a qilingan taqinchoqlarni unitazga tashlagan, shundan so‘ng u unitazga yuztuban yiqilgan, so‘ng boshi bilan kafellangan polga urilgan. Sudda Nukenova oilasi advokatlari ayoldan go‘yoki yechib olingan soat va bilaguzuk suratini ko‘rsatdi.

Ekspertiza natijalari ko‘rsatishicha, bu narsalar uning qo‘lidan yulqib olingan. Bundan tashqari, ekspertiza Nurkenovaning qonida ko‘p miqdorda alkogol bo‘lmaganini, shu bois uni o‘sha paytda hushidan ketib qolgan deb aytish mumkin emasligini tasdiqladi. “Burunning bunday maydalanib sinishi uchun odamni unitazga urish kerak”, deydi sud-tibbiyot eksperti Tohir Xalimnazarov.

Bishimbayev ikkinchi marta liftdan chiqishda xotinini kaltaklagan. Uning aytishicha, ular restorandan uyga ketmoqchi bo‘lishgan, biroq u juda mast bo‘lib, yo‘l chetiga chiqib ketgan. Shundan so‘ng, er-xotin VIP kabinaga qaytishgan. Liftda ular yana janjallashgan. Nukenova kabinaga kirish uchun liftdan chiqqanida Bishimbayev uni to‘xtatib, yuziga to‘rt marta urgan. Ayol yiqilgach, uni bir necha marta tepib, sochidan ko‘tarmoqchi bo‘lgan, so‘ng VIP kabina ichiga sudrab olib kirgan. Sudda liftdan chiqqandan keyin kaltaklangani aks etgan video namoyish etildi. Keyin nima bo‘lgani noma’lum, chunki kabinada kamera yo‘q.

"Men uning sochidan ushlab, yuziga to‘rtta qattiq urdim – ikkita chap qo‘l bilan, ikkitasi o‘ngda, o‘sha paytda u yiqilganida, men uning soniga uch-to‘rt marta tepdim. Hech bir muhim organga zarar yetmaydi deb o‘ylagandim... Men uni to‘rt marta tepdim: “Tur, dedim, jahlim chiqib, sochidan ko‘tara boshladim”, deydi sobiq vazir sudda.

VIP kabinada uning xotini divanga yotib uxlab qolganini aytdi. Ko‘ylagi bilan uni yopib, yoniga yotgan.

Ertasi kuni Bishimbayev ish bilan ketayotganda xotinini restoranda yotgan holda tashlab ketgan. U 9-noyabr kuni kechqurun Nukenovaning yuzi va tanasi sovuq ekanligini payqagach, tez yordam chaqirgan. Shifokorlar ayolning o‘lganini aniqlashgan.

Jabrlanuvchining tanasida ko‘plab ezilish va ko‘karishlar bor edi. Sud-tibbiyot ekspertizasi Saltanat Nukenovaning “o‘tkir subdural gematoma bilan kechadigan yopiq bosh miya jarohati” tufayli vafot etganini ko‘rsatdi. Ayolning bo‘ynida bo‘g‘ish izlari ham topilgan.

Tibbiiy ekspert aytishicha, Nukenova o‘limi oldidan so‘nggi soatlarda azob chekkan. U og‘riqli, bo‘g‘ilib o‘lgan va Bishimbayev tez yordam chaqirishidan ancha oldin vafot etgan.

Bishimbayev, uning amakivachchasi va boshqa guvohlar nima deydi?

Quvondiq Bishimbayev qotillik bo‘lganidan so‘ng deyarli darhol qo‘lga olingan. Sud tinglovi 2024-yil 11-martda boshlangan.

Avvaliga sudlanuvchi aybini tan olmadi. Uning aytishicha, u “[xotinining] o‘limiga aloqador bo‘lgan, lekin qasddan o‘ldirmagan, bunday bema’ni ishni qilish niyati yo‘q edi”. U maqtul ayolning onasi gapiga shunday javob berdi. Bishimbayev so‘zlayotganda ona shunday degandi: "Men bolamning yuzini ko‘rmadim, sen qizimni sakkiz soat davomida o‘ldirgansan!"

Keyinroq Bishimbayev xotinini kaltaklagani, uning o‘limiga sabab bo‘lganini tan oldi. Ammo qotillikni qasddan qilganini rad etdi.

Bishimbayev bilan birga uning amakivachchasi, «Bau» restoraniga egalik qiluvchi «Gastrotsentr» direktori Baxitjan Bayjanov ham sudlanmoqda. U jinoyatni yashirish va xabar bermaslikda ayblanmoqda. U ham aybini tan olmayapti.

Amakivachchasi Bishimbayevga kaltaklagan xotinini mashinaga olib borishga yordam bergan, keyin ayol oyoqda turolmayotganini payqagach, VIP kabinaga qaytarib olib borishgan.

Bundan tashqari, Bishimbayev xotinini kaltaklaganidan keyin Bayjanovdan xodimlarga ruxsat berib yuborishni va kuzatuv kameralaridagi videoyozuvlarni o‘chirishni so‘ragan. Sudda ma’lum bo‘lishicha, 9-noyabr kuni restoran Vladimir Putinning Ostonaga tashrifi kuni Qozog‘istonga kelgan Rossiya delegatsiyasi uchun bron qilingan ekan. Ammo bronni bekor qilish kerak edi.

Saltanat Nukenova.
Saltanat Nukenova.

Bishimbayevning o‘zi esa qotillikni yashirish uchun emas, balki videoning Telegram kanallarda tarqalishini istamagani uchun o‘chirishni so‘raganini aytdi.

Uning Bayjanovga qilgan iltimoslaridan yana biri xotinining telefonini olib, uyiga olib ketish edi. Yo‘lda sobiq vazirning amakivachchasi fitnes markazida to‘xtashi kerak edi. Bishimbayev buni xotinining telefonini geolokatsiyasi orqali kuzatadigan akasi uning qayerdaligini bilishini istamagani uchun qilganini aygan.

Bishimbayev va qaynog‘asi Saltanatga nisbatan zo‘ravonligi tufayli avval ham janjallashgan edi. Sudda Nukenovaning akasi Aytbek Amangeldining aytishicha, er-xotin shar’iy nikoh o‘qitganidan bir necha oy o‘tgach, singlisi unga yuzida ko‘karishlar bor suratni yuborgan. Nukenova undan rasmlarni saqlab qo‘yishni, ammo yozishmalarni o‘chirishni va hech narsa qilmaslikni so‘ragan. Aka nihoyat Bishimbayevning kvartirasiga kelib, singlisini olib ketmoqchi bo‘lgan.

«Men unga uyga boraylik, tayyorlan, bunaqa munosabatga loyiqmassan, dedim. U buni o‘zi hal qilishini, mustaqil voyaga yetgan ayol ekanligini va Quvondiqni yaxshi ko‘rishini aytdi, – dedi marhumning akasi sudda. Shundan so‘ng, u singlisiga erinikidan ketishni so‘ragani, singlisi esa "ayb o‘zimda" deb javob berganini o‘qib berdi.

Aytbek Amangeldi singlisi munosabatlarni to‘xtatishga uringanini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, 2023-yilda Nukenova Bishimbayevnikidan taxminan sakkiz marta ketib qolgan. Eri uni intim video bilan shantaj qilgani uchun u munosabatlarni butunlay uza olmagan ekan.

Nukenova dugonasi Aida Ahmedinaga Bishimbayev aldov bilan uni videoni tasvirga olishga undaganini va shundan keyin ajrashishga rozi bo‘lishini aytganini so‘zlab beribdi: “U uni qo‘yib yubormasligini aytgan, chunki bizning oilada uning kaltaklangan fotosuratlari bor va biz uni shantaj qilishimiz mumkin emish. U meni yalang‘och videoga olishni so‘radi, shunda u ham menga bosim o‘tkaza olishini, shunda hech kim hech kimni shantaj qilmasligi uchun kafolat bo‘lishini aytgan."

Folbinga qo‘ng‘iroq, kaltaklashni telefonda tasvirga olish

Saltanat Nukenovaning o‘ldirilishi bo‘yicha sud majlislari Qozog‘istonda ham, boshqa mamlakatlarda ham diqqat bilan kuzatilmoqda. Dastlab sud jarayoniga qiziqishga mamlakatdagi taniqli sobiq amaldorning ayblanuvchi kursisida o‘tirgani sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, uning sodir etgan jinoyati haqida sukut u yoqda tursin, aksincha, majlislardan ochiq translyatsiyalar qilinmoqda, ularning har birida shafqatsizlarcha kaltaklashlar va undan keyin sodir bo‘lgan voqealarning yangi tafsilotlari ma’lum bo‘lmoqda.

“Axborotni yangicha taqdim etilgani ham muhim rol o‘ynadi, – deydi Qozog‘istonning «Feminita» feministik tashabbusi asoschisi Gulzoda Serjan. – Axborot yaxshi sifatda hukumat kanalida uzatilmoqda. Qozog‘istonda ko‘pchilik sudlar orqali muammoni hal qilishga suyanadi. Sudlar jarayonini kuzatish orqali ular maishiy nizolar qanday ko‘rib chiqilishi haqida bepul bilim olmoqda.»

Kaltaklangan rafiqasi restoranda yordamsiz qolib, vafot etganida, Bishimbayev bir necha ayol bilan yozishgan. Birinchisi bloger Gulnora Nosirbekova bilan, ikkinchisi sobiq vazirning telefonida “Yuliya super” nomi bilan yozilgan noma’lum qiz bilan edi.

Sudda Gulnora Nosirbekova Bishimbayev bilan 9-noyabr kuni tushlik paytida xuddi shu Bau restoranida uchrashganini tasdiqladi. Uning aytishicha, ular bir kun oldin uchrashishga kelishib olishgan. Sobiq vazir uni qahva ichish va blogida restoranni reklama qilish bo‘yicha gaplashishga taklif qilgan.

Rimda Saltanat Nukenova himoyasiga va xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonlikka qarshi o‘tkazilgan miting. 13-aprel, 2024
Rimda Saltanat Nukenova himoyasiga va xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonlikka qarshi o‘tkazilgan miting. 13-aprel, 2024

Bishimbayev 9-noyabr kuni ertalab “Yuliya Super” bilan yozisha boshlagan va undan: «Ishlar qalay? Vaqting bormi?» deb so‘ragan. Unga «Qachonga?» deb javob kelgan. Bishimbayev unga javob qaytarmagan. U sudda bu qiz bilan qanday munosabatda bo‘lganligini tushuntirmadi.

9-noyabr kuni Quvondiq Bishimbayevning yana bir suhbatdoshi o‘zi tanigan folbin edi: u undan kaltaklangan xotini ahvoli haqida so‘ragan. U folbinga olti marta qo‘ng‘iroq qilib, xabarlar yozgan. Bishimbayev birinchi marta tushlik paytida xotinining yuzida katta ko‘karish paydo bo‘lganini ko‘rganida folbinga qo‘ng‘iroq qilgan. Folbin band ekan va 10 daqiqadan so‘ng qo‘ng‘iroq qilishni so‘ragan, keyin sobiq vazirning aytishicha, u xotini bilan hammasi yaxshi ekanligiga ishontirgan: "U shunchaki charchagan va mast."

Shifokorlar yetib kelguncha Bishimbayev folbinga yana qo‘ng‘iroq qilgan. “Men yurak urishini sezmagayotganim uchun, nima bo‘layotganini so‘ramoqchi bo‘ldim, u ko‘tarmadi, keyin ko‘tarib tez yordam chaqiring, dedi. Men unga: “Kechqurun uyg‘onishi kerak degan edingizku dedim”, dedi sudda Bishimbayev. Nega darhol tez yordam chaqirmagani, folbinning maslahatiga amal qilgani haqida so‘ralganda, u «ishonganim» uchun deb javob bergan.

Sud Bishimbayevning telefonini qulfdan chiqargandan so‘ng yozishmalarga ruxsat oldi. Folbinga qo‘ng‘iroqlar va qizlarga yuborilgan xabarlardan tashqari, sobiq vazir tomonidan xotini o‘ldirilgan kuni tasvirga olingan 12 ta video topildi. Bu yozuvlar ommaviy ravishda efirga uzatilmagan, biroq sudya ularni sud majlisida ovoz bilan kuzatgan. Videolar bir necha soniya davom etadi. Yozuvlarda Bishimbayevning ovoziga o‘xshash ovoz ayolni haqoratli so‘zlar bilan chaqiradi va uni hiyonatini tan olishga majbur qiladi.

Videolardan birida sobiq vazir xotinidan: “U bilan yotdingmi?” deb so‘raydi. Xo‘rsinib, ayol javob beradi: «Ha». Avvaliga Bishimbayev bu videolarni kimdir unga WhatsApp orqali yuborganini va ular uning telefonida saqlanganini aytdi va bu men emasman dedi. Keyin u bu kadrlar soxta ekanligini va go‘yoki kimdir uning ovozini videoga qo‘yganligini aytdi. Oxir-oqibat, u ularni o‘zi suratga olganini tan oldi.

Qozog‘istonlik jurnalistlar videoda aytilgan shaxsning ismini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi: Raimbek Batalov. Taxminlarga ko‘ra, «Atameken» Milliy tadbirkorlar palatasi boshqaruvi raisi. Batalov o‘zining Instagram'dagi videosini e’lon qildi, unda Bishimbayevning ayblovlarini “to‘g‘ridan to‘g‘ri bema’nilik” va “ahmoqona yolg‘on” deb atadi.

Hakamlik sudi Qozog‘istonda qanday o‘tadi?

Bishimbayev ustidan sud jarayoni hakamlar hay’ati ishtirokida o‘tkazilmoqda. Sobiq vazir o‘z xotinini haqorat qilayotgani aks etgan videolarni ko‘rib, ular yig‘lab yubordi. Hakamlar hay’atidagi ayollardan biri kasal bo‘lib qoldi. Sog‘lig‘i sababli boshqa hakamni almashtirishga to‘g‘ri keldi.

2010-2012-yillarda Qozog‘istonda barcha o‘ta og‘ir jinoyatlar sudlarda hakamlar hay’ati ishtirokida ko‘rila boshlandi. Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, hakamlar hay’ati tomonidan oqlov hukmlari boshqalarga qaraganda 8-8,5 foizga ko‘proq chiqariladi.

Ish ushbu formatda ko‘rib chiqilishi uchun himoyachi faqat tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilishi kerak. Hakamlar hay’atida jami 11 kishi bor: 10 nafar hakam va ishda raislik qiluvchi sudya. Agar almashtirish zarur bo‘lsa, ikkita qo‘shimcha hakam mavjud. Ayblash uchun hakamlarning ko‘pchiligi har bir ayblov bo‘yicha uchta savolga «ha» deb javob berishi kerak.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, sudya hakamlar hay’atini o‘zi xohlagancha javob berishiga erishish uchun majburlay oladi. Masalan, advokat Johar Utebekov shunday deb yozgan edi: “Agar sudya buni istasa, unga 11 tadan oltitasi ovoz berish kifoya, demak u faqat besh nafar hakamni ishontirishi kerak.

Saltanat Nukenova hamda Quvondiq Bishimbayev. Kollaj
Saltanat Nukenova hamda Quvondiq Bishimbayev. Kollaj

Saltanat Nukenovaning qotillik ishi va ayollar huquqlari himoyasi

Sudda Nukenovaning o‘limi bo‘yicha jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotganda, Bishimbayev oiladagi erkak va ayol rollar bo‘yicha an’anaviy qarashlarga amal qilishi ma’lum bo‘ldi. "Men undan bir nechta talablarim bor edi, to‘g‘rimi, u menga kechki ovqat tayyorlasin, ertalab ishga kuzatib qo‘ysin, shundan boshqa narsa talab qilmadim. Ammo u doim turli ahvolda bo‘lardi va shunga ham chiday olmadi”, dedi sudlanuvchi.

Qozog‘istonlik huquq faollari fikricha, Bishimbayev mamlakat aholisining konservativ qismini o‘z tomoniga tortishga umid qilmoqda.

“Bishimbayev biz uchun emas, balki hakamlar hay’ati uchun spektakl qo‘ymoqda, «yaxshi» va «yomon»ni belgilovchi stereotiplarni o‘tkazmoqchi. Afsuski, Qozog‘istonda hamon “toza” va notoza” kelin tushunchasi bilan yashashadi. Erkakning o‘ziga farqi bo‘lmasa ham, oilaga muhim bu va ular [oila a’zolari] kelinni haqorat qilishlari, "sharmanda qilayotganini", bokira bo‘lmaganini aytishlari mumkin”, deydi Qozog‘istonning SVET (Stop Violence End Tyranny) inson huquqlari tashkiloti asoschisi Moldir Alban Forbes jurnaliga bergan intervyusida.

Qozog‘istonlik faol va huquq himoyachisi Gulzoda Serjan uning fikriga qo‘shiladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Bishimbayev yashayotgan “an’anaviy qadriyatlar” mustamlakachilik amaliyotidir. "2017-yilda qonunchilarimiz Rossiyadan uydagi zo‘ravonlikni dekriminallashtirish to‘g‘risidagi qonunni ko‘chirib olishdi, natijada biz haqiqiy ayol o‘limiga duch keldik", deydi Serjan.

Qozog‘istondagi munosabat

Oiladagi zo‘ravonlik Qozog‘iston uchun jiddiy muammo hisoblanadi. Bosh prokuraturaning rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, har yili kamida 80 nafar ayol oilada kaltaklanish oqibatida o‘ladi.

Bishimbayev ustidan o‘tkazilgan sud oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha muhokamaning yangi to‘lqinini boshlab berdi. Ijtimoiy tarmoqlar jarayon haqidagi xabarlar bilan to‘ldi. Foydalanuvchilar sud majlislaridan parchalar, oiladagi zo‘ravonlik haqidagi fikrlari va muammoga e’tiborni qaratish uchun mo‘ljallangan videolarni joylashtiradi.

Ko‘pchilik Nukenova va uning oilasini qo‘llab-quvvatlab, #zaSaltanat, #Saltanat xeshteglari bilan postlarini baham ko‘rishadi. Instagram'da birinchi xeshteg ostida allaqachon 11 mingdan ortiq, TikTok'da esa 40 mingdan ortiq postlar mavjud.

AQSH va Yevropada Nukenovani qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar o‘tkazilmoqda. U yerda yashovchi qozog‘istonliklar #SaltanatҮshіn (“Saltanat uchun”), “No Excuse For Abuse” (“Suiiste’mollikka bahona yo‘q”) plakatlari bilan ko‘chalarga chiqishmoqda.

Rassomlar o‘z ishlarini sud jarayoniga bag‘ishlamoqda. Aktrisa Madina Bespayeva Bishimbayevning sud jarayoni asosida “Himoya huquqi” videospektaklini taqdim etdi. U sobiq vazirning nutqlaridan so‘zlarni kiritdi. Spektakl: "Men o‘zimni himoya qilishim kerak" degan so‘zlar bilan boshlandi va tugaydi.

Ammo bu jarayon atrofida olib borilayotgan ommaviy targ‘ibotning eng muhim natijasi – “Oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishidir. 2024-yil 15-aprelda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev maishiy zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi.

Qonunda qasddan badanga yengil shikast yetkazish va kaltaklaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bundan tashqari, agar biz jismoniy zo‘ravonlik va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik yoki tomonlar yarashgan paytdan boshlab bir yil ichida sodir bo‘lgan takroriy zo‘ravonlik bo‘lsa, tomonlarni yarashtirishga urinilmaydi. Zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish uchun Qozog‘istonda ham oilalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari paydo bo‘lishi kerak.

XS
SM
MD
LG