Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:17

Qozog‘istonda siyosiy faollar shubhali ekspertiza va yopiq sud qarorlariga ko‘ra “ekstremist”ga chiqarilmoqda


Qozog‘istonning turli mintaqalarida norozilik aksiyalariga chiqqan va hokimiyatga nisbatan tanqidiy chiqishlar qilgan faollar “ekstremistik birlashmalarni tashkil qilish” va ularda “ishtirok etish”da ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.

“Ekstremistik” tashkilot deganda rasmiylar “Qozog‘istonning demokratik tanlovi” (QDT) hamda “Ko‘cha partiyasi” harakatlarini nazarda tutmoqda. Ularning faoliyati poytaxt sudi tomonidan taqiqlangani iddao qilinmoqda, biroq sudning bu to‘g‘ridagi qarorlari hech qayerda e’lon qilingan emas. Qolaversa, mazkur sud qarorlariga asos bo‘lgan ekspertiza xulosalari ham jamoatchilikka ko‘rsatilgani yo‘q. Boz ustiga, ma’lum bo‘lishicha, yuqoridagi ikki tashkilotdan birini man qilishga asos bo‘lgan ekspertiza muallifi boshqa siyosiy sud jarayonlarida ham qatnashgan ekan.

Hukumatga qarshi namoyish yoki mitingda, politsiya “spetsnazi” atrofni o‘rab oladi va norozilarni bitta-bitta tutib, avtozaklarga tiqadi... 2018-2019 - yillarda bunday manzara bir necha marta kuzatilgan edi: “Qozog‘istonning demokratik tanlovi”, keyinroq esa “Ko‘cha partiyasi” uyushtirgan barcha mitinglar (ularda siyosiy mahkumlarni ozod etish, halol saylovlar o‘tkazish, Konstitutsiyaga rioya qilish va boshqa talablar qo‘yilgan) kuch bilan tarqatilgan va ishtirokchilari hibsga olingan.

Bunga parallel ravishda, norozilik harakatining eng faol ishtirokchilari hamda ijtimoiy tarmoqlarda tinch mitinglarga chiqishni targ‘ib qilgan fuqarolar kuchishlatar xodimlar kuzatuviga olindi, keyin esa tergovga tortildi.

Huquqbonlar hisoblashicha, Qozog‘istonda so‘nggi uch yilda 300 ga yaqin kishi faqat siyosiy qarashlari uchun “QDT” va “Ko‘cha partiyasi”ning ehtimoliy a’zosi sifatida Jinoyat kodeksining 405-moddasi (Jamoat birlashmasi yoki diniy birlashma yoxud boshqa tashkilot ekstremistik va terroristik faoliyat yuritgani munosabati bilan sud qaroriga ko‘ra taqiqlangan yoki tugatilganidan so‘ng ularni tashkil qilish va ular faoliyatida ishtirok etish) bilan javobgarlikka tortilgan.

Birinchi harakat chet elda yashovchi sobiq bankir va hokimiyat munaqqidi Muxtor Ablyazov tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, Qozog‘istonda 2018 - yilda “ekstremistik” tashkilot o‘laroq taqiqlangan, faollar asos solgan ikkinchi tashkilot esa 2020 - yilda man etildi – sud va prokuratura negadir “Ko‘cha partiyasi”ni “QDT”ning vorisi deb hisoblabdi.

Uch yarim yil davomida ko‘plab faollar jarimaga tortildi, ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi, ayrimlar hibsda sud bo‘lishini kutayotgan bo‘lsa, boshqalar allaqachon qamoqda jazo muddatini o‘tamoqda.

Bir necha faollar sudning "Ko‘cha partiyasini" ekstremistik tashkilot deya chiqargan qaroriga norozilik sifatida ochlik e’lon qilishdi, Olmaota, 21 - iyun 2021
Bir necha faollar sudning "Ko‘cha partiyasini" ekstremistik tashkilot deya chiqargan qaroriga norozilik sifatida ochlik e’lon qilishdi, Olmaota, 21 - iyun 2021

Biroq hech bir holatda hukmga ushbu harakatlarning “ekstremistik” tabiatini isbotlovchi hujjatlar ilova qilingani yo‘q. QBT va “Ko‘cha partiyasi” taqiqlangani haqidagi sud qarorlarini qo‘liga olgan (ular sud qarorlari bazasiga kiritilmagan va keng jamoatchilik ko‘zidan panada tutilmoqda) advokatlar sudyalar bu qarorlarni chiqarishda ekspertlarning shubhali xulosalariga tayanganini aytmoqda.

EKSPERT XULOSASI BORMI?

2018 - yil 13 - martda poytaxtning Esil tumani sudi sudyasi Ruslan Majitov QBTni “ekstremistik tashkilot” deb topdi va Qozog‘iston hududida uning faoliyatini taqiqlash haqida qaror chiqardi. Ko‘p o‘tmay Ablyazov tuzgan ushbu tashkilot tarafdorlarini birin-ketin 405-modda bo‘yicha javobgarlikka torta boshladilar. QBT man etilganidan so‘ng sudga tortilgan ilk faollardan biri bo‘lmish Aset Abishevni himoya qilgan advokat Gulnora Juaspayeva sudning o‘sha qarorini o‘zining “Facebook”dagi sahifasida e’lon qilgan edi.

Sud hujjati nusxasiga ko‘ra, qaror Bosh prokuratura iltimosiga muvofiq, ochiq sud majlisida chiqarilgan bo‘lib, unda faqat davlat idoralarining xodimlari hamda Akbarova familiyali ekspert ishtirok etgan xolos.

“Ro‘yxatga olinmagan QDT tashkiloti vakillari sud majlisida yo‘q edi, mazkur birlashma Qozog‘iston Respublikasining adliya organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, uning yuridik manzili va joylashgan joyi sudga ma’lum emas. Shu munosabat bilan sud ishni uning ishtirokisiz ko‘rish mumkin deb hisobladi”, deyiladi sud materiallarida.

Sud jarayonida, tabiiyki, IIV hamda Milliy xavfsizlik qo‘mitasidan vakillar bo‘lgan.

Sudning QBTni “ekstremistik tashkilot” deb topishiga asos bo‘lgan yagona hujjat – 2018 - yil 7 - martdagi 654-sonli sud psixologik-filologik ekspertizasidir. Hujjatda, shuningdek, allaqanday siyosatshunos tomonidan o‘tkazilgan politologik tahlil ham esga olinadi. Ammo na ekspertning ismi bor, na ekspertiza o‘tkazilgan muassasaning nomi. Bundan tashqari, go‘yo sud jarayonida qatnashgan Akbarova familiyali ekspertning ekspertizada ishtirok etgani yoki etmagani ham noma’lum.

“Ekspertiza xulosasini bizga berishmadi. Beringlar, deb iltimosnoma kiritganimizda: “Siz bu fuqarolik ishi ishtirokchisi emassiz, shu bois sizga ekspertiza xulosasini bera olmaymiz”, degan javobni oldik. Jarayon vaqti sud majlisida Bosh prokuratura, IIV, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakillari hamda ekspert Akbarova bo‘lgan xolos. Boshqacha aytganda, potentsial jihatdan taqiqlangan tashkilotga aloqadorlikda ayblanishi mumkin bo‘lgan birorta ham Qozog‘iston fuqarosi sudda qatnashmagan. Hech kim qatnashmadimi, qarorni ochiq e’lon qilishlari kerak edi. Chunki harakat ishtirokchisi sifatida 405-modda bilan javobgarlikka tortiladigan har bir inson himoyalanish huquqiga ega”, deyi advokat Juaspaeva.

2020 - yilda yana shu Esil tumani sudi “QDT o‘z nomini “Ko‘cha partiyasi”ga o‘zgartirgan, ikkalasi bitta ekstremistik tashkilot sanaladi”, deya qaror chiqardi. Va shu tariqa sud “Ko‘cha partiyasi” degan yangi nom bilan QDT faoliyatini butun Qozog‘iston Respublikasi hududida taqiqladi. Ushbu sud majlisida ham Bosh prokuratura, IIV, MXQ vakillariyu ekspert Seyfullinadan boshqa hech kim bo‘lmagan.

Politsiya Olmaotada Qozog‘istonning demokratik tanlovi uyushtirgan namoyishga kelganlarni hibs etmoqda. 22 - fevral 2019 - yil
Politsiya Olmaotada Qozog‘istonning demokratik tanlovi uyushtirgan namoyishga kelganlarni hibs etmoqda. 22 - fevral 2019 - yil

Bu qaror ham e’lon qilingani yo‘q. “Ko‘cha partiyasi” harakati faollari va advokat Galim Nurpeisov sud qarori ustidan yuqori mahkamaga shikoyat qilishdi. Biroq yuqori instansiya apellyatsiya shikoyatini, uni taqdim etgan tashabbuskor guruh a’zolarini “ish bo‘yicha taraf yoki unda ishtirok etgan shaxslar emas”, degan iddao bilan rad etdi. Bir necha faol, jumladan, Asxad Jekseboyev hamda No‘yon Rahimjonov “Ko‘cha partiyasi”ga aloqadorlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi.

Esil tumani sudining qarori qabul qilinishiga asos bo‘lgan “kompleks sud psixologik-filologik ekspertizasi” hech kimning qo‘liga berilmadi.

EKSPERT AKBAROVA KIM?

Poytaxtlik yurist Anton Fabriy QDT taqiqlangani haqidagi qarorning to‘liq matni bilan birinchilar qatorida tanishishga muvaffaq bo‘ldi. U sudga shikoyat yozib, unda QDTga a’zo bo‘lish niyati borligini, biroq endilikda ushbu qonuniy huquqdan mahrum bo‘lganini, binobarin, sudning qarori uning siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lib kirish huquqini cheklaganini bildirdi. Qator byurokratik sansalorliklardan so‘ng Fabriy nihoyat Esil tumani sudining qarorini “tanishib chiqish va nusxa ko‘chirish uchun” oldi. Keyinroq esa hujjat nusxasini “Facebook”dagi sahifasiga ham ilib qo‘ydi.

Yuristning Ozodlik radiosi qozoq xizmatiga ma’lum qilishicha, ikki jildli ish asosan Muxtor Ablyazovning ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlari va bayonotlaridan tashkil topgan.

Sud materiallariga ishonilsa, ekspert Akbarova Muxtor Ablyazovning shaxsiy sahifasiga joylangan axborotlar, videofayllar hamda varaqalarni tahlil qilgan. Va, taqdim etilgan materiallarda amaldagi hokimiyat, davlat idoralari va mansabdor shaxslari salbiy baholangan, shuningdek, mamlakatda hokimiyatni kuch bilan ag‘darishga chaqiruvchi fikrlar bildirilgan, deb xulosa yasagan.

Ozodlik muxbiri nega bunday xulosa qilgani va ekspertizada qanday metodlardan foydalanganiga aniqlik kiritish maqsadida Roza Akbarova bilan bog‘lanishga urindi, ammo uning barcha harakatlari zoye ketdi.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarda aytilishicha, Roza Akbarova Qarag‘anda davlat universiteti hamda Shimoliy Qozog‘iston davlat universitetini tamomlagan, ko‘p yillar davlat idoralarida, xususan, Adliya vazirligining ichki siyosat departamentida va din ishlari qo‘mitasida, shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza muassasasida ishlagan. 2017 - yildan boshlab Adliya vazirligining Sud ekspertizasi markazi direktorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2019 - yil noyabrida Akbarova diniy ekstremizmga doir dasturda ekspert sifatida ishtirok etgan.

Qiziq tomoni, 2012 - yilda Akbarova ro‘yxatdan o‘tkazilmagan “Olg‘a” muxolifat partiyasi yetakchisi Vladimir Kozlov ishida ham ekspertiza muallifi bo‘lgan ekan. O‘shanda ekspert “Olg‘a” partiyasi go‘yoki hokimiyatni egallash, xususan uni qurol kuchi bilan bosib olish maqsadida Muxtor Ablyazov rahbarligidagi ekstremistik tashkilotga aylangani to‘g‘risida xulosa bergan.

Akbarovaning ekspertiza xulosasiga tayanib, Oqtov sudi 2012 - yil oktabrida Kozlovni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etdi. O‘sha hukmda “Olg‘a” partiyasi faoliyati “ekstremistik” deya baholangan edi. 2012 - yil dekabr oyida esa Olmaota sudi ekspertiza o‘tkazmasdan “Olg‘a” partiyasini taqiqladi – katta ehtimol bilan, Kozlov ishida Akbarova bergan xulosa yetarli deb topilgan.

O‘tgan yili jamoatchi faol Alnur Ilyashev “qasddan yolg‘on axborot tarqatgan” degan ayblov bilan uch yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingandi. Ilyashev ishida ham Roza Akbarova xulosa bergan.

Uning fikricha, Ilyashev “Facebook” tarmog‘ida hukumat va “Nur Otan” partiyasi tomonidan amalga oshirilgan koronavirus inqiroziga qarshi chora-tadbirlarni tanqid qilarkan, xabarlari fuqarolarda “davlat hokimiyati organlarining layoqatsizligi haqida tasavvur uyg‘otishga qaratilgan” bo‘lib, “jamiyat xavfsizligiga real xavf tug‘diradi”.

Roza Akbarova hozir qaerda ishlayotgani noma’lum. Sud ekspertizasi markazida Ozodlik muxbiriga bunaqa xodim yo‘q, deb javob berishgan.

“HOKIMIYATNI O‘ZGARTIRMOQCHI BO‘LGAN TINCH HARAKAT”

2017 - yil aprelida Muxtor Ablyazov bir necha safdoshi bilan birga “Qozog‘istonning demokratik tanlovi” harakatiga asos solgan edi. Harakatning maqsadi Qozog‘istonning siyosiy va iqtisodiy qurimini tubdan o‘zgartirish, parlament respublikasi hamda aholi oldida hisobdor bo‘lgan hukumat tuzish ekani e’lon qilindi.

QDT platformasida siyosiy o‘zgarishlar, chunonchi, prezidentlik lavozimini tugatish, mustaqil sud tizimini shakllantirish, shuningdek, prokuratura va huquqni muhofaza qilish organlarini isloh etish haqida gap boradi.

Bundan tashqari, inson haqlarini himoya qilish, tinch yig‘inlar, ish tashlashlar o‘tkazish erkinligi, so‘z erkinligini taminlash, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlarida korrupsiyaga qarshi kurash, har bir fuqaroga 20 sotixdan yer ajratish, eng kam ish haqini Yevropa mamlakatlari darajasiga ko‘tarish kabi masalalar ham alohida bandlarda tilga olingan.

“Ko‘cha partiyasi” harakatining siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy dasturida parlament respublikasi tuzish, fuqarolarni bepul tibbiy yordam bilan ta’minlash, siyosiy mahkumlarni ozod etish to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Shuningdek, unda fuqarolarning tinch yig‘ilishlar o‘tkazish huquqini cheklamaslikka, byudjet sohalari xodimlarining ish haqini 400 ming tangaga oshirishga, fuqarolarni yer maydonlari bilan ta’minlashga, ipoteka krediti foizlarini 5 foizgacha kamaytirishga va eng kam pensiya miqdorini 170 ming tangaga ko‘tarishga chaqiriqlar ham o‘rin olgan.

Bu ikki harakatning da’vatlari bilan mamlakatda tinch mitinglar, piketlar o‘tkazildi, ijtimoiy tarmoqlarda turli chellenjlar tashkil qilindi. Norozilik chiqishlarida faollar, 2019 - yilgi navbatdan tashqari prezident saylovi halol bo‘lmaganini ta’kidlab, siyosiy mahkumlarni ozod etishni talab qildilar. Hozirda faollik avvalgidek emas – norozilik harakatining ko‘plab a’zolari yo tergovda, yo uy qamog‘ida yoki haqiqiy qamoqda.

405-modda bilan sudlanganlarning advokatlari ular himoya qilgan shaxslarning xatti-harakatlarida ekstremizm belgilari bo‘lmaganini aytishadi, shunga qaramay sudlar, yopiq ekspertiza xulosasiga va Esil tumani sudining hech qayerda ochiq e’lon qilinmagan qaroriga asoslanib, ayblov hukmlarini chiqardi.

Advokat Janar Bolg‘aboyeva hokimiyat shu tariqa o‘z tanqidchilarini ta’qib qilmoqda, deb hisoblaydi.

“Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha Shanxay konvensiyasiga ko‘ra, “ekstremizm” bu – hokimiyatni kuch bilan bosib olish yoki saqlab turishga, shuningdek, davlatning konstitutsiyaviy tuzumini kuch bilan o‘zgartirishga qaratilgan muayyan faoliyat, shuningdek, ushbu maqsadlarda noqonuniy qurolli tuzilmalar tashkil qilish va ular faoliyatida ishtirok etishdir. Men himoya qilgan shaxslar hokimiyatni kuch bilan egallab olishga va uni saqlab qolishga uringanlari yo‘q. Ular kuch yoki zo‘ravonlik qo‘llashmadi. Qurolli tuzilmalarga a’zo bo‘lishmadi va davlat xavfsizligiga xavf soluvchi tashkilotlarda ishtirok etishmadi. “Ko‘cha partiyasi”ning barcha aksiyalari tinch xarakterda edi, faollar o‘z talablarini tinch yo‘l bilan bildirishdi. Menimcha, hukumat ularni siyosiy qarashlari uchun, boshqalardan farqli o‘ylashgani uchun ta’qib etyapti”, mulohaza qiladi advokat Bolg‘aboyeva.

XS
SM
MD
LG