Qozog‘istonning gaz eksportiga taqiq qo‘yishi tojikistonlik taksi haydovchilarini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Mijozlar yoqilg‘i taqchilligi sabab oshgan yo‘lkira haqini to‘lashga qiynalmoqda.
«Yoqilg‘i narxi ko‘tarildi, lekin biz tirikchilik qilishimiz kerak. Yo‘lovchilarga ham qiyin», deydi xo‘jandlik taksi haydovchisi.
So‘nggi haftalarda Dushanbedan Ko‘lob shahriga yo‘lkira avvalgi 5 dollardan 7 dollarga qadar oshgan. Yo‘lovchilar yo‘l haqi qimmat bo‘lganidan keyin muhim bo‘lmagan safarlarni kechiktirishni afzal ko‘rmoqda.
Qozog‘iston Energetika vazirligi 20-oktabr kuni suyultirilgan gaz - propan va butan eksportini uch yilga to‘xtatganini e’lon qildi. Bu qaror asosan Qozog‘istondan gaz importiga tayangan Tojikistonda yonilg‘i narxini oshirib yubordi. Tojikiston gaz importining yarmidan ko‘pini mamlakatdagi avtomobillar iste’mol qiladi.
Rasmiy ma’lumotlarda inflyatsiya pastligi aytilsa-da, oziq-ovqat narxlari o‘sishda davom etmoqda.
Tojikistonda 2022-yilda inflyatsiya rasman 4 foizdan sal ko‘proqni tashkil qilgan. Vaholanki, Qirg‘iziston va O‘zbekiston mintaqaning eng yirik savdo sherigi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ortidan kiritilgan sanksiyalar sharoitida ikki xonali inflyatsiyani qayd etgan.
«Aziya-Plyus» axborot agentligining tojikistonliklar bilan o‘tkazgan so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan yili davlat xizmatchilarining oyliklari 20 foizgacha oshirilganiga qaramay, ko‘plab fuqarolar xarid qobiliyati pasayganini bildirgan.
Jahon oziq-ovqat dasturi tomonidan chop etiladigan haftalik monitoring Tojikistonda sut, shakar, kartoshka va guruch singari asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 12-18 foizga oshganini ko‘rsatdi.
Tojikiston Monopoliyaga qarshi kurash xizmati taqchillik va narxlar o‘sishini «vaqtinchalik» deb baholab, importchilarga neft olib kelishning muqobil yo‘llarini ishlab chiqishga topshiriq berdi.
Yoqilg‘ini 100 foiz import qiladigan Tojikiston uglevodorod narxi oshishiga juda ta’sirchan. Bu daromadi oyiga o‘rtacha 200 dollar atrofida bo‘lgan tojikistonliklar hayotini yanada og‘irlashtiradi.
Avgust oyida rasmiylar Erondan yonilg‘i importi haqida gapirdi.
Iqtisodiy tahlilchi Abdurahmon Hakimzoda yoqilg‘i bozorida mustaqil ishtirokchilar yo‘qligi sababli yoqilg‘i qaerdan keltirilishidan qat’i nazar, iste’molchilarga noqulaylik tug‘dirishini aytdi.
Yoqilg‘i taqsimoti uzoq vaqtdan beri yoqilg‘i kompaniyalarining kichik guruhiga bog‘langan, Rossiya davlat energetika giganti Gazprom va hukmron oilaga qarashli Faroz kompaniyasi bozorda hukmronlik qiladi.
«Tojikiston neft mahsulotlarini, xususan, benzin va gazni ishlab chiqarish va qayta ishlashni Tojikistonning o‘zida yo‘lga qo‘yishga harakat qilishi kerak», dedi Hakimzoda.
Tojikistonda o‘n yil avval boshlangan 500 million dollarlik, yillik quvvati 400 ming tonnaga yaqin neftni qayta ishlash zavodi foydalanishga topshirilmoqda. Biroq xomashyo qayerdan olinishi hozircha aniqmas.
Mahalliy iqtisodchilar Erondan yoqilg‘i importiga skeptik qaraydi. Ularning fikricha, logistika va bojxona tariflari sababli Erondan import qilish Qozog‘iston va Rossiya variantlaridan qimmatroqqa tushadi.
O‘tgan hafta Turkmaniston poytaxti Ashxobodda bo‘lib o‘tgan energetika anjumanida Tojikiston energetika vaziri o‘rinbosari Sharifa Xudobaxsh Tojikistondagi uglevodorod zaxiralari Sovet davrida hisoblangan 900 milliard kubometr gaz va 150 million tonna neftdan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Xitoyning CNPC va Tojikistonning "Somon-Oyl" kompaniyasi hozirda Dang‘ara va Boxtar hududlarida yerosti zaxiralarini qidirish ishlarini olib bormoqda, ammo qidiruvdan tortib to ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayon uzoq davom etadi.
Bu esa hozircha tojikistonliklar yonilg‘i narxidagi o‘zgarishlardan aziyat chekishda davom etishini anglatadi.