Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:06

Qozoq muxolifatchisi: “Xalq o‘z kuchiga ishonch hosil qildi – rejimning kuni bitdi” (VIDEO)


Qozog‘iston qator shaharlarida to‘rt kundan beri ommaviy tartibsizliklar davom etmoqda. 5 - yanvar kuni namoyishchilar Olmaota shahri akimati, Olmaota aeroporti, prezidentning mahalliy qarorgohi binolarini va bir nechta ma’muriy binoni egallab oldi. Kunduzi butun Qozog‘istonda internet va telekanallar o‘chirildi, kechqurun esa butun mamlakat hududida favqulodda holat va komendantlik soati joriy etildi.

Prezident Toqayev sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning mamlakat Xavfsizlik kengashi raisligidan olinganini va ushbu lavozimni o‘zi egallaganini e’lon qildi. Ayrim ekspertlarga ko‘ra, hokimiyat norozilikni to‘xtatish uchun bundan ortiq yonberishlarga ham rozi bo‘ladi.

Xo‘sh, yuz bergan voqealar Nazarboyevning siyosiy karyerasi bitganini anglatadimi? U hokimiyatdan butunlay chetlatildimi? Qozog‘istonda norozilik kayfiyati g‘alaba qildi, deb aytish mumkinmi?

Qozoq muxolifatchisi, “Qozog‘istonning demokratik tanlovi” harakati yetakchisi Muxtor Ablyazov “Nastoyashcheye vremya” telekanali bilan intervyuda ana shu savollarga javob berdi.

– Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Bu namoyishchilarning asosiy talabi bajarilganini bildiradimi?

– Nazarboyev ketgani yo‘q. Ikki yarim yil avval u prezidentlikdan ketganini aytganida ham “bo‘lmagan gap”, degan edim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay hammamiz bunga ishonch hosil qildik. U hozir ham o‘z o‘rnida. “Axir, uchib ketdi-ku?” deyishyapti. Nazarboyev anchadan beri Qozog‘istonda muqim yashamaydi: kelib-ketib yuradi. Ammo butun boshqaruv richaglari hamon qo‘lida.

“Haykalini ag‘darishdi-ku?” deyishadi. Nima bo‘pti, tirikligida haykal qo‘yishgandi – ko‘zi ochiqligida qulatishdi.

Namoyishchilar endi shaharga avvalgi nomini qaytarishni talab qilishlari kerak! “Nur-Sulton” emas, “Astana” bo‘lsin. Bosim qilaverishsa, hokimiyat bunga ham ko‘nadi. Biroq bular bari hech nimani o‘zgartira olmaydi, chunki Toqayev amalda prezident emas: u ijrochi, Nazarboyevning soyasi xolos. Xalqimiz aldanmasligi kerak. Ushbu siyosiy qurim to‘la-to‘kis almashganidan so‘nggina rejim quladi yoki Nazarboyev rejimi almashdi, deb aytish mumkin. Ammo hozircha hech qanaqa o‘zgarish yo‘q, o‘sha odamlarning o‘zlari o‘tirishibdi yuqorida.

– Lekin Nazarboyev lavozimdan ayrildi-ku harqalay? Endi nima bo‘ladi?

– Yo‘q. Konstitutsiyaga muvofiq, agar huquq tilida gapiradigan bo‘lsak, u Xavfsizlik kengashi raisi kursisida umrining oxirigacha qolishi kerak. Ertaga u kelib, “Fikrimdan qaytdim, o‘ylab-o‘ylab, qaytishga qaror qildim”, desa-chi? Konstitutsiya uning barcha vakolatlarini tasdiqlaydi.

Konstitutsiya bo‘lmaganida ham baribir bu hiyla ish bergan bo‘lardi. Chunki jilov hanuz Nazarboyevda. Chunki biz qonunlar ishlaydigan demokratik davlatda yashayotganimiz yo‘q, bizda hokimiyat tepasida banditlar to‘dasi o‘tiribdi. Bu yerda hamma ishlar o‘g‘rilar aqiydasi bo‘yicha bajariladi. Bu aqiydaga ko‘ra, mamlakatni Nazarboyev boshqaradi, prezident esa uning amrini bajaradi xolos.

Shunday ekan, siyosiy qurim tag-tugi bilan almashtirilib, Nazarboyev chindan ham ketkazilmaguncha hech nima o‘zgarmaydi.

– Qozog‘iston prezidenti Toqayev kuchishlatar xodimlar orasida qurbonlar borligini aytdi. Atirauda esa namoyishchilardan bir necha kishi nobud bo‘lgani xabar qilinmoqda. Sizda o‘lganlar, jabrlanganlar va namoyishchilar soniga doir biron ma’lumot bormi?

– Afsus, bunaqa ma’lumotlarga ega emasman. Faqat shuni aytishim mumkinki, kimdir o‘lgan bo‘lsa, buning uchun hokimiyat aybdor, chunki kuch ishlatayotgan ular. Namoyishchilar hamisha tinch norozilik bildirishgan, Aqtauda ham, Janao‘zenda ham shunday bo‘ldi. Hech kim ta’qib qilinmagandi. Aynan hukumat Olmaotada birinchi bo‘lib zo‘ravonlikka o‘tdi, zirhli mashinalar va askarlarni xalqqa qarshi tashladi.

Tabiiyki, bunaqa shart-sharoitda bunday ishlar bo‘lib turadi. Qurbonlar uchun faqat hokimiyat javobgar, boshqa hech kim, chunki barcha shaharlarda norozilik tinch o‘tyapti.

– Toqayev so‘nggi murojaatida “davlat xavfsizligi uchun” qattiqqo‘llik bilan harakat qilishini aytdi. Bu nima degani? Xalqqa o‘q uzishga buyruq beriladimi?

– Agar hokimiyat, ya’ni Nazarboyev otishga buyruq bersa, yuqorida o‘tirganlarga sichqonning ini ming tanga bo‘lib ketadi. Chunki Yevropa, Amerika ayni paytda ularga nisbatan juda qattiq munosabatda bo‘lmoqda. Sanksiya siyosati bor: Toqayev doxil barcha mulozimlar chet eldagi aktivlaridan ayrilib qoladilar. Ya’ni, mamlakat ichida ham, tashqarida ham bor-budlarini yo‘qotadilar.

Shu bois men ularning o‘t ochishga jur’at qilishiga shubha bilan qarayman. Ha, kaltaklashadi, ayab o‘tirishmaydi, ammo shunga yarasha qarshilik ham kuchli bo‘ladi. Chunki xalqning yoppasiga ko‘chaga chiqishi tasodif emas. Odamlar rejimdan to‘ygan, hech kim taslim bo‘lmaydi.

Norozilikni qurol kuchi bilan bosish mumkin, albatta, lekin men bunga ishonmayman. Chunki o‘q otish – nafaqat Nazarboyev, balki uning ijrochilari va go‘yo hokimiyatni tamsil etayotgan Toqayev va u kabilar uchun “qizil chiziq” bo‘ladi – keyin ularni dunyoning hech bir nuqtasida tinch qo‘yishmaydi. Bu chiziqni oshib o‘tishsa, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida saqlanayotgan boyliklaridan mahrum bo‘ladilar.

Bordi‑yu shunga qaramay, xalqqa nisbatan qurol qo‘llashsa, demak, aqldan ozgan bo‘lishadi. O‘zini qutqarish sezimini yo‘qotgan bo‘ladi.

– Qozog‘istonda inqiroz yillar davomida pishib-yetildi, dedingiz. Ushbu norozilikning sabablari nimada deb o‘ylaysiz?

– Norozilikka har narsa turtki yoki bahona bo‘lishi mumkin, ammo sabab bitta: korrupsiyaga botgan rejim. Qozog‘iston – boy mamlakat, ulkan zaxiralarga ega: neft, uran resurslari bo‘yicha peshqadam davlatlardan biri. Lekin xalq qashshoq. Odamlar ahmoq emas, bu kontrastni ko‘rib turishibdi.

Nursulton Nazarboyev o‘ziga saroylar sotib oladi, uning oila a’zolari mamlakat boyliklarini talab, milliarder bo‘lib olishgan. Xalq esa och. Hatto eksportchi korxonalarda atigi 300-400 dollar oylik to‘lashadi, holbuki chet elda bunaqa korxonalar ishchilari 5-10 ming dollar oladi. Xalq buni biladi: internet zamonida yashayapmiz, harqalay.

Ularni endi tinchitish qiyin. Hokimiyat norozilikni vaqtincha bo‘g‘sa ham, u ko‘p o‘tmay yangi kuch bilan maydonga chiqadi, chunki xalq g‘alaba qozondi. Birlashsalar, katta kuchga aylanishlari mumkinligiga ishonch hosil qilishdi. Hokimiyat gaz bahosini ikki baravar arzonlashtirib qo‘yganining o‘zi ham xalq o‘z qudratiga ishonishi uchun yetarli. Birlashish, ko‘chaga chiqish va Nazarboyev haykalini qulatish mumkinligiga odamlarning ko‘zi yetdi. Mana shu zaylda hokimiyatni ham ag‘darish mumkin. Rejimning kuni bitdi, bu yog‘i faqat vaqt masalasi.

– Ayting-chi, Qozog‘iston fuqarolar urushi girdobiga tortilishidan qo‘rqmaysizmi? Umuman, shunaqa bo‘lishi mumkinmi?

– Fuqarolar urushi bo‘lmaydi. Fuqarolar urushi bo‘lishi uchun jamiyat ikkiga bo‘linishi, bir-biriga qarshi ikki kuch o‘rtaga chiqishi kerak. Qozog‘iston jamiyati esa bo‘linmagan. Faqat mana shu tor siyosiy elita bo‘linib olgan xolos, ular nari borsa bir necha yuz kishi. Xalq esa millionlarni tashkil qiladi. Millionlab kishi bilan bir necha yuz odamdan iborat guruh o‘rtasida fuqarolar urushi bo‘lmaydi. Ularni Qirg‘izistonda bo‘lgani kabi yo‘ldan supurib tashlashadi.

XS
SM
MD
LG