Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:29

Qozoq siyosatshunosi: Toshkent va Nur-Sulton Afg‘oniston ustida zimdan raqobatlashmoqda


Nur-Sultonning Afg‘onistonda qanday siyosiy va iqtisodiy manfaatlari bor? Oq O‘rda nega Kobulga o‘z vakilini yubordi? Nega Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zlari rasman tan olmayotgan Tolibon hukumati bilan aloqa o‘rnatishga urinmoqda? Afg‘oniston masalasi mintaqa davlatlari va qudratli mamlakatlarga qanday ta’sir etadi? Ozodlikning qozoq xizmati qozog‘istonlik siyosatshunos, “Xavf-xatarni baholash guruhi” direktori Do‘sim Satpayev bilan suhbatda mintaqa mamlakatlarining Afg‘oniston bilan munosabatlarini muhokama qildi.

QOZOG‘ISTON VA QO‘SHNILARI TOLIBON BILAN ALOQA BOG‘LAYAPTI. NEGA?

Ozodlik: Markaziy Osiyo mamlakatlari (Tojikiston mustasno) toliblar hukumati bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga intilmoqda. Va mazkur vaziyatda ular savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash zarurati haqida gapirishmoqda. Mintaqa davlatlari faqat iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlayapti, deb o‘ylaysizmi?

Do‘sim Satpaev: Ular bir necha maqsadni ko‘zlagan. Eng muhimlari – iqtisodiyot va xavfsizlik.

Do‘sim Satpaev.
Do‘sim Satpaev.

Tojikiston, aytganingiz kabi, toliblar bilan bevosita muzokara olib borishni qat’iy rad etgan mintaqadagi yagona mamlakat, ammo u Rossiya va Pokiston orqali Tolibon bilan muloqot qilmoqda.

Qolganlar aloqa bog‘lashga urinishmoqda. Toqayevdan oldinroq Qirg‘iziston prezidenti o‘z vakilini Kobulga yo‘llagan edi. Demak, Bishkek ham harakat qilyapti. Hammadan burun bu ishga o‘zbeklar kirishgan – bir necha yil oldin Dohada AQSh bilan toliblar o‘rtasida bitim imzolanayotgan paytda O‘zbekiston vakili ham u yerda edi. Bu Toshkent toliblarning jiddiyligini va o‘tkinchi emasligini, ular bilan hisoblashish va siyosiy aloqa bog‘lash zarurligini ancha avval tushunganini bildiradi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida yashirin raqobat ham mavjud. Aynan Afg‘oniston masalasida Toshkent bir necha odim ilgarida. Va bu tushunarli: umumiy chegaralar, Afg‘onistondagi juda katta o‘zbek diasporasi va ichki afg‘on kuchlarini dastaklashdagi katta tajribasi O‘zbekistonga ustunlik beradi.

Albatta, Markaziy Osiyo mamlakatlari jiddiy iqtisodiy manfaatlarga ega. O‘zbekiston bir necha muhim loyihani amalga oshirishni xohlaydi. Chunonchi, Mozori Sharifdan Hirot orqali Pokiston portlarigacha qurilajak temir yo‘l O‘zbekistonni eng yaqin yo‘nalishda dengizga olib chiqqan bo‘lur edi. Bu bo‘yicha bitim Ashraf G‘ani davridayoq imzolangan, hozirda Toshkent loyihani davom ettirishga urinmoqda. Uni Qozog‘iston ham yoqlagan. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvi chog‘ida Toqayev loyiha ro‘yobga chiqqan taqdirda Qozog‘iston qo‘shimcha eksport yo‘nalishlariga ega bo‘lishini aytgandi.

Qozog‘iston prezidentining maxsus vakili Erjan Qazixan (markazda) va Tolibon vakillari (o‘ngda). Kobul¸ 2021 - yil 17 - oktabr
Qozog‘iston prezidentining maxsus vakili Erjan Qazixan (markazda) va Tolibon vakillari (o‘ngda). Kobul¸ 2021 - yil 17 - oktabr

Tabiiyki, xavfsizlik mavzusi ham juda muhim, ayniqsa Afg‘oniston bilan chegaradosh mamlakatlar uchun.

Ozodlik: Tolibon bilan aloqa o‘rnatar ekan, Qozog‘iston nimaga tayanmoqda?

Do‘sim Satpaev: Qozog‘iston muayyan mintaqaviy imkoniyatlarini ko‘rsatishga tirishyapti. Gumanitar sohada yuqori ambitsiyalarga ega mamlakat o‘laroq o‘zini kuchli deb bilgan yo‘nalishlarda ish yuritmoqda. Umuman, gumanitar missiyalar – Nur-Sultonning sevimli rasmiy mavzusi. Qozog‘istonda ko‘plab afg‘on talabalari o‘qigan, BMTning Kobuldagi idorasi Olmaotaga ko‘chirildi, Qozog‘iston Afg‘onistonga o‘z vaksinasini taklif qilyapti, xullas, mamlakat o‘zini muzokara stoliga o‘tirishga tayyor o‘yinchi sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Kobulga maxsus vakil yo‘llangani bejiz emas.

Ozodlik: Statistikaga ko‘ra, birinchi yarim yillikda Qozog‘istonning Afg‘oniston bilan mahsulot aylanmasi 2.2 mln dollarni tashkil qilgan. Holbuki, bu ko‘rsatkich bir paytlar 700 millionga borardi. Ayni sharoitda “iqtisodiy manfaat” naqadar mantiqiy?

Do‘sim Satpaev: To‘g‘ri, mahsulot aylanmasi uncha katta emas, ammo Afg‘oniston – qozoq unining eng yirik iste’molchisidir. Bizning eksport mahsulotlarimiz faqat neft va gaz emas, g‘alla va un ham bor. Afg‘on bozorini yo‘qotishni istamaymiz. U yerdan ketsak, o‘rnimizni O‘zbekiston egallab oladi. Toshkent o‘z hududida bir nechta zamonaviy tegirmonlar qurib olib omilkorlik qildi, hozir ular qozoq bug‘doyini yanchib, boshqalarga pullashyapti. Shu bois ham Qozog‘iston faollashmoqda. Biznikilar gumanitar yordam sifatida aynan un yuborganida ham aniq ishora bor.

TOLIBON HUKUMATI TAN OLINISHI MUMKINMI?

Ozodlik: Qozog‘iston Tolibonni tan olish uchun ilk qadamlarini qo‘ydi, deb aytish mumkinmi?

Do‘sim Satpaev: Qozog‘iston va mintaqadagi boshqa mamlakatlar Tolibon harakatini tan olishi uchun avval bu ishni BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari qilishi kerak. Markaziy Osiyodagilar qudratli davlatlarning og‘zini poylaydi. Mintaqada hech kim toliblarni o‘zicha tan olishga jur’at qilmaydi. Chunki, bu siyosiy yanglish qadam bo‘ladi, imijga putur yetkazadi, tan olgan zahoti xalqaro hamjamiyat tanqidiga tutilish xavfi bor.

Ozodlik: Toliblarning o‘zi esa o‘tgan 20 yil ichida ular o‘zgarganini, endi bu 2001 - yilga qadar Afg‘onistonni idora qilgan harakat emasligini dunyoga anglatishga urinishmoqda...

Do‘sim Satpaev: O‘zimizni aldamaylik. Tolibon – jangovar tashkilot. 1990-yillardan farqli ravishda, bu safar Markaziy Osiyoning Ahmad Shoh Mas’ud boshliq Shimoliy ittifoq timsolidagi “xavfsizlik yostig‘i” yo‘q. Hozirda Tolibon mintaqa davlatlari chegaralariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa oladi, mana shunisi xavfli. Qolaversa, harakat bir jinsli emas, uning ichida radikal kuchlar mavjud va ular muayyan sharoitda “Islom davlati” bilan bitim tuzishi mumkin. U holda ish chatoq bo‘ladi.

Tolibon bilan muzokara qilish kerak – loaqal uni yaqinroqdan tanish, imkoniyatga qarab iqtisodiy manfaatlarni ilgari surish uchun. Biroq, ayni chog‘da Tolibon oddiy o‘yinchi, Afg‘oniston esa bolalar maydonchasi emasligini ham esdan chiqarmaslik lozim. Bu – turli o‘yinchilarning geosiyosiy manfaatlari tutashgan mamlakat.

Ozodlik: Toliblar boshqalar bilan kelishib ish qilishga qanchalik layoqatli? Ular va’dasida turishiga kim kafolat beradi?

Do‘sim Satpaev: Afg‘onistondagi vaziyatga fahmi yetadiganlar hech bir siyosiy kuch ushbu mamlakatda to‘la barqarorlikka kafil bo‘la olmasligini tushunishadi. Jumladan, toliblar ham. Bunga biz yaqinda “Xuroson Islom davlati” guruhi amalga oshirgan terrorchilik hujumlari misolida amin bo‘ldik.

Yana bir muhim jihat: Tolibon harakatining o‘zi ham bir butun emas. Uning ichida radikal sho‘’balar bor, xususan, “Haqqoniy tarmog‘i” Pokiston razvedkasi bilan uzviy bog‘langan. Mulla Barodar kabi mo‘’tadil kuchlar esa barcha masalalarni kelishuv, muzokara yo‘li bilan hal qilishni xohlaydi.

Bugungi kunda Tolibon legitimlikni qo‘lga kiritishga qattiq kirishgan, ammo buni AQSh va Yevropa mamlakatlari tarafidan emas (ular tuzgan hukumat inklyuziv emasligi, ya’ni tarkibida turli etnik guruhlar va ayollar vakillari yo‘qligi bois G‘arb qo‘llovidan umid qilmasa ham bo‘ladi), balki Rossiya va Xitoydan kutyapti. Agarda Moskva bilan Pekin muayyan darajada tan olsa, ularga boshqalar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari “ergashadi”. Lekin hozircha toliblarni hech kim tan olgani yo‘q. Boshqa tomondan, Tolibonni tan olish Rossiya va Xitoyning obro‘siga ham putur yetkazadi, chunki ular ikkisi ham o‘zini terrorizmga qarshi kurashchi chog‘lab, bir paytlar Tolibonni terrorchi tashkilot sifatida taqiqlagan.

AQShning “qora ro‘yxati”da esa afg‘on Toliboni yo‘q, faqat Pokistondagi Tolibon terrorchi tashkilot deb tan olingan. Amerika buni muzokaralarga maydon qoldirish uchun qilgan va hanuz eshikni qiya ochib turibdi. “Dushmanimning dushmani – mening do‘stim” printsipi bo‘yicha olib borilayotgan siyosiy o‘yin bu. Tolibonning “Islom davlati”ga nisbatan xavfsizroqligini Rossiya, Xitoy va hatto AQSh ham anglab yetdi.

“AYIQ” VA “AJDAHO” BITTA MINTAQADA

Ozodlik: Afg‘oniston borasida Rossiya nimalar qilyapti va qilmoqchi?

Do‘sim Satpaev: Moskva Afg‘onistondagi vaziyatdan foydalanib, Markaziy Osiyodagi harbiy-siyosiy mavqeini kuchaytirishga intilmoqda. O‘zini va o‘zi boshliq KXShTni mintaqada xavfsizlik kafolati o‘laroq ko‘rsatmoqda. Ammo men KXShTning qudratli tashkilot ekaniga shubha qilaman. Marhum Islom Karimov tirikligida O‘zbekistonni undan olib chiqib ketib oqilona ish qilgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro, bir-biri bilan harbiy hamkorlikni mustahkamlashi lozim. Harbiy dastak nuqtai nazaridan ular yirik geosiyosiy o‘yinchilarga qaram bo‘lib qolmasligi kerak. Chunki bunaqa qaramlikning badali bo‘ladi, har qanday protektorat uchun mustaqillikning bir qismi bilan haq to‘lanadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari birlashishi, harbiy-siyosiy, iqtisodiy va suv-energetika sohalarida kooperatsiyani kuchaytirishi mumkin. O‘shanda biz hamma hisoblashadigan mintaqaviy ittifoq tuzgan bo‘lur edik.

Rossiya ikki yoqlama siyosat yurityapti. Bir tomondan, toliblar dushman emasligini va ular bilan muzokara olib borish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Boshqa tomondan esa, Markaziy Osiyo mamlakatlariga Afg‘onistondan tahdid mavjudligi haqida rasmiy va norasmiy signallar yo‘llab turibdi. Rossiyaning mintaqadagi ta’siri borgan sari zaiflashib, Xitoyniki kuchaymoqda. Iqtisodiy sohada mazkur jarayon ko‘pdan beri davom etayotgan bo‘lsa, mana, yaqinda bildikki, KXShTga a’zo Tojikistonda Xitoyning o‘z harbiy bazasi bor ekan. Hozircha Rossiya bunga ko‘z yummoqda. Ammo Markaziy Osiyoga katta sarmoya tikkan Xitoyning mintaqadagi harbiy rejalariga keyin ham bosiqlik bilan qaraydimi, yo‘qmi – hamma gap shunda.

Men o‘ylashimcha, Rossiya xavfsizlik mavzusini qarmoq qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlarini “ovlash”ga harakat qilyapti. Bir narsani yaxshi tushunib olishimiz kerakki, Rossiyaning harbiy shamsiyasi tagiga kirish istiqbol uchun juda xavfli qaror bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG