Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:38

Qozoqcha “kettling”. Politsiyaning namoyishchilarga qarshi qattiqqo‘l usuli xalqaro tanqidlarga sabab bo‘ldi


Olmaotadagi namoyishda politsiya muxolifat tarafdorini hibsga olmoqda - 1 - mart, 2020
Olmaotadagi namoyishda politsiya muxolifat tarafdorini hibsga olmoqda - 1 - mart, 2020

Qozoq politsiyasi namoyishchilarni suruvdek bir yerga to‘plab, o‘rab olish – “kettling” taktikasini shu qadar me’yordan oshirganki, inson huquqlari tashkilotlari buni qiynoqqa tenglashtirmoqda.

Shuningdek, 10 - yanvar kuni politsiya Olmaotada bir guruh namoyishchilarni tarqatish uchun ovoz kuchaytirgichlar orqali qozoq estradasi yulduzi Dimashning qo‘shig‘ini qayta-qayta qo‘ygan.

Mingdan ortiq namoyishchilarni jilovlash uchun qo‘llanadigan “kettling” taktikasi G‘arbda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan.

Tartibbuzarlarni yakkalash yoki butun olomonni tarqatib yuborish o‘rniga politsiya barchani kichik hududga jamlaydi va odamlarni oz-ozdan qo‘yib yuboradi. Odatda olomon bir necha soat qamalda qoladi.

O‘tgan 20 yilda mobaynida London, Vashington, Chikago, Nyu-York va Torontoda o‘tkazilgan urushga qarshi ommaviy yurishlar, globallashuvga qarshi namoyishlar va irqchilikka qarshi ommaviy chiqishlar “kettling” qilingan.

Bu taktikadan, shuningdek, 2017 yil yanvarida sobiq prezident Donald Trampning inauguratsiyasi chog‘ida bo‘lgan namoyishlarga qarshi foydalanilgan.

Tanqidchilar fikricha, “kettling” taranglikni yengillatish o‘rniga zo‘ravonlik ehtimolini oshiradi, xolos.

Qozoqcha “kettling”

10 - yanvar – navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan kuni bir guruh faollar namoyishga chiqdi. Rasmiylar bu norozilikka avj olib ketmasidan barham berishga harakat qildi. Ushbu voqea repressiv siyosatning bir qismi bo‘lib, prezident Qasim-Jomart Toqayevning siyosiy islohotlar, inson huquqlari ahvolini yaxshilash borasidagi va’dalarini shubha ostiga qo‘ymoqda.

Olmaotada konstitutsion islohotlar o‘tkazish hamda sobiq prezident Nursulton Nazarbayev partiyasi hukmronligiga chek qo‘yish talablari bilan chiqqan ikki guruh namoyishchilarni xavfsizlik kuchlari o‘rab olgan.

Politsiya birinchi guruhda odamlarni koronavirus pandemiyasiga qaramay, to‘qqiz soat bir-biriga jips turishga majbur qildi. Bu vaqtda ularga na ovqatlanish, na suv ichish, na hojatini chiqarishga ruxsat berilgan.

Orasida homilador ayol va ikki nafar voyaga yetmagan shaxs bo‘lgan ikkinchi guruh ham yetti soat shu taxlit ushlab turildi. Politsiya esa ularni navbat bilan qo‘riqlagan. Namoyishchilardan biri gipotermiya tashhisi bilan tez yordamda kasalxonaga olib ketilgan.

“Yana bo‘ron”

Qozoq hukumati haqidagi tanqidiy maqolalari bilan tanilgan mustaqil jurnalist Inga Imanbay ham ayozda soatlab turishga majbur bo‘lganlar orasida edi. “Avvaliga politsiya 40 daqiqacha turli ig‘vogarona harakatlar qildi. Keyin ular ovoz kuchaytirgich olib kelib, “Yana bo‘ron” qo‘shig‘ini 20 martacha juda baland ovozda yangratdi. Men buni ruhiy tazyiq deb hisoblayman”, deydi u Ozod Yevropa Radiosi/Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

“Yana bo‘ron” mashhur qozoq estrada yulduzi Dimash Qudaybergenning qo‘shig‘idir. Imanbayning aytishicha, aslida sevgi haqidagi bu beozor qo‘shiq o‘rab olingan namoyishchilarga qarshi psixologik qurol sifatida qo‘llandi. Bu yerda qo‘shiqning nomi 1986 - yil dekabrida yuz bergan mash’um voqealarga ishoradir, deb hisoblaydi Imanbay.

1986 - yilning 16 - dekabrida Moskva Qozog‘istonning birinchi rahbari Dinmuxammad Kunayevni ishdan olib, uning o‘rniga Gennadiy Kolbinni tayinlagan edi. Bundan norozi bo‘lgan talabalar shu kuni kechqurun hukumat binosi oldiga to‘plangan, 17 - dekabr kuni kechqurun namoyish qatnashchilariga qarshi “Bo‘ron” amaliyoti doirasida katta kuch qo‘llangan edi.

Xalqaro tajriba

Xelsinki Qo‘mitasi hamda Human Rights Watch nodavlat tashkilotlari politsiyaning Olmaotadagi “kettling” amaliyotini “tinch namoyishchilarga qarshi qattiqqo‘l taktika” sifatida qoraladi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) kettling kabi ommani yo‘naltirish taktikalaridan faqat istisno tariqasida foydalanishni tavsiya etgan. YeXHTning Tinch uyushish erkinligi borasidagi yo‘riqnomasida aytilishicha, “cheklangan hududda namoyishchilarni qamal etish "kettling" amaliyoti va boshqa shu kabi amaliyotlar namoyishda qatnashayotganlarni qatnashmayotganlardan, tinch ishtirokchilarni zo‘ravonlardan farqlamaydi.”

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi namoyishchilarni o‘rab olish va qamal qilish amaliyotini “faqat zarur bo‘lgandagina” tavsiya etadi.

BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro Pakti ijrosini nazorat qiluvchi mustaqil ekspertlarning aytishicha, bunday choralar “muqarrar tahdidni bartaraf etish yoki sodir etilayotgan zo‘ravonlikni bostirish” maqsadiga mutanosib bo‘lishi kerak. Aksar hollarda choralar butun guruhga qarshi emas, muayyan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi lozim. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ta’kidlashicha, e’tibor “imkon qadar faqat zo‘ravonlik sodir etganlarni yakkalashga” qaratilishi, “kettling” amaliyoti davomiyligi “iloji boricha qisqa bo‘lishi kerak.”

XS
SM
MD
LG