Линклар

Шошилинч хабар
29 сентябр 2021, Тошкент вақти: 05:55

"Reydlar muntazam o‘tkaziladi". IIV Samarqanddagi masjidga bostirib kirgan xodimlarni himoya qildi


Samarqanddagi masjidda IIV xodimi bolani so‘roqqa tutmoqda, 25 -may, 2021

25 - may kuni Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi masjidda IIV xodimlari o‘tkazgan reyd ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Tarmoqlarda tarqagan videoda xodimlar masjid ichida voyaga yetmagan bolalarni so‘roq qilayotgani aks etgan.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmatining xabar qilishicha, reyd chog‘ida bir shaxsning jami 11 kishiga, bulardan 5 nafari voyaga yetmagan, “diniy ta’limotdan saboq berayotgani” aniqlangan.

Viloyat IIBdan olingan ma’lumotga ko‘ra, bunday reydlar muntazam o‘tkazib kelinadi va fuqarolardan diniy ta’limni “maxsus ruxsat berilgan” joylarda olish talab qilinadi.

Ozodlik gaplashgan samarqandliklarga ko‘ra, viloyatda o‘smirlar va bolalar diniy ta’lim olishi mumkin bo‘lgan madrasaning o‘zi yo‘q, talabalar Buxoro yoki Qashqadaryo viloyatidagi 2 madrasaga kirishga urinadilar. Ammo bu maskanlar talabgorlar bilan to‘la.

O‘zbekistonda 1998 - yilda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida “xususiy tartibda diniy ta’lim berish man etiladi” deb qat’iyan belgilab qo‘yilgan.

Diniy ta’lim rasman ishlab turgan madrasalarda diniy ta’lim berish uchun ruxsat berilgan o‘qituvchilar tomonidan o‘qitilishi mumkin.


25 - may kuni Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi masjidda fuqarolik kiyimidagi IIV xodimlari tomonidan so‘roq qilingan bola aks etgan video tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

Ushbu videoda bir necha IIV xodimi, tuyqusdan masjidga kirib borgani va u yerda diniy saboq olib o‘tirgan bolalar hamda kattalar bilan muloqot qilayotgani aks etgan.

Videoda ismini ochiqlashni istamagan, ammo IIV xodimi ekanini tasdiqlagan xodim 9 - 10 yoshlar atrofidagi boladan masjidda nima qilib yurgani, qo‘lidagi daftari, unda yozilgan matnlar haqida so‘rab-surishtirgani aks etgan.

Fuqaro kiyimidagi xodim videoda aks etgan yoshlar va boshqa namozxonlarni “ruxsati va diniy bilimi bo‘lmagan chalamullalardan” diniy saboq olish xavfli ekani, turli taqiqlangan diniy oqimlarga kirib ketish xavfi borligidan ogohlantirgan.

Bu holatni videotasmaga muhrlayotgan shaxs esa, kadr ortidan, IIV xodimlarining bu harakatlariga noroziligini bildirarkan, bolani ularning savollariga javob bermaslikka chaqirgan.

Kadr ortidagi shaxs, bu mashg‘ulotlar diniy ta’lim emas, balki oddiygina alifbo mashqlari ekani, yonida otasi yoki onasi bo‘lmagan bolani bu tahlit so‘roq qilish qonunga zid ekanini ta’kidlab, xodimlar bilan bahsga kirishgan.

Videoni yozib olganini aytgan shaxs uni tarmoqlarga joylashi ortidan hodisa norozilik va munozaralarga sabab bo‘ldi.

YouTube va Facebookka joylangan video ostida sharh qoldirganlarning ko‘pchiligi IIV xodimlarining masjiddagi reydini fuqarolarning diniy bilim olish erkinligini cheklash, deya qoralamoqda.

Ayrimlar esa, noqonuniy diniy ta’limning xavfli oqibatlari haqida gapirib, IIV xodimlari harakatini ma’qullamoqda.

Ozodlik bu bahslar ortidan videoni qayd qilgani va uni tarmoqlarda tarqatganini aytgan samarqandlik shaxsga ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qildi, ammo hozircha javob ololmadi.

Samarqand viloyati va Paxtachi tuman IIBlari esa, hodisa 25 - may kuni oqshom tumandagi "Xo‘ja-Ziyovuddin" jome’ masjidida bo‘lganini tasdiqladi.

“Bu haqda barcha ma’lumot viloyat IIB Axborot xizmati tomonidan tarqatilgan”, dedi Paxtachi tumani IIB navbatchisi.

Ayni bo‘limda ishlaydigan yana bir xodimning aytishicha, tumanda noqonuniy diniy ta’lim berilishi oldini olish uchun bu kabi “reydlar muntazam o‘tkazilib turadi”.

Samarqand viloyati IIBning o‘zini tanishtirmagan xodimi, tuzilmaning Terrorchilikka qarshi kurash departamenti barcha viloyatlarda shunday tekshiruvlar o‘tkazib turishini aytdi:

“Terrorchilikka qarshi kurash departamenti bunaqa tadbirlarni azaldan o‘tkazib keladi. Diniy ta’lim faqat ruxsat berilgan joyda berilishi kerak-da, qonunga binoan”.

Samarqand viloyati IIB tarqatgan bayonotda, IIV xodimlarining Paxtachi tumani Ziyovuddin shaharchasida joylashgan "Xo‘ja-Ziyovuddin" masjididagi reydini “jome’ masjidining ko‘zdan kechirilishi” deb ta’riflandi:

“Jome’ masjidi ko‘zdan kechirilganida, maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan X.A. ismli shaxs 11 nafar (5 nafari voyaga yetmagan) shaxslarga diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz, diniy ta’limotdan saboq berayotganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan X.A. ga nisbatan MJtK ning 241-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, kelgusida diniy ta’limotlardan saboq berish niyati bo‘lsa, maxsus diniy bilimlarni egallab, qonunlarga asosan, vakolatli diniy organlarning ruxsati asosida faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi tushuntirilgan”.

O‘zbekistonda 1998 yilda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida “xususiy tartibda diniy ta’lim berish man etiladi” deb qat’iyan belgilab qo‘yilgan.

Ya’ni davlat tomonidan litsenziyalangan ta’lim maskanlaridan tashqarida diniy ta’lim berish, jumladan arab tili yoki Qur’onni o‘qitish taqiqlangan.

Bundan tashqari, diniy ta’lim olishga 16 yoshdan ruxsat etiladi, ruxsat berilgan madrasalarga o‘qishga kiruvchilar umumiy o‘rta ta’limni yakunlagan bo‘lishi lozim.

Shu kunda ushbu qonunning yangi tahrirdagi loyihasi Senat muhokamasida qolmoqda. 5 - may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi loyihani ma’qullagan.

Loyihada jamoatchilikka 2014 - yilda va’da qilingan eng muhim o‘zgarish - jamoat joylarida ibodat libosida yurishga qo‘yilgan taqiq haqidagi jumla to‘liq olib tashlangan.

Ammo qonunning diniy ta’limga oid qismi qariyb o‘zgarishsiz qolmoqda. Birgina yangilik ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandiga diniy amaliyot va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida) o‘rgatish huquqi berilishining qayd etilganidir.

Bu o‘rinda “diniy amaliyot va odob-axloq qoidalari”, deganda nima nazarda tutilmoqda, masalan, ota-ona uyida bolasiga arab tili yoki Qur’onni o‘qishni o‘rgatishi mumkinmi - bu savollar hanuz ochiq qolmoqda.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tizimida bitta oliy ta’lim maskani — Toshkent Islom instituti yoki Oliy Ma’had hamda 9 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga tenglashtirilgan madrasa bor.

Bular: Toshkentda «Ko‘kaldosh», Buxoroda «Mirarab», Andijonda «Sayyid Muhyiddin Maxdum», Namanganda «Hidoya (Mulla Qirg‘iz)», Kitobda «Xoja Buxoriy», Urganchda «Faxriddin ar-Roziy», Nukusda «Muhammad al-Beruniy», shuningdek, Toshkentda «Xadichai Kubro», Buxoroda «Jo‘ybori kalon» ayol-qizlar bilim yurtlaridir.

Ammo Samarqand viloyatida madrasa umuman yo‘q. Bu yerda faqat “Imom al-Buxoriy” nomidagi imomlarni qayta tayyorlovchi bitta markaz ham bor.

Madrasalarda o‘rtacha 100, ko‘pi bilan 200ga qadar talaba tahsil olishi mumkin. Har yili bu maskanlarda 1 talabalik o‘rniga kamida 10-15 tadan talabgor hujjat topshiradi. Bundan tashqari, talabgor bilim yurti joylashgan viloyatda doimiy yashashi lozim.

Shu bois, aholisining 93 foizdan oritig‘i musumon bo‘lgan O‘zbekstonda diniy ta’lim olish imkonining keskin cheklangani yillardan buyon mamlakat jamoatchiligi va xalqaro tashkilotlar e’tiroziga sabab bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili, 27 may kuni murojaat qilgan Ozodlik muxbiriga javoban, Paxtachi tumanidagi masjidda bo‘lgan voqeadan xabari borligini bildirdi.

Vakil, O‘zbekistonda qonuniy diniy ta’lim berishi mumkin bo‘lgan maskanlar ozligi va qabulning cheklanganiga oid savollarga javob beradigan mutaxassis bilan kechroq bog‘lanish mumkinligini bildirdi, ammo bunday mutaxassis bilan kun davomida gaplashishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik ayni idoraga avval ham shu kabi savollar bilan bot-bot murojaat qilgan va avvalgi javoblarida idora rasmiylari, madrasalar sonini oshirishga hukumat tomonidan cheklov yo‘qligi, ammo mamlakatda “ehtiyoj yo‘q” degan sababni keltirganlar.

O‘zbekistondagi madrasalarning aksariyati 1990 - yillarning boshida ochilgan madrasalardir. Shundan buyon O‘zbekistonda madrasalar soni oshirilmay kelmoqda.

XS
SM
MD
LG