Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:06

“Rossiya ishchi qo‘llariga muhtoj”. Tojikistondagi “Muhojirlar mehnat birjasi” faoliyati haqida (VIDEO)


Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi huzurida “Muhojirlar mehnat birjasi” MChJ tashkil qilingan. Tashkilot allaqachon Rossiya korxonalari bilan dastlabki shartnomalarni imzolab, Dushanbeda ishchilarni yollashni boshlab yuborgan.

Ta’sischilariga ko‘ra, birja muhojirlar tarafidan ham, Rossiya shirkatlari tomonidan ham aldash va shartnoma shartlarini bajarmaslik oldini oladi.

Nurullo Pironov Rossiyaga chipta sotib olish uchun o‘z avtomashinasini sotgan edi. Lekin keta olmadi – chiptalar faqat 2021 - yil iyul va avgust oylariga ekan.

O‘zining aytishicha, yaqin orada jo‘nab keta olganda ham pul ishlab topishni boshlashi uchun ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tishi kerak bo‘ladi. Hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, tuzukroq haq to‘lanadigan va yaxshi ijtimoiy sharoitlariga ega ish o‘rnini topish vaqt talab qiladi.

“Tanishlarimdan ayrimlari ketgan edi – ularni deportatsiya qilishdi. Holbuki, yo‘lga ancha-muncha chiqim qilgan ular. Kimdir menga o‘xshab mashinasini sotgan, kimdir esa sigirini, ayrimlar hatto uyini garovga qo‘yib qarz olgan”, deydi Nurullo.

2021 - yil mayida Tojikistonda rasmiy idora – Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshida mehnat muhojirlari uchun birinchi Rossiya mehnat birjasi paydo bo‘ldi. Birja bilan o‘nlab Rossiya shirkatlari shartnoma tuzgan.

Buning uchun ular muhojirlar hujjatlarni rasmiylashtirish va ishga patent olish, yotoq-joy va ish joyiga ko‘chib borish xarajatlarini ko‘tarishni o‘z zimmalariga olishgan. Muhojirlar bu ishlar bilan o‘zlari shug‘ullanmaydi.

“Barcha muammolar, jumladan, ish haqi to‘lash bilan bog‘liq muammolar ham tezda hal qilinadi. Qolaversa, 50 kishilik har bir guruh tashkilot xodimi hamrohligida jo‘nab ketadi, u shartnoma shartlariga rioya qilinishini nazorat qiladi”, deb ta’kidlaydi “Muhojirlar mehnat birjasi” MChJ direktori Yo‘ldosh Eshov.

Iqtisodchi va migratsiya sohasi eksperti Rahmon O‘lmasov shunaqa birja tashkil etilishini ko‘pdan beri kutayotgandi. Tartibli migratsiya xizmati barcha uchun foydali: ish beruvchilarga ham, muhojirlarga ham, ikki mamlakat hukumatlariga ham. Qolaversa Rossiya shirkatlari tojik mehnat muhojirlarining ko‘nglini topish uchun ko‘p narsaga tayyor.

“Mazkur birjaning ochilishi Rossiyaning ishchi kuchiga ehtiyojmandligidan darak beradi. Rossiya siyosatchilari, diplomatlari, ekspertlari va olimlari bizga ishchi qo‘llari kerak emas, o‘zimiz amallaymiz, deb harchand takrorlamasin, ushbu birjaning tashkil qilinishi va umuman pandemiyadan keyingi vaziyat Rossiya iqtisodiyoti muhojirlar mehnatisiz rivojlana olmasligini ko‘rsatmoqda”, deydi Rahmon O‘lmasov.

Tojikiston rahbari Imomali Rahmon 23 - maydagi Yoshlar kuniga bag‘ishlangan nutqida mamlakatda yuz minglab ish o‘rinlari yaratilayotganini aytgan, ammo aholi nega o‘z yurtida ishga joylashish o‘rniga xorijga jo‘nab ketayotgani to‘g‘risida lom-mim demagan.

“Har yili mehnat bozorida 180 mingdan ortiq yangi ishchi qo‘llari paydo bo‘layotir. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda 1.15 mln ish o‘rni yaratildi, birgina 2020 - yilda 193 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil qildik. Biz har yili mamlakat ichida kamida yuz mingta bo‘sh ish o‘rni paydo bo‘lishiga va shundan kamida 70 foizi tojik yoshlari uchun mo‘ljallangan bo‘lishiga harakat qilyapmi”, degan prezident Rahmon.

Birja paydo bo‘lishiga qadar mamlakatda tojikistonliklarni Rossiyada ishga joylashtirish bilan shug‘ullanadigan o‘n ikkita shirkat faoliyat yuritar, ammo ularning aylanmasi kam – yiliga qariyb 10 ming kishi edi.

Xususiy “birjachilar” tomonlarning shartnomaga rioya qilishini ta’minlay olmagan va amalda ish beruvchi bilan ishchi o‘rtasida aloqa o‘rnatib berish bilangina shug‘ullangan.

Rejaga ko‘ra, birja ikki tomonlama shartnomani buzuvchilarga ta’sir eta olish huquqiga ega bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG